Fuqarosizlikni qisqartirish toʻgʻrisida
30.08.1961
Konvensiya
Ahdlashuvchi Davlatlar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1954-yil 4-dekabrda qabul qilgan (896) IX-rezolyutsiyasi ijrosini taʼminlash uchun harakat qilib,
xalqaro bitim bilan fuqarosizlikni qisqartirishning maqbulligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat oʻzining hududida tugʻilgan har qanday shaxsga oʻz fuqaroligini taqdim etishi kerak, aks holda u apatrid boʻladi. Bunday fuqarolik quyidagicha taqdim etiladi:
a) qonunga koʻra tugʻilganida, yoki
b) milliy qonunda belgilangan tartibda tegishli hokimiyat organiga tegishli shaxs yoki uning nomidan iltimosnoma berganda. Mazkur moddaning 2-bandi qaroriga rioya qilish sharti bilan, hech bir bunday iltimosnoma rad etilishi mumkin emas.
Ushbu bandning “b” kichik bandiga muvofiq, har qanday Ahdlashuvchi Davlat oʻz fuqaroligini taqdim etilishini nazarda tutib, shuningdek qonunga asosan oʻz fuqaroligini milliy qonun tomonidan belgilangan yosh va shartlar bilan taqdim etilishini koʻzda tutishi ham mumkin.
2. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat ushbu moddaning 1-bandi “b” kichik bandiga muvofiq quyidagi shartlardan bir yoki bir nechtasidan kelib chiqib oʻz fuqaroligini taqdim etishi mumkin:
a) iltimosnoma Ahdlashuvchi Davlat tomonidan oʻrnatilgan muddatda, boshlanishi oʻn sakkiz yoshdan va tugashi yigirma bir yoshdan erta boʻlmasdan taqdim etiladi, biroq, shu bilan birga, tegishli shaxs qonuniy ruxsatning zaruratisiz oʻzi iltimosnoma taqdim etishi uchun kamida bir yil muddatga ega boʻlishi kerak;
b) tegishli shaxs bevosita iltimosnoma berishdan oldin, mazkur Ahdlashuvchi Davlat hududida ushbu davlat tomonidan oʻrnatilgan, besh yildan ortiq boʻlmagan muddatda odatdagidek yashagan boʻlishi, umuman esa, bu oʻn yildan ortiq boʻlmasligi kerak;
s) tegishli shaxs sud tomonidan davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatda aybdor yoki jinoiy ayblov boʻyicha besh yilga yoki undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan deb tan olinmasligi kerak;
d) tegishli shaxs hamisha apatrid boʻlgan boʻlishi kerak.
3. Mazkur moddaning 1-bandi “b” kichik bandi va 2-bandi qaroriga qaramasdan, qaysidir bir Ahdlashuvchi Davlat hududidagi nikohdan va ushbu Davlat fuqarosi boʻlgan onadan tugʻilgan farzand uning fuqaroligini oladi, aksincha boʻlsa, u apatrid boʻladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat, aks holda apatrid boʻlgan va u Ahdlashuvchi Davlat hududida tugʻilib, iltimosnoma berish yoshidan oʻtgani yoki ulardan talab qilingan yashash shartlarini bajara olmagani oqibatida, agar ushbu shaxsning tugʻilgan vaqtida ota-onasidan bittasi yuqorida nazarda tutilgan Ahdlashuvchi Davlatlardan birinchisining fuqarosi boʻlsa, oʻz fuqaroligini taqdim etadi. Agar tegishli shaxsning ota-onasi u tugʻilgan vaqtiga qadar bir xil fuqarolikka ega boʻlmagan boʻlsa, unda oʻz otasining fuqaroligini yoki oʻz onasining fuqaroligini olish toʻgʻrisidagi masala ushbu Ahdlashuvchi Davlatning milliy qonuni bilan hal qilinadi. Agar bunday fuqarolikni olish uchun iltimosnoma talab qilinsa, ushbu milliy qonun bilan oʻrnatilgan tartibda talab qiluvchi yoki uning nomidan tegishli hokimiyat organiga iltimosnoma berishi kerak. Ushbu moddaning 5-bandi qaroriga amal qilish sharti bilan bunday iltimosnoma rad etilmasligi kerak.
