Qochoqlar maqomi toʻgʻrisida
28.07.1951
Birlashgan Millatlar Tashkilotining
Konvensiyasi
MUQADDIMA
Yuqori Ahdlashuvchi tomonlar,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavi va 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi barcha odamlar asosiy huquq va erkinliklardan hech bir kamsitishsiz foydalanishlari kerakligi prinsipini oʻrnatganligini eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti koʻp marta qochoqlarning taqdiriga chuqur qiziqish bildirganligini hamda qochoqlarning belgilangan asosiy huquq va erkinliklardan iloji boricha kengroq foydalanishini taʼminlash uchun saʼy-harakatlar qilganligini eʼtiborga olib,
qochoqlar maqomi toʻgʻrisida ilgari tuzilgan xalqaro bitimlarni qayta koʻrib chiqish va birlashtirish hamda ushbu bitimlarni qoʻllash sohalarini kengaytirish va yangi bitim tuzish orqali ularga himoyani taqdim etish maqsadga muvofiqligini eʼtiborga olib,
boshpana huquqini taqdim etish ayrim mamlakatlarga benihoya ogʻir yuk boʻlishi mumkinligini hamda shuning uchun xalqaro koʻlami va xususiyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tan olingan muammolarning xalqaro hamkorliksiz qoniqarli hal etib boʻlmasligini eʼtiborga olib,
barcha davlatlar qochoqlar muammolarining ijtimoiy va insonparvarlik xususiyatini tan olgan holda, ushbu muammo bilan bogʻliq davlatlar oʻrtasidagi ixtilofning oldini olish uchun barcha choralarni koʻrishlari istagini ifoda etib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissariga qochoqlarni himoya qilish boʻyicha xalqaro konvensiyalarning bajarilishi ustidan nazorat qilish topshirilganini taʼkidlab hamda ushbu muammolarni hal etish uchun koʻriladigan choralarni muvofiqlashtirishning samaradorligi davlatlarning Oliy komissar bilan hamkorligiga bogʻliqligini eʼtirof etib,
quyidagi bitimni tuzdilar:
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. “Qochoq” tushunchasini belgilash
A. Ushbu Konvensiyada “qochoq” atamasi quyidagi shaxsni nazarda tutadi:
1) 1926-yil 12-may va 1928-yil 30-iyunda kuchga kirgan bitimlar yoki 1933-yil 28-oktabr va 1938-yil 10-fevralda kuchga kirgan Konvensiya, 1939-yil 14-sentabrdagi Bayonnoma yoxud Qochoqlar ishlari boʻyicha xalqaro tashkilot Ustavi asosida qochoq sifatida koʻrib chiqilgan;
Qochoqlar ishlari boʻyicha xalqaro tashkilot oʻz faoliyati davomida chiqarilgan qochoqlar deb hisoblanish huquqini rad etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu boʻlimning 2-bandida belgilangan shartlarga javob beruvchi shaxslarga qochoq maqomini berishga toʻsqinlik qilmaydi;
2) 1951-yilning 1-yanvariga qadar sodir boʻlgan hodisalar oqibatida va irqi, eʼtiqodi, fuqaroligi, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy eʼtiqodi boʻyicha taʼqib qurboni boʻlishining asoslangan xavfi sababli oʻzining fuqaroligi mansub mamlakati tashqarisida boʻlgan va ushbu mamlakat himoyasidan foydalana olmaydigan yoki bu kabi xavflar tufayli bunday himoyadan foydalanishni xohlamaydigan; yoxud muayyan fuqarolikka ega boʻlmagan va shu kabi hodisalar oqibatida oʻzining avvalgi odatiy turar joyi mamlakati tashqarisida boʻlgani holda bunday xavflar oqibatida qaytib kela olmaydigan yoxud qaytib kelishni xohlamaydi.
Biron bir shaxs bir necha mamlakatning fuqarosi boʻlgan holatlarda “uning fuqaroligi mansub mamlakat” ifodasi u fuqaro boʻlgan har qanday mamlakatni anglatadi va agar juda asosli xavflardan kelib chiqqan holda hech bir haqiqiy sababsiz oʻzi fuqarosi boʻlgan mamlakatlardan birining himoyasidan foydalanmagan boʻlsa, fuqaroligi mansub boʻlgan mamlakat himoyasidan mahrum etilgan deb hisoblanmaydi.
V. 1) Ushbu Konvensiyaning 1-moddasi, A boʻlimida keltirilgan “1951-yil 1-yanvargacha sodir boʻlgan hodisalar” soʻzlari yoki: a) “Yevropada 1951-yil 1-yanvargacha sodir boʻlgan hodisalar”ni; yoxud b) “Yevropada yoki boshqa joylarda 1951-yil 1-yanvargacha sodir boʻlgan hodisalar”ni anglatadi; va har bir Ahdlashuvchi davlat Konvensiyani imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilish paytida ushbu Konvensiya asosida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlariga nisbatan yuqorida koʻrsatilgan qaysi taʼrifga amal qilishini aniq koʻrsatadi.
2) Muqobil maʼnoni qabul qilgan har qanday Ahdlashuvchi davlat, a) muqobil maʼnoni qabul qilib, b) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilish orqali oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar qamrovini xohlagan vaqtda kengaytirishi mumkin.
