Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mahbuslar bilan muomala qilish boʻyicha minimal standart qoidalari (mandela qoidalari)
17.12.2015
Birinchi dastlabki mulohaza
Quyidagi qoidalar penitensiar muassasalar namunaviy tizimini batafsil taʼriflashga qaratilmay, balki hozirgi zamon tafakkurining umumeʼtirof etilgan yutuqlari asosida va hozirgi vaqtdagi eng maqbul tizimlarning asosiy jihatlarini hisobga olgan holda mahbuslar bilan muomala qilish va qamoqxonalarni boshqarish borasidagi odatda prinsipial va amaliy nuqtai nazardan toʻgʻri deb hisoblanadigan yondashuvni bayon qilishga moʻljallangan.
Ikkinchi dastlabki mulohaza
1. Yuridik, ijtimoiy, iqtisodiy va geografik shart-sharoitlarning turfa xilligini eʼtiborga olib, barcha ushbu qoidalarni har yerda va bir vaqtda qoʻllash mumkin emasligi ochiq-oydin koʻrinib turibdi. Biroq mazkur qoidalar amaliy qiyinchiliklarni yengib oʻtishga doim intilishga daʼvat qilishi kerak, chunki umuman olganda, bu qoidalar Birlashgan Millatlar Tashkiloti maqbul deb hisoblagan eng minimal shart-sharoitlarni aks ettiradi.
2. Boshqa tarafdan, bu qoidalar tafakkur doim ilgarilab ketadigan faoliyat maydonini ham oʻz ichiga oladi. Qoidalar ularda bayon qilingan prinsiplarga mos keladigan va ularda belgilangan maqsadlarga erishishga qaratilgan tajriba oʻtkazishga va amaliyotni joriy etishga toʻsqinlik qilmaydi.
Uchinchi dastlabki mulohaza
1. Qoidalarning I qismi qamoqxonalarni umumiy boshqarish xususida boʻlib, mahbuslarning barcha toifalariga nisbatan ular jinoyat ishi yoki fuqarolik ishi boʻyicha qamoqda saqlanayotganidan va faqatgina tergov vaqtida qamoqda saqlanayotganidan yoki jazoga hukm etilganidan qatʼi nazar qoʻllaniladi, shu jumladan qoidalarning bu qismi sudyalar tomonidan “xavfsizlik chorasi” yoki axloq tuzatish choralari sifatida qamoqda saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2. Qoidalarning II qismida alohida toifalarga nisbatan qoʻllaniladigan qoidalar bayon etilib, ular har bir boʻlimda keltiriladi. Biroq A boʻlimida qayd etilgan va jazoga hukm etilgan mahbuslarga taalluqli boʻlgan qoidalarni B, S va D boʻlimlarida soʻz boradigan shaxslarga nisbatan ham, agar bu qoidalar mazkur toifadagi shaxslar uchun ishlab chiqilgan qoidalarga zid boʻlmasa va ularning ahvolini yaxshilasa, teng darajada qoʻllash zarur.
Toʻrtinchi dastlabki mulohaza
1. Qoidalar voyaga yetmaganlarni qamoqda saqlash markazlari yoki tarbiya koloniyalari singari yosh bolalarga moʻljallangan muassasalarni boshqarishni tartibga solishda tatbiq etilmaydi. Shunga qaramay, II qismni mazkur muassasalarda ham qoʻllash mumkin.
2. Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha sudlarning vakolatiga kiradigan barcha yosh mahbuslarni yosh bolalar toifasiga kiritish zarur. Odatda, bunday yoshlarni qamoqda saqlashga hukm qilmaslik lozim.
I. UMUMIY QOʻLLANILADIGAN QOIDALAR Asosiy prinsiplar
1-qoida
Barcha mahbuslarga, ularning qadr-qimmatiga va inson sifatidagi qadriyatlariga qarab hurmat bilan munosabatda boʻlish zarur. Hech bir mahbus qiynoqqa solinishi va muomala yoki jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga duchor qilinmasligi kerak, barcha mahbuslar bunday munosabatdan himoyalangan boʻlishi kerak va hech qanday holat ularni oqlay olmaydi. Mahbuslar, xodimlar, xizmat koʻrsatuvchi shaxslar va tashrif buyuruvchilarning himoyasi va xavfsizligi doim taʼminlangan boʻlishi kerak.
2-qoida
1. Ushbu qoidalarni betaraflik bilan qoʻllash zarur. Irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, diniy, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tugʻilishi yoki boshqa holati boʻyicha kamsitish mumkin emas. Mahbuslarning diniy eʼtiqodini va axloqiy munosabatlari hurmat qilinishi kerak.
2. Qamoqxona maʼmuriyatining kamsitilmaslik prinsipini amalda qoʻllash maqsadida mahbuslarning, xususan, qamoqxona sharoitlarida mahbuslarning eng zaif toifalarining shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olish lozim. Alohida ehtiyojlarga ega mahbuslarning huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish uchun choralar koʻrish va bunday choralar kamsituvchi deb hisoblanmasligi kerak.
3-qoida
Shaxslarni qamoqda saqlash va ularni tashqi dunyodan uzib qoʻyadigan boshqa choralar bu shaxslarni oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqidan mahrum qilish bilan ularga azob beradi, chunki ularni ozodlikdan mahrum qiladilar. Shuning uchun alohida saqlash oʻzini oqlaydigan yoki intizom nuqtai nazaridan talab qilingan hollardan tashqari boshqa hollarda qamoqxona tizimi bunday vaziyatdan kelib chiqadigan kuchliroq azob berilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
4-qoida
1. Qamoqda saqlash yoki shunga oʻxshash tarzda ozodlikdan mahrum qilishning maqsadi, birinchi navbatda, jamiyatni jinoyatchilardan himoya qilish va jinoyatlarning takrorlanish holatlarini kamaytirishdir. Ushbu maqsadlarga faqat, agar qamoqda saqlash muddatidan imkon qadar bunday shaxslar ozodlikka chiqqanidan soʻng ularning qonunga boʻysunadigan va mustaqil hayot kechirishlari uchun ularni jamiyatga qayta integratsiyalashuvini taʼminlash maqsadida foydalanilsa, erishish mumkin.
2. Shu munosabat bilan qamoqxona maʼmuriyati va vakolatli organlar taʼlim olish, kasbga tayyorlash va ishlash uchun tegishli va mavjud imkoniyatlarni, shuningdek yordam koʻrsatishning boshqa turlari, jumladan axloq tuzatish, axloqiy, maʼnaviy, ijtimoiy, tibbiy va sportga oid yordamni taqdim etishi zarur. Barcha bunday dasturlar, tadbirlar va xizmatlar mahbuslarni qayta tarbiyalashda ularning shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
5-qoida
1. Qamoqxona rejimi qamoqxonadagi va ozodlikdagi hayot oʻrtasidagi farqni imkon qadar kamaytirishga intilishi kerak. bu mahbuslarning masʼuliyat tuygʻusini kamaytiradi yoki inson sifatida ularning xislatlarini hurmat qiladi.
2. Qamoqxona maʼmuriyati jismoniy, ruhiy yoki boshqa kamchiliklarga ega mahbuslar qamoqxonada teng huquqli asosda hayot kechirish imkoniyatiga toʻliq ega boʻlishini taʼminlash uchun ularni joylashtirish va moslashtirish yuzasidan barcha mantiqli choralarni koʻradi.
Mahbuslarning shaxsiy ishlari bilan ishlash tartibi
6-qoida
Qamoqxonalarning barchasida mahbuslarning shaxsiy ishlari bilan ishlashning standartlashtirilgan tizimi boʻlishi kerak. Bunday tizim roʻyxatga olishning elektron maʼlumotlar bazasi yoki raqamlangan va imzolangan sahifalarga ega jurnal boʻlishi mumkin.
Yuritiladigan hisob qaydnomalari ustidan ishonchli nazoratni taʼminlash va mazkur tizimda mavjud boʻlgan istalgan axborotdan ruxsatsiz foydalanishning yoki ularni oʻzgartirishning oldini olish uchun tartib-taomillar nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
7-qoida
Hech kim qamoqqa olish toʻgʻrisidagi haqiqiy buyruqsiz qamoqqa qabul olinishi mumkin emas. Har bir mahbus keltirilishi bilan ularning shaxsiy ishlari bilan ishlash tizimiga quyidagi axborot kiritiladi:
a) mahbuslarning oʻzining jinsi haqidagi shaxsiy idrokini hurmat qilgan holda ularning haqiqiy shaxsini aniqlash imkonini beradigan aniq maʼlumotlar;
b) qamoqqa olish sabablari hamda bunday qaror qabul qilish uchun javobgar organ, shuningdek qamoqqa olingan sana, vaqt va joy;
s) qamoqqa keltirilgan va qamoqdan chiqarilgan, shuningdek qamoqdan qamoqqa koʻchirilgan kun va soat;
d) har qanday koʻzga koʻrinadigan tan jarohatlari va avval boʻlgan qoʻpol muomala ustidan shikoyatlar;
e) shaxsiy buyumlarning roʻyxati;
f) oila aʼzolarining, shu jumladan, mumkin boʻlsa, bolalarining ismlari va ularning yoshi, joylashgan joyi va vasiylik yoki homiylik maqomi;
g) favqulodda vaziyatda aloqa qilish uchun batafsil axborot va mahbusning yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
8-qoida
Mahbuslar qamoqda boʻlgan vaqtda ularning shaxsiy ishlari bilan ishlash tizimiga, agar kerak boʻlsa, quyidagi axborot kiritiladi:
a) sud jarayoni bilan bogʻliq axborot, shu jumladan sud eshituvlari sanalari va yuridik vakolatxona;
b) dastlabki baholash va malaka toʻgʻrisidagi hisobotlar;
s) xulq-atvor va intizomga rioya etish toʻgʻrisidagi axborot;
d) qiynoqlar yoki boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimoslar va shikoyatlar, shu jumladan arizalar, agar ular maxfiy xususiyatga ega boʻlmasa;
e) intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi axborot;
f) har qanday tan jarohatlari yetkazilgan yoki oʻlimga olib kelgan holatlar va sabablari toʻgʻrisida, ikkinchi holatda esa, qoldiqlar belgilangan joy toʻgʻrisidagi axborot.
9-qoida
7 va 8-qoidalarda keltirilgan barcha hisob qaydlarini oshkor etilmaydi va faqat kasbiy majburiyatlari bunday hisob qaydlaridan foydalanishni talab qiladigan shaxslargagina taqdim etiladi. Har bir mahbus ichki qonun hujjatlariga muvofiq ruxsat berilgan qisqartmalar bilan oʻziga tegishli boʻlgan hisob qaydlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak va u ozod etilganda bunday hisob qaydlarining rasmiy koʻchirma nusxasini olish huquqiga ega.
10-qoida
Mahbuslarning shaxsiy ishlari bilan ishlash tizimlaridan ilmiy asoslantirilgan qarorlar qabul qilish uchun asos yaratish maqsadida qamoqxona kontingentini ifodalovchi tendensiyalar va uning oʻziga xos jihatlari, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalardagi mahbuslar soni toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar olish uchun ham foydalaniladi.
Toifalarga boʻlib chiqish
11-qoida
Mahbuslarning turli toifalari alohida muassasalarda yoki ayni bir muassasaning turli qismlarida ularning jinsi, yoshi, avval sudlanganligi, ularni qamoqqa olishning yuridik sabablari va tayinlangan rejim turini hisobga olgan holda saqlanadi, shunday qilib:
a) erkaklar va ayollar imkon qadar alohida muassasalarda saqlanishi zarur; agar erkaklar va ayollar aynan bitta muassasada saqlansa, u holda ayollarni butunlay alohida uchastkalarda joylashtirish kerak;
b) tergov ostidagi mahbuslarni jazoga hukm qilinganlardan alohida joylashtirish kerak;
s) qarz majburiyatlarini bajarmaganligi uchun jazoga hukm qilingan shaxslarni va fuqarolik ishlari boʻyicha boshqa mahbuslarni jinoyat sodir etgan shaxslardan alohida joylashtirish kerak;
d) voyaga yetmagan huquqbuzarlarni kattalardan alohida saqlash kerak.
