Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish toʻgʻrisida (KQ-51-V-son)
28.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining eng yaxshi tajribalarini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, namunali Kengashlarni eʼtirof etishni yoʻlga qoʻyish orqali ularning samaradorligini yanada oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining 2025-yil birinchi yarim yilligida 1-ilovaga muvofiq xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish mezonlari 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlovchi senatorlarni, Senat devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi xodimlarini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmitasi raisi (Sh. Otemisov), xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislarini mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish uchun hududlarga biriktirish jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
2025-yil 1-iyulga qadar 1-ilovada belgilangan tuman va shahar Kengashlari faoliyatini tasdiqlangan mezonlar asosida toʻliq yoʻlga qoʻyish;
2025-yil iyul-avgust oylarida faoliyati namunali yoʻlga qoʻyilgan tuman va shahar Kengashlari tajribasini hududdagi boshqa mahalliy Kengashlar faoliyatiga tatbiq etish yuzasidan amaliy seminar tashkil etish;
2025-yil yakuniga qadar hududdagi barcha tuman va shahar Kengashlari faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
4. Mazkur Qarorning 3-ilovasiga asosan hududlarga biriktirilgan senatorlarning mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklari:
2025-yil birinchi choragi yakuniga qadar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari;
2025-yil birinchi yarim yilligi yakuniga qadar faoliyati namunali yoʻlga qoʻyilishi belgilangan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari;
2025-yil yakuniga qadar barcha tuman va shahar Kengashlari faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (A. Tuychiyev) mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashga muntazam ravishda har tomonlama koʻmaklashsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish borasidagi ishlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 28-yanvar,
KQ-51-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 28-yanvardagi KQ-51-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
2025-yil birinchi yarim yilligida faoliyati namunali yoʻlga qoʻyiladigan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 28-yanvardagi KQ-51-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish
MEZONLARI
Mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligi asoslarini yanada kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga koʻra hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-28-sonli Farmoni mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, tom maʼnoda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Mazkur Farmon bilan Oʻzbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida ilk marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model — “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoida va vazifalar belgilandi.
Ushbu qoida va vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida Oliy Majlis Senati tomonidan 2025-yil birinchi yarim yilligida har bir hududda bittadan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashi (keyingi oʻrinlarda mahalliy Kengash deb yuritiladi) faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish, ikkinchi yarim yillikda esa ushbu tajribani boshqa mahalliy Kengashlar faoliyatiga tatbiq etish choralarini koʻrish maqsad qilindi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyishda quyidagi mezonlar asosida tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1. Mahalliy Kengash faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga solish:
Mahalliy Kengash reglamentini tasdiqlash;
Mahalliy Kengash doimiy komissiyalari toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash;
Mahalliy Kengash kotibiyati toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash;
Mahalliy Kengash ish yuritish yoʻriqnomasini tasdiqlash;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalari tarkibini shakllantirish;
partiya guruhlarini tashkil etish;
mahalliy Kengash va uning doimiy komissiyalari ish rejalari ishlab chiqilishi hamda mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanishi;
ish rejalari ijrosi hamda buni tasdiqlovchi hujjatlar (bosma yoki elektron);
mahalliy Kengashning har bir deputati uchun yigʻma jild tayyorlash hamda unda deputat faoliyatiga doir maʼlumotlarni yigʻib borish;
mahalliy Kengash deputatlari va kotibiyati xodimlarining xorijiy mamlakatlarga shaxsiy masalalar boʻyicha chiqishi tartibini tasdiqlash, ushbu hujjat bilan deputatlarni tanishtirish, tartibga amal qilish;
mahalliy Kengash deputatlarini odob-axloq qoidalarini tasdiqlash, ushbu hujjat bilan deputatlarni tanishtirish.