5. Ahdlashuvchi Davlat ushbu moddaning 4-bandi qarorlariga muvofiq quyidagi shartlardan bir yoki bir nechtasidan kelib chiqib oʻz fuqaroligini berishi mumkin:
a) iltimosnoma iltimos qiluvchining Ahdlashuvchi Davlat tomonidan belgilab qoʻyilgan yoshga yetguniga qadar beriladi, bu kamida yigirma uch yosh boʻlishi kerak;
b) tegishli shaxs ushbu Ahdlashuvchi Davlat hududida mazkur davlat tomonidan oʻrnatilgan, bevosita iltimosnoma berishdan oldin uch yil davomida odatdagidek yashagan boʻlishi kerak;
s) tegishli shaxs hamisha apatrid boʻlsa.
2-modda
Har qanday Ahdlashuvchi Davlat hududida topilgan bola, qarshi tarafning dalillari yoʻqligi sababli, shu hududda mazkur davlat fuqaroligiga ega boʻlgan ota-onalardan tugʻilgan deb hisoblanishi kerak.
3-modda
Ushbu Konvensiyaga muvofiq Ahdlashuvchi Davlatlarning majburiyatlarini aniqlash uchun kemada yoki havo kemasida tugʻilish tegishli ravishda davlat bayrogʻi ostida suzadigan kema hududida yoki havo kemasi roʻyxatdan oʻtgan davlat hududida boʻlgan deb hisoblanadi.
4-modda
1. Ahdlashuvchi Davlat hududida tugʻilmagan har qanday shaxs tugʻilish vaqtida uning ota-onasidan biri ushbu davlat fuqarosi boʻlsa, har qanday Ahdlashuvchi Davlat ushbu shaxsga oʻz fuqaroligini beradi, aks holda, u apatrid boʻladi. Agar u tugʻilgan vaqtida ota-onasi bir xil fuqarolikka ega boʻlmasa, tegishli shaxs otasi yoki onasining fuqaroligini olishi kerakmi degan masalasi ushbu Ahdlashuvchi Davlatning milliy qonuni bilan hal qilinadi. Ushbu bandning qaroriga muvofiq fuqarolikni taqdim etish quyidagicha amalga oshiriladi:
a) tugʻilganida qonunga asosan, yoki
b) milliy qonunda belgilangan tartibda tegishli hokimiyat organiga tegishli shaxs yoki uning nomidan iltimosnoma berganda. Ushbu moddaning 2-bandi qaroriga amal qilish sharti bilan, hech bir bu kabi iltimosnoma rad etilishi mumkin emas.
2. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat ushbu moddaning 1-bandi qarorlariga muvofiq quyidagi shartlardan bir yoki bir nechtasi boʻyicha oʻz fuqaroligini taqdim etishi mumkin:
a) iltimosnoma iltimos qiluvchining Ahdlashuvchi Davlat tomonidan belgilab qoʻyilgan yoshga toʻlishidan oldin berilishi, u yigirma uch yoshdan kichik boʻlmasligi kerak;
b) tegishli shaxs bevosita iltimosnoma berishdan oldin ushbu Ahdlashuvchi Davlat hududida mazkur Davlat tomonidan oʻrnatilgan uch yildan oshmagan muddat davomida odatdagidek yashagan boʻlishi kerak;
s) tegishli shaxs sud tomonidan davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatda aybdor deb tan olinmagan boʻlsa;
d) tegishli shaxs hamisha apatrid boʻlsa.
5-modda
1. Agar qaysidir bir Ahdlashuvchi Davlatning qonuni tegishli shaxsning shaxsiy maqomida nikohda boʻlish, nikohni toʻxtatish, qonunlashtirish, tan olish yoki asrab olish kabi oʻzgarishlar oqibatida fuqarolikni yoʻqotishni nazarda tutadigan boʻlsa, bunday yoʻqotish boshqa fuqarolikka ega boʻlish yoki boshqa fuqarolikni olish sharti bilan belgilanishi kerak.