Xonalar
12-qoida
1. Mahbuslar tunni kameralar yoki xonalarda oʻtkazadigan joyda, ularning har biri alohida kamera yoki xonaga ega boʻlishi kerak. Agar qamoqxona vaqtincha toʻlib ketganligi bilan bogʻliq oʻziga xos sabablarga koʻra markaziy qamoqxona maʼmuriyati bu qoidani qoʻllashdan bosh tortadigan boʻlsa, ikki nafar mahbusni ayni bir kamera yoki xonaga joylashtirish maqsadga muvofiq emas.
2. Umumiy kameralar bor joyda, ularga joylashtiriladigan mahbuslarni ular bunday sharoitlarda yashay olishiga ishonch hosil qilish uchun yaxshilab tekshirish kerak. Tunlari qamoqxona xususiyatiga qarab muntazam nazorat olib borish zarur.
13-qoida
Mahbuslar foydalanadigan barcha xonalar, ayniqsa, yotoq xonalar barcha sanitariya talablariga javob berishi kerak, bundan tashqari, iqlim sharoitlariga, ayniqsa, mazkur xonalarning kub hajmiga, ularning eng minimal maydoniga, yoritilishiga, isitilishiga va shamollatilishiga zarur eʼtibor qaratish kerak.
14-qoida
Mahbuslar yashaydigan va ishlaydigan xonalarda:
a) derazalar mahbuslarning kunduzgi yorugʻlikda oʻqishi va ishlashi uchun yetarlicha oʻlchamlarga ega boʻlishi kerak hamda sunʼiy shamollatish tizimi mavjudligi yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar toza havo kirishini taʼminlash uchun moʻljallangan boʻlishi lozim;
b) sunʼiy yoritish mahbuslarning koʻrish qobiliyatiga ziyon yetkazmasdan oʻqishi yoki ishlashi uchun yetarli darajada boʻlishi kerak.
15-qoida
Sanitariya qurilmalari har bir mahbus kerak boʻlgan payt, tozalikka va axloq qoidalariga rioya qilgan holda oʻz tabiiy ehtiyojini qondira olishi uchun yetarli miqdorda boʻlishi kerak.
16-qoida
Hammom uchun jihozlar va dushlar soni har bir mahbus har bir iqlim uchun mos keladigan haroratda yil fasli va geografik joylashuvni hisobga olgan holda umumiy gigiyena shartlari talab qilganidek, yaʼni moʻtadil iqlimda, hech boʻlmaganda, haftada bir marta choʻmila olishi yoki dush qabul qilishi uchun yetarlicha boʻlishi kerak.
17-qoida
Mahbuslar muntazam foydalanadigan qamoqxonaning barcha qismlari har doim tegishli tartibda va toza holda saqlanishi kerak.
Shaxsiy gigiyena
18-qoida
1. Mahbuslardan oʻzlarini ozoda saqlashini talab qilish kerak. Buning uchun ularni tozalik va salomatlikni saqlashda zarur boʻlgan suv va hojatxona buyumlari bilan taʼminlash zarur.
2. Mahbuslar oʻzlarining insoniy qadr-qimmatiga mos boʻlgan tashqi koʻrinishni saqlab qolishlari uchun erkaklarga muntazam ravishda soqol olish imkoniyatini bergan holda, ularga sochini turmaklash va soqoliga qarash imkoniyatini berish zarur.
Kiyim-kechak va koʻrpa-toʻshaklar
19-qoida
1. Oʻz kiyimini kiyish huquqi berilmagan mahbuslarga iqlimga mos keladigan va ularning salomatligini qoniqarli holatda saqlash imkonini beradigan formali kiyim toʻplami berilishi kerak. Bu kiyim tahqirli yoki kamsituvchi xususiyatga ega boʻlmasligi kerak.
2. Kiyim toza va yaroqli holda saqlanishi kerak. Gigiyena talablariga muvofiq kiyimni yuvish va toza kiyimga almashtirib turish zarur.
3. Mahbus hokimiyatning ruxsati bilan qamoqxonani tark etadigan istisnoli holatlarda unga oʻz kiyimini kiyishga yoki boshqa koʻzga tashlanmaydigan kiyim kiyishga ruxsat berilishi zarur.
20-qoida
Agar mahbuslarga oʻz kiyimini kiyishga ruxsat berilsa, qamoqxonaga qabul paytida kiyim toza va kiyishga mos kelishi uchun choralar koʻrilishi zarur.
21-qoida
Har bir mahbus milliy yoki mahalliy normalarga muvofiq alohida yetarli darajadagi koʻrpa-toʻshaklarga ega boʻlgan, shu bilan birga, koʻrpa-toʻshaklar berilgan paytda toza, xizmatga yaroqli boʻlishi va ularning tozaligini saqlash uchun tez-tez almashtirib turiladigan alohida koyka bilan taʼminlanishi zarur.
Ovqatlanish
22-qoida
1. Qamoqxona maʼmuriyati odatiy soatlarda har bir mahbusni, uning sogʻligʻi va kuchini saqlab qolish uchun yetarli darajada sifatli, yaxshi tayyorlangan va tortilgan toʻyimli ovqat bilan taʼminlashi kerak.
2. Har bir mahbusga ichimlik suviga nisbatan ehtiyoj paydo boʻlganda uning ehtiyoji qondirilishi kerak.
Jismoniy mashqlar va sport
23-qoida
1. Toza havoda ish bilan band boʻlmagan har bir mahbus, agar qulay ob-havo sharoitida, har kuni hech boʻlmaganda, bir soat hovlida tegishli jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish huquqiga ega.
2. Tegishli jismoniy holatda boʻlgan voyaga yetmagan va boshqa tegishli yoshdagi mahbuslarga jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullanish va mashqlar davridagi vaqtda oʻynash imkoniyati taʼminlanishi kerak. Buning uchun zarur maydonchalar, qurilmalar va uskunalar boʻlishi kerak.
Tibbiy-sanitariya xizmatlarini koʻrsatish
24-qoida
1. Mahbuslarga tibbiy-sanitariya xizmatlarini koʻrsatish davlatning majburiyati hisoblanadi. Mahbuslar jamiyatda mavjud boʻlgan standartdagi tibbiy-sanitariya xizmatlari bilan taʼminlangan boʻlishi va ularning huquqiy maqomi boʻyicha hech bir kamsitishlarsiz zarur tibbiy-sanitariya xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
2. Tibbiy-sanitariya xizmatlarini koʻrsatishni davlat sogʻliqni saqlash organlari tizimi bilan uzviy hamkorlikda hamda davolash va qarov uzluksizligini, shu jumladan OIV, sil va boshqa yuqumli kasalliklarni, shuningdek giyohvandlikni davolash va ularga chalingan mahbuslarga qarash uzluksizligini taʼminlay oladigan tarzda tashkil etish zarur.
25-qoida
1. Har bir qamoqxona muassasasida tibbiy-sanitariya yordamiga alohida ehtiyoj sezadigan yoki ularni reabilitatsiya qilishga toʻsqinlik qilayotgan sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarga ega boʻlgan mahbuslarga koʻp eʼtibor bergan holda mahbuslarning jismoniy va ruhiy salomatligini baholash, saqlash, asrash va yaxshilash vazifasi yuklatilgan tibbiy-sanitariya xizmati boʻlishi kerak.
2. Tibbiy-sanitariya xizmati tarkibiga toʻliq klinik mustaqillikka ega hamda psixologiya va psixiatriya sohasida yetarlicha tajriba va bilimga ega yetarli miqdordagi malakali xodimlardan iborat koʻp tarmoqli brigada kiritilishi kerak. Har bir mahbus malakali stomatolog xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
26-qoida
1. Tibbiy-sanitariya xizmati barcha mahbuslarning aniq, yangilangan va maxfiy shaxsiy tibbiy kartalarni tuzishi va yuritishi kerak hamda barcha mahbuslarga ularning talabiga koʻra oʻz tibbiy kartalaridan foydalanish imkoniyati taqdim etilishi lozim. Mahbus oʻz tibbiy kartasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlish uchun uchinchi tomonni tayinlashi mumkin.
2. Tibbiy kartalar mahbus boshqa muassasaga oʻtkazilgan taqdirda qabul qiluvchining tibbiy-sanitariya xizmatiga berilishi kerak, ularda keltirilgan tibbiy axborot esa maxfiy hisoblanadi.
27-qoida
1. Shoshilinch hollarda barcha qamoqxona muassasalari tibbiy yordamdan zudlik bilan foydalanish imkoniyatini berishi kerak. Mutaxassis xizmatlariga yoki jarrohlik aralashuviga muhtoj kasal mahbuslarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga yoki fuqarolik kasalxonalariga oʻtkazish zarur. Jazoni ijro etish xizmati oʻz kasalxonalari mavjud boʻlganda, ular xodimlar bilan yetarli darajada taʼminlangan hamda u yerga yuboriladigan mahbuslarga qarash va ularni davolash uchun jihozlangan boʻlishi kerak.
2. Klinik qarorlar javobgar tibbiy mutaxassislar tomonidan qabul qilinishi mumkin va tibbiyot sohasiga aloqador boʻlmagan qamoqxona xodimi tomonidan bekor qilinishi yoki eʼtiborsiz qoldirilishi mumkin emas.
28-qoida
Ayollarning qamoqxonasi muassasalari homilador ayollar va tugʻruqdagi ayollarni lozim darajada davolash va parvarish qilish uchun maxsus xonalarga ega boʻlishi kerak. Imkoniyat bor joyda, tugʻruq qamoqxona emas, balki fuqarolik kasalxonasida oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaygʻurish kerak. Agar bola qamoqxonada tugʻilgan boʻlsa, unda bu holat haqida tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomada qayd etmaslik kerak.
29-qoida
1. Bolaga ota-onasidan biri bilan qamoqxonada qolishiga ruxsat berish haqidagi qaror bolaning eng ustuvor manfaatlariga asoslanishi kerak. Bolalarga ota-onasidan biri bilan qamoqxonada qolishga ruxsat berilgan joyda, quyidagilar zarur:
a) malakali xodimlarga ega bolalarga qarab turuvchi ichki yoki tashqi xizmatlar boʻlishini taʼminlash, bolalar oʻz ota-onasining gʻamxoʻrligidan foydalanmayotgan davrda ularni mazkur xizmatlarga joylashtirish;
b) bolalarga maxsus tibbiy-sanitariya xizmatlari, jumladan olib kelingan paytida sogʻligʻi holati tekshirilishini va mutaxassislar tomonidan ularning oʻsishini doimiy nazorat qilish.
2. Ota-onasidan biri bilan qamoqxonada boʻlgan bolalarga hech qachon mahbuslarga boʻlganidek munosabatda boʻlmaslik kerak.
30-qoida
Shifokor yoki boshqa malakali tibbiyot mutaxassislari, ular ushbu shifokorga hisobot berishi yoki bermasligidan qatʼi nazar, har bir mahbusni qabul qilishi, u bilan suhbatlashishi va u olib kelinganidan keyin imkon qadar tezroq, soʻngra esa zaruratga qarab uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishi kerak. Quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish zarur:
a) tibbiy-sanitariya xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarni aniqlash va davolash uchun barcha zarur choralarni koʻrish;
b) keltirilgan mahbuslar qamoqxonaga qabul qilinishidan oldin duch kelishi mumkin boʻlgan har qanday shafqatsiz muomalani aniqlash;
s) ozodlikdan mahrum qilish tufayli boshidan oʻtkazayotgan ruhiy yoki boshqa stressning har qanday belgilarini, shu jumladan oʻz joniga qasd qilish yoki oʻz aʼzosini qasddan jarohatlash belgilarini, shuningdek giyohvand moddalar, tibbiyot preparatlari yoki alkogol isteʼmol qilish tufayli yuz bergan abstinensiya alomatlarini aniqlash hamda barcha zarur yakka tartibdagi choralarni koʻrish yoki tegishli ravishda davolash;
d) mahbuslarda yuqumli kasalliklar borligiga shubha qilingan hollarda bunday mahbuslarning klinik ajratib qoʻyilishini va karantin muddati davomida toʻgʻri davolanish taʼminlash;
e) zarur hollarda, mahbuslarning ishga, jismoniy mehnatga va boshqa faoliyatda ishtirok etishga yaroqliligini aniqlash.