S. Ushbu Konvensiyaning qoidalari A boʻlimidagi taʼrifga taalluqli shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi, bular:
1) oʻz fuqaroligi mansub boʻlgan mamlakat himoyasidan ixtiyoriy ravishda yana foydalanganlarga; yoki
2) fuqarolikdan mahrum boʻlib, yana ixtiyoriy ravishda uni qabul qilganlarga; yoki
3) yangi fuqarolikni qabul qilgan va yangi fuqaroligi mansub boʻlgan mamlakat himoyasidan foydalanayotganlarga; yoki
4) taʼqib qilinish xavfi ostida oʻz mamlakatini tark etgan yoki tashqarisida boʻlgan mamlakatiga yana ixtiyoriy ravishda joylashib olganlarga; yoki
5) oʻz fuqaroligi mansub mamlakatning himoyasidan bundan buyon foydalanishni rad eta olmaydiganlarga yoxud uning asosida qochoq deb tan olingan holat endilikda mavjud boʻlmasa;
agar qochoqlar oʻz fuqaroliklari mansub boʻlgan mamlakat himoyasidan foydalanishni rad etishlari uchun avvalgi taʼqiblardan kelib chiqadigan asoslarni keltirishga qodir boʻlsalar, ushbu bandning qoidalari mazkur moddaning A boʻlimi 1-bandi taʼrifiga mos tushadigan qochoqlarga nisbatan qoʻllanilmaydi;
6) qochoq deb tan olingan holatlar endilikda mavjud emasligiga asoslanib, muayyan fuqarolikka ega boʻlmagan shaxs sifatida avvalgi odatiy turar joyi mamlakatiga yoxud sharoitiga qaytishi mumkin;
agar qochoqlar avvalgi odatiy turar joyi mamlakatlariga qaytishni rad etishlari uchun avvalgi taʼqiblardan kelib chiqadigan asoslarni keltirishga qodir boʻlsalar, ushbu bandning qoidalari mazkur moddaning A boʻlimi 1-bandi taʼrifiga mos tushadigan qochoqlarga nisbatan qoʻllanilmaydi;
D. Ushbu Konvensiyaning qoidalari hozirgi vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissaridan tashqari Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari yoki muassasalarining himoyasi yoki yordamidan foydalanayotgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan tegishli rezolyutsiyalarga muvofiq, ushbu shaxslarning ahvoli uzil-kesil tartibga solinganiga qadar bunday himoya yoki yordam qaysidir sabablarga koʻra toʻxtatilgan holatlarda ushbu shaxslar avtomat tarzda mazkur Konvensiyadan kelib chiqadigan huquqlarga ega boʻladi.
E. Ushbu Konvensiyaning qoidalari ular yashayotgan mamlakatning vakolatli organlari ushbu mamlakat fuqaroligi bilan bogʻliq huquq va burchlarini tan olgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
F. Ushbu Konvensiyaning qoidalari ularga nisbatan quyidagi jiddiy asoslar boʻlgan barcha shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) tinchlikka qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar yoki insoniyatga qarshi jinoyatlarga nisbatan choralar koʻrish maqsadida tuzilgan xalqaro hujjatlarda belgilangan taʼriflarga mos tushadigan jinoyatlarni sodir etganlarga;
b) oʻzlariga boshpana bergan mamlakat tashqarisida va qochoq sifatida kiritilgan mamlakatga kiritilgunga qadar siyosiy xususiyatga ega boʻlmagan ogʻir jinoyat qilganlarga;
s) Birlashgan Millatlar Tashkiloti prinsiplariga zid boʻlgan qilmishlarni sodir etganlarga.
2-modda. Umumiy majburiyatlar
Har bir qochoqda oʻzi boʻlib turgan mamlakatga nisbatan majburiyatlar boʻladi, shunga muvofiq u, jumladan, qonunlar va farmoyishlarga, shuningdek, jamoat tartibini saqlash uchun koʻriladigan choralarga boʻysunishi kerak.
3-modda. Kamsitishga yoʻl qoʻymaslik
Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarga nisbatan ushbu Konvensiya qoidalarini irqi, dini yoki kelib chiqish mamlakati belgisi boʻyicha hech bir kamsitishsiz qoʻllaydilar.
4-modda. Diniy eʼtiqodlar
Ahdlashuvchi davlatlar ushbu Konvensiyaning qoidalarini oʻz hududlarida turgan qochoqlarga oʻz dinlariga eʼtiqod qilish erkinligi va oʻz farzandlariga diniy taʼlim berish erkinligiga nisbatan hech boʻlmaganda oʻz fuqarolaridagi kabi qulaylik taqdim etadilar.
5-modda. Ushbu Konvensiyadan qatʼi nazar taqdim etilgan huquqlar
Ushbu Konvensiyadagi hech narsa har qanday Ahdlashuvchi davlat mazkur Konvensiyadan qatʼi nazar, qochoqlarga taqdim etilgan hech bir huquq va ustunliklarni buzmaydi.
6-modda. “Xuddi ana shunday vaziyatlarda” iborasi
Ushbu Konvensiyada “xuddi ana shunday vaziyatlarda” iborasi, qochoq oʻz xususiyatiga koʻra bajarishga qodir boʻlmagan talablarni istisno etgan holda, mazkur alohida shaxs, agar u qochoq boʻlmaganida, tegishli huquqdan foydalanish uchun bajarishi kerak boʻlgan har qanday talablarga (shu jumladan, mamlakatda boʻlish muddati va sharoitlari yoki yashashga taalluqli talablar) javob berishi kerakligini anglatadi.
