Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari bilan kelishish, ularni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (3187-2-son)
06.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 6-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3187-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 3-dekabrdagi 809-son “Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi ekspertlarni akkreditatsiya qilish hamda Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 8-iyundagi 317-son qaroriga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining 2019-yil 26-avgustdagi 324-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3187, 2019-yil 3-oktabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/3187/3846-son) bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari bilan kelishish, ularni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor A. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-yanvar,
252-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Raisi K. RAFIKOV
2025-yil 6-yanvar
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 4-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining 2025-yil 14-yanvardagi 252-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari bilan kelishish, ularni attestatsiyadan oʻtkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish bevosita mazkur davlat organlari va tashkilotlariga proaktiv shaklda davlat xizmatini koʻrsatish tarzida amalga oshiriladi.”.
2. 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlari tegishli ravishda Agentlik va uning hududiy boshqarmalarida har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtadi. Bunda, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlarini ular ishlayotgan tashkilot tomonidan boshqa turdagi attestatsiyalardan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Birinchi marta lavozimga tayinlangan axborot xizmati rahbari lavozimga tayinlangan yilida, biroq lavozimda kamida uch oy ishlaganidan keyin attestatsiyadan oʻtadi.
Attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslar mazkur guvohnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar ikki oylik muddat ichida attestatsiyadan oʻtish kerak.”.
3. 1-ilovaning 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Nomzodga berilgan savollar va ularning javoblari:
1) savol: ___________________________________________________________________________
javob: _____________________________________________________________________________
2) savol: ___________________________________________________________________________
javob: _____________________________________________________________________________
3) savol: ___________________________________________________________________________
javob: _____________________________________________________________________________
4) savol: ___________________________________________________________________________
javob: _____________________________________________________________________________
5) savol: ___________________________________________________________________________
javob: _____________________________________________________________________________
6) amaliy sinov natijasi: __________________________________________________________”.
4. 2-ilovaning matnidagi “Pasportning” degan soʻz “Pasport (ID-karta)ning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
