Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (742-son)
07.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 16-iyuldagi PQ-257-son qarori ijrosini taʼminlash hamda fuqarolarga nogironlikni belgilash jarayonida shaxsning kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 16-iyuldagi PQ-257-son qaroriga muvofiq Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida:
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshirilishi;
“Inson” markazlari xodimlari tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining nogironlikni baholash shkalasining mahalliy xususiyatlar va shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida 18 yosh va undan katta shaxslarning kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash tartibi joriy etilishi belgilanganligi, bunda baholash natijalari 2025-yil 1-sentabrga qadar nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
shaxsning kundalik hayotdagi faolligi va ishtiroki (keyingi oʻrinlarda — funksionallik)ni baholash uchun tibbiy hujjatlarni yoʻllash tartibi;
funksionallikni baholashdan oʻtkazish tartibi;
funksionallikni baholash natijalarini shakllantirib borish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi oʻn kun muddatda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida funksionallikni baholash natijalarini shakllantirib borish imkoniyatini yoʻlga qoʻysin.
Bunda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritiladigan texnik oʻzgartirishlar, shuningdek, fuqarolarga ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq “SMS” xabarnomalarini yuborish xarajatlari Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi koʻrigidan oʻtish uchun murojaat qilish imkoniyatini joriy etish yuzasidan texnik hujjatni Raqamli texnologiyalar vazirligiga kiritsin.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Agentlik bilan birgalikda oʻn kun muddatda:
bosqichma-bosqich Toshkent shahri va Navoiy viloyatida, 2025-yil 1-sentabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida fuqarolarga nogironlikni belgilash masalasida YIDXP orqali oilaviy shifokorga murojaat qilish;
YIDXPda oilaviy shifokor tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi koʻrigiga yoʻllash uchun yoʻllanma berishning har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
6. Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya sogʻliqni saqlash tizimiga kiruvchi va ushbu qarorga muvofiq davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan mazkur qarorda belgilangan talablar bajarilishi yuzasidan, shu jumladan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-noyabr,
742-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-noyabrdagi 742-son qaroriga 1-ILOVA
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) 18 yosh va undan katta yoshdagi shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini (keyingi oʻrinlarda — funksionallik) baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom 2025-yil 1-sentabrga qadar amal qiladi.
2. Funksionallikni baholashdan oʻtkazish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazlari) xodimlari tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining nogironlikni baholash shkalasining (WHODAS 2.0) mahalliy shart-sharoitlariga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Bunda funksionallikni baholash fuqarolarning xohishiga koʻra ixtiyoriylik asosida oʻtkaziladi hamda baholash natijalari nogironlikni belgilash yoki oʻzgartirish uchun asos hisoblanmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
3. Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish hamda shaxs sogʻligʻining holatini baholash Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — TIEK) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Funksionallikni baholash TIEK koʻrigidan avval oʻtkaziladi.
5. Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Funksionallikni baholash uchun tibbiy hujjatlarni yoʻllash tartibi
6. Fuqarolar yoki ularning qonuniy vakillari TIEK koʻrigidan oʻtish uchun oʻz xohishiga koʻra tibbiyot muassasasiga, oilaviy shifokorga, “Inson” markaziga, ijtimoiy xodimga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladi.
7. Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigidan oʻtish boʻyicha soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Bunda soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Soʻrovnoma qabul qilingani va koʻrib chiqilgani uchun yigʻim undirilmaydi.
8. YIDXP, “Inson” markazi yoki ijtimoiy xodimga qilingan murojaatlar bir ish kuni ichida fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) (keyingi oʻrinlarda — oilaviy poliklinika) yuboriladi.
9. Tibbiyot muassasalari nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tasdigʻini topgandan soʻng ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir ish kuni ichida fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga yuborishlari lozim.
10. Oilaviy poliklinikaga murojaat kelib tushgandan soʻng u bir ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtkaziladi va murojaat muallifining yashash manziliga biriktirilgan oilaviy shifokorga oʻrganish uchun yuboriladi.
11. Oilaviy shifokor murojaatni qabul qilib olgandan soʻng fuqaroni tibbiyot muassasalarida davolanganligiga oid tibbiy hujjatlari mavjudligini hamda TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun asoslar bor yoki yoʻqligini aniqlaydi, agar fuqaro tor soha mutaxassislari koʻrigida tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi va davolanishi lozim boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan klinik bayonnomalar, tashxislash va davolash standartlari (keyingi oʻrinlarda — davolash standartlari)ga muvofiq fuqaro tor soha mutaxassislari koʻrigida tibbiy tekshiruvlardan oʻtish sanasini belgilaydi hamda “SMS” xabar yuborish orqali yoki elektron murojaat qilinganda YIDXP orqali ariza beruvchini xabardor qiladi.
