Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (57-son)
01.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish faoliyatini hamda “Halol” belgisi bilan tamgʻalangan mahsulot va xizmatlardan foydalanishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi;
“Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni davriy baholash.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish sohasini tartibda solish toʻgʻrisida kuyidagi takliflariga rozilik berilsin:
mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organlarini tashkil etish;
mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda hamda ularga nisbatan talablarni belgilashda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan va rasmiy xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan standartlarga ustuvorlik huquqini berish;
2025-yil 1-maydan mazkur qaror hamda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamgʻalashga ruxsat etish.
3. Agentlik Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda:
a) olti oy muddatda:
Agentlik tizimidagi davlat muassasasida tashkil qilinadigan mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan oʻtkazsin;
mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishda ishtirok etuvchi mutaxassislar malakasini oshirsin hamda ular uchun treninglar va seminarlar oʻtkazilishini tashkil etsin;
“Halol” belgisi shakli hamda oʻlchamini belgilaydigan standart loyihani ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
b) tashabbus koʻrsatgan tadbirkorlik subyektlariga mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini tashkil etishda koʻmaklashib borsin.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 1-fevral,
57-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-fevraldagi 57-son qaroriga ILOVA
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mahsulot va xizmatlarni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan “Halol” talablariga muvofiq ixtiyoriy sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — mahsulot yoki xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishga talabgor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxs;
axborot tizimi — mahsulot va xizmatlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va elektron reyestrni yuritish axborot tizimi;
apellyatsiya komissiyasi — sertifikatlashtirish organi tomonidan amalga oshirilgan baholashdan hamda chiqarilgan qarorlaridan norozi boʻlgan ariza beruvchining shikoyatlarini koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida tashkil qilinadigan komissiya;
mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish — ariza beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot yoki koʻrsatilayotgan xizmatning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlashga oid faoliyat;
muvofiqlik sertifikati — ishlab chiqarilgan mahsulot yoki koʻrsatilayotgan xizmatning “Halol” talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;
sertifikatlashtirish organi — mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirishga doir ishlarni bajarish uchun xalqaro tashkilotlardan akkreditatsiyadan oʻtgan organ;
“Halol” talablari — Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan xalqaro standartlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar.
2-bob. Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi
3. Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish (keyingi oʻrinlarda — sertifikatlashtirish) mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Sertifikatlashtirish uchun ariza beruvchi mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish uchun ariza shakliga muvofiq sertifikatlashtirish organiga elektron tarzda ariza yoʻllaydi.
5. Sertifikatlashtirish uchun taqdim qilinadigan arizada quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi hamda hujjatlar ilova qilinadi:
a) mahsulot uchun:
ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan va ushbu mahsulotni ishlab chiqarishda asos boʻlgan hujjatlarning nusxalari (texnologik yoʻriqnomalar, toʻldiruvchi hujjatlar, retseptlar va (yoki) mahsulot tarkibi haqida maʼlumot hamda boshqa hujjatlar nusxalari);
mahsulotdan foydalanish (ishlatish, qoʻllash) toʻgʻrisidagi hujjat (yoʻriqnoma, qoʻllanma, reglament, tavsiyalar) nusxasi;
yorliq (oʻrov-idish) nusxalari yoki maketlari;
mahsulotlarga qoʻshiladigan barcha qoʻshimchalar va ingridiyentlar, shuningdek, tashqaridan olinayotgan barcha qoʻshimchalarning tavsifi yoki “Halol” talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar (sertifikatlar);
mahsulotlar xavfsizligi va halol talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sinov bayonnomalari;
ishlab chiqariladigan mahsulotlarning doimiy muvofiqligini nazorat qilish uchun akkreditatsiyadan utgan sinov laboratoriyasining akkreditatsiya guvohnomasi yoki akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyasi bilan tuzilgan shartnoma;
ariza beruvchida mahsulotlarni barqaror ishlab chiqarishni taʼminlovchi joriy etilgan menejment tizimiga (ISO 9001, ISO 22000) ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
ariza beruvchining faoliyatiga oid jarayonlar hamda unga taʼsir etishi mumkin boʻlgan xavflar, shuningdek, barcha jarayonlarga bogʻliq inson va texnik resurslar tavsifi;
ariza beruvchida faoliyat yuritadigan xodimlarning mahsulotni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish boʻyicha bilimi va koʻnikmalari toʻgʻrisida maʼlumot nusxasi;
avvalgi muvofiqlik sertifikati toʻgʻrisida maʼlumot (mavjud boʻlsa);
b) xizmatlar uchun:
ariza beruvchida koʻrsatilayotgan xizmatlarning doimiy xavfsizligini taʼminlovchi joriy etilgan menejment tizimiga (ISO 9001, ISO 22000) ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
ariza beruvchida faoliyat yuritadigan xodimlarning xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish boʻyicha bilimi va koʻnikmalari toʻgʻrisida maʼlumot nusxasi;
ariza beruvchining faoliyatiga oid jarayonlar hamda unga bogʻliq inson va texnik resurslar tavsifi;
“Halol” talablariga muvofiq koʻrsatilayotgan xizmatlarga taʼsir etishi mumkin boʻlgan xavflarning tavsifi;
avvalgi muvofiqlik sertifikati toʻgʻrisida maʼlumot (mavjud boʻlsa).