31-qoida
Shifokor yoki boshqa malakali tibbiy mutaxassislar barcha kasal mahbuslar, jismoniy yoki ruhiy salomatligi bilan bogʻliq muammolardan yoki jarohatlardan shikoyat qilayotgan barcha mahbuslar va ularning alohida eʼtiborini tortgan istalgan mahbusning sogʻligʻini har kuni koʻzdan kechirish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Barcha tibbiy koʻriklar toʻliq maxfiy sharoitlarda oʻtkazilishi kerak.
32-qoida
1. Shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassislar hamda mahbuslar oʻrtasidagi munosabatlar jamiyatda bemorlarga nisbatan qoʻllaniladigan axloqiy va kasbiy standartlar bilan tartibga solinishi kerak. Jumladan:
a) mahbuslarning jismoniy va ruhiy salomatligini asrash majburiy hamda kasallikni dastlabki klinik shartlari asosidagina davolash lozim;
b) mahbuslarning oʻz salomatligiga mustaqil yondashish hamda shifokor va bemor oʻrtasidagi munosabatlarda ongli rozilik prinsipiga rioya etish kerak;
s) tibbiy axborot bemorga yoki boshqa shaxslarga chinakam va toʻgʻridan-toʻgʻri xavf solmasa, maxfiy saqlanishi kerak;
d) qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlari qoʻllanishini ifodalashi mumkin boʻlgan harakatlarda, shu jumladan mahbusning sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan tajribalarda, masalan, mahbusning hujayralari, organizmidagi toʻqimalari va organlarini olishda faol yoki nofaol ishtirok etishni mutlaqo taqiqlash zarur.
2. Ushbu qoidaning 1 (a)-bandi nizomlarini buzmay, mahbuslar erkin va ongli ravishda rozilik berishi sharti bilan hamda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mahbuslarga, agar bu ularning sogʻligʻiga bevosita va jiddiy foyda keltiradigan boʻlsa, klinik sinovlarda va jamiyatda qoʻllaniladigan boshqa tibbiy tadqiqotlarda ishtirok etishga, shuningdek qarindoshlari uchun hujayralar, organizm toʻqimalari va organlarni yetkazib beruvchi donorlar boʻlib xizmat qilishga ruxsat berilishi mumkin.
33-qoida
Shifokor mahbus uzoq vaqt qamoqda boʻlishi natijasida yoki qamoqda saqlashning biror-bir shartlari tufayli uning jismoniy yoki ruhiy salomatligi buzilgan yoki buzilishi mumkin deb hisoblasa, har safar bu haqda qamoqxona muassasi direktoriga maʼlumot beradi.
34-qoida
Agar mahbus keltirilganida uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yoki unga tibbiy yordam koʻrsatish paytida tibbiy mutaxassislarga qiynoqqa solinganlik va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlari qoʻllanganligidan darak beradigan biror-bir belgi maʼlum boʻlib qolsa, ular bunday hollarni hujjatlarda qayd etishi va ular bu haqda vakolatli tibbiy, maʼmuriy yoki sud organlariga xabar berishi kerak. Mahbusga yoki u bilan bogʻliq shaxslarga ziyon yetkazmaslik uchun zarur protsessual kafolatlarga rioya etish zarur.
35-qoida
1. Shifokor yoki sogʻliqni saqlash sohasining vakolatli davlat organi muntazam tekshiruv oʻtkazishi va quyidagi masalalar yuzasidan direktorga xabar berishi shart:
a) taom miqdori, sifati, uni tayyorlash va tarqatish sharoitlari;
b) muassasa va mahbuslar gigiyenasi hamda tozaligi;
s) qamoqxona muassasasidagi sanitariya, isitish, yoritish va ventilyatsiya;
d) mahbuslar kiyim-kechak va koʻrpa-toʻshaklarining yaroqliligi va tozaligi;
e) bu ish ixtisoslashtirilgan xodimlarga yuklanmagan hollarda jismoniy tarbiya va sportga oid qoidalarga rioya qilish.
2. Qamoqxona muassasasi direktori ushbu qoidaning 1-bandi va 33-qoidaga muvofiq oʻziga yuboriladigan maslahat va maʼruzalarni eʼtiborga olishi hamda mazkur maʼruzalarda keltirilgan maslahatlar va tavsiyalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan darhol choralar koʻrishi kerak. Agar ushbu maslahat va tavsiyalar qamoqxona direktori vakolatlari doirasiga kirmasa yoki ularga qoʻshilmagan holatlarda, direktor yuqori turuvchi organga darhol oʻz maʼruzasini yoxud shifokor yoki sogʻliqni saqlash sohasidagi vakolatli davlat organining maslahat yoki tavsiyalarini taqdim etishi kerak.
Cheklovlar, intizom va jazo choralari
36-qoida
Intizom va tartibni faqat nazoratning ishonchliligini, qamoqxona muassasasining xavfsiz ishlashini va undagi yotoqxonaning tegishli qoidalariga rioya etilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan cheklovlarni joriy etgan holda qoʻllab-quvvatlash kerak.
37-qoida
Quyidagi jihatlar doim vakolatli maʼmuriy organning qonunchilik yoki normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinishi kerak:
a) intizomiy qoidabuzarlikni ifodalaydigan xulq-atvor;
b) mahbuslarga qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jazo choralari turi va davom etishi;
s) bunday jazo choralarini qoʻllash huquqiga ega boʻlgan organ;
d) xoh intizomiy jazo sifatida boʻlsin, xoh tartib va xavfsizlikni saqlash uchun boʻlsin mahbuslarning umumiy kontingentidan majburan ayirishga, masalan, yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish, ajratish, segregatsiya, karserga joylashtirish yoki saqlash shartlarini cheklashga qaratilgan har qanday choralar, shu jumladan har qanday majburan ajratish choralaridan foydalanishni va ularni qoʻllash hamda bekor qilish tartibini qayta koʻrib chiqishni tartibga soladigan prinsiplar va tartib-taomillarni joriy etish.
38-qoida
1. Qamoqxona maʼmuriyatiga intizomiy qoidabuzarliklarning oldini olish yoki nizolarni bartaraf etish uchun nizolarga yoʻl qoʻymaslik, vositachilik qilish mexanizmlaridan yoki nizolarni hal etishning istalgan boshqa muqobil usullaridan imkon qadar foydalanish tavsiya etiladi.
2. Hozir ajratib qoʻyilgan yoki avval ajratib qoʻyilgan mahbuslarga nisbatan qamoqxona maʼmuriyati ularni qamoqda saqlash bilan bogʻliq salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun zarur choralar koʻradi.
39-qoida
1. Mahbuslarga nisbatan jazo choralari qonun hujjatlarida yoki 37-qoidada qayd etilgan normativ-huquqiy hujjatlarda koʻrsatilgan shartlar hamda adolat va zarur huquqiy tartib-taomil prinsiplari asosida joriy etilishi mumkin. Mahbus hech qachon ayni bir qoidabuzarlik uchun takroriy jazoga tortilmasligi kerak.
2. Qamoqxona maʼmuriyati intizomiy jazo va bunday jazo tayinlanishiga sabab boʻladigan qoidabuzarlik teng boʻlishini taʼminlashi hamda barcha koʻrilgan intizomiy choralarning zarur hisobini yuritishi kerak.
3. Qamoqxona maʼmuriyati intizomiy jazo berishdan avval mahbusning ruhiy kasalligi yoki uning aqliy zaifligi uning xulqiga va intizomiy jazo qoʻllash uchun sabab boʻlgan qoidabuzarlikni va qilmishni sodir etishga taʼsir etgan boʻlishi mumkinligi haqidagi masalani koʻrib chiqishi kerak. Qamoqxona maʼmuriyati mahbusning ruhiy kasalligi yoki aqliy zaifligi oqibatida sodir etilgan deb hisoblangan biror-bir qilmish uchun jazo choralarini tayinlamasligi lozim.
40-qoida
1. Mahbuslarni qamoqxona muassasasiga xizmat koʻrsatishga doir ishlarga intizomiy tartibda tayinlamaslik lozim.
2. Biroq bu qoida oʻzini oʻzi boshqarish tizimi lozim darajada ishlashiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Bunday tizimda ijtimoiy, taʼlim yoki sport faoliyatining muayyan turlari uchun javobgarlik ularni qayta tarbiyalash maqsadida tashkil etiladigan guruhlar tarkibida nazorat ostida ishlaydigan mahbuslarning oʻziga yuklatiladi.
41-qoida
1. U yoki bu mahbus tomonidan intizomiy qoidabuzarlik sodir etilgani toʻgʻrisidagi har qanday arizalar darhol vakolatli organ eʼtiboriga yetkazilishi kerak. Bu organ ularni kechikmay tekshirishi kerak.
2. Mahbuslarni ularga qoʻyilayotgan ayblovlarning xususiyatini ular tushunadigan tilda darhol yetkazish zarur hamda ular oʻz himoyasini tayyorlash uchun yetarlicha vaqt va shart-sharoitlar bilan taʼminlanishi kerak.
3. Mahbuslarga odil sudlov manfaatlari talab qilganda, jumladan intizomni jiddiy buzganlikda ayblash bilan bogʻliq hollarda oʻzini shaxsan yoki yuridik yordamdan foydalangan holda himoya qilishga ruxsat beriladi. Agar mahbuslar intizomiy tekshiruv doirasida sud tekshiruvi olib borilayotgan tilni tushunmasa yoki bu tilda soʻzlashishni bilmasa, ularga malakali tarjimonning yordami bepul taqdim etiladi.
4. Mahbuslar oʻzlariga berilgan intizomiy jazoni sudda qayta koʻrib chiqishga erishish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
5. Intizomning buzilishi jinoyat sifatida taʼqib qilingan hollarda mahbuslar jinoiy sud ishini yuritishga nisbatan qoʻllaniladigan barcha zarur protsessual kafolatlardan, shu jumladan advokat xizmatlaridan moneliksiz foydalanish huquqiga ega boʻlishi kerak.
42-qoida
Ushbu qoidalarda koʻrib chiqilayotgan mahbuslarni qamoqxonada saqlashning umumiy shart-sharoitlari, shu jumladan yoritish, ventilyatsiya, harorat, sanitariya, ovqatlanish, ichimlik suvi bilan taʼminlash, hovlida sayr qilish va jismoniy mashqlar qilish imkoniyati, shaxsiy gigiyena, salomatlikni asrash va zarur shaxsiy makon ajratish bilan bogʻliq shart-sharoitlar hech bir istisnosiz barcha mahbuslarga yaratib berilishi kerak.
43-qoida
1. Hech bir holatda qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlariga teng cheklovlar yoki intizomiy jazolarni qoʻllash mumkin emas. Jumladan, quyidagi amaliyot turlarini qoʻllashni taqiqlash zarur:
a) nomaʼlum muddatga yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish;
b) uzoq vaqtga yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish;
s) mahbusni chiroq boʻlmagan kameraga yoki doim yoritib turiladigan kameraga joylashtirish;
d) mahbusga tan jazosini qoʻllash yoki uning ovqat ratsionini yoki ichimlik suvini kamaytirish;
e) jamoaviy jazo.
2. Intizomiy qoidabuzarliklar uchun jazo choralari sifatida tinchlantiruvchi vositalarni hech qachon qoʻllash mumkin emas.