Ariza beruvchi xabarni olgach, xabarda belgilangan sanada tibbiy tekshiruvlardan oʻtish uchun oilaviy poliklinikaga boradi, bundan fuqaro sogʻligʻi holati boʻyicha oilaviy poliklinikaga bora olmaydigan holatlar mustasno.
Shaxs koʻrikdan oʻtgandan soʻng tor soha mutaxassislari belgilagan tashxis boʻyicha davolanishi oilaviy shifokor tomonidan kuzatib boriladi.
12. Shaxs davolash standartlarida belgilangan muddatlarda davolanib, tibbiy tekshiruvlardan oʻtgandan soʻng organizm funksiyasining turgʻun buzilishi saqlanib qolgan hollarda, TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigi uchun yoʻllanma (keyingi oʻrinlarda — yoʻllanma) oilaviy shifokorlar tomonidan besh kun ichida rasmiylashtiriladi.
13. Oilaviy shifokor elektron tarzda rasmiylashtirgan hamda oilaviy poliklinika bosh shifokori tomonidan imzolangan yoʻllanmani elektron shakldagi kasallik tarixi va (yoki) ambulator kartadan koʻchirma bilan birgalikda bir ish kuni ichida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.
14. Yoʻllanma koʻrikdan oʻtuvchi shaxsning yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turgan hududiga xizmat koʻrsatuvchi TIEKga yuborilgandan soʻng fuqaroga bu toʻgʻrisida “SMS” xabar yuboriladi.
Bunda ariza YIDXP orqali qabul qilingan boʻlsa, yoʻllanma ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga avtomatik yuboriladi.
15. Ariza beruvchilar YIDXP orqali yoʻllanma shakllangan yoki shakllanmaganligini tekshirish imkoniga ega boʻladi.
3-bob. Funksionallikni baholashdan oʻtkazish tartibi
16. TIEKga yoʻllanma kelib tushgandan soʻng u koʻrikdan oʻtuvchi shaxsning yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turgan hududiga xizmat koʻrsatuvchi TIEK tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Bunda yoʻllanmani rasmiylashtirishning kamchiliklari TIEK tomonidan aniqlanmagan hollarda, fuqaro koʻrikdan oʻtish joyi, sanasi va vaqti haqida SMS-xabar yuborish orqali, agar ariza YIDXP orqali qabul qilingan boʻlsa, arizachining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga xabar yuborish orqali xabardor qilinadi.
17. Yoʻllanma va tibbiy hujjatlardagi maʼlumotlar toʻliq shakllantirilmagan yoki notoʻgʻri toʻldirilgan hollarda, TIEK yoʻllanmani “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali oilaviy poliklinikaga qaytaradi.
Bunda oilaviy shifokor qaytarilgan yoʻllanma va tibbiy hujjatlarni kamchiliklarini bartaraf etgan holda umumiy asoslarga koʻra “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.
18. Fuqaro TIEK xabarnomasini qabul qilib olgandan soʻng koʻrikdan oʻtish joyiga belgilangan vaqtda yetib kelishi lozim, bundan fuqaro sogʻligʻi holati boʻyicha oilaviy poliklinikaga bora olmaydigan holatlar mustasno.
19. Xabardor qilingan shaxs koʻrikdan oʻtish joyiga belgilangan vaqtda va sanada kelmagan hollarda, TIEK fuqaroni koʻrikdan oʻtish joyi, sanasi va vaqti haqida aloqa vositalari orqali takroran xabardor qiladi.
Takroran xabardor qilingan shaxs uzrli sabablardan (ogʻir kasalligi, yaqin qarindoshining vafot etganligi, xizmat safarida ekanligi yoki favqulodda vaziyatlar boʻlishi va shu kabi boshqa holatlar) tashqari koʻrikdan oʻtish joyiga belgilangan vaqtda va sanada kelmaganda TIEK yoʻllanmani “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali oilaviy poliklinikaga qaytaradi.
Bunda yoʻllanma oilaviy shifokor tomonidan umumiy asoslarga koʻra takroran rasmiylashtiriladi.
20. Fuqaro sogʻligʻi holati boʻyicha yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turuvchi hududga xizmat koʻrsatuvchi TIEKdan koʻrikdan oʻtish uchun bora olmagan taqdirda, sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi.
