Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (72-son)
10.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2024-yil 13-avgustdagi OʻRQ-942-son Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyishda inson omilini cheklash;
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlariga ularning hisobga qoʻyilganligi haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnoma berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining reyestrini joriy etish va yuritish.
2. Belgilansinki:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari Davlat xizmatlari markazlari, Nodavlat notijorat tashkilotlarining elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali hisobga qoʻyiladi;
mazkur qaror kuchga kirgunga qadar tashkil etilib, hisobga qoʻyilmagan holda faoliyat yuritayotgan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyishda, ular tashkil etilgan vaqtdagi bayonnoma (qaror) nusxasi hamda tegishli kasaba uyushmasi markaziy rahbar organining kasaba uyushmasi boʻlinmasi tashkil etilib, faoliyat yuritayotganligini yoki boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti uning hisobida mavjudligini tasdiqlovchi xat taqdim etiladi.
Bunda kasaba uyushmasining boʻlinmasini yoki boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti tashkil etilganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma (qaror) yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, ushbu hujjatlar nusxasini taqdim etish talab etilmaydi.
3. Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlari Platforma, Davlat xizmatlari markazlari hamda YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
Platforma va YIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
4. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-fevral,
72-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-fevraldagi 72-son qaroriga ILOVA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda — boʻlinma) va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini (keyingi oʻrinlarda — boshlangʻich tashkilot) hisobga qoʻyish tartibini belgilaydi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari alohida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotga rahbarlik qilish zimmasiga yuklangan shaxs;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari.
3. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilot oʻz ixtiyoriga koʻra adliya organlarida hisobga qoʻyiladi.
4. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari, Nodavlat notijorat tashkilotlarining elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrsatiladi.
2-bob. Hisobga qoʻyish tartibi
5. Belgilangan tartibda tashkil etilgan boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish haqida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda ariza beruvchi boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga Davlat xizmatlari markazlari yoki Platforma yoxud YIDXP orqali murojaat qiladi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, Platforma yoki YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) boʻlinmani hisobga qoʻyish uchun:
boʻlinmani tuzish, tashkil etish, faoliyatini tugatish tartibi, shuningdek, ularning huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilgan tegishli kasaba uyushmasi ustavining nusxasi yoki tegishli kasaba uyushmasi ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan davlat tilidagi boʻlinma toʻgʻrisidagi nizom;
tegishli kasaba uyushmasi ustavida belgilangan vakolatli rahbar organning boʻlinmani tashkil etish toʻgʻrisidagi bayonnomasi (qarori). Bunda boʻlinmaning rahbar organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi;
tegishli kasaba uyushmasining markaziy rahbar organi tomonidan boʻlinma rahbariga berilgan ishonchnomaning nusxasi;
b) boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish uchun:
tegishli kasaba uyushmasi ustaviga muvofiq ishlab chiqilib, tasdiqlangan davlat tilidagi boshlangʻich tashkilot toʻgʻrisidagi nizom;
tegishli kasaba uyushmasi aʼzolarining boshlangʻich tashkilotni tashkil etish toʻgʻrisidagi bayonnomasi yoxud qarori (bunda boshlangʻich tashkilotning rahbar organlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi).
6. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilot toʻgʻrisidagi nizomlarda quyidagilar nazarda tutiladi:
nomi, maqsad va vazifalari, tashkiliy-huquqiy shakli;
faoliyat koʻrsatish hududi (boʻlinma uchun);
kasaba uyushmasiga aʼzolikka qabul qilish va undan chiqish (chiqarish) shartlari, aʼzolarning huquq va majburiyatlari;
kasaba uyushmasiga aʼzolik badallarini toʻlash tartibi va ularning miqdorlari;
tuzilmasi va rahbar organlari, zarur boʻlgan taqdirda nazorat-taftish organlari;
rahbar organlarining vakolati va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolatlari muddatlari, doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi rahbar organining joylashgan yeri;
pul mablagʻi va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, shuningdek, ularni boshqarish tartibi;
aʼzolar oldida hisobot berish tartibi va muddatlari;
qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi.