3. Intizomiy jazolar yoki cheklovchi choralar mahbusning oilasi bilan aloqasini taqiqlashni oʻz ichiga olmasligi kerak. Oilasi bilan aloqalarni cheklash uzoq davom etmaydigan muddatga hamda bu xavfsizlik va tartibni saqlash uchun talab etilgandagina oʻrnatilishi mumkin.
44-qoida
Ushbu qoidalarning maqsadlari uchun yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish kuniga 22 soat yoki undan koʻproq vaqt mobaynida mahbuslarga odamlar bilan mazmunli aloqada boʻlish imkonini bermay, ularning erkinligini cheklashni anglatadi. Uzoq vaqt yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish ketma-ket 15 kundan ortiq muddat davomida yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyishni anglatadi.
45-qoida
1. Yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyishni alohida hollarda imkon qadar qisqa muddat davomida mustaqil nazorat qilib turish sharti bilan va vakolatli organning ruxsati bilan eng qattiq chora sifatida qoʻllash zarur. Bu jazo mahbusga chiqarilgan hukm tufayli qoʻllanmasligi kerak.
2. Yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyish shaklidagi jazo ruhiy holati buzilgan yoki jismoniy nuqsonlarga ega mahbuslarga nisbatan, agar bunday choralarning qoʻllanilishi ular holatining yomonlashishiga olib kelsa, taqiqlanishi kerak. Ayollar va bolalar bilan bogʻliq hollarda yolgʻiz oʻzini qamab qoʻyishni va shunga oʻxshash choralarni qoʻllash avvalgidek taqiqlangan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyatning oldini olish va jinoiy odil sudlov sohasidagi boshqa standartlari va normalarida soʻz boradi.
46-qoida
1. Tibbiyot xodimlari intizomiy jazolar tayinlashda yoki boshqa cheklovchi choralar koʻrishda ishtirok etmasligi kerak. Biroq ular majburiy ajratib qoʻyishning har qanday shakliga duchor qilingan mahbuslarning sogʻligʻiga alohida eʼtibor qaratishi, shu jumladan bunday mahbuslarning oldiga har kuni borishi va ularning yoki qamoqxona xodimlarining iltimosiga koʻra zarur tibbiy yordam berishi va davolashi kerak.
2. Tibbiyot xodimlari intizomiy jazolarning yoki boshqa cheklovchi choralarning bunday jazolarga yoki choralarga duchor qilingan mahbusning jismoniy yoki ruhiy sogʻligʻiga har qanday salbiy taʼsiri haqida direktorga darhol xabar berishi va agar ular jazoni yoki jazo chorasini mahbusning jismoniy yoki ruhiy holati tufayli toʻxtatish yoki oʻzgartirishni zarur deb hisoblasalar, direktorga oʻz fikrlarini bildirishlari kerak.
3. Tibbiyot xodimlari mahbusni majburan ajratib qoʻyish uning sogʻligʻi yomonlashishiga yoxud buzilgan ruhiy holati yoki jismoniy nuqsonlari kuchayishiga olib kelmasligi uchun mahbusni ajratib qoʻyish tartibiga oʻzgartishlar kiritishni koʻrib chiqish va tavsiya qilish huquqiga ega boʻlishi kerak.
Tinchlantirish vositalari
47-qoida
1. Qadr-qimmatni tahqirlaydigan yoki ogʻriq beradigan kishanlardan, zanjirlardan yoki boshqa tinchlantirish vositalaridan foydalanishni taqiqlash kerak.
2. Tinchlantirishning boshqa vositalaridan, agar bunga qonunda ruxsat berilgan boʻlsa, quyidagi hollardagina foydalanish zarur:
a) mahbuslar sud organlari yoki maʼmuriy organlar oldida kishandan ozod etilishi sharti bilan tashish vaqtida qochib ketishning oldini olish uchun;
b) agar mahbus oʻziga yoki boshqalarga zarar yetkazishiga yoki moddiy ziyon yetkazishiga xalaqit berish kerak boʻlganda boshqa nazorat choralari samarasiz boʻlsa, qamoqxona muassasasi direktorining buyrugʻiga koʻra; bunday hollarda direktor darhol shifokorni yoki boshqa malakali tibbiyot mutaxassislarini ogohlantiradi va yuqori turuvchi maʼmuriy organga maʼruza taqdim etadi.
48-qoida
1. Agar tinchlantirish vositalaridan foydalanish 47-qoidaning 2-bandiga muvofiq ruxsat etilgan boʻlsa, quyidagi prinsiplar qoʻllaniladi:
a) hech bir cheklovsiz tashish bilan bogʻliq xatarlarni bartaraf etish uchun nazoratning nisbatan yumshoqroq shakllari samarasiz boʻlib chiqsa, tinchlantirish vositalaridan foydalanish kerak;
b) tinchlantirish usuli yuzaga keladigan xavf-xatarlar darajasi va xususiyatini hisobga olgan holda mahbusni tashishni nazorat qilish uchun zarur va qoʻllash mumkin boʻlgan choralarning eng yumshoq usuli boʻlishi kerak;
s) tinchlantirish vositalaridan faqat zarur vaqt mobaynida foydalanish kerak va hech bir cheklovsiz harakatlanish bilan bogʻliq xavf-xatar yoʻq boʻlishi bilan imkon qadar ular tezroq olib tashlanishi kerak.
2. Tinchlantirish vositalari hech qachon ayollarga toʻlgʻoq vaqtida, tugʻish paytida va tugʻruqdan keyin darhol qoʻllanilmasligi kerak.
49-qoida
Qamoqxona maʼmuriyati tinchlantirish vositalaridan foydalanish zaruratiga imkon qoldirmaydigan yoki ularning keskin xususiyatini kamaytiradigan nazorat usullaridan foydalanishga, shuningdek ulardan foydalanishda professional tayyorgarlikni taʼminlashga intilishi kerak.
Mahbuslarni va kameralarni tintuv qilish
50-qoida
Mahbuslarni va kameralarni tintuv qilishni tartibga soluvchi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar tegishli qamoqxona muassasasidagi xavfsizlikni taʼminlash zarurligini eʼtiborga olgan holda xalqaro-huquqiy majburiyatlarga mos kelishi hamda xalqaro standartlar va normalarni hisobga olishi kerak. Tintuv qilinayotgan shaxsning insoniy qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizligi hurmat qilingan, shuningdek mutanosiblik, qonuniylik va zarurlik prinsiplariga rioya etilishini taʼminlagan holda oʻtkaziladi.
51-qoida
Tintuvlar mahbusni qoʻrqitish, dahshatga solish yoki shaxsiy hayotining daxlsizligiga suiqasd qilish maqsadida oʻtkazilmasligi kerak. Hisobdorlik maqsadida qamoqxona maʼmuriyati tintuvlar toʻgʻrisidagi, jumladan toʻliq yechintirib va badan qismlari tekshirilib oʻtkaziladigan tintuvlar toʻgʻrisidagi tegishli hisobotlarni saqlashi kerak, shuningdek mazkur tintuvlarni oʻtkazish sabablari, ularni oʻtkazgan shaxslar toʻgʻrisidagi axborot va tintuv natijalari koʻrsatiladi.
52-qoida
1. Intruziv tintuvlar, shu jumladan toʻliq yechintiriladigan va badan qismlari tekshiriladigan tintuvlar faqat oʻta zarur holda oʻtkazilishi kerak. Qamoqxona maʼmuriyatiga tintuvlar oʻtkazishning intruziv tintuv shakllari bilan bogʻliq boʻlmagan tegishli muqobil usullarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish tavsiya etiladi. Intruziv tintuvlar yopiq eshiklar ortida oʻtkaziladi hamda tayyorgarlikdan oʻtgan, mahbus bilan bir jinsda boʻlgan xodim tomonidan amalga oshiriladi.
2. Badan qismlari tekshiriladigan tintuvlar faqat mahbuslarni parvarishlash uchun asosiy javobgar boʻlmagan malakali tibbiyot mutaxassislari yoki hech boʻlmaganda, gigiyena, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik standartlariga rioya qilish masalalari boʻyicha tibbiyot mutaxassislaridan zarur tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
53-qoida
Mahbuslar oʻz ish yurituviga taalluqli boʻlgan hujjatlardan foydalana olishi kerak yoki ularning ixtiyorida qamoqxona maʼmuriyati foydalana olmaydigan hujjatlarning boʻlishiga ruxsat berilishi kerak.
Mahbuslarni xabardor qilish va ular tomonidan shikoyatlar taqdim etish
54-qoida
Qamoqxonaga qabul qilishda har bir mahbusga darhol quyidagilarga oid yozma axborot taqdim etilishi zarur:
a) qamoqxona qonunchiligi va qamoqxona muassasasining amaldagi ichki tartib-qoidalari;
b) uning huquqlari, axborot olishning ruxsat etilgan usullari bilan birga, yuridik maslahatlar, shu jumladan yuridik yordam koʻrsatish tizimi orqali maslahat olish, shuningdek ariza va shikoyatlar berish tartib-taomillari;
s) uning majburiyatlari, jumladan qoʻllaniladigan intizomiy jazo choralari;
d) mahbusga qamoqxona muassasasida yashash sharoitlariga moslashish imkonini berish uchun zarur boʻlgan barcha boshqa masalalar.
55-qoida
1. 54-qoidada qayd etilgan axborot qamoqxona kontingentining ehtiyojlariga muvofiq eng keng foydalaniladigan tillarda taqdim etilishi kerak. Agar mahbus ushbu tillarning hech birini tushunmasa, unga tarjimon yordamini taqdim etish zarur.
2. Savodsiz mahbuslarni ogʻzaki ravishda xabardor qilish zarur. U yoki bu darajadagi mahbuslarga axborotni ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda taqdim etish zarur.
3. Qamoqxona maʼmuriyati ushbu axborotning qisqacha bayonini qamoqxona muassasasining umumiy foydalanish xonalarini koʻrinadigan joyiga ilib qoʻyishi kerak.
56-qoida
1. Har bir mahbus har kuni qamoqxona muassasasi direktoriga yoki u vakolat bergan xodimga arizalar yoki shikoyatlar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
2. Qamoqxona inspektorlari tomonidan inspeksiyalar oʻtkazilgan vaqtda arizalar yoki shikoyatlar bilan ularga murojaat qilish imkoniyati berilishi kerak. Mahbuslar inspektor bilan yoki inspeksiyaning biror-bir boshqa xodimi bilan erkin va toʻliq maxfiy sharoitda, direktor yoki muassasaning boshqa xodimlari yoʻqligida gaplashish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
3. Har bir mahbus mazmun jihatidan senzura qilinmasligi lozim boʻlgan arizalar yoki shikoyatlar bilan qamoqxona boshqarmasi markaziy organlariga va sud yoki boshqa vakolatli organlarga, shu jumladan ishni qayta koʻrish yoki holatni toʻgʻrilash yuzasidan choralar koʻrishga vakolatli organlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
4. Ushbu qoidaning 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan huquqlar mahbusning advokatiga nisbatan ham tatbiq etilishi kerak. Mahbusda ham, uning advokatida ham bunday huquqlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda mahbusning oila aʼzolaridan biri yoki ish holatlari bilan tanish boʻlgan har qanday boshqa shaxs buni amalga oshirishi mumkin.
57-qoida
1. Barcha arizalar va shikoyatlar zudlik bilan koʻrib chiqilishi lozim va ularga hech bir kechikishsiz javob berish zarur. Ariza yoki shikoyat rad etilgan yoki asossiz qoldirilgan taqdirda ariza yoki shikoyat beruvchi ularni sud yoki boshqa organga yuborish huquqiga ega boʻlishi kerak.
2. Agar ariza yoki shikoyat beruvchi iltimos qilsa, mahbuslarga arizalar yoki shikoyatlar xavfsiz va maxfiy tarzda yuborish imkoniyatini taʼminlash uchun kafolatlar nazarda tutilgan boʻlishi kerak. 56-qoidaning 4-bandida qayd etilgan mahbus yoki boshqa shaxs ariza yoki shikoyat berganligi tufayli qasos olish, qoʻrqitish yoki boshqa salbiy taʼsirga duchor boʻlmasligi kerak.
