SHNQ 1.04.04-24 “Qurilishda buyumlar, uskunalar va materiallardan takroriy foydalanish” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-84-son)
14.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 27-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 325]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-apreldagi 231-son “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 1.04.04-24 “Qurilishda buyumlar, uskunalar va materiallardan takroriy foydalanish” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2021-yil 28-apreldagi 97-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan SHNQ 1.04.04-20 “Qurilishda buyumlar, uskunalar va materiallardan takroriy foydalanish” shaharsozlik normalari va qoidalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-dekabr,
01/2-84-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Direktorning birinchi oʻrinbosari A. ABDUKAYUMOV
2024-yil 30-oktabr
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi B. BOBOKULOV
2024-yil 25-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 14-dekabrdagi 01/2-84-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 1.04.04-24 “Qurilishda buyumlar, uskunalar va materiallardan takroriy foydalanish” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) bino va inshootlarni qayta qurish, mukammal taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va buzishda ularning konstruksiyalarini qismlarga ajratishdan hamda muhandislik uskunalarini demontaj qilishdan hosil boʻladigan buyumlar, uskunalar va materiallardan (bundan buyon matnda materiallar va buyumlar deb yuritiladi) takroriy foydalanishga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu SHNQning talablari korxonalarning texnologik uskunalaridan takroran foydalanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalariga havolalar keltirilgan:
SHNQ 1.04.01-23 “Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish va monitoring qilish tartibi”;
SHNQ 1.04.03-23 “Bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatishni tashkil etish”.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
demontaj — bino yoki inshootlarni konstruksiyalari, elementlari yoki boʻgʻinlarini yaxlitligini buzmasdan, ularni keyinchalik foydalanish imkoniyati bilan qismlarga ajratish yoki qismlarga ajratib buzish;
mukammal taʼmirlash — binoning ishonchliligini va unda qulay sharoitlarni taʼminlashga qaratilgan foydalanish koʻrsatkichlarini yaxshilagan holda qayta tiklash boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlari majmui;
takroriy foydalanish — bino va inshootlarni mukammal taʼmirlashda, qayta qurishda va buzishda, qurilish konstruksiyalarini qismlarga ajratishda, shuningdek muhandislik tarmoqlarni buzishdan chiqqan materiallar va buyumlardan ularni qayta ishlash va tiklashdan soʻng qurilish (taʼmirlash) obyektlarida foydalanish, aholiga tarqatishni yoki ikkilamchi ashyo sifatida ishlatish;
utilizatsiya — materiallarni ikkilamchi xom ashyo sifatida yangi texnologik jarayonga jalb qilish.
3-bob. Umumiy qoidalar
3. Bino yoki inshootning texnik holati koʻrikdan oʻtkazilgandan keyin qurilish (taʼmirlash) obyektlarida materiallar va buyumlardan takroriy foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Qurilish (taʼmirlash) obyektlarida materiallar va buyumlarni utilizatsiya qilish qayta ishlashga yaroqli materiallarning miqdori, ularni taʼmirlash va qayta tiklashning xarajatlarini texnik-iqtisodiy hisoblash orqali amalga oshirilishi zarur.
4-bob. Takroriy foydalanishga yaroqli boʻlgan materiallar va buyumlarning hajmini aniqlash
5. Takroriy foydalanishga yaroqli boʻlgan materiallar va buyumlarning hajmi xar bir bino va inshoot holatidan kelib chiqqan holda muhandislik tekshiruvlari va texnik koʻrikdan oʻtkazish maʼlumotlari asosida, shuningdek qurilish boshlanishidan oldin hamda qurilish jarayonida aniqlanishi kerak.
6. Bino va inshootlarni buzish va demontaj qilishda hosil boʻladigan materiallar va buyumlarning umumiy hajmida quyidagilar aniqlanishi lozim:
ularning maʼlum bir bino va inshootda takroriy foydalanilishi;
boshqa bino va inshootlarda takroriy foydalanish uchun vaqtincha saqlashga olib ketilishi;
ikkilamchi xom ashyo sifatida utilizatsiya qilinishi;
qurilish chiqindilarining ulushi.