Nizomlarda boʻlinma va boshlangʻich tashkilot faoliyatiga taalluqli boʻlgan, qonunchilikka va tegishli kasaba uyushmasi ustaviga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
7. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (Mobile-ID tizimi, elektron raqamli imzo, daktiloskopiya va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi Platforma yoki YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
8. Boʻlinmani va boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish uchun yigʻim undirilmaydi.
9. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi markaz xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga elektron shaklda yuboriladi.
Platforma yoki YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladi.
10. Boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni muddat ichida koʻrib chiqiladi.
Soʻrovnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan boʻlinmani yoxud boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
11. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror yoki boʻlinma yoxud boshlangʻich tashkilotning hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida mazkur Nizomga 3 va 4-ilovalarga muvofiq shaklda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan guvohnoma Davlat xizmatlari markaziga, Platforma yoki YIDXP orqali murojaat etilganda ariza beruvchiga yuboriladi.
12. Davlat xizmatlari markazi qaror yoki guvohnoma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga (mavjud boʻlsa) yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining soʻroviga koʻra unga qaror yoki guvohnomani elektron yoxud qogʻoz shaklida berishi shart.
13. Boʻlinmani va boshlangʻich tashkilotni hisobga qoʻyish quyidagi hollarda rad etiladi:
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi aniqlanganda;
taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik hujjatlari va tegishli kasaba uyushmasi ustavi talablariga muvofiq boʻlmaganda;
ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomada koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq ilova qilinmagan taqdirda.
Davlat xizmati koʻrsatishni rad etish boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emaslik vaji bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda rad etishning sabablari va qonunchilik hujjatlarining aniq normalari koʻrsatilishi lozim.
3-bob. Qayta hisobga qoʻyish tartibi
14. Boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda, tegishli kasaba uyushmasining vakolatli rahbar organi tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin 15 kun muddatda mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan tartibda murojaat qilishi lozim.
Bunda soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) boʻlinmani qayta hisobga qoʻyish uchun:
boʻlinma toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizom (tegishli kasaba uyushmasining yangi tahrirdagi ustavi yoki ustaviga boʻlinmalarni tuzish, tashkil etish, faoliyatini tugatish tartibini, ularning huquqlari va majburiyatlarini nazarda tutuvchi kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning matni taqdim etilganda boʻlinma toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizomni taqdim etish talab qilinmaydi);
tegishli kasaba uyushmasi vakolatli rahbar organining boʻlinma rahbarini tayinlash (saylash) toʻgʻrisidagi qarorining nusxasi — rahbar oʻzgargan taqdirda;
tegishli kasaba uyushmasining markaziy rahbar organi tomonidan boʻlinma rahbariga berilgan ishonchnomaning nusxasi — rahbar oʻzgargan taqdirda;
b) boshlangʻich tashkilotni qayta hisobga qoʻyish uchun:
tegishli kasaba uyushmasi ustaviga muvofiq ishlab chiqilib, tasdiqlangan boshlangʻich tashkilot toʻgʻrisida yangi tahrirdagi nizomi;
vakolatli rahbar organning boshlangʻich tashkilot toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qarori.
15. Boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilot mazkur Nizomning 2-bobiga muvofiq qayta hisobga qoʻyiladi.
Bunda boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot qayta 7 ish kunida qayta hisobga qoʻyiladi.
Boʻlinmaning yoki boshlangʻich tashkilotning nomi oʻzgarganligi munosabati bilan ular qayta hisobga qoʻyilgan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yangi guvohnoma beriladi.
4-bob. Reyestr yuritish va reyestrdan chiqarish tartibi
16. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan hisobga qoʻyilgan boʻlinmalar va boshlangʻich tashkilotlar reyestri yuritiladi hamda unda ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq maʼlumotlar qayd etiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot qayta hisobga qoʻyilganda, reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlaydi.