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
6. Ariza beruvchi oʻz ixtiyoriga koʻra mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilmagan, mahsulot yoki xizmatning “Halol” talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun asos boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni taqdim qilish huquqiga ega.
7. Mazkur Nizomning 5-bandida koʻzda tutilmagan hujjatlar yoki maʼlumotlarni ariza beruvchidan soʻrashga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar toʻplamini koʻrib chiqish
8. Sertifikatlashtirish organi ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar toʻplamini uch ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi.
Sertifikatlashtirish organi arizani koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha bir ish kunida arizani qabul qilish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda ariza beruvchini qaror qabul qilingan kunning oʻzida bevosita yoki axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
9. Quyidagilar arizani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishga asos hisoblanadi:
ariza tegishli shaklga muvofiq rasmiylashtirilmaganda;
ariza beruvchi ushbu Nizomning 5-bandida belgilangan hujjatlar va maʼlumotlarni toʻliq taqdim etmaganda;
ariza yoki arizaga ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlarning soxtaligi yoki notoʻgʻriligi aniqlanganda.
Ariza boʻyicha qarorni boshqa sabablar yoki maqsadga koʻra muvofiq emas deb qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Sertifikatlashtirish organi arizani rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda ariza ariza beruvchiga qaytariladi.
Ariza beruvchi rad etish sabablarini bartaraf etgandan soʻng sertifikatlashtirish uchun qayta ariza berish huquqiga ega.
4-bob. Taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish
11. Sertifikatlashtirish organi ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ariza boʻyicha qaror qabul qilingandan soʻng bir ish kunida sertifikatlashtirish uchun ariza beruvchi bilan shartnoma tuzadi.
Bunda ariza beruvchi sertifikatlashtirish organiga shartnomaga asosan haq toʻlaydi.
12. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar toʻplami ekspertizasi (keyingi oʻrinlarda — ekspertiza) shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilgandan soʻng sertifikatlashtirish organi tomonidan oʻn besh ish kuni mobaynida oʻtkaziladi.
Bunda ekspertiza natijalaridan qatʼi nazar, shartnomaga asosan amalga oshirilgan toʻlov ariza beruvchiga qaytarilmaydi.
Ekspertiza yakuni bilan uning natijalari boʻyicha ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar toʻplamida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, bir ish kuni mobaynida sertifikatlashtirish organi bu haqda ariza beruvchini ularni bartaraf etish uchun bevosita xabardor qiladi.
Ekspertiza natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilmagan taqdirda, sertifikatlashtirish organi sertifikatlashtirish ishlarini toʻxtatib turadi. Bunda aniqlangan kamchiliklar boʻyicha tuzatish choralari uch oydan ortiq boʻlmagan muddatda ariza beruvchi tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Belgilangan muddatlarda aniqlangan kamchiliklar ariza beruvchi tomonidan bartaraf etilganligi haqida maʼlumot va tasdiqlovchi hujjatlar sertifikatlashtirish organiga taqdim etilmaganda, sertifikatlashtirish ishlari tugatiladi. Bunda ariza beruvchi ushbu Nizomda belgilangan tartibda hujjatlarni shakllantirib, qayta ariza yuborishi mumkin.