7-modda. Oʻzaro munosabatlar prinsipidan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi davlatlar ushbu Konvensiyaga asoslangan holda, qochoqlarga yanada qulayroq huquqiy qoida taqdim etiladigan holatlardan tashqari, ularga umuman chet elliklar foydalanadigan qoidalarni taqdim etadi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar hududida uch yillik yashash muddati tugagandan soʻng, barcha qochoqlar qonunchilik orqali oʻrnatilgan oʻzarolik talabidan ozod qilinadi.
3. Har bir Ahdlashuvchi davlat qochoqlarga mazkur Konvensiya ushbu davlatga nisbatan kuchga kirgan kunida hech bir oʻzaro munosabatlarsiz ega boʻlgan huquq va imtiyozlarni keyinchalik ham ularga taqdim etadi.
4. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarga, ular 2 va 3-bandlarga koʻra ega boʻlgan huquqlaridan tashqari, hech bir oʻzaro munosabatlarsiz huquq va imtiyozlarning taqdim etilishi imkoniyatiga hamda 2 va 3-bandlarga koʻzda tutilgan shartlarga javob bermaydigan qochoqlarning oʻzarolik talablaridan ozod qilinishi ehtimoliga xayrixohlik bilan qaraydilar.
5. 2- va 3-bandlarning qoidalari ushbu Konvensiyaning 13, 18, 19, 21 va 22-moddalarida qayd etilgan huquq va imtiyozlarga hamda unda koʻzda tutilmagan huquq va imtiyozlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
8-modda. Istisno choralaridan ozod qilish
Ahdlashuvchi davlatlar tomonidan chet el davlatlarining fuqarolari boʻlgan shaxslarning mol-mulk yoki manfaatlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan istisno choralari faqat fuqaroligi asosida rasman ushbu davlat fuqarolari boʻlgan qochoqlarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Qonunchiligi ushbu moddada ifoda etilgan umumiy prinsipni qoʻllashga yoʻl qoʻymaydigan Ahdlashuvchi davlatlar tegishli holatlarda ushbu qochoqlar manfaatlarini koʻzlagan holda istisnolar oʻrnatadi.
9-modda. Vaqtinchalik chora-tadbirlar
Ushbu Konvensiyada hech narsa Ahdlashuvchi davlatning urush paytida yoki boshqa favqulodda va alohida vaziyatlarda davlat xavfsizligi manfaatlarida zarur deb hisoblaydigan vaqtinchalik choralarni qabul qilish huquqidan mahrum etmaydi, bu esa ushbu Ahdlashuvchi davlat u yoki bu muayyan shaxsning haqiqatan qochoq ekanligini aniqlaguncha va unga nisbatan ana shunday choralarning keyinchalik qoʻllanilishi davlat xavfsizligi manfaatlari uchun zarurdir.
10-modda. Yashashning uzluksizligi
1. Agar qochoq Ikkinchi jahon urushi paytida deportatsiya qilingan va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining hududiga joʻnatilgan hamda oʻsha joyda yashayotgan boʻlsa, bunday majburiy boʻlish ushbu hudud doirasida qonuniy istiqomat qilish vaqti sifatida koʻriladi.
2. Agar qochoq Ikkinchi jahon urushi paytida Ahdlashuvchi davlatlardan birining hududiga deportatsiya qilingan boʻlsa va ushbu Konvensiya kuchga kirgunga qadar oʻsha joyda doimiy istiqomat qilish maqsadida oʻsha yerga qaytib kelgan boʻlsa, u holda bunday deportatsiyadan oldin va keyin yashash davri yashashning uzluksizligi talab qilinadigan barcha holatlarda bir uzluksiz davr sifatida koʻrib chiqiladi.
11-modda. Qochoq dengizchilar
Agar qochoqlar Ahdlashuvchi davlatlardan birining bayrogʻi ostida suzayotgan kemalar ekipajida normal xizmat qiluvchi shaxslar boʻlsa, bu davlat mazkur shaxslarning oʻz hududida joylashishiga va ularga yoʻl hujjatlarini berish yoki oʻz hududiga, xususan, biron bir boshqa mamlakatda joylashishini yengillashtirish maqsadida vaqtinchalik kirish huquqini taqdim etishga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
II BOB. HUQUQIY MAQOM
12-modda. Shaxsiy maqom
1. Qochoqning shaxsiy maqomi, u joylashgan mamlakat qonunlari yoki agar u boʻlmasa, u yashaydigan mamlakat qonunlari bilan belgilanadi.
2. Qochoqning shaxsiy maqomi bilan bogʻliq avvaldan mavjud boʻlgan huquqiga va, xususan, nikohdan kelib chiqadigan huquqiga, zarur hollarda, tegishli huquq ushbu davlat qonunlari tomonidan tan olingan huquqlardan biri boʻlishi sharti bilan, mazkur davlatning qonunlarida belgilab qoʻyilgan rasmiyatchiliklar, agar bu shaxs qochoq boʻlmaganida, Ahdlashuvchi davlatlar tomonidan bajarilishi boʻyicha amal qiladi.
13-modda. Koʻchar va koʻchmas mulk
Ahdlashuvchi davlatlar koʻchar va koʻchmas mulkni olishga hamda bilan bogʻliq boshqa huquqlarga nisbatan, shuningdek koʻchar va koʻchmas mulkka taalluqli ijara hamda boshqa shartnomalarga nisbatan qochoqlarga, iloji boricha qulayroq imkoniyatlarni, har holda, ana shunday vaziyatlarda, odatda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.
