Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash toʻgʻrisida
09.12.1948
Konvensiya
Ahdlashuvchi tomonlar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oʻzining 1946-yil 11-dekabrdagi 96 (I)-rezolyutsiyasida genotsid xalqaro huquq normalarini buzadigan hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ruhi va maqsadlariga zid boʻlgan jinoyat ekanligini hamda madaniyatli olam uni qoralashini eʼtiborga olib,
butun tarix davomida genotsid insoniyatga katta talafotlar yetkazganini eʼtirof etib, va insoniyatni ana shu jirkanch ofatdan qutqarish uchun xalqaro hamkorlik zarurligiga ishonch hosil qilib,
quyida nazarda tutilganidek kelishib oldilar:
I modda
Ahdlashuvchi tomonlar genotsid u tinch yoki urush davrida sodir etilishidan qatʼi nazar, xalqaro huquq normalarini buzadigan va unga qarshi ogohlantirish choralarini koʻrishga hamda uni sodir etganligi uchun jazolashga majbur boʻlgan jinoyat ekanligini tasdiqlaydilar.
II modda
Ushbu Konvensiyada genotsid deganda biron bir milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni toʻliq yoki qisman yoʻq qilish istagida sodir etilgan quyidagi harakatlar tushuniladi:
a) shunday guruh aʼzolarini oʻldirish;
b) shunday guruh aʼzolariga jiddiy jismoniy yoki aqliy shikast yetkazish;
s) biron bir guruhni toʻliq yoki qisman jismoniy yoʻq qilishga moʻljallangan shunday hayotiy shart-sharoitlarini yaratish;
d) shunday guruh muhitida bola tugʻilishining oldini olishga moʻljallangan chora-tadbirlar;
e) bolalarni bir insonlar guruhidan boshqasiga majburlab oʻtkazish.
III modda
Quyidagi harakatlar jazolanadi:
a) genotsid;
b) genotsidni sodir etish maqsadida til biriktirish;
s) genotsid sodir etishga toʻgʻridan-toʻgʻri va oshkora igʻvogarlik qilish;
d) genotsid sodir etishga suiqasd qilish;
e) genotsidda birga qatnashish.
IV modda
Genotsid yoki III moddada sanab oʻtilgan biror-bir boshqa xatti-harakatlarni sodir etadigan shaxslar, ular konstitutsiya boʻyicha javobgar hukmdorlar, mansabdor yoki xususiy shaxslar boʻlishidan qatʼi nazar, jazolanishi kerak.
V modda
Ushbu Konvensiya qoidalarini kuchga kiritish uchun Ahdlashuvchi tomonlar har biri oʻz konstitutsiyaviy tartib-taomiliga muvofiq zarur qonunchilikni yuritishi va, xususan, genotsid yoki III moddada keltirilgan boshqa jinoyatlarni sodir etishda aybdor shaxslarni jazolashning samarali choralarini nazarda tutish majburiyatini oladilar.
VI modda
Genotsid yoki III moddada sanab oʻtilgan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishda ayblanayotgan shaxslar, hududida ushbu xatti-harakat sodir etilgan davlatning vakolatli sudi yoki shunday sud qilish huquqini tan olgan mazkur Konvensiya tomonlariga nisbatan yurisdiksiyaga ega boʻla oladigan xalqaro jinoyat sudi tomonidan sud qilinishlari lozim.
VII modda
Aybdorlarni berishga nisbatan genotsid va III moddada sanab oʻtilgan boshqa xatti-harakatlar siyosiy jinoyat sifatida koʻrilmaydi.
Bunday hollarda Ahdlashuvchi tomonlar oʻz qonunchiligi va amaldagi shartnomalarga muvofiq berish majburiyatini oladi.
VIII modda
Ushbu Konvensiyaning har bir ishtirokchisi Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli organiga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining qoidalariga muvofiq uning fikriga koʻra, genotsid harakatlarini yoki III moddada sanab oʻtilgan boshqa harakatlardan birini oldini olish va toʻxtatish maqsadida barcha zarur choralarni koʻrishi talabi bilan murojaat qilishi mumkin.