Ekspertiza natijalari ijobiy boʻlganda yoki ekspertizada aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilganligi haqida maʼlumot va tasdiqlovchi hujjatlar ariza beruvchi tomonidan sertifikatlashtirish organiga taqdim etilganda, mahsulot ishlab chiqariladigan yoki xizmat koʻrsatiladigan obyekt joylashgan joyiga chiqqan holda, mahsulot yoki xizmatlarning “Halol” talablariga muvofiqligi baholanadi.
Bunda ekspertiza natijalarining yakuni boʻyicha sertifikatlashtirish organi uch ish kunida belgilangan tartibda ekspertiza xulosani rasmiylashtiradi.
5-bob. Joyiga chiqqan holda mahsulot yoki xizmatlarning “Halol” talablariga muvofiqligini baholash
13.Joyiga chiqqan holda mahsulot yoki xizmatlarning “Halol” talablariga muvofiqligini baholash (keyingi oʻrinlarda — baholash) uchun tuzilgan shartnoma boʻyicha ariza beruvchi tomonidan haq toʻlangandan soʻng sertifikatlashtirish organi tomonidan baholash ishlari amalga oshiriladi.
Bunda baholash natijalaridan qatʼi nazar shartnomaga asosan amalga oshirilgan toʻlov ariza beruvchiga qaytarilmaydi.
14. Baholash ishlari sertifikatlashtirish organi rahbari (rahbar oʻrinbosari) ishlab chiqqan va tasdiqlagan baholash dasturiga muvofiq ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish manzilida (joyida) amalga oshiriladi.
Agar arizada keltirilgan mahsulot yoki xizmat turi boʻyicha ariza beruvchining bir necha filiallari mavjud boʻlsa, baholash ishlari ariza beruvchining barcha filiallarida amalga oshiriladi.
15. Baholash natijalari yakuni bilan bir ish kunida ixtiyoriy shaklda ikki nusxada sertifikatlashtirish organining sifat boʻyicha qoʻllanma hujjatida belgilangan tartibda hisobot tuziladi, uning bir nusxasi ariza beruvchiga topshiriladi, ikkinchi nusxasi sertifikatlashtirish organiga taqdim qilinadi.
Baholash hisoboti sertifikatlashtirish organi vakillari va ariza beruvchi tomonidan imzolanadi, ariza beruvchi baholash natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, oʻz fikrini hisobotda bildirishi mumkin.
16. Baholash ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda va “Halol” talablarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. Baholash davomida ariza beruvchi tomonidan ishlab chiqarilayotgan yoki qoʻllanilayotgan mahsulot tarkibiga shubha paydo boʻlganda, mazkur mahsulotdan ariza beruvchi ishtirokida namunalar tanlab olinadi va akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda hamda “Halol” talablarida belgilangan talablar boʻyicha sinovlardan oʻtkaziladi.
18. Oʻtkazilgan sinovlarning natijalari tuziladigan hisobotda bayon qilinadi.
Bunda hisobot baholash hamda sinov natijalari olingan kundan boshlab bir ish kuni ichida tuziladi hamda sertifikatlashtirish organi vakillari, shuningdek, ariza beruvchi tomonidan imzolanadi.
6-bob. Muvofiqlik sertifikatini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish hamda muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish tartibi
19. Sertifikatlashtirish organi besh ish kunida baholash boʻyicha hisobot va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek, ekspertiza xulosasi hamda ariza va unga ilova qilingan hujjatlar toʻplamini (keyingi oʻrinlarda — hujjatlar toʻplami) shakllantiradi hamda muvofiqlik sertifikatini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
20. Sertifikatlashtirish organi tomonidan muvofiqlik sertifikatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, sertifikatlashtirish organi va ariza beruvchi oʻrtasida muvofiqlik sertifikatini qoʻllash hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish toʻgʻrisida kelishuv tuziladi hamda uch ish kuni davomida mazkur Nizomga 3-ilovada keltirilgan shakldagi “Halol” muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilib, reyestrda roʻyxatdan oʻtkaziladi va ariza beruvchiga taqdim qilinadi.
“Halol” muvofiqlik sertifikatini qoʻllash hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuvda quyidagilar aks ettiriladi:
sertifikatlashtirish organi va muvofiqlik sertifikati egasi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, shu jumladan, tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
“Halol” muvofiqlik sertifikatidan hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish talablari va shartlari;
davriy baholash.
