21-modda. Shahar yoʻlovchilar transporti vositalariga qoʻyiladigan talablar
Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida (419-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Amalda
Shahar yoʻlovchilar transporti vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya talablariga, shuningdek standartlar va texnikaviy shartlarga, tibbiy-sanitariya va yongʻinga qarshi normalarga muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi lozim. Transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
Sertifikatlashdan oʻtmagan va belgilangan tartibda roʻyxatga olinmagan transport vositalari foydalanishga qoʻyilmaydi.
Yoʻlovchilar transportini sertifikatlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Shahar yoʻlovchilar transportining salonida harakat yoʻnalishi, yoʻlovchi va bagaj tashish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumot, shuningdek boshqa zarur axborot boʻlishi lozim.
Tashuvchi shahar yoʻlovchilar transportida nogironligi boʻlgan shaxslar va bolali yoʻlovchilar uchun zarur qulayliklarni yaratadi.
Yoʻnalishsiz taksilarda yoʻl haqini aniqlash uchun hisoblagich (taksometr), maxsus tanib olish belgilari va boshqa yengil avtomobillardan farqlanuvchi raqam belgilari boʻlishi lozim.
Yoʻnalishsiz taksilar uchun umumiy belgilar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