2. Agar qaysidir bir Ahdlashuvchi Davlat qonuniga muvofiq nikohsiz tugʻilgan bola otalikni tan olish natijasida ushbu davlat fuqaroligini yoʻqotadigan boʻlsa, unga mazkur fuqarolikni tegishli hokimiyat organi oldida yozma iltimosnoma berish orqali ushbu fuqarolikni tiklash imkoniyati taqdim etiladi hamda bunday iltimosnomani tartibga soladigan shartlar mazkur Konvensiyaning 2-moddasi 1-bandida oʻrnatilganidan koʻra qatiy boʻlmasligi kerak.
6-modda
Agar qaysidir bir Ahdlashuvchi Davlatning qonuni shaxsning turmush oʻrtogʻi yoki qaysidir bir shaxsning bolalari tufayli fuqaroligini yoʻqotishi yoki ushbu shaxsni mazkur fuqarolikdan mahrum etishni nazarda tutsa, bunday yoʻqotish boshqa fuqarolikka ega boʻlish yoki boshqa fuqarolikni olish sharti bilan boʻlishi kerak.
7-modda
1. a) Agar qaysidir Ahdlashuvchi Davlatning qonuni fuqarolikdan voz kechishga ruxsat bersa, tegishli shaxs boshqa fuqarolikka ega boʻlishi yoki uni olishi holatlaridan tashqari, bunday voz kechish fuqarolikni yoʻqotishga olib kelmasligi kerak.
b) Ushbu bandning “a” kichik bandi qarori Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13 va 14-moddalarida bayon etilgan prinsiplariga zid boʻlgan holatlarda qoʻllanilmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatning oʻzga mamlakatda naturalizatsiya qilish (chet ellik shaxsning oʻzi yashayotgan boshqa davlatning fuqaroligiga oʻtkazilishi) istagida boʻlgan fuqarosi oʻzga mamlakatning fuqaroligini olmasa yoki olishi tasdigʻi boʻlmasa, oʻz fuqaroligini yoʻqotmaydi.
3. Ushbu moddaning 4 va 5-bandlari qarorlarida nazarda tutilgan istisnolar bilan Ahdlashuvchi Davlatning fuqarosi ketish, chet elda yashash, roʻyxatdan oʻtmaslik yoki qandaydir shu kabi sabablarga koʻra apatrid boʻlishi oqibatida oʻz fuqaroligini yoʻqotmaydi.
4. Naturallashgan shaxs tegishli Ahdlashuvchi Davlat qonunida oʻrnatilgan, kamida ketma-ket yetti yildan kam boʻlmagan muddatda chet elda yashashi sababli tegishli hokimiyat organiga oʻz fuqaroligini saqlab qolish istagi toʻgʻrisida bildirmasa, oʻz fuqaroligini yoʻqotishi mumkin.
5. Qaysidir Ahdlashuvchi Davlatning ushbu Davlat hududidan tashqarida tugʻilgan fuqarosiga nisbatan mazkur Davlat qonuni bu fuqaroning voyaga yetgandan keyin bir yil davomida ushbu Davlat hududida yashashi yoki tegishli hokimiyat organi roʻyxatidan oʻtishi sharti bilan oʻz fuqaroligini saqlab qolishi mumkinligini belgilaydi.
6. Ushbu moddada nazarda tutilgan vaziyatlarda hech bir shaxs biron-bir Ahdlashuvchi Davlatning fuqaroligini yoʻqotmaydi, agar bunday yoʻqotish uni apatrid qiladigan boʻlsa-da, garchi bunday yoʻqotish ushbu Konvensiyaning hech bir boshqa qarorlari bilan bevosita taʼqiqlanmagan boʻlsa ham.