IX modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Konvensiyani talqin qilish, qoʻllash yoki bajarish masalalariga oid bahslar, jumladan genotsid yoki III moddada sanab oʻtilgan boshqa xatti-harakatlardan birini sodir etganlik uchun u yoki bu davlatning javobgarligiga taalluqli boʻlgan bahslar, bahsdagi tomonlardan birining talabiga binoan koʻrib chiqishi uchun Xalqaro sudga yuboriladi.
X modda
Ingliz, xitoy, ispan, fransuz va rus tili matnlari asliga toʻgʻri boʻlgan mazkur Konvensiyaga 1948-yil 9-dekabr sanasi qoʻyiladi.
XI modda
Ushbu Konvensiya 1949-yilning 31-dekabrigacha uni Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday aʼzosi va Konvensiyani imzolashga Bosh Assambleyaning taklifini olgan Tashkilotga aʼzo boʻlmagan har qanday davlat nomidan imzolash uchun ochiq boʻladi.
Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibida saqlanadi.
1950-yil 1-yanvardan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday aʼzosi va yuqorida koʻrsatilgan taklifni olgan bu Tashkilotning aʼzosi boʻlmagan har qanday davlat ushbu Konvensiyaga qoʻshilishi mumkin.
Qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibida saqlanadi.
XII modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yuborilgan bildirishnoma orqali ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishini u tashqi munosabatlarni olib borish uchun javobgar boʻlgan barcha yoki ayrim hududlarga tatbiq etishi mumkin.
XIII modda
Bosh kotibiga ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi dastlabki yigirmata akt saqlash uchun topshirilgan kuni Bosh kotib nusxalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzo davlatlariga va XI moddada nazarda tutilganidek, Tashkilotga aʼzo boʻlmagan barcha davlatlarga yuborish uchun bayonnoma tayyorlaydi.
Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yigirmanchi hujjat saqlash uchun topshirilgan kundan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
Ushbu Konvensiya kuchga kirgandan keyin olingan ratifikatsiya qilish va qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshirilgan kundan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
XIV modda
Ushbu Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab oʻn yil mobaynida amal qiladi.
U tegishli amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy oldin uni denonsatsiya qilmaydigan Ahdlashuvchi Tomonlarga nisbatan keyingi besh yil davomida oʻz kuchida qoladi.
Denonsatsiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yozma ravishda xabar berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
XV modda
Agar denonsatsiya natijasida ushbu Konvensiya ishtirokchilarining soni oʻn oltitadan kam boʻlsa, oxirgi denonsatsiya kuchga kirgan kundan Konvensiyaning amal qilishi toʻxtaydi.
XVI modda
Ushbu Konvensiyani qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi talab Ahdlashuvchi Tomonlardan birining istalgan vaqtda Bosh kotib nomiga yozma ravishda xabar berish orqali taqdim etilishi mumkin.
Bunday talabga nisbatan qanday choralar koʻrish lozimligini, Bosh Assambleya, agar u qandaydir choralar koʻrishni lozim deb topsa, hal etadi.
XVII modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga va XI moddada nazarda tutilganidek, Tashkilotga aʼzo boʻlmagan davlatlarga:
a) XI moddada muvofiq olingan imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish toʻgʻrisida hamma aktlar haqida;
b) XII moddaga muvofiq olingan hamma arizalar haqida;
s) XIII moddaga muvofiq ushbu Konvensiya kuchga kirgan kun haqida;
d) XIV moddaga muvofiq olingan denonsatsiyalar haqida;
e) XV moddaga muvofiq Konvensiyani bekor qilish haqida;
f) XVI moddaga muvofiq olingan arizalar haqida xabar qiladi.
XVIII modda
Ushbu Konvensiyaning asl nusxasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti arxivida saqlash uchun topshiriladi.
Konvensiyaning tasdiqlangan nusxalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga va XI moddada nazarda tutilganidek, Tashkilotga aʼzo boʻlmagan davlatlarga yuboriladi.
XIX modda
Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan u kuchga kirgan kundan roʻyxatga olinadi.
(Imzolar)