7. Takroriy foydalaniladigan materiallar va buyumlarni saralash ishlarini bajarish texnologiyasi tashkiliy-texnologik hujjatlarga (ishlarni bajarish loyihasi, texnologik xaritalar) muvofiq amalga oshirilishi zarur.
5-bob. Materiallar va buyumlarning hisobi va ularni saqlash
8. Takroriy foydalaniladigan materiallar va buyumlarning saqlanishi, foydalanishga tayyorlanishi va qoʻllanilishi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
bino va inshootdagi muhandislik izlanishlarni (texnikaviy tekshirishlarni);
bino va inshootda ishlarning bajarilishini;
materiallar va buyumlarning tashilishi va saqlanishini;
materiallar va buyumlarni yaroqli holatga keltirilishini.
9. Uskunalarni koʻchirishda va konstruksiyalarni qismlarga ajratishda takroriy foydalanishga yaroqli boʻlgan oʻrnatilgan jihozlar, parketlar, eshik va derazalarning tabaqalari, muhandislik uskunalari tizimlarining nazorat oʻlchagich asboblari (suv oʻlchagichlar, gaz va elektr hisoblagichlar, avtomatik yongʻin signalizatsiyasining datchiklari) qoʻriqlash tizimi, muhandislik uskunalar tizimlarining elementlari (gaz va elektr plitalari, gaz suv isitgichlari saqlagichlari va uzgichlari bilan birga, taqsimlagich shchitlari, kabel qutilari, kommutatorlar), meʼmoriy-badiiy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan bezak va suvoq elementlari, shuningdek sirlangan temir hamda rangli metallardan tayyorlangan buyumlar, yopqich va rostlagich armaturalar birinchi navbatda demontaj qilinishi hamda bino va inshoot omborxonasida saqlanishi lozim.
10. Taʼmirlash-qurishda takroriy foydalanishga yaroqli materiallar va buyumlarning saqlanishi, yangi materiallar va buyumlarning yongʻin xavfsizligi hamda saqlash qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
6-bob. Buyumlar va materiallarni qayta ishlash va ulardan foydalanish
11. Bino va inshootning loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan takroran foydalaniladigan materiallar va buyumlar yangi qurilish materiallari va buyumlari kabi tegishliligiga koʻra texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq holatga keltirilishi kerak.
12. Gaz va elektr jihozlari, dispetcherlik, telefon, radio eshittirish va televizion tarmoqlari tizimlarining uskunalari yaroqli holatga keltirilishi lozim.
13. Konstruksiyalarni qismlarga ajratish va uskunalarni demontaj qilishdan hosil boʻlgan birlamchi chiqqan materiallar va buyumlarning tavsiflari, ularni tiklash yoki qayta ishlash boʻyicha ishlarning asosiy turlari hamda ulardan takroriy foydalanish mumkin boʻlgan joylar mazkur SHNQning ilovasi boʻyicha qabul qilinishi kerak.
14. Uy qoʻziqorinlari va kemiruvchi qoʻngʻizlar shikastlagan hamda maxsus maydonchalarda yoqilishi lozim boʻlgan yogʻochdan, shuningdek qurilishda foydalanilishi taqiqlangan yoki yuqori radiofaollikka ega boʻlgan materiallar va buyumlardan takroriy foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Yuk koʻtaruvchi qurilish konstruksiyalarida qismlarga ajratish ishlari amalga oshirilganda qismlarga ajratishdan soʻng takroriy foydalaniladigan qurilmalar va materiallar qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
16. Qurilishda takroriy foydalanadigan qurilish materiallarining sifati va xavfsizligi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq boʻlishi lozim.
17. Bino va inshootlarning texnik holatini oʻrganish, bino va inshootlar elementlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va qurilish materiallarining holatini oʻrganish SHNQ 1.04.01-23 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
18. Qurilish ishlarini tashkil etish hamda bino va inshootlarni buzish SHNQ 1.04.03-23 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
SHNQ 1.04.04-24 “Qurilishda buyumlar, uskunalar va materiallardan takroriy foydalanish” shaharsozlik normalari va qoidalariga ILOVA
Materiallar va buyumlarning tavsiflari, ularni tiklash yoki qayta ishlash boʻyicha ishlarning asosiy turlari hamda ulardan takroriy foydalanish mumkin boʻlgan joylar