21. Muvofiqlik sertifikati uch yil muddatga rasmiylashtiriladi.
22. “Halol” muvofiqlik sertifikatini qoʻllash hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqining, muvofiqlik sertifikatining egasi tomonidan boshqa yuridik shaxsga berilishi man etiladi.
7-bob. Davriy baholash
23. Davriy baholash ishlari muvofiqlik sertifikatini qoʻllash hamda “Halol” muvofiqlik belgisidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv asosida ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni davriy baholash sxemasiga muvofiq joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.
Birinchi davriy baholash ishlari muvofiqlik sertifikati reyestrda roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oydan kechikmay amalga oshiriladi. Keyingi davriy baholash ishlari esa har yili sertifikatlashtirish organi rahbari tomonidan tasdiqlangan davriy baholash reja-jadvaliga muvofiq davriy, biroq avvalgi davriy baholash oʻtkazilgan vaqtdan boshlab oʻn ikki oydan kechikmay amalga oshiriladi.
24. Muvofiqlik sertifikati egasining faoliyati muvofiqlik sertifikati reyestrda roʻyxatga olingan sanadan keyin olti oydan kechikmay rejadan tashqari davriy baholanadi. Keyingi rejadan tashqari davriy baholash ishlari har yili rejali oʻtkazilgan davriy baholash vaqtidan boshlab olti oydan kechikmay amalga oshiriladi.
25. Mahsulot yoki xizmatlar yuzasidan isteʼmolchilar tomonidan asoslangan yozma shikoyatlar sertifikatlashtirish organiga kelib tushganda, muvofiqlik sertifikati egasining faoliyati rejadan tashqari davriy baholanadi.
26. Muvofiqlik sertifikati egasining ushbu Nizomning 6-bobida belgilangan tartibda faoliyati rejali yoki rejadan tashqari davriy baholanadi.
8-bob. “Halol” muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tasdiqlash, toʻxtatib turish, tugatish
27. “Halol” muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tasdiqlash, toʻxtatib turish yoki tugatish sertifikatlashtirish organi qarori asosida amalga oshiriladi.
28. Quyidagi hollarda muvofiqlik sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turiladi:
muvofiqlik sertifikati egasining rasmiy murojaatiga asosan oʻttiz kun muddatga;
davriy baholash davomida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilgunga qadar. Bunda nomuvofiqliklarni bartaraf etish muddati oʻttiz kundan oshmasligi lozim;
mahsulotni ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishi sertifikatlashtirish organini ogohlantirmagan holda oʻzgarganda;
mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi, uskunalar yoki mahsulotning tarkibiy qismi hisoblangan mahsulotlarning tarkibi yoki yetkazib beruvchi yuridik shaxs oʻzgarganda;
koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun mahsulotlarning tarkibi yoki yetkazib beruvchi yuridik shaxs oʻzgarganda;
29. Quyidagi hollarda muvofiqlik sertifikatining amal qilishi tugatiladi:
muvofiqlik sertifikati egasining rasmiy murojaatiga asosan yoki tashkilot faoliyati tugatilganda;
davriy baholash davomida aniqlangan nomuvofiqliklar toʻqson kun davomida bartaraf etilmaganda;
“Halol” talablari muvofiqlik sertifikati egasi tomonidan qoʻpol ravishda buzilganda;
muvofiqlik sertifikati soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi tasdiqlanganda.
30. Sertifikatlashtirish organi tomonidan “Halol” muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tasdiqlash, toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran muvofiqlik sertifikatining amal qilishi tasdiqlanadi, toʻxtatib turiladi yoki tugatiladi.
Bunda tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmasdan, muvofiqlik sertifikati egasiga bevosita yetkaziladi hamda reyestrdan chiqariladi.
31. Muvofiqlik sertifikatining egasi muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilib olgan kundan boshlab, muvofiqlik sertifikatini qoʻllash hamda “Halol” belgisidan foydalanishni toʻxtatishi lozim.
32. Muvofiqlik sertifikatining egasi muvofiqlik sertifikatining amal qilishi toʻxtatilgan yoki tugatilgan taqdirda, “Halol” belgisi asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot yoki xizmatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi har qanday eʼlonlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
9-bob. Muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish uchun asos boʻlgan hujjatlarni shakllantirish va saqlash
33. Sertifikatlashtirish organi rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikati haqidagi maʼlumotlarni reyestrga kiritgandan soʻng sertifikatlashtirish organi va muvofiqlik sertifikatining egasi mahsulot yoki xizmatning “Halol” talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun asos boʻlib xizmat qilgan hujjatlar toʻplamini shakllantiradi.