3. Mahbuslarni qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlari toʻgʻrisidagi fikrlar zudlik bilan koʻrib chiqilishi hamda 71-qoidaning 1 va 2-bandlariga muvofiq mustaqil davlat organi tomonidan darhol va xolis koʻrib chiqilishi kerak.
Tashqi dunyo bilan aloqalar
58-qoida
1. Mahbuslarga muntazam ravishda vaqti-vaqti bilan va lozim darajadagi nazorat ostida oʻz oilasi yoki doʻstlari bilan quyidagicha muloqot qilish imkoniyati berilishi kerak:
a) xat yozishmalari orqali va, agar bunday imkoniyat boʻlsa, telekommunikatsiya, elektron, raqamli va boshqa vositalardan foydalangan holda; va
b) uchrashuvlar davomida.
2. Er-xotinlarning uchrashuvlariga ruxsat berilgan holatlarda bu huquq biror-bir kamsitishsiz qoʻllanilishi kerak va ayol mahbuslar bu huquqni erkaklar bilan teng ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishlari kerak. Xavfsizlikni taʼminlash va qadr-qimmatini hurmat qilish masalalarini tegishli tarzda hisobga olgan holda adolatli va teng foydalanishni taʼminlash uchun tartib-taomillar nazarda tutilishi va xonalar ajratilishi lozim.
59-qoida
Mahbuslar, imkon qadar, oʻz uylari yoki ijtimoiy moslashuv joylari yaqinida joylashgan qamoqxona muassasalariga joylashtirilishi lozim.
60-qoida
1. Qamoqxona muassasasiga tashrif buyuruvchilarning kirishiga ruxsat berilishi tashrif buyuruvchilarning tekshiruvdan oʻtishga roziligiga bogʻliqdir. Tashrif buyuruvchi har qanday vaqtda rozilik berish qarorini oʻzgartirishi mumkin va bunday holatda qamoqxona maʼmuriyati kirishga ruxsat berishni rad qilishi mumkin.
2. Tashrif buyuruvchilarning tekshiruvdan oʻtkazilishi va kirishiga ruxsat berilishi jarayoni kamsitadigan tarzda boʻlmasligi hamda kamida 50 — 52-qoidalarda bayon qilinganidek, himoya xususiyatiga ega boʻlishi kerak boʻlgan prinsiplar bilan tartibga solinishi kerak. Tana qismlarini tekshirish bilan bogʻliq tintuvlar oʻtkazmaslik va hech qachon bunday tintuvlarni bolalarga nisbatan qoʻllamaslik zarur.
61-qoida
1. Mahbuslarga hech qanday kechiktirish, aralashish yoki senzurasiz va har qanday yuridik masala yuzasidan toʻliq sir saqlangan sharoitda qoʻllaniladigan ichki qonun hujjatlariga muvofiq oʻzining shaxsiy tanlovi boʻyicha advokat yoki yuridik yordam koʻrsatadigan shaxs bilan uchrashuv, muloqot va maslahatlashuvlar uchun zarur imkoniyat, vaqt va sharoitlar taqdim etilishi lozim. Maslahatlashuvlar koʻzga koʻrinib turadigan, biroq qamoqxona xodimlari eshita olmaydigan joyda oʻtkazilishi mumkin.
2. Mahbuslar mahalliy tilda soʻzlashmaydigan hollarda, qamoqxona maʼmuriyati mustaqil malakali tarjimon xizmatlaridan foydalanishni taʼminlashi kerak.
3. Mahbuslar samarali yuridik yordamdan foydalana olishi kerak.
62-qoida
1. Qamoqda saqlanayotgan chet el fuqarolariga oʻz mamlakatining diplomatik va konsullik vakillari bilan aloqada boʻlishi uchun maqbul imkoniyat taʼminlanishi lozim.
2. Mazkur davlatda diplomatik yoki konsullik vakolatxonasi boʻlmagan mamlakatlarning fuqarolari hisoblangan mahbuslar, shuningdek qochoqlar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, ularning manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan davlatning diplomatik vakillari yoki ularni himoya qilish bilan shugʻullanadigan har qanday milliy yoki xalqaro organ bilan aloqada boʻlish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
63-qoida
Mahbuslar eʼtiboriga gazeta, jurnallar yoki qamoqxonaning maxsus nashrlarini oʻqishga, radio eshitish va maʼruzalarda ishtirok etishga ruxsat berish orqali yoki qamoqxona maʼmuriy organlari tomonidan ruxsat etilgan va nazorat qilinadigan boshqa vositalar yordamida eng muhim yangiliklarni muntazam ravishda yetkazib turilishi lozim.
Kitoblar
64-qoida
Har bir qamoqxona muassasasi barcha toifadagi mahbuslar foydalana oladigan va ham koʻngilochar, ham taʼlim mazmunidagi kitoblardan iborat kutubxonaga ega boʻlishi kerak.
Din
65-qoida
1. Agar qamoqxona muassasasida ayni bir dinga mansub mahbuslar soni yetarli miqdorda boʻlsa, mazkur dinning malakali xodimini tayinlash yoki unga u yerda tegishli marosimlarni oʻtkazishga ruxsat berilishi kerak. Agar bunday mahbuslarning soni ancha koʻp va tegishli imkoniyatlar mavjud boʻlsa, bunday xodimini toʻla vaqtga tayinlash lozim.
2. Mazkur qoidaning 1-bandiga asosan qamoqxona muassasasiga tayinlanadigan yoki kirishga ruxsat beriladigan malakali diniy xodimi diniy marosimlarni muntazam ravishda amalga oshirish va buning uchun ajratilgan vaqtda oʻz diniga mansub mahbuslar bilan yolgʻiz diniy mavzularda suhbatlashish uchun vaqti-vaqti bilan tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
3. Mahbuslarni har qanday dinning malakali vakilidan foydalana olish imkoniyatidan mahrum qilish mumkin emas. Boshqa tomondan, agar mahbus diniy xodimining tashrifiga qarshi boʻlsa, uning bu nuqtai nazariga toʻla hurmat bilan yondashish kerak.
66-qoida
Amaldagi imkoniyat doirasida har bir mahbus qamoqxona muassasasi devorlari orasida diniy marosimlarda ishtirok etish va diniy eʼtiqodiga xos diniy yozuvlarga ega boʻlish orqali oʻz diniy ehtiyojlarini qondirishiga ruxsat berilishi kerak.
Mahbuslarning mol-mulki saqlash
67-qoida
1. Mahbus qamoqxona muassasasiga qabul qilinganida qamoqxona muassasasida amalda boʻlgan qoidalarga binoan mahbus yonida saqlash huquqiga ega boʻlmagan pul, qimmatbaho buyumlar, kiyim-kechak va boshqa narsalar saqlash uchun topshiriladi. Bunday mol-mulk roʻyxati mahbus tomonidan imzolanadi. Uning yaxshi holatda saqlanishi uchun choralar koʻrilishi kerak.
2. Mahbus ozod etilganida, unga tegishli barcha mol-mulk va pullar qaytarib berilishi lozim, unga sarflash uchun ruxsat berilgan pul, qamoqxona muassasasidan tashqariga yuborishga ruxsat berilgan ashyolar yoki sanitariya nuqtai nazaridan yoʻq qilinishi zarur boʻlgan kiyimlar bundan mustasno. Mahbus oʻziga tegishli pul va buyumlarni olganida imzo chekadi.
3. Bu mahbusning mazkur muassasada boʻlgan vaqtida oladigan har qanday pul va ashyolarga ham taalluqlidir.
4. Agar mahbus dori yoki tibbiyot dori-darmonlariga ega boʻlsa, ularni nima qilish haqidagi qaror shifokor yoki boshqa malakali tibbiyot xodimi tomonidan qabul qilinadi.
Xabarnomalar
68-qoida
Har bir mahbus oʻz oilasi yoki aloqada boʻlish uchun shaxs sifatida tayinlangan boshqa shaxsni oʻzining qamoqqa olingani, boshqa muassasaga koʻchirilgani va har qanday jiddiy kasalligi yoki tan jarohati toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qilish huquqiga, shuningdek imkoniyatiga va vositalariga ega boʻlishi kerak. Mahbuslarning shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etish ichki qonunchilik bilan tartibga solinadi.
69-qoida
Mahbus vafot etgan taqdirda, qamoqxona muassasasi direktori zudlik bilan mahbusning eng yaqin qarindoshini yoki favqulodda vaziyatda aloqada boʻladigan shaxsni bu haqda xabardor qiladi. Mahbusning oʻzi tomonidan uning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotni olish maqsadida koʻrsatilgan shaxslar uning jiddiy kasalligi, tan jarohati yoki tibbiyot muassasasiga oʻtkazilgani haqida direktor tomonidan xabardor qilinadi. Mahbusning kasalligi yoki tan jarohati haqida ayoli yoki erini yoxud yaqin qarindoshini xabardor qilmaslik boʻyicha aniq ifodalangan iltimosini hurmat qilish zarur.
70-qoida
Qamoqxona maʼmuriyati mahbusni uning yaqin qarindoshi yoki boshqa biron-bir ahamiyatli boʻlgan shaxsning jiddiy kasalligi yoki vafoti toʻgʻrisida darhol xabardor qiladi. Agar vaziyat imkon bersa, mahbusga qoʻriqlash ostida yoki mustaqil ravishda uning yaqin qarindoshi yoki unga boshqa ahamiyatli boʻlgan shaxslarning jiddiy kasal boʻlgan holatlarda ularni borib koʻrishga yoxud yaqin qarindoshi yoki boshqa ahamiyatli boʻlgan shaxsning dafn marosimida ishtirok etishiga ruxsat berilishi kerak.
Tergov qilish
71-qoida
1. Ichki tergov qilish boshlanishidan qatʼi nazar, qamoqxona muassasasining direktori qamoqxonadagi oʻlim, yoʻqolib qolish yoki ogʻir tan jarohati yetkazilgan har qanday holat toʻgʻrisida qamoqxona maʼmuriyatiga tobe boʻlmagan hamda vaziyatni va bunday holatlarning sabablarini tez, xolis va samarali tergov qilish topshirilgan sud yoki boshqa vakolatli organni darhol xabardor qiladi. Qamoqxona maʼmuriyati ushbu organ bilan toʻliq darajada hamkorlik qilishi va barcha dalillarning saqlanishini taʼminlashi kerak.
2. Ushbu qoidaning 1-bandida koʻrsatilgan majburiyat, rasmiy shikoyat kelib tushganligidan qatʼi nazar, qamoqxona muassasasida qiynoqqa solish yoki boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlari sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan barcha hollarda teng ravishda qoʻllaniladi.
3. Agar mazkur qoidaning 2-bandida qayd etilgan harakatlar sodir etilgan deb taxmin qilish uchun oqilona asoslar mavjud boʻlsa, barcha potensial aloqador boʻlgan shaxslar biror-bir tarzda tergov bilan bogʻliq boʻlmasligi hamda guvohlar, jabrlanuvchi yoki jabrlanuvchining oilasi bilan hech qanday aloqada boʻlmasligi uchun shoshilinch choralar koʻriladi.
72-qoida
Qamoqxona maʼmuriyati vafot etgan mahbusning jasadiga munosib ravishda va hurmat bilan munosabatda boʻlishi kerak. Vafot etgan mahbusning jasadi oqilona qisqa muddatlarda va kechi bilan tergov tugaganidan soʻng uning yaqin qarindoshlariga qaytarib berilishi kerak. Qamoqxona maʼmuriyati, agar buni oʻtkazishni istagan yoki bunga qodir boʻlgan boshqa masʼul tomon boʻlmasa, dafn marosimini madaniy anʼanalarni hisobga olgan holda oʻtkazilishiga koʻmaklashishi kerak hamda ushbu masala boʻyicha barcha materiallarni saqlashi lozim.
