Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisida (336-son)
02.07.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qoʻshimcha ragʻbatlantirishlar va imtiyozlar toʻgʻrisida”gi Farmonga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, qoʻshma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishni va ularning samarali faoliyat koʻrsatishini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri zimmasiga Adliya vazirligining xodimlari tomonidan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va muddatlariga qatʼiy rioya etilishi uchun shaxsan javobgarlik yuklansin.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi valyuta hisob raqamlarini ochish va ularning tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazilmasdan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishlari uchun asos hisoblanadi.
2. Muassislar taʼsis shartnomasida belgilangan muddatda ustav jamgʻarmasini shakllantirish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishgan taqdirda, 1997-yil 1-yanvargacha davlat roʻyxatidan oʻtgan korxonalar uchun, mazkur korxonalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar maqomi va kafolatlar saqlab qolinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazishni, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan korxonalarni Davlat reyestridan chiqarishni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy organlari amalga oshiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga mansub boʻlmagan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar qatnashgan korxonalarni roʻyxatdan oʻtkazishni tartibga soluvchi nizomni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Adliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hisoblangan yuridik va jismoniy shaxslar ishtirokida chet elda korxonalar, shuʼba korxonalar, filiallar hamda vakolatxonalar tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularning faoliyati tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 12-fevraldagi 55-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 2-iyul,
336-son