14-modda. Mualliflik va sanoat huquqlari
Sanoat huquqlari, xususan: ixtiro qilish, chizmalar va modellar, savdo markalari, firmalar nomiga boʻlgan huquqlar hamda adabiy, badiiy va ilmiy asarlarga boʻlgan huquqlarni himoya qilishga taalluqli masalalarda, odatiy turar joyiga ega boʻlgan mamlakatdagi qochoqlarga ushbu mamlakat fuqarolariga boʻlgani kabi bir xil himoya taqdim etiladi. Har qanday boshqa Ahdlashuvchi davlat hududida, ularga odatiy turar joyiga ega boʻlgan ushbu hududdagi mamlakat fuqarolariga boʻlgani kabi bir xil himoya taqdim etiladi.
15-modda. Assotsiatsiyalar huquqi
Siyosiy xususiyatga ega boʻlmagan hamda foyda olish maqsadini koʻzlamaydigan assotsiatsiyalar va kasaba uyushmalariga nisbatan Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga xuddi shunday vaziyatda chet el fuqarolari uchun belgilanganiga mutanosib yanada qulay imkoniyat taqdim etadi.
16-modda. Sudga murojaat qilish huquqi
1. Har bir qochoq barcha Ahdlashuvchi davlatlarning hududlarida sudlarga erkin murojaat qilish huquqiga ega.
2. Ahdlashuvchi davlatlarning hududlarida odatiy turar joyga ega boʻlgan har bir qochoq sudga murojaat qilish huquqiga nisbatan, xususan, yuridik yordam va sud xarajatlarini toʻlashdan ozod boʻlish (autio judiatum solvi) masalalarida oʻz fuqarolari kabi bir xil qoidalardan foydalanadi.
3. Oʻzining odatiy yashash mamlakatidan tashqari, boshqa barcha mamlakatlardagi har bir qochoqqa 2-bandda qayd etilgan masalalar boʻyicha uning odatiy turar joyidagi mamlakat fuqarosiga boʻlgani kabi bir xil qoidalar taqdim etiladi.
III BOB. DAROMAD KELTIRADIGAN MASHGʻULOT
17-modda. Yollanib ishlash
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻzlarining hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga, ularning yollanib ishlash huquqiga nisbatan, xuddi shunday holatlarda xorijiy davlatlar fuqarolari foydalanadigandan yanada qulayroq huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
2. Har qanday holatda chet elliklar yoki chet elliklarni yollashga taalluqli va ichki mehnat bozorini muhofaza qilish maqsadida qoʻllaniladigan cheklov choralari tegishli Ahdlashuvchi davlatlarga ushbu Konvensiya kuchga kirgan kunda tarqalmagan yoki quyidagi shartlardan biri qoniqtirilganda mazkur choralar qochoqlarga qoʻllanilmaydi:
a) mamlakat hududida kamida uch yil yashagan;
b) turmush oʻrtogʻi yashash mamlakatining fuqaroligiga ega boʻlganda. Qochoq, agar u oilani tark etgan boʻlsa, ushbu qarorga havola qilishi mumkin emas;
s) bir yoki bir nechta farzandi yashash mamlakatining fuqaroligiga ega boʻlganda.
3. Ahdlashuvchi davlatlar barcha qochoqlarning va, xususan, ishchi kuchini yollash dasturini bajarish tartibi yoki immigratsiya rejalariga muvofiq oʻz hududlariga kirgan qochoqlarning yollanib ishlashga nisbatan huquqlarining fuqarolar huquqlari bilan tenglashtirish imkoniyatiga xayrixohlik bilan qaraydi.
18-modda. Oʻz korxonasida ishlash
Ahdlashuvchi davlatlar, ularning hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga mustaqil ravishda qishloq xoʻjaligi, sanoat, hunarmandchilik va savdo bilan shugʻullanish, shuningdek savdo va sanoat shirkatlarini taʼsis etish huquqlariga nisbatan qulayroq huquqiy imkoniyatni, har holda xuddi shunday vaziyatlarda odatda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan qulay huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
19-modda. Erkin kasblar
1. Ahdlashuvchi davlat, ularning hududida qonuniy yashayotgan va ushbu davlatning vakolatli hokimliklari tomonidan tan olingan diplomga ega boʻlgan, erkin kasblar bilan shugʻullanishni istagan qochoqlarga qulayroq huquqiy imkoniyatni, odatda xuddi shunday vaziyatlarda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
2. Xalqaro munosabatlar uchun masʼul boʻlgan Ahdlashuvchi davlatlar ana shunday qochoqlarni metropoliyadan tashqaridagi hududlarda joylashishini taʼminlash uchun oʻzlarining qonunlari va konstitutsiyalari yoʻl qoʻyadigan barcha choralarni koʻradilar.
IV BOB. IJTIMOIY TAʼMINOT
20-modda. Payoklar tizimi
Butun aholi uchun tanqis mahsulotlarni umumiy taqsimlashni tartibga soladigan payoklar tizimining majburiyligi mavjud boʻlganda, bunday tizim qochoqlarga fuqarolar bilan teng asosda qoʻllaniladi.