8-modda
1. Agar fuqarolikdan mahrum etish shaxsning apatrid boʻlishiga olib kelsa, hech bir Ahdlashuvchi Davlat hech bir shaxsni fuqarolikdan mahrum etmasligi kerak.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qaroriga qaramasdan, har qanday shaxs har qanday Ahdlashuvchi Davlatning fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin:
a) 7-moddaning 4 va 5-bandlariga muvofiq boʻlgan holatlarda fuqarolikni yoʻqotishga yoʻl qoʻyiladi;
b) agar fuqarolik yolgʻon maʼlumotlar berilishi yoki aldash oqibatida olingan boʻlsa.
3. Ushbu moddaning 1-bandi qaroriga qaramasdan, har qanday Ahdlashuvchi Davlat har qanday shaxsni fuqaroligidan mahrum qilish huquqini saqlab qoladi, agar imzolash, ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish vaqtida oʻsha paytda uning milliy qonunida nazarda tutilgan bir yoki bir nechta quyidagi asoslar boʻyicha fuqarolikdan mahrum qilish huquqini oʻzida saqlab qolishini koʻrsatgan boʻlsa:
a) tegishli shaxs ushbu Ahdlashuvchi Davlatga sodiq boʻlish majburiyatiga qaramasdan quyidagilarni sodir etsa:
i) ushbu Ahdlashuvchi Davlat tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri man etilganligini pisand etmasdan boshqa Davlatga xizmat koʻrsatgan yoki koʻrsatayotgan boʻlsa yoxud boshqa Davlatdan mukofot olgan yoki olayotgan boʻlsa; yoki
ii) oʻzini ushbu Davlatning hayotiy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan tarzda tutsa;
b) agar tegishli shaxs boshqa Davlatga sodiqlik qasamyodini qabul qilgan boʻlsa yoki unga sodiqlik toʻgʻrisida rasmiy bayonot bergan boʻlsa yoxud ushbu Ahdlashuvchi Davlatga sodiqlikdan voz kechish niyatini koʻrsatadigan muayyan dalillarni keltirgan boʻlsa.
4. Hech bir Ahdlashuvchi Davlatlar ushbu moddaning 2- yoki 3-bandlariga muvofiq yoʻl qoʻyiladigan fuqarolikdan mahrum qilish huquqini tegishli shaxs uchun sud yoki boshqa mustaqil muassasa tomonidan ishni adolatli koʻrib chiqish huquqini nazarda tutadigan qonunga muvofiqlikdan boshqacha tarzda amalga oshirmasligi kerak.
9-modda
Hech bir Ahdlashuvchi Davlat hech bir shaxsni yoki shaxslar guruhini irqiy, etnik, diniy yoki siyosiy asoslar boʻyicha fuqarolikdan mahrum etishi mumkin emas.
10-modda
1. Ahdlashuvchi Davlatlar oʻrtasidagi hududni berishni nazarda tutadigan har qanday xalqaro shartnoma ana shunday hududni berish oqibatida hech bir shaxs apatrid boʻlmasligini kafolatlaydigan qarorni qamrab olishi kerak. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat mana shunday qarorlarni mazkur Konvensiya ishtirokchisi boʻlmagan Davlat bilan tuziladigan har qanday ana shunday xalqaro shartnomaga kiritilishi uchun barcha choralarni koʻrishi kerak.
2. Mana shunday qarorlar mavjud boʻlmaganida, berilgan hudud yoki boshqa yoʻl bilan hududga ega boʻlgan har qanday Ahdlashuvchi Davlat ana shunday berish yoki olish natijasida apatrid boʻlib qoladigan shaxslarga oʻz fuqaroligini taqdim etishi kerak.
11-modda
Ahdlashuvchi Davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida oltinchi ratifikatsiya yorligʻini yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yorliq topshirilgandan soʻng, imkon qadar yaqin vaqt ichida, ushbu Konvensiyaga asosan biron bir imtiyozni talab qiladigan shaxslarning talablarni koʻrib chiqish va ushbu talablarni tegishli hokimiyat organlariga taqdim etishda ularga yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qilishlari mumkin boʻlgan muassasani tashkil etishda koʻmaklashishlari kerak.