Mahbuslarning koʻchirilishi
73-qoida
1. Mahbuslar qamoqda saqlash joylariga yuborilganida yoki bir qamoqxonadan boshqasiga oʻtkazilganida, ular imkon qadar atrofdagilarning nigohidan himoya qilinishi va ularni haqoratlashdan, ularga qiziqishdan va oshkoralikning har qanday turlaridan himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilishi lozim.
2. Mahbuslarni shamollatish yoki yoritilishi yetarli darajada boʻlmagan yoxud boshqa har qanday jismoniy jihatdan ogʻir sharoitlarda koʻchirilishi taqiqlanadi.
3. Mahbuslar qamoqxona maʼmuriyati hisobidan koʻchiriladi, bunda ularning koʻchirilishi barcha uchun bir xil sharoitda amalga oshirilishi kerak.
Muassasalar xodimlari
74-qoida
1. Qamoqxona maʼmuriyati barcha toifadagi xodimlarni sinchkovlik bilan tanlash haqida qaygʻurishi kerak, chunki qamoqxona muassasasini tegishli tarzda boshqarish ushbu xodimlarning vijdonliligi, insonparvarligi, bilimliligi va shaxsiy fazilatlariga bogʻliq.
2. Qamoqxona maʼmuriyati oʻz xodimlariga va umuman jamoatchilikka mazkur ish katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligiga ishonchni izchillik bilan singdirishi kerak. Bunday eʼtiqodni mustahkamlash uchun qamoqxona maʼmuriyati ijtimoiy axborot imkoniyatlaridan foydalanishi kerak.
3. Yuqorida koʻrsatilgan maqsadlarga erishish uchun xodimlar davlat xizmatchilari maqomidan foydalanadigan hamda ularning yaxshi xulqi, ishlarining samaradorligi va ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda jismoniy qobiliyatlarini hisobga olib, oʻz lavozimida saqlanib qolishiga ishonadigan maxsus qamoqxona xodimi sifatida toʻliq ish vaqtiga tayinlanishi lozim. Ularning ish haqi bu ish bilan shugʻullanishga qodir erkaklar va xotin-qizlarni jalb qilish va unda saqlab qolish imkoni bilan belgilanishi kerak. Bunday xodimlarga mazkur ishning juda ogʻir sharoitlarini eʼtiborga olgan holda tegishli mehnat imtiyozlari va sharoitlari taʼminlanishi kerak.
75-qoida
1. Qamoqxonaning barcha xodimlari yetarli darajada maʼlumotli hamda oʻz vazifalarini professional tarzda bajarish imkoniyatiga va vositalariga ega boʻlishi kerak.
2. Barcha xodimlar ishga kirishdan oldin qamoqxona xodimining umumiy va muayyan vazifalarini hisobga olgan holda, jinoyat huquqi fanlarida zamonaviy, asoslangan eng yaxshi amaliyotni aks ettiruvchi tayyorgarlikdan oʻtishi kerak. Qamoqxona muassasalariga faqat bunday oʻqish soʻngida nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar ishga qabul qilinishi kerak.
3. Qamoqxona maʼmuriyati oʻz xodimlarining ishga qabul qilinganidan keyin va kelgusidagi butun faoliyati davomida ishdan ajralmagan holda, ularning bilimlari va professional malakasini saqlash va oshirish maqsadida doimiy ravishda oʻquv kurslarini tashkil qilishi kerak.
76-qoida
1. 75-qoidaning 2-bandida qayd etilgan tayyorgarlik kamida quyidagi masalalar boʻyicha oʻqishdan iborat boʻlishi kerak:
a) oʻz ishida va mahbuslar bilan aloqalarda qamoqxona xodimlari qoidalariga amal qilishi lozim boʻlgan tegishli milliy qonunchilik, normativ-huquqiy hujjatlar va siyosat, shuningdek qoʻllaniladigan xalqaro va mintaqaviy hujjatlar;
b) qamoqxona xodimlari oʻz vazifalarini bajarishdagi huquqlari va majburiyatlari, jumladan barcha mahbuslarning inson qadr-qimmatini hurmat qilish va taqiqlangan xulq turlari, xususan, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo turlari;
s) qoʻriqlash va xavfsizlik, shu jumladan dinamik xavfsizlik konsepsiyasi, kuch va tinchlantirish vositalarini qoʻllash hamda muzokara va vositachilik kabi ogohlantiruvchi usullarni va vaziyatni yengillashtirish usullarini lozim darajada hisobga olib, agressiv huquqbuzarlar bilan muomala qilish;
d) birinchi yordam koʻrsatish, mahbuslarning ruhiy-ijtimoiy ehtiyojlari va qamoqxona sharoitlarida tegishli dinamika, shuningdek ijtimoiy yordam va koʻmak, shu jumladan ruhiy sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarini oldindan aniqlash.
2. Muayyan toifadagi mahbuslar bilan ishlash uchun javobgar boʻlgan yoki ixtisoslashtirilgan vazifalarni bajarish topshirilgan qamoqxona muassasalari xodimlari tegishli masalalarga alohida eʼtibor qaratiladigan tayyorgarlikdan oʻtadi.
77-qoida
Qamoqxona muassasalarining barcha xodimlari har doim oʻzlarini tutishlari va oʻz vazifalarini mahbuslar uchun namuna boʻlib xizmat qiladigan va ularning hurmatiga sazovor boʻladigan tarzda bajarishlari kerak.
78-qoida
1. Qamoqxona xodimlari imkoniyat doirasida yetarli miqdorda psixiatrlar, ruhshunoslar, ijtimoiy xodimlar, oʻqituvchilar va hunarmandlik fanlari oʻqituvchilari kabi mutaxassislardan iborat boʻlishi kerak.
2. Ijtimoiy xodimlar, oʻqituvchilar va hunarmandlik fanlari oʻqituvchilarini doimiy xodimlar sifatida tayinlash lozim, lekin toʻliq ish kuni ishlamaydigan shaxslarni yoki koʻngilli xodimlarni ham istisno qilmaslik zarur.
79-qoida
1. Qamoqxona muassasalari direktorlari lavozimiga oʻz xarakteri, maʼmuriy qobiliyati, zarur tayyorgarligi va tajribasiga koʻra yetarli darajada malakali boʻlgan shaxslarni tayinlash lozim.
2. Qamoqxona muassasasi direktori oʻzining butun vaqtini xizmat vazifalarini bajarishga bagʻishlashi va toʻliq ish stavkasida ishlashi kerak. U oʻziga topshirilgan qamoqxona muassasasi hududida yoki bevosita unga yaqin joyda yashashi kerak.
3. Aynan bir direktor zimmasiga ikki yoki bir necha qamoqxona muassasalarini boshqarish yuklatilsa, u yetarli darajada qisqa vaqt oraligʻida ularning har biriga tashrif buyurishi shart. Ushbu muassasalarning har birini boshqarishni shu joyda yashaydigan masʼul xodim zimmasiga yuklash lozim.
80-qoida
1. Qamoqxona muassasasi direktori, uning oʻrinbosari va boshqa aksariyat xodimlari mahbuslarning koʻpchiligi soʻzlashadigan tilni yoki ularning koʻpchiligiga tushunarli boʻlgan tilni bilishi kerak.
2. Zarur hollarda malakali tarjimon xizmatlaridan foydalanish lozim.
81-qoida
1. Ham erkaklar, ham ayollar saqlanadigan qamoqxona muassasalarida ayollar boʻlinmasi masʼul ayol xodim ixtiyorida boʻlishi, mazkur boʻlinmaga kirish kalitlari esa uning qoʻlida boʻlishi kerak.
2. Erkaklardan biror-bir xodim, agar unga ayol xodim hamroh boʻlmasa, ayollar boʻlinmasiga kiritilmaydi.
3. Qamoqxonadagi ayollar haqida gʻamxoʻrlik qilish va ularni nazorat qilish faqat ayol xodimlar zimmasiga yuklanishi lozim. Biroq, bu erkak xodimlarga, xususan, shifokorlar va oʻqituvchilarga ayollarning axloq tuzatish muassasalarida yoki qamoqxona muassasalarida ayollarga ajratilgan boʻlinmalarda oʻz professional vazifalarini bajarishga xalaqit bermasligi kerak.
82-qoida
1. Qamoqxona xodimlari mahbuslar bilan munosabatlarida faqat oʻzini himoya qilgan taqdirda yoki qochishga urinishlar boʻlgan, shuningdek qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan buyruqlarga faol yoki passiv qarshilik koʻrsatish holatlarida kuch ishlatish huquqiga ega. Kuch ishlatishga majbur boʻladigan xodimlar zarur doirada qolishi va bunday hodisalar toʻgʻrisida qamoqxona muassasasi direktorini darhol xabardor qilishi shart.
2. Qamoqxona muassasalari xodimlarining tajovuzkor niyatlarini koʻrsatgan mahbuslarni tinchlantirishga imkon beradigan maxsus jismoniy tayyorgarligi taʼminlanishi lozim.
3. Qamoqxona muassasalarining oʻz vazifalarini bajarishda mahbuslar bilan bevosita aloqada boʻlgan xodimlari, istisno holatlaridan tashqari, qurol olib yurmasliklari kerak. Bundan tashqari, faqat tegishli tayyorgarlikdan oʻtgan qamoqxona muassasasining xodimlari qurol olib yurish huquqiga ega boʻlishi kerak.
Ichki inspeksiyalar va tashqi tekshiruvlar
83-qoida
1. Qamoqxona muassasalari va jazoni ijro etish xizmatlarini muntazam tekshirishning ikki tomonlama tizimi mavjud boʻlishi kerak:
a) qamoqxona boshqarmasining markaziy organlari tomonidan oʻtkaziladigan ichki yoki maʼmuriy tekshiruvlar;
b) vakolatli xalqaro yoki mintaqaviy organ boʻlishi mumkin boʻlgan qamoqxona maʼmuriyatidan mustaqil organ tomonidan oʻtkaziladigan tashqi tekshiruvlar.
2. Har ikkala holatda tekshiruvlarning maqsadi qamoqxona muassasalarini boshqarish amaldagi qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, siyosat va tartib-taomillarga muvofiq amalga oshirilishini, ularning ishi jazoni ijro etish va axloq tuzatish xizmatlari oldiga qoʻyilgan vazifalarga mos kelishini hamda mahbuslarning huquqlari himoyalanganligini taʼminlashdan iborat boʻlish kerak.
84-qoida
1. Inspektorlar quyidagi huquqqa ega boʻlishi kerak:
a) qamoqda saqlash joylarida mahbuslar soni va bunday joylar soni hamda ularning joylashgan yeri haqidagi barcha axborotdan, shuningdek mahbuslar bilan muomala qilish, jumladan ularni hisobga olish hujjatlari va qamoqda saqlash sharoitlariga taalluqli barcha axborotdan foydalana olish;
b) oʻzlari tashrif buyurishni istagan qamoqxona muassasalarini va suhbatlashmoqchi boʻlgan mahbuslarni qarshiliksiz, shu jumladan oʻz tashabbusi bilan rejalashtirilmagan tekshiruvlar oʻtkazish orqali tanlash;
s) tashriflar davomida mahbuslar va qamoqxona xodimlari bilan guvohlarsiz va toʻla maxfiylik sharoitida suhbatlar oʻtkazish;
d) qamoqxona maʼmuriyati va boshqa vakolatli organlarga tavsiyalar berish.
2. Tashqi tekshirish guruhlari tarkibi vakolatli organ tomonidan tayinlanadigan malakali va tajribali inspektorlar, shu jumladan tibbiy mutaxassislardan iborat boʻlishi kerak. Erkaklar va ayollarning balans vakilligiga yetarli eʼtibor qaratilishi lozim.
