25-modda. Yoʻlovchilarning majburiyatlari
Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida (419-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Amalda
Yoʻlovchilar:
yoʻlovchilarni tashish yuzasidan belgilangan qoidalarga rioya etishlari;
yoʻl haqi va bagaj tashish haqini oʻz vaqtida toʻlashlari, chiptani manzilga yetgunga qadar saqlashlari va uni nazorat qiluvchi shaxslarning talabiga binoan koʻrsatishlari;
transportda imtiyozli yurish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishlari;
shahar yoʻlovchilar transportidan foydalanganda tozalik va tartibga rioya etishlari, tashuvchilarning asbob-uskunalari va mol-mulkini ehtiyot qilishlari;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarni bajarishlari shart.
Yoʻlovchilarning tez yonuvchan, portlovchi, zaharli, radioaktiv moddalar va ashyolarni, shuningdek qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ochiq (gʻilofsiz) holda olib yurishi taqiqlanadi.