Bunda yoʻllanmaga oilaviy shifokor tomonidan uyda yoki statsionarda koʻrikdan oʻtuvchilar uchun “uyda yoki statsionarda koʻrik” deb yoki sogʻligʻi holati boʻyicha yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turuvchi hududga xizmat koʻrsatuvchi TIEKdan koʻrikdan oʻtish uchun bora olmaydiganlar uchun esa, “TIEKga bora olmaydi” degan maʼlumotlar kiritilgan boʻlishi lozim.
21. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarning roʻyxatida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha shaxsning funksionalligini baholashdan oʻtkazish ham fuqaroning uyida yoki statsionarda amalga oshiriladi.
22. Shaxs funksionalligini baholashdan oʻtkazish “Inson” markazining xodimi tomonidan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi shaxs kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholashdan oʻtkazish savolnomasi asosida suhbat oʻtkazish yoʻli bilan TIEK koʻrigidan avval amalga oshiriladi.
23. Shaxs funksionalligi baholashdan oʻtkazilgandan soʻng shaxsni koʻrikdan oʻtkazish tuman (shahar), tumanlararo TIEK tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24. Aqliy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan shaxslar funksionalligini baholashdan oʻtkazish ularning qonuniy vakillari yoki davolovchi vrachlari ishtirokida oʻtkaziladi.
25. Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtayotgan shaxslarning funksionalligini baholashdan oʻtkazish jazoni ijro etish muassasalarining davolovchi vrachlari ishtirokida oʻtkaziladi.
26. Funksionallikni baholash natijalari tahlil qilinishi uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantirib boriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. “Inson” markazlari xodimlarining funksionallikni baholashdan oʻtkazish boʻyicha xatti-harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlikka, uning hududiy boshqarmalari yoxud sudga shikoyat qilinishi mumkin.
28. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqichFuqaro(fuqaroning qonuniy vakili)Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigidan oʻtish uchun tibbiyot muassasasiga, oilaviy shifokorga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga, ijtimoiy xodimga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali murojaat qiladi.Oʻz xohishiga koʻra2-bosqichYIDXP1. YIDXP orqali qoldirilgan murojaatlar fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi.1. Bir ish kunida“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, ijtimoiy xodim2. “Inson” markaziga, ijtimoiy xodimga qilingan murojaatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali elektron tarzda murojaat muallifining yashash manziliga biriktirilgan oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi.2. Bir ish kunidaTibbiyot muassasalari3. Nogironligi belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi.3. Nogironligi belgilari aniq koʻrinib turganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tasdigʻini topgandan soʻng bir ish kunida3-bosqichOilaviy poliklinika(oilaviy shifokorlik punkti)Murojaat kelib tushgandan soʻng roʻyxatdan oʻtkaziladi va murojaat muallifining yashash manziliga biriktirilgan oilaviy shifokorga oʻrganish uchun yuboriladi.Bir ish kunida4-bosqichOilaviy shifokor1. Murojaat qabul qilib olgandan soʻng fuqaroni tibbiyot muassasalarida davolanganligiga oid tibbiy hujjatlari mavjudligini hamda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigiga yoʻllash uchun asoslar bor yoki yoʻqligini aniqlaydi, agar fuqaro tor soha mutaxassislari koʻrigida tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi va davolanishi lozim boʻlsa, davolash standartlariga muvofiq fuqaro tor soha mutaxassislari koʻrigida tibbiy tekshiruvlardan oʻtish sanasini belgilaydi hamda “SMS” xabar yuborish orqali yoki YIDXP orqali elektron murojaat qilinganda YIDXP orqali arizachini xabardor qiladi.1. Oʻn besh kun ichida2. Shaxs koʻrikdan oʻtgandan soʻng tor soha mutaxassislari belgilagan tashxis boʻyicha davolanilishi tashkil etiladi.2. Davolanish standartlariga muvofiq belgilangan muddatlarda3. Shaxs davolash standartlarida belgilangan muddatlarda davolanib, tibbiy tekshiruvlardan oʻtgandan soʻng organizm funksiyasining turgʻun buzilishi saqlanib qolgan hollarda TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun yoʻllanma rasmiylashtiriladi.3. Besh kun ichida4. Yoʻllanma tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga yuborilgandan soʻng fuqaroga bu toʻgʻrisida “SMS” xabar yuboriladi. Bunda ariza YIDXP orqali qabul qilingan boʻlsa, yoʻllanma arizachining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga avtomatik yuboriladi.4. Yoʻllanma yuborilgandan soʻng oʻttiz daqiqa ichida5-bosqichTuman (shahar), tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi1. Yoʻllanma kelib tushgandan soʻng koʻrikdan oʻtuvchi shaxsning yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turgan hududiga xizmat koʻrsatuvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.2. Yoʻllanmaning kamchiliklari aniqlanmagan hollarda fuqaroni koʻrikdan oʻtish joyi, sanasi va vaqti haqida aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi.Ikki ish kunida6-bosqich1. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi1. Funksionallikni baholashdan oʻtkazish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining xodimi tomonidan savolnoma asosida suhbat oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.1. Koʻrik belgilangan kun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigidan avval bir soat ichida2. Ijtimoiy himoya milliy agentligi2. Baholash natijalari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantirib boriladi.2. Baholash natijalari kiritilgandan soʻng oʻn daqiqa ichida
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 3-ILOVA
NAMUNATibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari koʻrigi uchunYOʻLLANMA1. Bemorning shaxsiga oid maʼlumotlar:F.I.O. ___________________________________________________________________Pasport seriyasi ____ № _____________ JSHSHIR ________________________________Tugʻilgan sanasi: ____________, jinsi: __________, millati: ______________________2. Yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turuvchi joyi: viloyat ________, tuman ________, mahalla ________, qishloq/shahar ____________________,Manzil ___________________________________________________________________Vaqtincha yashash manzili:viloyat _______________, tuman _______________________, mahalla __________________, manzil _____________________, telefon raqami: ____________, elektron pochta manzili ______________________3. Nogironlik toʻgʻrisida maʼlumot: avvalgi nogironlik guruhi, sababi, muddati ________________________________________________________________________________4. TIEKga murojaat etish (birlamchi yoki qayta): ______________________________5. Ish joyi (asosiy) ____________, kasbi (asosiy) ___________, lavozimi ____________, ishsiz yoki oʻzini oʻzi band qilgan _______6. Maʼlumoti (turlari yoziladi):____________________________________________7. Xizmat koʻrsatuvchi poliklinika: _________________________________________8. Dispanser hisobida turadigan DPM nomi _________________________________9. Bemorning antropometrik oʻlchovlari (tana vazni, boʻyi, qon bosimi, puls, nafas soni, semizlik darajalari oʻlchanadi va ularning natijalari) __________________________10. Nogironlikka olib kelgan kasallik boshlangan sana: kun, oy, yil. Nogironlikka olib kelgan kasallik boʻyicha hisobga olingan sana: kun, oy, yil.11. Birlamchi yoʻllangan bemorlarga standartda koʻrsatilgan muddatda, qayta yoʻllangan bemorlarga TIEK tomonidan avvalgi koʻrik natijasi belgilangan muddat davomida davolanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar:Davolangan sanasiDavolangan kunlariVML kunlariDavo turiKlinik tashxisDPMboshlangantugagankunoyyilkunoyyilJami:12. Obyektiv koʻrik natijalari: (shikoyatlari, koʻrik natijalari yoziladi) ________________________________________________________________________________13. Hayot anamnezi: (toʻliq yoziladi) ___________________________________________14. Kasallik anamnezi: (kasallik, koʻrik vaqtida bemorning umumiy ahvoli yoziladi) _________________________________________________________________________________________________________________________________________________________15. Terining rangi va teri osti yogʻ qatlami (terining rangi, namligi, qalinligi va boshqalar tanlanadi) ___________________________________________________________16. Regionar limfa tugunlari: (lokalizatsiyasi, kattaligi, qattiqligi va boshqalar tanlanadi) _____________________________________________________________________17. Qalqonsimon bezi holati: (qattiqligi, oʻlchami, oʻzgarishlar va boshqalar tanlanadi) _____________________________________________________________________18. Suyak-mushak holati: (oʻzgarishlar, deformatsiyalar, choʻltoqlar, ogʻriq lokalizatsiyasi, holati va boshqa oʻzgarishlar tanlanadi) _______________________________19. Umurtqa pogʻonasi: (shakli, nuqsonlari, harakati va boshqalar tanlanadi) ________________________________________________________________________________20. Boʻgʻimlar holati: (kontraktura, ankiloz, deformatsiya, shish, harakatda ogʻriqliligi, giperemiya, mahalliy temperatura, boʻgʻimlar harakati tanlanadi) ________________________________________________________________________________21. Shishlar: (lokalizatsiyasi, konsistensiyasi va boshqa oʻzgarishlari tanlanadi) ________________________________________________________________________________22. Nafas olish tizimi: (auskultatsiya va