85-qoida
1. Har bir tekshiruv natijalari boʻyicha vakolatli organga yozma hisobot taqdim etilishi kerak. Tashqi tekshirishlar natijalari boʻyicha hisobotlarning eʼlon qilinishiga zarur eʼtibor qaratilishi lozim, mahbuslarning oʻzlari aniq tarzda roziligini bermagan shaxsiy maʼlumotlar bundan mustasno.
2. Qamoqxona maʼmuriyati yoki boshqa vakolatli organlar vaziyatga qarab oqilona muddat ichida tashqi tekshirish natijalari boʻyicha tavsiyalarni bajarishi yoki bajarmasligini koʻrsatib oʻtishi kerak.
II. ALOHIDA TOIFALARGA QOʻLLANILADIGAN QOIDALAR
A. MAHKUM ETILGAN MAHBUSLAR
Rahbariy prinsiplar
86-qoida
Mazkur qoidalarning 1-izohidan kelib chiqib, quyida bayon etiladigan rahbariy prinsiplar jazoni ijro etish muassasalarini boshqarish lozim boʻlgan muhitni va bu muassasalar amalga oshirishga intilishi kerak boʻlgan maqsadlarni aks ettiradi.
87-qoida
Jazo muddatini oʻtash yakunlanishidan oldin mahbusni jamiyatdagi hayotga izchil qaytarish choralarini koʻrish maqsadga muvofiq. Ushbu maqsadga har bir huquqbuzar xususiyatlarini hisobga olgan holda ozod etilayotganlarga qamoqxona muassasasining oʻzida yoki biror-bir boshqa muassasada alohida rejim joriy etib yoki mahbuslarni sinov muddatiga, yaʼni bu muddat davomida ham ular nazorat ostida qoladi, biroq bunday nazorat politsiya hokimiyatiga yuklanmasligi va samarali ijtimoiy yordam bilan uygʻunlashtirilishi sharti bilan ozod qilish orqali erishish mumkin.
88-qoida
1. Mahbuslar bilan muomala qilishda, ularning jamiyatdan ajratib olinganini emas, balki ular jamiyatning aʼzosi boʻlib qolishda davom etishini taʼkidlash lozim. Shuning uchun jamoat tashkilotlari mahbuslarni jamiyatdagi hayotga qaytarish maqsadida qamoqxona xodimlari bilan imkon qadar hamma yerda hamkorlik qilishga jalb qilinishi kerak.
2. Har bir qamoqxona muassasasi huzurida mahbusning oʻz oilasi bilan maqbul munosabatlarini saqlab qolish va mustahkamlash haqida qaygʻuradigan hamda unga ijtimoiy tashkilotlar bilan foyda keltirishi mumkin boʻlgan ijtimoiy xodimlar boʻlish lozim. Mahbuslar oʻzlarining fuqarolik manfaatlari, ijtimoiy taʼminot va boshqa ijtimoiy imtiyozlar sohasidagi qonunga va hukmi shartlariga imkon qadar mos keladigan huquqlarini saqlab qolishlari uchun choralar koʻrish kerak.
89-qoida
1. Ushbu prinsiplarning hayotga tatbiq etilishi mahbuslarga nisbatan individual yondashuvni va ularni guruhlar boʻyicha tasniflashning ixcham tizimi mavjudligini talab qiladi. Shuning uchun bunday guruhlar ularning har biri bilan ishlash uchun mos boʻlgan alohida qamoqxona muassasalariga joylashtirilishi maqsadga muvofiqdir.
2. Bunday qamoqxona muassasalarida har bir guruh uchun bir xil qoʻriqlash choralarini koʻrish shart emas. Shuningdek, bunday choralarning qatʼiyligini guruhga qarab boʻlish maqsadga muvofiqdir. Sinchkovlik bilan tanlanadigan mahbuslarni qayta tarbiyalashning eng qulay sharoitlari ochiq qamoqxona muassasalarida mavjud boʻlib, u yerda qochishning oldini olishning jismoniy vositalariga emas, balki oʻzini intizomga boʻysundirishga urgʻu beriladi.
3. Mahbuslarga nisbatan individual yondashuvni qoʻllash uchun yopiq qamoqxona muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarning soni uncha koʻp boʻlmasligi maqsadga muvofiqdir. Ayrim mamlakatlarda bunday qamoqxona muassasalarida mahbuslarning soni 500 nafardan oshmasligi zarur, deb hisoblanadi. Ochiq qamoqxona muassasalarida iloji boricha kamroq mahbuslarni saqlash lozim.
4. Boshqa tomondan, qamoqxonalarda zarur imkoniyatlar va xizmat koʻrsatishni taʼminlash mumkin boʻlishi uchun ular yetarli oʻlchamga ega boʻlishi kerak.
90-qoida
Jamiyatning vazifalari mahbusning ozod qilinishi bilan yakunlanmaydi. Shuning uchun ozodlikka chiqarilayotgan mahbuslar duch keladigan bidʼatlarga qarshi kurashadigan va ularga jamiyat hayotida yana oʻrin egallashida yordam beradigan, ular haqida chinakam qaygʻura oladigan davlat yoki xususiy organlarga ega boʻlishi zarur.
Mahbuslar bilan muomala qilish
91-qoida
Qamoqda saqlash yoki boshqa shu kabi jazo chorasiga hukm qilingan shaxslar bilan muomala qilishda ular oʻtayotgan muddat davomiyligini hisobga olib, ularga qonunlarga boʻysunish va ozod etilganidan keyin oʻz hayotini taʼminlash istagini singdirishga, shuningdek ularga yangi hayotga moslashishga yordam berishga intilish lozim. Ular bilan muomala qilish ularda oʻz qadr-qimmatini his qilishni va oʻz masʼuliyatini anglashni mustahkamlashi kerak.
92-qoida
1. Har bir mahbusning shaxsiy ehtiyojlarini, ijtimoiy va jinoiy oʻtmishini, jismoniy va aqliy qobiliyatlarini va imkoniyatlarini, temperamentini, qamoqda saqlash muddati davomiyligini va ozod etilganidan keyin uning imkoniyatlarini eʼtiborga olgan holda barcha maqbul choralarni koʻrish, shu jumladan mumkin boʻlgan mamlakatlarda diniy xizmat koʻrsatish, oʻqitish, kasbga tayyorlash va yoʻnaltirish, muayyan ijtimoiy holatlarni oʻrganish, ishga joylashtirish sohasida maslahatlashuvlar, jismoniy tarbiya va xarakterni mustahkamlash lozim.
2. Uzoq muddatga hukm qilingan har bir mahbusga nisbatan qamoqxona muassasasi direktori uni qabul qilganidan keyin imkon qadar tezroq mazkur qoidaning 1-bandida sanab oʻtilgan masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar olishi kerak. Bu maʼlumotlar har doim shifokor yoki boshqa malakali tibbiyot mutaxassisining mahbusning jismoniy va ruhiy holati haqidagi hisobotidan iborat boʻlishi kerak.
3. Bu hisobotlar va mahbusga tegishli boshqa hujjatlar uning shaxsiy ishiga tikib qoʻyilishi kerak. Ish barcha yangi maʼlumotlar bilan toʻldirib turilishi va zarur boʻlgan hollarda tegishli xodimlar unga murojaat qila oladigan tarzda saqlanishi kerak.
Tasniflash va moslashtirish
93-qoida
1. Quyidagilar tasniflash maqsadlari hisoblanadi:
a) mahbuslarning jinoiy oʻtmishi yoki xarakterining xususiyatlariga tufayli ularga yomon taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlganlardan ajratish;
b) mahbuslarni jamiyatdagi hayotga qaytarish maqsadida mahbuslarni ular bilan ishlashni yengillashtiradigan toifalarga boʻlish.
2. Mahbuslarning turli toifalari bilan ishlashni imkoniyatga qarab turli qamoqxona muassasalarida yoki aynan bir qamoqxona muassasasining turli boʻlinmalarida olib borish lozim.
94-qoida
Yetarli darajada uzoq muddatga mahkum qilingan har bir mahbusni qabul qilishdan keyin eng qisqa muddatda uning xarakterini oʻrganish asosida uning shaxsiy ehtiyojlari, qobiliyatlari va qiziqishlari haqida olingan maʼlumotlardan kelib chiqqan holda u bilan ishlash dasturini ishlab chiqish kerak.
Imtiyozlar
95-qoida
Har bir qamoqxona muassasasida imtiyozlar tizimiga ega boʻlishi va mahbuslarning yaxshi axloqini ragʻbatlantirish, ularda masʼuliyat hissini rivojlantirish, ularga qayta tarbiyalanishga boʻlgan qiziqishni uygʻotish va ularning hamkorligiga erishish uchun turli toifadagi mahbuslar bilan muomala qilishning turli uslublarini ishlab chiqish kerak.
Ish
96-qoida
1. Sudlangan mahbuslar shifokor yoki boshqa malakali tibbiy mutaxassislar tomonidan jismoniy va ruhiy layoqatliligi aniqlangan taqdirda ishlash va/yoki oʻzining reabilitatsiya qilinishida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
2. Mahbuslar zimmasiga normal ish kunini toʻldirish uchun yetarli foydali ish yuklanishi lozim.
97-qoida
1. Mahbuslarning mehnati ularga azob keltirmasligi kerak.
2. Mahbuslar qullikda yoki majburiy holatda saqlanmasligi kerak.
3. Hech bir mahbus qamoqxona xodimlaridan birontasining shaxsiy yoki xususiy foydasiga ishlashga majbur emas.
98-qoida
1. Mahbuslarga taʼminlangan ish, ular ozod etilganidan keyin halol mehnat bilan shugʻullanishi uchun imkon qadar malakasini oshiradigan yoki malaka beradigan boʻlishi kerak.
2. Bundan foyda chiqarishga qodir mahbuslarni, ayniqsa, kichik yoshdagilarni foydali hunarlarga oʻrgatish lozim.
3. Agar bu hunarni toʻgʻri tanlash hamda maʼmuriyat talablari va tegishli muassasadagi intizomga toʻgʻri kelsa, mahbuslar oʻz tanloviga koʻra ishni bajarish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
99-qoida
1. Mahbuslar ozodlikdagi ish sharoitlarini oʻrganishi uchun qamoqxona muassasalarida ishlashni tashkil etish va ish uslublari qamoqxona muassasalarining tashqarisida qabul qilingan ish uslublariga imkon qadar yaqinlashtirilgan boʻlishi kerak, shunda mahbuslar shu tarzda ozodlikdagi mehnat sharoitlariga oʻrganadilar.
2. Shu bilan birga, mahbuslarning manfaatlarini va kasbiy tayyorgarligini qamoqxonadagi ishlab chiqarishdan moliyaviy foyda olish nuqtai nazari bilan bogʻlamaslik lozim.
100-qoida
1. Axloq tuzatish muassasalarida sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini boshqarishni xususiy pudratchilarga emas, balki qamoqxona maʼmuriyati zimmasiga yuklash yaxshiroqdir.
2. Qamoqxona maʼmuriyati tomonidan nazorat qilinmaydigan ishni bajarayotgan mahbuslar qamoqxona muassasalari xodimlarining doimiy kuzatuvida boʻlishi kerak. Ish beruvchilar qamoqxona maʼmuriyatiga mahbuslarning mehnat unumdorligini hisobga olgan holda, tegishli ish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan ish haqining toʻliq stavkalarini toʻlashi kerak, mahbuslar boshqa hukumat muassasalari uchun ish bajaradigan hollar bundan mustasno.
101-qoida
1. Ozod ishchilarning xavfsizligi va sogʻligʻiga taalluqli qoidalar qamoqxona muassasalarida ham qoʻllanilishi kerak.
2. Ishlab chiqarishda jarohatlanish yoki kasb kasalligiga chalingan holatlarda mahbuslarga tovon puli toʻlanishi lozim. Ushbu tovon pulining shartlari qonunda ozod ishchilar uchun nazarda tutilgan shartlardan kam boʻlmasligi kerak.