2. Mahalliy Kengash qarorlarini qonunchilik va yuridik texnika qoidalari asosida qabul qilish:
mahalliy Kengash qarorlari loyihalarini sessiya muhokamasiga kiritishdan oldin tegishli tartibda kelishish, zarur hollarda muhokama uchun “Regulation.gov.uz” platformasiga joylashtirish;
mahalliy Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish;
mahalliy Kengashning normativ tusdagi qarorlarini tegishli adliya organi tomonidan ekspertizadan oʻtkazish;
mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilishga asos boʻluvchi hujjatlarning toʻliq boʻlishini taʼminlash (tegishli doimiy komissiya qarori (bayonnomasi), maʼruzalar, axborotlar va hokazo);
mahalliy Kengash sessiyasida qabul qilingan qarorlarni “Kengash.gov.uz” elektron tizimiga joylashtirib borish.
3. Mahalliy Kengashning qonunlar muhokamasi hamda targʻiboti boʻyicha faoliyati, qonunchilikka doir takliflarni tayyorlash:
Oliy Majlis Senati qoʻmitalari tomonidan taqdim etilgan qonunlarni tegishli doimiy komissiyada muhokama qilish;
taqdim etilgan qonunlar boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda Oliy Majlis Senatining tegishli qoʻmitasiga kiritish;
mahalliy Kengash tomonidan qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash hamda Oliy Majlis Senatiga taqdim etish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan yangi qonunlar mazmun-mohiyati yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot-tushuntirish ishlarini olib borish, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish.
4. Mahalliy Kengash sessiyalarida hisobot (axborot)larni eshitish hamda muhokama qilish:
mahalliy Kengash sessiyasida hisobot (axborot)larni eshitish masalasini ish rejasida aks ettirish;
mahalliy Kengash sessiyasida hisobot (axborot)larni eshitishdan oldin dastlabki tarzda tegishli doimiy komissiyada muhokama qilish;
hisobot (axborot)larni eshitish yakunlari boʻyicha qaror qabul qilishda tegishli mansabdorlarning faoliyatiga baho berish, aniq muddat belgilangan vazifalarni koʻzda tutish;
hisobot (axborot)larni eshitish boʻyicha barcha hujjatlarning (maʼlumotlar, maʼruzalar, qarorlar va hokazo) toʻliq boʻlishini taʼminlash.
5. Mahalliy Kengash deputatlarining mahalliy budjet, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni shakllantirishdagi ishtiroki, ular ijrosi boʻyicha samarali nazorat oʻrnatish:
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan aholi bilan muloqot davomida koʻtarilgan, “mahalla yettiligi”, sektor bilan hamkorlik doirasida taqdim etilgan muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflar tayyorlash hamda hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni, mahalliy budjetni shakllantirishda inobatga olish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyatga kiritish;
hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni xatlovdan oʻtkazib, hisobot yilida amalga oshiriladigan loyihalar ustidan samarali nazoratni amalga oshirish rejasini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, mahalliy Kengash deputatlarini mahallalarga “manzilli” biriktirish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan “mahalla yettiligi” bilan birgalikda loyihalar ijrosini oʻrganib borish, muammoli masalalarni aniqlash va mahalliy Kengashga kiritib borish;
aniqlangan muammoli masalalarni mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama qilib borish hamda ularning yechimi boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilash;
mahalliy Kengash huzurida kambagʻallikni qisqartirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha komissiya tuzish, komissiya tomonidan har oyda ushbu masala boʻyicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining axborotlarini muhokama qilish;
yuqori darajada hal etiladigan muammolarni xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga taqdim etib borish.
6. Mahalliy Kengash tomonidan nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirish, mahalliy budjet mablagʻlarini maqsadli yoʻnaltirish:
mahalliy Kengash va doimiy komissiyalar ish rejalarida nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirishni belgilash hamda ijrosini taʼminlash;
mahalliy Kengash doimiy komissiya huzurida ekspertlarni jalb etgan holda ishchi guruh tuzish, nazorat-tahlil tadbiri doirasida oʻrganishni amalga oshirish hamda natijalari boʻyicha tahliliy maʼlumot tayyorlash;
nazorat-tahlil tadbirlarining doimiy komissiya majlislarida, mahalliy Kengash sessiyasida, shuningdek xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi bilan birgalikda qoʻshma majlisda muhokama qilish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan mahalliy budjet loyihasiga kiritish uchun takliflar tayyorlash hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyatga kiritish;
mahalliy budjet qoʻshimcha manbalarini qonunchilikda belgilangan tartibda hamda maqsadli yoʻnaltirish.
