2025-2026-yillarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (83-son)
12.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qaroriga muvofiq 2025-yil yakuniga qadar respublikadagi kambagʻal oilalarning 3 — 7 yoshli bolalarini maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2025-2026-yillarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2025-2026-yillarda 3 — 7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Jahon bankining “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi doirasida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻyin maydonchalari va tayyorlov guruhlarini stol-stullar bilan jihozlash boʻyicha koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
aholining yashash darajasi va toʻlov qobiliyati yuqori boʻlgan (kambagʻal oilalar kam boʻlgan) mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
olis va chekka (tuman va shaharlar markazida joylashmagan) mahallalarda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
aholining toʻlov qobiliyati past (kambagʻal oilalar nisbatan koʻp boʻlgan) hamda demografik oʻsish darajasi yuqori boʻlgan mahallalarda davlat, shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
ijtimoiy soha muassasalarining boʻsh binolarida qisqa muddatli guruhlar tashkil etiladi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
a) “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan 2025-yil 1-martga qadar:
mazkur qarorning 3-ilovasida belgilangan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻyin maydonchalari va tayyorlov guruhlarini stol-stul bilan jihozlash;
Surxondaryo viloyati Boysun tumanining chekka hududlaridagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga olib kelish hamda uylariga olib borib qoʻyish uchun bitta avtobus xarid qilish choralarini koʻrsin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar kambagʻal oilalar farzandlarini maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 12-fevral,
83-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 83-son qaroriga 1-ILOVA
2025-2026-yillarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 83-son qaroriga 2-ILOVA
2025-2026-yillarda 3 — 7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-fevraldagi 83-son qaroriga 3-ILOVA
Jahon bankining “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi doirasida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻyin maydonchalari va tayyorlov guruhlarini stol-stullar bilan jihozlash boʻyicha
KOʻRSATKICHLAR