102-qoida
1. Ish kunining yoki haftasining maksimal davomiyligi erkin ishchilarning mehnat sharoitlari sohasidagi mahalliy qoidalarni yoki odatlarni hisobga olgan holda qonunchilikda yoki maʼmuriy qarorlar asosida belgilanadi.
2. Ish vaqti shunday taqsimlanishi lozimki, mahbuslar haftada kamida bir kun dam olishi hamda ularning qayta tarbiyalanishi uchun oʻqish va boshqa faoliyat turlari uchun yetarli vaqtga ega boʻlishi kerak.
103-qoida
1. Mahbuslar oʻz mehnati uchun tegishli tizim doirasida adolatli pul mukofoti olishi kerak.
2. Ushbu tizimga muvofiq mahbuslar oʻzlari ishlab topgan pullarining kamida bir qismini ruxsat etilgan shaxsiy buyumlarni sotib olishga sarflash va ish haqining bir qismini oilasiga yuborish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
3. Ushbu tizim, shuningdek, mahbus tomonidan ishlab topilgan pullarning bir qismi qamoqxona maʼmuriyatida saqlanishini ham nazarda tutishi kerak, maʼmuriyat bu omonatlarni unga ozod etilgan paytda topshiradi.
Taʼlim va dam olish
104-qoida
1. Bundan foyda olishga qodir boʻlgan barcha mahbuslarga kelgusida taʼlim olish, jumladan ruxsat beriladigan mamlakatlarda diniy tarbiya olish imkoniyati taʼminlanishi lozim. Savodsiz mahbuslarni va kichik yoshdagi mahbuslarni oʻqitish majburiy hisoblanishi lozim va qamoqxona maʼmuriyati bunga alohida eʼtibor qaratishi kerak.
2. Ozod etilgan mahbuslar qiyinchiliksiz oʻqishlari uchun mahbuslarni oʻqitishni imkoniyat doirasida mamlakatning amaldagi taʼlim tizimi bilan bogʻlash lozim.
105-qoida
Barcha qamoqxona muassasalarida mahbuslar jismoniy va ruhiy sogʻlom boʻlishi uchun ularga dam olish va madaniy faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatlari taʼminlanishi kerak.
Ijtimoiy aloqalar va ozodlikdan keyin vasiylik
106-qoida
Mahbus va uning oilasi oʻrtasidagi aloqalarni saqlash va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilishi lozim, ular zarur va ikkala tomon manfaatlariga xizmat qilishi nazarda tutiladi.
107-qoida
Qamoq muddatini oʻtash boshlangan vaqtdan mahbusni ozod etilganidan keyin kutayotgan kelajagi haqida oʻylash kerak. Mahbusni ragʻbatlantirish, shuningdek unga qamoqxona tashqarisida jamiyat hayotiga qoʻshilishida koʻmaklashishga va oilasining ustuvor manfaatlarini himoya qilishga qodir boʻlgan shaxslar yoki muassasalar bilan aloqalarni saqlab qolish va mustahkamlashga yordam berish kerak.
108-qoida
1. Ozod etilgan mahbuslarga jamiyatda oʻz oʻrnini topishga yordam beradigan hukumat yoki boshqa xizmatlar va tashkilotlar, imkoniyat va zarurat boʻlganda, bunday mahbuslar zarur hujjatlar va shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar olishi, munosib turar joy va ish topishi, mazkur iqlim va yil fasli uchun mos va yetarli kiyim-kechakka hamda zarur joyga borish uchun va ular ozod etilgandan keyingi bevosita davri mobaynida yashashga yetarli mablagʻga ega boʻlishi haqida gʻamxoʻrlik qilishi kerak.
2. Shunday tashkilotlarning akkreditatsiyadan oʻtgan vakillari qamoqxona muassasalariga va undagi mahbus shaxslarning oldiga tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Ular bilan mahbuslarning qamoq muddati boshlangan vaqtdan boshlab ularning kelgusi hayoti istiqbollari haqida maslahatlashish lozim.
3. Bunday tashkilotlarning ishidan mumkin qadar samarali foydalanishni taʼminlash uchun ularning faoliyatini mumkin qadar markazlashtirish yoki muvofiqlashtirish asosida amalga oshirilishi lozim.
B. RUHIY KASALLIKLARI VA/YOKI SOGʻLIGʻI OGʻIR HOLATDA BOʻLGAN MAHBUSLAR
109-qoida
1. Jinoiy javobgarlikka tortilmagan deb topilgan yoki keyinchalik jiddiy ruhiy kasalliklar va/yoki sogʻligʻi holatining ogʻirligi tashxisi qoʻyilgan, ular uchun qamoqxonada boʻlish ularning ahvoli yomonlashishini anglatadigan mahbuslarni qamoqxona muassasalarida saqlamaslik lozim va ularni imkon qadar tezroq ruhiy kasalliklar shifoxonalariga oʻtkazish choralarini koʻrish kerak.
2. Zarurat boʻlgan hollarda, jiddiy ruhiy kasalliklar va/yoki sogʻligʻi holati ogʻir boʻlgan boshqa mahbuslar maxsus muassasalarda malakali tibbiyot mutaxassislari nazorati ostida boʻlishi va davolanishi mumkin.
3. Tibbiy xizmat bunday davolanishga muhtoj boʻlgan barcha boshqa mahbuslarga psixiatriya davolanishini taʼminlashi kerak.
110-qoida
Vakolatli muassasalar bilan kelishilgan holda, agar zarurat boʻlsa, ozod etilgan mahbuslarga psixiatriya yordamini koʻrsatish, shuningdek ularga ijtimoiy-psixiatrik homiylik qilish choralarini koʻrish lozim.
S. QAMOQQA OLINGAN YOKI SUD JARAYONINI KUTAYOTGAN SHAXSLAR
111-qoida
1. Jinoyat sodir qilishda ayblov boʻyicha qamoqqa olingan yoki qamoqda saqlanayotgan, politsiya uchastkalarida yoki qamoqxona muassasalarida (tergov izolyatorlarida) saqlanayotgan, lekin sudga hali chaqirilmagan va sudlanmagan shaxslar “tergov ostidagi” mahbuslar deb ataladi.
2. Tergov ostidagi mahbuslar aybsiz deb hisoblanadi va ular bilan tegishli muomalada boʻlish lozim.
3. Shaxsning erkinligini himoya qilishga yoki tergov ostidagi mahbuslar bilan muomala qilish tartib-taomiliga oid qonun normalariga rioya qilishga toʻsqinlik qilmasdan, bu mahbuslarga quyidagi qoidalarda bayon qilingan alohida tartib qoʻllanilishi kerak va faqat ushbu tartibning asosiy talablari quyida tavsiflangan.
112-qoida
1. Tergov ostidagi mahbuslarni mahkumlardan alohida saqlash kerak.
2. Tergov ostida boʻlgan yosh mahbuslarni kattalardan alohida va, umuman, alohida muassasalarda saqlash lozim.
113-qoida
Tunda tergov ostidagi mahbuslarni alohida xonalarga bittadan joylashtirish lozim, bunda iqlim sharoitlari bilan izohlanadigan mahalliy xususiyatlarni hisobga olish kerak.
114-qoida
Agar bu tegishli muassasa tartibini buzmasa, tergov ostidagi mahbuslarga, agar ular buni xohlasa, oʻz mablagʻlari hisobidan qamoqxona maʼmuriyati organlari yoki oʻzlarining oila aʼzolari yoxud doʻstlari orqali tashqaridan ovqat olishlariga ruxsat berilishi mumkin. Aks holda, mahbusning ovqatlanishini maʼmuriyat taʼminlaydi.
115-qoida
Tergov ostidagi mahbuslar oʻz kiyimini, agar toza saqlasa va kiyinish odobiga rioya qilsa, kiyish huquqiga egadir. Agar tergov ostidagi mahbus qamoqxona kiyimini kiysa, u mahkumlarning kiyimidan farq qilishi kerak.
116-qoida
Tergov ostidagi mahbuslarga har doim mehnat qilish imkoniyati taqdim etilishi lozim, ammo ish ularning majburiyatiga kirmaydi. Agar bunday mahbus ishlashga qaror qilsa, uning mehnatiga haq toʻlanishi kerak.
117-qoida
Barcha tergovdagi mahbuslar oʻz mablagʻlariga yoki uchinchi shaxslar hisobiga kitob, gazetalar, yozish ashyolari va vaqt oʻtkazish imkonini beradigan boshqa buyumlarni, agar ular odil sudlovni amalga oshirish manfaatlariga, xavfsizlik talablariga va tegishli muassasada qabul qilingan tartibga mos kelsa, sotib olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
118-qoida
Tergov ostidagi mahbuslarga qamoqxonada boʻlish vaqtida oʻz shifokori yoki tish shifokori xizmatidan foydalanishga, agar bu haqdagi iltimos oqlangan boʻlsa va ular bu bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlay olsalar, ruxsat berilishi lozim.
119-qoida
1. Har bir tergov ostidagi mahbus ushlab turilishi sabablari va oʻziga taqdim etilayotgan har qanday ayblovlar haqida tez xabardor boʻlish huquqiga ega.
2. Agar tergov ostidagi mahbusning oʻz tanlovi boʻyicha advokati boʻlmasa, odil sudlov manfaatlari talab qilgan barcha hollarda va, agar tergov ostidagi mahbus yetarli pul mablagʻlarga ega boʻlmasa, tergov ostidagi mahbus tomonidan qandaydir haq toʻlamasdan, uning sud yoki boshqa organ tomonidan tayinlangan advokatga oid huquqi boʻlishi kerak.
120-qoida
1. Tergov ostidagi mahbusning oʻzini himoya qilish maqsadida advokat yoki yuridik yordam koʻrsatadigan shaxsdan foydalana olishini tartibga soladigan huquqlar va shartlar 61-qoidada koʻrsatilgan prinsiplar bilan tartibga solinadi.
2. Tergov ostidagi mahbusga uning talabiga koʻra oʻz himoyasi bilan bogʻliq hujjatlarni, shu jumladan uning advokati yoki yuridik yordam koʻrsatadigan shaxsga maxfiy yoʻriqnomalar tayyorlash uchun yozish ashyolari taqdim etilishi kerak.
D. FUQAROLIK ISHLARI BOʻYICHA MAHBUSLAR
121-qoida
Qonun qarz majburiyatlari bajarilmaganligi uchun yoki sudning har qanday jinoiy boʻlmagan ishlar munosabati bilan koʻrsatmasi boʻyicha qamoqda saqlashga ruxsat berilgan davlatlarda bunday tartibda qamoqqa olingan shaxslarga ishonchli nazorat va tegishli tartibni saqlash uchun zarur boʻlgan talablardan koʻra katta cheklovlar qoʻyilmasligi yoki ular bilan keskinroq muomala qilinmasligi lozim. Bunday shaxslar bilan muomala qilish tergov ostidagi mahbuslarga qilinadigan muomaladan yumshoqroq boʻlmasligi kerak, ammo farq shundaki, ularning mehnati majburiy boʻlishi mumkin.
E. AYBLOV TAQDIM ETILMASDAN QAMOQQA OLINGAN YOKI QAMOQDA SAQLASH QOʻLLANILGAN SHAXSLAR
122-qoida
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 9-moddasi qoidalariga zarar yetkazmasdan ayblovni taqdim etmasdan qamoqqa olingan yoki qamoqda saqlash qoʻllanilgan shaxslarga ushbu qoidalarning I qismi hamda II qismning S boʻlimi boʻyicha shaxslarga beriladigan aynan oʻsha himoya beriladi. Ushbu qoidalarning II qismi A boʻlimining tegishli qoidalari, ularning qoʻllanilishi qamoqqa joylashtirilgan ushbu alohida guruh shaxslariga foyda keltirishi mumkin boʻlgan hollarda, agar qandaydir jinoyat uchun sudlanmagan shaxslarga nisbatan tuzatish yoki qayta tarbiyalash uslublari qoʻllanilishini nazarda tutuvchi choralar koʻrilmasa, qoʻllaniladi.
(Imzolar)