34. Muvofiqlik sertifikati va uni rasmiylashtirish uchun asos boʻlgan hujjatlar toʻplamlari muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati tugagan kundan boshlab kamida uch yil davomida sertifikatlashtirish organida saqlanadi.
35. Muvofiqlik sertifikati hujjatlar toʻplamlari sud va huquqni muhofaza qilish hamda nazorat organlariga ularning qonunchilikka muvofiq talabiga binoan taqdim etiladi.
10-bob. Axborot taʼminoti
36. Sertifikatlashtirish organi rasmiylashtirilgan, tasdiqlangan, amal qilishi toʻxtatilgan va tugatilgan sertifikatlarni, shuningdek, sertifikat berish rad etilgan holatlar hisobini yuritadi hamda ular toʻgʻrisidagi axborotni har oyda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etadi.
Sertifikatlashtirish organi manfaatdor tashkilotlarni oʻz faoliyati hamda rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikatlari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
37. Agentlik quyidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytida joylashtiradi:
“Halol” muvofiqlik sertifikati berilgan mahsulotlar va xizmatlar reyestri;
amal qilishi toʻxtatilgan va tugatilgan “Halol” muvofiqlik sertifikatlari.
11-bob. Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish
38. Ariza beruvchi yoki muvofiqlik sertifikatining egasi ariza natijalari boʻyicha sertifikatlashtirish organining unga nisbatan salbiy qarori chiqarilganda, qaror qabul qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kun mobaynida Agentlikka yozma shaklda daʼvo arizasini kiritish huquqiga ega.
Sertifikatlashtirish organining qarori qabul qilingan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kundan ortiq muddatda kiritilgan daʼvo arizasi koʻrib chiqilmaydi.
39. Apellyatsiya komissiyasi har bir daʼvo arizasini koʻrib chiqish uchun zaruratga koʻra shakllantiriladi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi Agentlik rahbari buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibini shakllantirish va tasdiqlash muddatlari daʼvo arizasi olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
40. Apellyatsiya komissiyasi, daʼvo arizasini kirituvchining arizasi boʻyicha hujjatlar ekspertizasida, baholashda boʻlmagan Agentlikning kamida besh vakilidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
41. Agentlik daʼvo arizasini kiritgan ariza beruvchini va baholovchi mutaxassislarni daʼvo arizasi koʻrib chiqiladigan sana haqida xabardor qiladi. Daʼvo arizasini kiritgan ariza beruvchi va baholovchi mutaxassislar daʼvo arizasini koʻrib chiqishda ishtirok etishlari mumkin.
42. Apellyatsiya komissiyasi kiritilgan daʼvo arizasini koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ariza beruvchiga yozma ravishda maʼlum qiladi. Daʼvo arizasini koʻrib chiqish muddati u berilgan sanadan boshlab oʻttiz kalendar kundan oshmasligi kerak.
43. Koʻrib chiqilgan apellyatsiya natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
sertifikatlashtirish organi qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish;
daʼvo arizasini qanoatlantirish.
44. Sertifikatlashtirish organining oʻz qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, agar:
daʼvo arizasi ushbu Nizom talablari buzilgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
daʼvo arizasida keltirilgan sabablar tasdiqlanmasa qabul qilinadi.
45. Daʼvo arizasini qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, sertifikatlashtirish organi tomonidan muvofiqlik sertifikatini berish yoki muvofiqlik sertifikatining amal qilishini tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
46. Sertifikatlashtirish organi ikki ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarnomani daʼvo arizasi kiritgan ariza beruvchiga yozma shaklda yuboradi.
47. Aynan bir masala boʻyicha daʼvo arizasini takroran berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
48. Ariza beruvchi Apellyatsiya komissiyasining qarori yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
49. Sertifikatlashtirish organi berilgan va bekor qilingan, amal qilishi toʻxtatib turilgan hamda tugatilgan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik sertifikatlarini berishni rad etish holatlari hisobini yuritadi.
50. Sertifikatlashtirish organi oʻz faoliyati davomida olingan hujjatlar va maʼlumotlarni yoki ariza beruvchi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlashi kerak.
51. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish
SXEMASI
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni davriy baholash
SXEMASI