12-modda
1. Ushbu Konvensiyaning 1-moddasi 1-bandi yoki 4-moddasida qonunga muvofiq nazarda tutilganidek, qonunga asosan tugʻilish vaqtida fuqaroligi taqdim etilmaydigan Ahdlashuvchi davlatlarda tegishli ravishda 1-moddaning 1-bandi yoki 4-moddaning qarorlari mazkur Konvensiya kuchga kirgunga qadar tugʻilgan hamda undan keyin tugʻilgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Ushbu Konvensiyaning 1-moddasi 4-bandi qarorlari u kuchga kirguniga qadar tugʻilgan, shuningdek undan keyin tugʻilgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Konvensiyaning 2-moddasi qarorlari har qanday Ahdlashuvchi Davlat hududida topilgan faqat yetimlarga ushbu Konvensiya mazkur Davlatga nisbatan kuchga kirgandan soʻnggina qoʻllaniladi.
13-modda
Ushbu Konvensiya fuqarosizlikni kamaytirishga yordam beradigan va qaysidir Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunida yoki qaysidir boshqa ikki yoki undan ortiq Ahdlashuvchi Davlatlar uchun kuchda boʻlgan qaysidir boshqa konvensiya, xalqaro shartnoma yoki bitimda mavjud boʻlsa yoxud boʻlishi mumkin boʻlsa, bunday qoidalarga qarshi talqin etilmasligi kerak.
14-modda
Ahdlashuvchi Davlatlar oʻrtasida mazkur Konvensiyani talqin etish yoki qoʻllash toʻgʻrisidagi, boshqacha yoʻl bilan hal etib boʻlmaydigan har qanday bahs, ushbu bahslashayotgan tomonlardan birining talabi boʻyicha Xalqaro Sudga taqdim etiladi.
15-modda
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlardan qaysidir biri xalqaro munosabatlari uchun masʼul boʻlgan barcha oʻzini oʻzi boshqarmaydigan, vasiylik ostidagi, mustamlaka va boshqa metropoliyadan tashqaridagi hududlarga tarqaladi. Tegishli Ahdlashuvchi Davlat, ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga zid boʻlmasligi uchun, imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilish paytida metropoliyadan tashqaridagi hududlarni yoxud ana shunday imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilish natijasida Konvensiya ipso fato tarqaladigan metropoliyadan tashqaridagi hududlarni koʻrsatishi kerak.
2. Agar gap fuqarolik toʻgʻrisida ketganda, har qanday holatda, metropoliyadan tashqaridagi hududlar metropoliya hududi bilan yaxlit tarzda koʻrilmaydi hamda har qanday holatda ham mazkur Konvensiyani Ahdlashuvchi Davlat yoki metropoliyadan tashqaridagi hududda tarqatish uchun ushbu hududning asosiy qonuni yoki amaliyotiga muvofiq metropoliyadan tashqaridagi hududning oldindan roziligi talab qilinganida, bu Ahdlashuvchi Davlat mazkur Ahdlashuvchi Davlat ushbu Konvensiyani imzolagan kundan boshlab oʻn ikki oy muddatda metropoliyadan tashqaridagi hududning zarur roziligini olish choralarini koʻrishi kerak, bunday rozilik olinganida, bu Ahdlashuvchi Davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilishi kerak. Ushbu Konvensiya bunday xabarnomada koʻrsatilgan hudud yoki hududlarda Bosh kotib uni qabul qilgan kundan boshlab qoʻllaniladi.
3. Ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan oʻn ikki oylik muddat tugaganidan soʻng, tegishli Ahdlashuvchi Davlatlar Bosh kotibga xalqaro munosabatlar uchun masʼul boʻlgan va ularning hududlarida mazkur Konvensiyaning qoʻllanilishi boʻyicha rozilik olinmagan metropoliyadan tashqaridagi hududlar bilan maslahatlashuvlari natijalari toʻgʻrisida maʼlum qilishlari kerak.