7. Kengash va deputat soʻrovini yuborish va uning natijalari, murojaatlar bilan ishlash samaradorligi:
qonunchilikda belgilangan tartibda Kengash va deputat soʻrovlarini yuborish;
Kengash va deputat soʻrovlariga tegishli mansabdor shaxs tomonidan oʻz vaqtida asoslantirilgan javob berilishi boʻyicha monitoring olib borish;
Kengash soʻrovlari, zarur hollarda, deputat soʻrovlari natijalarini mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama qilish;
Kengash va deputat soʻroviga oʻz vaqtida yoki notoʻgʻri javob berilgan holatlar mavjud boʻlganda qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrish;
mahalliy Kengash deputatlarining qabul kunlari jadvalini ishlab chiqish hamda shu asosda qabullar oʻtkazish;
mahalliy Kengash deputatlariga kelib tushgan murojaatlarni oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish;
murojaatlarni koʻrib chiqish natijadorligi.
8. Reglament hamda odob-axloq qoidalariga rioya etish:
mahalliy Kengash faoliyatini reglament talablari asosida tashkil etish;
mahalliy Kengash sessiyalarini qonunchilikda belgilangan tartib asosida chaqirish hamda oʻtkazish;
mahalliy Kengash sessiyalari qaror va bayonnomalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, hujjatlarning toʻliqligini taʼminlash;
mahalliy Kengash doimiy komissiyalari majlislarini belgilangan talablar asosida oʻtkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etish;
mahalliy Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish holatlari va bu borada qaror qabul qilishda qonunchilikka rioya etish.
9. Hujjatlar bilan ishlash, jamoatchilik bilan aloqalar, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash:
mahalliy Kengashga kelib tushgan hamda yuborilgan hujjatlarni roʻyxatga olish, ushbu jarayonni raqamlashtirish;
mahalliy Kengash sessiyalariga ommaviy axborot vositalarini taklif etish, ular uchun press-relizlar tayyorlash;
mahalliy Kengash sessiyalarini ommaviy axborot vositalari yoki Internet jahon axborot tarmogʻi orqali, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri yoritish;
mahalliy Kengash deputatlarining ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlarini tashkil etish, hududdagi voqea-hodisalarga nisbatan odob-axloq qoidalari doirasida munosabat bildirib borishini taʼminlash;
mahalliy Kengash veb-saytini yaratish hamda doimiy ravishda yangilab borish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, deputatlik faoliyati haqida axborot berib borishini tashkil etish.
10. Mahalliy Kengashning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash:
mahalliy Kengash faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish (bino yoki xizmat xonalari, bayroq, gerb va hokazo), mebel jihozlari bilan taʼminlash;
mahalliy Kengash kotibiyati xodimlarini zamonaviy kompyuter vositalari, texnikalar (printer, skaner, nusxa koʻchirish apparati, telefon va hokazo) bilan taʼminlash, Internet jahon axborot tarmogʻiga ulash;
bankda hisob-raqamga, muhr va tamgʻaga, pochta manziliga, integratsiyalashgan va himoyalangan axborot almashish tizimiga, foto-video texnikalariga, xoʻjalik va maishiy inventarga va boshqa moddiy-texnik resurslarga ega boʻlishini taʼminlash;
Konstitutsiya, davlat boshqaruvi sohasiga oid adabiyotlar, uslubiy-amaliy qoʻllanmalar bilan taʼminlash.
11. Mahalliy Kengash kotibiyatini malakali kadrlar bilan taʼminlash:
mahalliy Kengash kotibiyatini oliy maʼlumotli kadrlar bilan toʻldirish, ularning malakasini oshirib borish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
mahalliy Kengash kotibiyati xodimlarining ish tajribasi va staji, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishi, oʻz ustida ishlashi;
yuksak maʼnaviyatli boʻlib, atrofdagilarga namuna boʻla olishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 28-yanvardagi KQ-51-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish uchun masʼullarni hududlarga biriktirish
JADVALI