21-modda. Uy-joy masalasi
Uy-joy masalasi qonunlar yoki farmoyishlar bilan tartibga solinishi yoxud davlat hokimiyati nazorati ostida boʻlsa, Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga iloji boricha qulayroq huquqiy imkoniyatni, har holda, odatda xuddi shunday vaziyatlarda xorijliklar foydalanadigandan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
22-modda. Xalq taʼlimi
1. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarga boshlangʻich taʼlimga nisbatan fuqarolariga boʻlgani kabi bir xil huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarga boshlangʻich taʼlimdan tashqari, xalq taʼlimining boshqa turlariga va, xususan, oʻqish imkoniyati, chet el attestati, diplom va darajalarini tan olish, oʻqish huquqi uchun toʻlov va yigʻimlardan ozod qilish, shuningdek stipendiya berishga nisbatan iloji boricha qulayroq huquqiy holatni va har holda, odatda xuddi shunday vaziyatlarda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
23-modda. Hukumat yordami
Ahdlashuvchi davlatlar, ularning hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga ham oʻz fuqarolari kabi hukumat yordami va qoʻllab-quvvatlashidan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
24-modda. Mehnat qonunchiligi va ijtimoiy taʼminot
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻz fuqarolariga boʻlganidek ularning hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga ham quyidagi holatlarni taqdim etadi:
a) mehnat uchun haq, jumladan, oilaga nafaqa, agar bunday nafaqalar mehnat haqining bir qismi boʻlsa, ish vaqtidan ortiqcha ish, pul toʻlanadigan taʼtil, uydagi ishni cheklash, yollanib ishlayotgan shaxslarning eng kichik yoshi, ayollar va oʻsmirlar uchun shogirdlik hamda kasbiy tayyorgarlik va jamoaviy shartnomalar manfaatlaridan foydalanish, chunki ushbu masalalar qonunlar yoki farmoyishlar bilan tartibga solinadi hamda maʼmuriy hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi;
b) quyidagi cheklovlar bilan ijtimoiy taʼminot (ishda baxtsiz hodisalar, onalik, kasallanish, nogironlik, keksalik, oʻlim, ishsizlik, oilaga nisbatan majburiyatlar va ichki qonunlar yoxud qarorlarga muvofiq ijtimoiy taʼminot tizimida koʻzda tutilgan boshqa hodisalarga taalluqli qonun hujjatlari):
i) ega boʻlingan huquq va ega boʻlish jarayonidagi huquqlarni saqlashning tegishli tartibi mavjud boʻlishi mumkin;
ii) yashash mamlakatining qonun yoki farmoyishlari toʻliq davlat mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladigan toʻliq yoki qisman nafaqa hamda normal pensiya olish uchun talab qilinadigan badallarga nisbatan barcha shartlarni bajarmagan shaxslarga beriladigan nafaqalarni olishning maxsus tartibini tasdiqlashi mumkin.
2. Qochoqning ishda baxtsiz hodisa oqibatida yuzaga kelgan oʻlimi yoki kasb kasalligiga chalinishi uchun tovon puli olishga boʻlgan huquqiga manfaatdor shaxsning Ahdlashuvchi davlat hududida yashamasligi holati taʼsir qilmaydi.
3. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarga ijtimoiy taʼminotga nisbatan ega boʻlingan huquq va ega boʻlish jarayonidagi huquqlarni saqlash toʻgʻrisidagi oʻzlari oʻrtasida tuzilgan yoki kelajakda tuzilishi mumkin boʻlgan bitimlardan kelib chiqadigan imtiyozlarni faqat ushbu qayd qilingan bitimlarni imzolagan davlatlar fuqarolariga nisbatan qoʻllaniladigan shartlarga rioya qilgan holda taqdim etadi.
4. Ahdlashuvchi davlatlar har qanday vaqtda ushbu Ahdlashuvchi davlatlar va shartnomada ishtirok etmayotgan davlatlar oʻrtasida kuchga kirishi mumkin boʻlgan shu kabi bitimlardan kelib chiqadigan imtiyozlarni imkoni boricha qochoqlarga taqdim etish toʻgʻrisidagi masalaga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladilar.
V BOB. MAʼMURIY CHORALAR
25 modda. Maʼmuriy koʻmaklashish
1. Qochoqlar tomonidan biron bir huquqdan foydalanishda ular, odatda murojaat qila olmaydigan chet el davlati organlarining koʻmaklashishini talab qilganda, hududida qayd etib oʻtilgan qochoqlarga yashaydigan Ahdlashuvchi davlatlar ularga bunday yordam oʻzlarining hokimliklari tomonidan koʻrsatilishi uchun choralar koʻradilar.
2. 1-bandda qayd etilgan hokimiyat yoki hokimliklar qochoqlarni, odatda chet elliklarga hokimiyat yoki oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatlarning hokimliklari orqali beriladigan hujjatlar yoxud guvohnomalar bilan taʼminlab beradi yoki ularga berilishini oʻz nazorati ostida amalga oshirilishini taʼminlaydi.
3. Ushbu tartibda berilgan hujjatlar yoki guvohnomalar chet elliklarga hokimiyatlar yoki oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatlarning hokimliklari orqali beriladigan rasmiy hujjatlar yoki guvohnomalar oʻrnini bosadi hamda ular haqiqiy emasligi isbotlanmaguncha haqiqiy deb tan olinadi.
4. Ushbu moddada qayd etilgan xizmatlar uchun nochor shaxslarga taqdim etiladigan alohida imtiyozlarni istisno etgan holda, haq olinishi ham mumkin, ammo bunday haq moʻtadil boʻladi hamda shunga oʻxshash xizmatlar uchun fuqarolardan olinadigan haqqa mutanosib boʻladi.