16-modda
1. Ushbu Konvensiya 1961-yil 30-avgustdan 1962-yil 31-mayga qadar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida imzolash uchun ochiq boʻladi.
2. Ushbu Konvensiya quyidagilar nomidan imzolash uchun ochiq boʻladi:
a) Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi boʻlgan har qanday davlat;
b) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kelajakda fuqarosizlikka barham berish yoki qisqartirish boʻyicha konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilingan har qanday boshqa Davlatga;
s) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu Konvensiyani imzolash yoki unga qoʻshilish uchun taklif qilingan har qanday boshqa Davlatga.
3. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya yorliqlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga topshiriladi.
4. Mazkur Konvensiya ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan Davlatlarga qoʻshilish uchun ochiq. Qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi huzurida qoʻshilish toʻgʻrisida yorliqni topshirish orqali amalga oshiriladi.
17-modda
1. Har qanday Davlat imzolash, ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida 11, 14 yoki 15-moddalariga qoʻshimcha shartlarni koʻrsatishi mumkin.
2. Ushbu Konvensiyada boshqa hech qanday qoʻshimcha shartlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
18-modda
1. Ushbu Konvensiya oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yorliq topshirilgan kundan ikki yil oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qoʻshilgan har bir Davlat uchun oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yorliq topshirilgandan keyin ushbu Davlat tomonidan oʻzining ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yorliqni topshirilganidan keyin toʻqsoninchi kunda yoxud ushbu moddaning 1-bandi qoidalariga muvofiq, qaysi kun keyinroq boʻlishiga qarab, kuchga kiradi.
19-modda
1. Har qanday Ahdlashuvchi Davlat ushbu Konvensiyani xohlagan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yozma bildirgi orqali denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya tegishli Ahdlashuvchi Davlat uchun Bosh kotib tomonidan qabul qilingan kundan bir yil oʻtib kuchga kiradi.
2. Agar 15-moddaning qoidalariga muvofiq, ushbu Konvensiya qaysidir bir Ahdlashuvchi Davlatning metropoliyadan tashqaridagi hududida tarqaladigan boʻlsa, bunday Davlat shundan soʻng istalgan vaqtda tegishli hududning roziligi bilan mazkur Konvensiyani bu hududga nisbatan alohida denonsatsiya qilish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga bildirishi mumkin. Ushbu denonsatsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi tomonidan bunday xabarnoma olingan kundan bir yil oʻtib kuchga kiradi hamda u boshqa barcha Ahdlashuvchi Davlatlarga bunday xabarnoma va uni olgan kuni toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
20-modda
1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi 16-moddada qayd etilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzo-davlatlari va ushbu Tashkilotga aʼzo boʻlmagan davlatlarga quyidagi holatlar toʻgʻrisida xabar qiladi:
a) 16-moddaga muvofiq imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish toʻgʻrisida;
b) 17-moddaga muvofiq qoʻshimcha shartlar toʻgʻrisida;
s) 18-moddaga muvofiq ushbu Konvensiyaning kuchga kirgan kuni toʻgʻrisida;
d) 19-moddaga muvofiq denonsatsiya toʻgʻrisida;
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi yorliq topshirilgandan keyin kechiktirmasdan Bosh Assambleyaning eʼtiborini 11-moddaga muvofiq, unda qayd etilgan muassasani tashkil etish toʻgʻrisidagi masalaga qaratadi.
21-modda
Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi tomonidan kuchga kirgan kunida roʻyxatga olinadi.
Buni tasdiqlash uchun imzolashga vakolatli vakillar ushbu Konvensiyani imzoladilar.
Nyu-Yorkda bir ming toʻqqiz yuz oltmish birinchi yil oʻttizinchi avgustda bir nusxada tuzilgan, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matnlari aynan bir xil boʻlib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti arxiviga saqlash uchun topshiriladi va uning tasdiqlangan nusxalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi tomonidan ushbu Konvensiyaning 16-moddasida qayd etilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolari va mazkur Tashkilotga aʼzo boʻlmagan Davlatlarga yuboriladi.
(Imzolar)