perkussiyadagi oʻzgarishlar bemor holatlari, oʻzgarish turlari tanlanadi) _____________________________________________23. Yurak qon-tomir tizimi: (obyektiv oʻzgarishlar, auskultatsiya va perkussiyadagi oʻzgarishlar, lokalizatsiyasi, turlari tanlanadi) ______________________________________24. Hazm qilish tizimi: (obyektiv oʻzgarishlar, palpatsiya, perkussiyadagi oʻzgarishlar tanlanadi) _____________________________________________________________________25. Siydik ajratish aʼzolari: (obyektiv oʻzgarishlar, palpatsiya, perkussiyadagi oʻzgarishlar, lokalizatsiyasi, boshqa oʻzgarishlar tanlanadi) ______________________________26. Nerv tizimi: (oliy nerv tizimidagi oʻzgarishlar, BMN holati, harakat, sezgi oʻzgarishlar tanlanadi) ___________________________________________________________27. Ruhiy holati: (oʻzgarishlar holati, turlari tanlanadi) ______________________28. Koʻzning holati: (oʻzgarishlar holati, lokalizatsiyasi va turlari tanlanadi) ________________________________________________________________________________29. Laborator-instrumental tekshiruvlar (oʻtkazilishi lozim boʻlgan standart tekshiruvlar roʻyxati boʻyicha tashxisni asoslovchi tibbiy tekshirishlar natijalari tanlanadi va hujjat yuklanadi)30. Tashxis:Asosiy tashxis va XKT-10: ___________________________________________________Yondosh tashxis va XKT-10: ___________________________________________________Asorati: __________________________________________________________________31. Oʻtkazilgan tibbiy reabilitatsiya chora-tadbirlari natijasi: ______________32. TIEKga yoʻllash sababi: ________________________________________________33. Fuqaro koʻrikdan oʻtkaziladigan joy: ____________________________________34. Nogironlik sababi: (har bir sabab uchun asos boʻladigan hujjatlar skaner shaklida yuklanadi) _______________________________________________________________
Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 4-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-noyabrdagi 742-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 14-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hujjatlar vrachlik-maslahat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — VMK) raisi yoki masʼul shaxsi tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi orqali TIEKga yuboriladi, bundan Shaxslarni kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash uchun yoʻllash hamda baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomda belgilangan tartibda shaxslarning kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash bilan birga TIEKda koʻrikdan oʻtkazish hamda shaxs sogʻligʻining holatini baholash uchun yoʻllash mustasno”.
2. 55-bandda:
a) quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Xabardor qilingan shaxs, uzrli sabablardan (ogʻir kasalligi, yaqin qarindoshining vafot etganligi, xizmat safarida ekanligi yoki favqulodda vaziyatlar boʻlishi va shu kabi boshqa holatlar) tashqari, qayta koʻrikka kelmagan taqdirda, fuqaro “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi orqali koʻrikning oʻtkazilish sanasi, vaqti va joyi koʻrsatilgan holda ikkinchi marta takroran xabardor qilinadi.
Ikkinchi marta xabardor qilingan shaxs qayta koʻrikdan oʻtkazishga takroran kelmaganligi qayta koʻrikdan oʻtkazish tayinlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan pensiya (nafaqa)ni toʻlashni toʻxtatib qoʻyish uchun asos hisoblanadi”;
b) beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) yettinchi xatboshidagi “Bosh TIEK yoki Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar TIEK, Agentlik yoki Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 59-bandning birinchi xatboshisidagi “beshinchi” soʻzi “yettinchi” soʻzi bilan almashtirilsin.
4. 2-ilova (Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarning roʻyxati)da:
a) quyidagi mazmundagi 43 — 48-bandlar bilan toʻldirilsin:
“43. Tugʻma mikrotsefaliya organizm funksiyasining ifodalangan va kuchli ifodalangan buzilishlarida.
44. Barcha turdagi ataksiyalarning kuchli ifodalangan buzilishlari.
45. Aplastik, gipoplastik va irsiy gemolitik anemiyalar.
46. Gastroektomiya, total kolektomiya amaliyotidan keyingi bir yil kuzatuvdan soʻng kasallikni yengil va oʻrta kechishi holatlarida.
47. Yirik boʻgʻimlarda total endoprotezlash amaliyotidan keyingi bir yil kuzatuvdan soʻnggi holat.
48. Qandli diabet sababli barmoqlar amputatsiyasi.”;
b) izoh qismida:
ikkinchi xatboshidan “, 40, 41 va 42” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Roʻyxatning 3, 19b, 24, 26, 33, 34, 36, 45 va 48-bandlaridagi holatlarda nogironlik muddati umumiy asoslarda belgilanadi.”;
v) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“3. Roʻyxatning 46 va 47-bandlaridagi holatlarda III guruh nogironligi muddatsiz davrga belgilanadi”.