5. Ushbu moddaning qoidalari 27- va 28-moddalarning qoidalariga daxl qilmaydi.
26-modda. Harakatlanish erkinligi
Har bir Ahdlashuvchi davlat ularning hududida qonuniy turgan qochoqlarga oʻz hududi doirasida, odatda, xuddi shunday vaziyatlarda qoʻllaniladigan barcha qoidalarga rioya qilish sharti bilan chet elliklarga yashash joyini tanlash va erkin harakatlanish huquqini taqdim etadi.
27-modda. Shaxsiy guvohnoma
Ahdlashuvchi davlat ularning hududida boʻlgan va haqiqiy yoʻl hujjatlariga ega boʻlmagan qochoqlarga shaxsiy guvohnoma taqdim etadi.
28-modda. Yoʻl hujjatlari
1. Ahdlashuvchi davlatlar ularning hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarga oʻz hududidan tashqarida harakatlanish uchun yoʻl hujjatlari beradi, bunga davlat xavfsizligi va jamoat tartibining asosli sabablari toʻsqinlik qilmaydi; bunday hujjatlarga ushbu Konvensiyaga ilova qilingan qoidalar qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi davlatlar ana shunday yoʻl hujjatlarini ularning hududida boʻlgan har qanday boshqa qochoqqa berishi mumkin; ular, jumladan, oʻzining hududida boʻlgan, oʻzlarining qonuniy yashaydigan mamlakatida yoʻl hujjati olish imkoniyatiga ega boʻlmagan qochoqlarga ana shunday yoʻl hujjatlarini berish toʻgʻrisidagi masalaga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
2. Qochoqlarga avvalgi xalqaro bitimlar asosida berilgan yoʻl hujjatlari, xuddi ushbu modda asosida berilganda Ahdlashuvchi davlatlar tomonidan ushbu bitimlar ishtirokchilari sifatida eʼtirof etiladi va koʻrib chiqiladi.
29-modda. Soliqlar
1. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlardan ana shunday sharoitlarda oʻz fuqarolaridan oladigan yoki olishlari mumkin boʻlgan soliqlardan tashqari yoxud koʻp boj, yigʻimlar yoki soliqlar olmaydi.
2. Avvalgi bandning qoidalari hech bir holda qochoqlarga chet elliklarga maʼmuriy hujjatlarni, shu jumladan, shaxsiy guvohnomani berish uchun yigʻimlarga taalluqli qonunlar va farmoyishlar qoʻllanilishini istisno etmaydi.
30-modda. Mulkni olib chiqib ketish
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻz qonunlari va farmoyishlariga muvofiq, qochoqlarga oʻzining hududiga ularning oʻzi bilan olib kelgan mol-mulkni ularga joylashish uchun kirish huquqi berilgan boshqa mamlakatga olib chiqishiga ruxsat beradi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqning ularga kirish huquqi berilgan boshqa mamlakatlarda joylashishlari uchun zarur boʻlgan mulkni olib chiqib ketishga, bu mulk qayerdaligidan qatʼi nazar, ruxsat berilishi toʻgʻrisidagi murojaatiga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
31-modda. Ularga boshpana bergan mamlakatda noqonuniy yashayotgan qochoqlar
1. Ahdlashuvchi davlatlar, oʻzlarining hududlariga hayotlariga yoki erkinliklariga xavf tugʻdirgan hududdan toʻgʻridan-toʻgʻri kelib, noqununiy kirgan yoki hududlarida noqonuniy turgan qochoqlarni, 1-moddada koʻzda tutilganidek, ruxsatsiz bu davlatlar hududlariga kirgani yoki turgani uchun, agar bunday qochoqlar zudlik bilan hokimiyatga borishlari va oʻzlarining noqonuniy kirgani yoki turgani haqida qoniqarli tushuntirishlar taqdim etsa, jazo choralari qoʻllamaydi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar bunday qochoqlarning zarurat tugʻdirmasdan erkin harakat qilishlarini cheklamaydilar; bunday cheklovlar faqat bu qochoqlarning mazkur mamlakatdagi maqomi tartibga solingandan keyin yoki ular boshqa mamlakatga kirish huquqini olgandan keyin qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi davlatlar ana shunday qochoqlarga boshqa mamlakatga kirishlari uchun yetarli muddat va barcha zarur shart-sharoitlarni taqdim etadilar.
32-modda. Chiqarib yuborish
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida qonuniy yashayotgan qochoqlarni davlat xavfsizligi va jamoat tartibi nuqtai nazaridan boshqa holatlarda chiqarib yubormaydi.
2. Bunday qochoqlarni chiqarib yuborish faqat sud tartibida chiqarilgan qarorlarni bajarish bilan amalga oshiriladi. Davlat xavfsizligining uzrli asoslari toʻsqinlik qiladigan holatlarni istisno qilgan holda, qochoqlarga oʻzini oqlash uchun dalillar va shikoyatlarni tegishli instansiyalarga yoki tegishli instansiyalar tomonidan tayinlangan shaxs yoxud shaxslarga taqdim etish huquqi, shuningdek bu maqsad uchun oʻzlarining vakillariga ega boʻlish huquqi beriladi.