Boʻlinmalar va boshlangʻich tashkilotlar reyestri avtomatik tarzda shakllantiriladi, uni doimiy yuritish va unga tegishli oʻzgartirishlarni kiritish roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
17. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilotlar quyidagi hollarda reyestrdan chiqariladi:
boʻlinma va boshlangʻich tashkilotning vakolatli rahbar organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga reyestrdan chiqish haqida murojaat etilganda;
ish beruvchi yuridik shaxs tugatilganda (boshlangʻich tashkilotlar uchun). Bunda boshlangʻich tashkilotni taʼsis hujjatlariga muvofiq reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish imkoniyati boʻlmasa, reyestrdan chiqarish tegishli kasaba uyushmasining vakolatli rahbar organi qarori bilan amalga oshiriladi;
boʻlinma va boshlangʻich tashkilot yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etilganda;
tegishli kasaba uyushmasi tugatilganda;
boʻlinma va boshlangʻich tashkilotning vakolatli rahbar organi tomonidan boʻlinma va boshlangʻich tashkilotni tugatish haqida qaror qabul qilinganda;
sud tomonidan boʻlinma va boshlangʻich tashkilotni tugatish haqida qaror qabul qilinganda.
18. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga muvofiq reyestrdan chiqariladi.
19. Vakolatli shaxslar mazkur Nizomning 17-bandi ikkinchi-uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda, boʻlinma va boshlangʻich tashkilotlarni reyestrdan chiqarish haqida ushbu Nizomning 5-bandi birinchi xatboshisida belgilangan tartibda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnoma;
vakolatli rahbar organning tegishli qarori;
kreditorlarning talablari toʻliq qondirilgandan keyin ortib qolgan mol-mulkning tasarruf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
20. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ quyidagi maʼlumotlarni mustaqil ravishda “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi:
boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotning asosiy hisobvaragʻi yopilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
ijro etilmagan tegishli ijro hujjati ish yurituvida mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
Boʻlinmalar va boshlangʻich tashkilotlarning bank hisobvaragʻi ochilmaganligi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami olinmaganligi haqida maʼlumot mavjud boʻlganda, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi maʼlumotlarni soʻrab olish talab etilmaydi.
21. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan hujjatlar belgilangan shaklda va toʻliq taqdim etilganda hamda ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar olingandan soʻng 5 ish kuni mobaynida boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilotni reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda reyestrga tegishli yozuvlarni kiritadi.
22. Agar mazkur Nizomning 19-bandidagi hujjatlar belgilangan shaklda va toʻliq taqdim etilmasa, shuningdek, taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa hamda ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar elektron tizimda mavjud boʻlmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ reyestrdan chiqarishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Reyestrdan chiqarish rad etilgan taqdirda, rad etishning sabablari va qonunchilik hujjatlarining aniq normalari koʻrsatilishi lozim.
23. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot reyestrdan chiqarilganligi yoki reyestrdan chiqarish rad etilganligi haqidagi qarorni shu kunning oʻzida ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda taqdim etadi.
24. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot reyestrdan chiqarilganligi haqida soliq va statistika organlarini hamda xizmat koʻrsatuvchi bankni xabardor qiladi.
25. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilot yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etilganda, shuningdek, boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilotni tugatish toʻgʻrisida sud qarori qabul qilinganligi haqida xabarnoma kelib tushganda, ikki ish kuni ichida boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotni reyestrdan chiqarish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda reyestrga tegishli yozuvlar kiritadi.
26. Boʻlinma va boshlangʻich tashkilotni tegishli kasaba uyushmasi tugatilishi, boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotning vakolatli rahbar organi tomonidan boʻlinma yoki boshlangʻich tashkilotni tugatish haqida qaror qabul qilinganligi munosabati bilan reyestrdan chiqarish nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tugatish tartibini belgilovchi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Ariza beruvchi boʻlinmani yoki boshlangʻich tashkilotni hisobga (qayta hisobga) qoʻyishni rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda takroran murojaat qilishi mumkin.
28. Davlat xizmatlari markazlari va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
29. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish
SXEMASI
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga (qayta hisobga) qoʻyish toʻgʻrisida
SOʻROVNOMA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
*) Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmasi tomonidan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami olinganda bu haqda guvohnomada koʻrsatiladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
*) Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmasi tomonidan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami olinganda bu haqda guvohnomada koʻrsatiladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining
REYESTRI
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida
SOʻROVNOMA
*) Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami mavjud boʻlganda bu haqda koʻrsatiladi.