3. Ahdlashuvchi davlatlar ana shunday qochoqlarga boshqa mamlakatga kirishga qonuniy huquq olishga yetarli muddat taqdim etadilar. Ahdlashuvchi davlatlar ana shu muddat davomida oʻzlari zarur deb topgan, ichki xususiyatga ega choralarni qoʻllash huquqlarini saqlab qoladilar.
33-modda. Qochoqlarni chiqarib yuborish yoki majburiy qaytarib keltirishni (ular kelgan mamlakatlardan) taqiqlash
1. Ahdlashuvchi davlatlar qochoqlarni hech bir tarzda ularning irqi, dini, fuqaroligi, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy eʼtiqodi oqibatida hayotlari yoki erkinliklariga xavf tugʻdiradigan mamlakatlar chegarasiga chiqarib yubormaydi yoki qaytarib bermaydi.
2. Biroq, bu qaror qochoqlar turgan mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi uzrli sabab sifatida koʻrilayotgan yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etganligi boʻyicha hukm kuchga kirgan sudlanganlar va mamlakat uchun jamoat tahdidini keltirib chiqaradigan qochoqlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emas.
34-modda. Naturallashtirish
Ahdlashuvchi davlatlar imkon darajasida qochoqlarning assimilyatsiyasi va naturallashtirilishini yengillashtiradi. Jumladan, ular naturallashtirish ishini tezlashtirish hamda u bilan bogʻliq yigʻimlar va xarajatlarni kamaytirish uchun qoʻllaridan kelgan hamma narsani qiladi.
VI BOB. KONVENSIYANI QOʻLLASH VA OʻTISH DAVRIGA TAALLUQLI QOIDALAR
35-modda. Milliy hokimiyatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlik
1. Ahdlashuvchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi yoki uning vazifalarini bajarish oʻtishi mumkin boʻlgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday boshqa organi bilan hamkorlik qilish majburiyatini oladi va, xususan, ularga ushbu Konvensiya qoidalarining qoʻllanilishini kuzatish boʻyicha majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashadi.
2. Oliy komissar boshqarmasi yoki uning oʻrnini egallaydigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining boshqa organi Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli organlariga hisobotlar taqdim etish imkoniyatini berish uchun Ahdlashuvchi Davlatlar ular tomonidan talab qilinadigan, tegishli shakldagi quyidagi axborotlar va statistika maʼlumotlari bilan taʼminlash majburiyatini oladi:
a) qochoqlarning ahvoli;
b) ushbu Konvensiyaning hayotga tatbiq etilishi;
s) qochoqlar masalalari boʻyicha kuchga kirgan yoki keyinchalik kuchga kirishi mumkin boʻlgan qonunlar, farmoyishlar va dekretlar.
36-modda. Milliy va qonunchilik hujjatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar
Ahdlashuvchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibini ushbu Konvensiyani hayotga tatbiq etish maqsadida ular tomonidan nashr etilgan qonunlar va qarorlar matni toʻgʻrisida xabardor qiladi.
37-modda. Avval imzolangan Konvensiyalar
Ushbu Konvensiyaning 28-moddasi 2-bandini kuchda saqlab qolgan holda, bu Konvensiya unda ishtirok etuvchi tomonlar uchun 1922-yil 5-iyul, 1924-yil 31-may, 1926-yil 12-maydagi hujjatlarni, 1933-yil 28-oktabr va 1938-yil 10-fevraldagi Konvensiyalarni hamda 1946-yil 15-oktabrdagi Bitimni almashtiradi.
VII BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
38-modda. Bahslarni hal etish
Ushbu Konvensiya ishtirokchilari oʻrtasida uni talqin etish yoki qoʻllashga oid paydo boʻladigan, boshqacha tarzda hal etib boʻlmaydigan barcha bahslar bahslashayotgan tomonlardan birining talabi boʻyicha Xalqaro Sudga beriladi.
39-modda. Imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish
1. Ushbu Konvensiya 1951-yil 28-iyulda Jenevada imzolanish uchun ochiq boʻladi va shundan soʻng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga topshiriladi. Konvensiya 1951-yil 28-iyuldan 31-avgustgacha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa boʻlimida imzolash uchun ochiq boʻladi hamda 1951-yilning 17-sentabridan 1952-yilning 31-dekabrigacha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida imzolash uchun yana ochiq boʻladi.
2. Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolari boʻlgan davlatlar, shuningdek qochoqlar va apatridlar maqomi masalasi boʻyicha Vakolatli vakillar konferensiyasiga taklif etilgan har qanday boshqa davlatlar nomidan hamda Bosh Assambleya uni imzolashni taklif etgan har qanday davlatning imzolashi uchun ochiq boʻladi. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinadi, bunda ratifikatsiya yorligʻi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga topshiriladi.
3. Ushbu Konvensiya 1951-yil 28-iyuldan mazkur moddaning 2-bandida qayd etilgan davlatlarning qoʻshilishi uchun ochiq boʻladi. Qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi huzurida qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatni topshirish orqali amalga oshiriladi.
40-modda. Konvensiyaning hududiy qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaror
1. Har qanday davlat Konvensiyani imzolash yoki ratifikatsiya qilish yoxud unga qoʻshilish paytida, ushbu Konvensiyaning amal qilishi xalqaro munosabatlar uchun javobgar boʻlgan mazkur davlatning barcha hududlari yoki ayrim hududlariga tarqalishini bayon etishi mumkin. Bunday bayonot Konvensiya ushbu davlat uchun kuchga kirgan kunda kuchga kiradi.
2. Konvensiya amal qilishining bu kabi tarqalishi har qanday keyingi paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yoʻllangan bildirgi orqali eʼlon qilinishi kerak va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ushbu bildirgi olingan kundan keyin toʻqsoninchi kun yoki ushbu davlat uchun Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab, agar bu oxirgi sana kechroq boʻlsa, kuchga kiradi.
3. Ushbu Konvensiyani imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilish paytida u tarqalmagan hududlarga nisbatan har bir manfaatdor davlat aynan shu hududlarda konstitutsiyaviy xususiyatga ega sabablarga koʻra, mazkur hududlar hukumatlarining ruxsati bilan ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishini kengaytirish uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrish imkoniyati toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
41-modda. Federativ davlatlar toʻgʻrisidagi qaror
Federal yoki unitar boʻlmagan davlatlarga quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:
a) mazkur Konvensiyaning federal qonunchilik organi yurisdiksiyasiga taalluqli boʻlgan moddalariga nisbatan federal hukumatning majburiyatlari ushbu Konvensiyaning federal davlat boʻlmagan tomoni majburiyatlariga koʻrsatilgan darajada muvofiq boʻladi;
b) ushbu Konvensiyaning federatsiyaning konstitutsiyaviy tuzumiga muvofiq qonunchilik choralarini koʻrishga majbur boʻlmagan federatsiyaga kiradigan shtatlar, provinsiya va kantonlarining qonunchilik yuridiksiyasiga tegishli moddalariga nisbatan federal hukumat birinchi imkoniyatning oʻzida mazkur moddalar toʻgʻrisida tegishli shtat, provinsiya yoki kantonlar hokimiyatlarini oʻzining xayrixoh munosabati bilan xabardor qiladi;
s) ushbu Konvensiyaning tomoni boʻlgan federativ davlatlar har qanday boshqa Ahdlashuvchi Davlatning talabiga binoan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi orqali Konvensiyaning har qanday aniq qoidasiga nisbatan federatsiya va uning tarkibiy qismlarida mavjud qonunlar va amaliyotda ushbu qoidaning qonunchilik yoki boshqa yoʻl bilan hayotga tatbiq etilgani koʻrsatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadi.
42-modda. Qoʻshimcha shartlar
1. Imzolash, ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida har qanday davlat 1, 3, va 4-moddalar, 16-moddaning 1-bandi, 33 va 36 — 46-moddalar istisno etilgani holda Konvensiyaning moddalariga qoʻshimcha shartlar qoʻyishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha shartlar qoʻygan har qanday davlat istalgan vaqtda bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilish orqali ushbu qoʻshimcha shartlaridan voz kechishi mumkin.
43-modda. Kuchga kirishi
1. Ushbu Konvensiya oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilgan sanadan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
2. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qoʻshilgan barcha davlatlar uchun oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat topshirilgandan soʻng, Konvensiya tegishli davlat tomonidan oʻz ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat topshirilgan kundan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
44-modda. Denonsatsiya qilish
1. Har qanday Ahdlashuvchi davlat istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilish orqali ushbu Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin.
2. Bunday denonsatsiya qilish tegishli Ahdlashuvchi davlat uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga bildirgi yuborilgan kundan bir yil oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. 40-moddaga asosan bayonot bergan yoki xabarnoma yuborgan har qanday davlat shundan keyin istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga bildirgi yuborish orqali, Bosh kotib ushbu bildirgini olganidan bir yil oʻtgandan keyin Konvensiya tegishli hududda amal qilmasligi toʻgʻrisida bildirishi mumkin.
45-modda. Qayta koʻrish
1. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yuborilgan bildirgi orqali istalgan vaqtda mazkur Konvensiyani qayta koʻrishni talab qilishi mumkin.
2. Agar bunday talab bilan bogʻliq qandaydir choralar koʻrish kerak boʻlsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tegishli choralar koʻrishni tavsiya qiladi.
46-modda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan yuboriladigan bildirgilar
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolari va 39-moddada qayd etilgan uning aʼzosi boʻlmagan davlatlarga quyidagilarni xabar qiladi:
a) 1-moddaning B boʻlimi asosida kelib tushgan arizalar va bildirgilar toʻgʻrisida;
b) 39-moddada koʻzda tutilgan imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilishlar toʻgʻrisida;
s) 40-moddada koʻzda tutilgan arizalar va bildirgilar toʻgʻrisida;
d) 42-moddada koʻzda tutilgan qoʻshimcha shartlar va qoʻshimcha shartlardan voz kechish toʻgʻrisida;
e) 43-moddaga muvofiq ushbu Konvensiyaning kuchga kirish kuni toʻgʻrisida;
f) 44-moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya qilish va bildirgilar toʻgʻrisida;
g) 45-moddaga muvofiq kelib tushgan qayta koʻrib chiqish talablari toʻgʻrisida.
Buni tasdiqlash uchun imzolashga zarur vakolatga ega boʻlgan holda oʻz hukumatlari nomidan ushbu Konvensiyani imzoladilar.
Jenevada bir ming toʻqqiz yuz yil ellik birinchi yil yigirma sakkizinchi iyulda bir nusxada tuzilgan, matni ingliz va fransuz tillarida aynan bir xil, ushbu nusxa Birlashgan Millatlar Tashkiloti arxiviga topshirilgan hamda uning tasdiqlangan nusxalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga va 39-moddada qayd etilgan aʼzo boʻlmagan davlatlarga yuboriladi.
