Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (49-son)
29.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mehnat resurslari, bandlik va aholini ishga joylashtirishni har tomonlama tahlil qilish hamda sifatli va xolisona baholash, ayniqsa, mehnat bozoriga ilk bor kirib keluvchi mehnatga layoqatli yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasini Maxsus elektron platforma (keyingi oʻrinlarda — Platforma) orqali shakllantirish hamda Platformani Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan maʼlumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
kadrlarga boʻlgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining oʻzgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan taʼminlashni inobatga olgan holda, Platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat buyurtmasini shakllantirishda maʼlumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
ish beruvchilarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yoʻnalishlarni aniqlash.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda 2025-yildan boshlab 4 yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga har yili 1-mayga qadar kiritishni taʼminlasin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yil 1-aprelga qadar oʻzlariga tegishli boʻlgan elektron maʼlumotlar bazalari “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasi orqali Platformaga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Bunda:
integratsiya qilinadigan maʼlumotlar bazalari roʻyxatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari bilan kelishgan holda shakllantiradi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Axborot texnologiyalari markazi” davlat unitar korxonasi Platformani ishga tushirish bilan bogʻliq texnik jarayonlarni amalga oshirish, Platforma ishtirokchilari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshirish va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha masʼul hisoblanadi.
6. Belgilansinki, oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirishda Platformaga quyidagi maʼlumotlar kiritib boriladi:
a) Soliq qoʻmitasi tomonidan:
iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band boʻlgan aholi soni (iqtisodiy faoliyat turlari va hududlar kesimida);
davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining oʻqishni tamomlagandan soʻng rasman bandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (faoliyat turlari kesimida);
b) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud boʻsh ish oʻrinlari, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bandlik darajasi haqida;
v) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va oliy taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida;
g) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarini ishga tushirish hisobidan kelgusi yillarda yuzaga kelishi kutilayotgan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj haqida;
d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari hamda hududning rivojlanish istiqbollarini inobatga olgan holda, kelgusi yillarda yuzaga kelishi kutilayotgan kadrlarga boʻlgan talab toʻgʻrisida;
e) respublika va mahalliy ijro etuvchi hOkimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan oʻz tizimlarida kelgusi yillarda yuzaga kelishi kutilayotgan kadrlarga boʻlgan talab toʻgʻrisida.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat ulushi mavjud boʻlmagan yirik ish beruvchi korxonalarni ularning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash maqsadida Platformaga ulash boʻyicha targʻibot ishlarini amalga oshirsin.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ikki oy muddatda respublika boʻyicha aholi bandligi, boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritish, mehnat bozoriga kirib keluvchi yoshlarning hududlar kesimida ish bilan bandligini taʼminlab borish boʻyicha mavjud mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-yanvar,
49-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 49-son qaroriga ILOVA
Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oliy taʼlim uchun oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat buyurtmasi — iqtisodiyot tarmoqlarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talabidan kelib chiqib, davlat granti koʻrinishida ajratiladigan kadrlarga boʻlgan buyurtma;
kadrlarga boʻlgan ehtiyoj — iqtisodiyot tarmoqlarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talabi;
kadrlar buyurtmachisi — kelgusi yillarda oʻz tizimini kadrlar bilan taʼminlash uchun buyurtma beruvchi tashkilot;
Platforma — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritiladigan, davlat buyurtmasini shakllantirishda maʼlumotlarni jamlash, qayta ishlash imonini beruvchi raqamlashtirilgan maxsus elektron dastur;
tabiiy ketish koeffitsiyenti — soha yoki tarmoqda har yili tabiiy sabablarga koʻra (pensiyaga chiqish, vafot etish, koʻchib ketish va boshqalar) yuzaga keladigan kadrlar qoʻnimsizligi koʻrsatkichi.
3. Oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyoj yuzasidan tegishli tahlillar oʻtkazish, oliy taʼlim tashkilotida mehnat bozorining oʻzgaruvchan talablariga moslashuvchan kadrlarni tayyorlash imkoniyatini oʻrganish hamda ish beruvchilarning talablariga mos kadrlarni tayyorlash uchun real ehtiyojni shakllantirish oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
2-bob. Oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyojni aniqlash tartibi
4. Oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj Platforma orqali aniqlanadi.
5. Platformada quyidagi maʼlumotlar shakllantiriladi:
iqtisodiy faoliyat turlari kesimida iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band boʻlgan aholi soni;
faoliyat turlari kesimida davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining oʻqishni tamomlagandan soʻng rasman bandligi;
mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud boʻsh ish oʻrinlari, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bandlik darajasi;
respublikada faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat hamda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari bitiruvchilari soni;
oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida mavjud quvvatlar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va oʻqitish uchun moddiy-texnika bazasi.
Shakllantirilgan maʼlumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta ishlab boriladi.
6. Oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq shakllantiriladi.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Platformaga “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” axborot tizimini integratsiya qiladi hamda har oʻquv yili yakuni boʻyicha 3 oy muddatda talabalar va oliy taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni berib boradi.
8. Soliq qoʻmitasi:
har yili 1-martga qadar Platformaga iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band boʻlgan aholi soni (iqtisodiy faoliyat turlari va hududlar kesimida) toʻgʻrisida;
har yili 10-martga qadar Platformaga davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining oʻqishni tamomlagandan soʻng rasman bandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (faoliyat turlari kesimida) kiritadi.
9. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili 15-martga qadar Platformaga mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud boʻsh ish oʻrinlari, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bandlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi har yili 1-martga qadar yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarini ishga tushirish hisobidan kelgusi yillarda yuzaga kelishi kutilayotgan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.
11. Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 15-martga qadar Platformaga ish beruvchilarning oʻz tizimlarida hamda tegishli hududda kelgusi yillarda yuzaga kelishi kutilayotgan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj boʻyicha maʼlumotlarni kiritadi.
12. Shakllantirilgan maʼlumotlar asosida aniqlangan oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlarida har 4 yilda davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda foydalaniladi va vazirlik rasmiy veb-saytiga joylashtirilib boriladi.
13. Davlat buyurtmasini shakllantirishda kadrlarga boʻlgan umumiy ehtiyoj ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar kesimida quyidagicha aniqlanadi:
iqtisodiyot tarmoqlari kesimida mavjud oliy maʼlumotli kadrlar hamda sohalarning rivojlanish strategiyalari boʻyicha kelgusi yillarda yaratiladigan ish oʻrinlari va uzoq muddat (1 yildan ortiq) davomida boʻsh turgan boʻsh ish oʻrinlarini toʻldirish uchun zarur boʻlgan kadrlar soni aniqlanadi;
hududlar kesimida ijtimoiy soha va boshqa budjet tashkilotlarini barqaror ravishda kadrlar bilan taʼminlab borish uchun zarur boʻlgan kadrlar soni aniqlanadi.
Bunda sohalar boʻyicha amalda faoliyat yuritayotgan kadrlar tahlili oʻtkazilib, har bir soha boʻyicha tabiiy ketish koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
Buning uchun quyidagi formuladan foydalaniladi:
ST = R + L + V + (MK*Tk)
ST — soha kesimida kadrlarga boʻlgan umumiy ehtiyoj;
R — rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish orqali yaratiladigan yangi ish oʻrinlari;
L — yangi loyihalar (yangi filiallar, muassasalar tashkil etilishi) orqali hududlarda tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlari;
V — uzoq muddat (1 yildan ortiq) davomida boʻsh ish oʻrinlari;
MK — tarmoqda amalda band boʻlgan kadrlar soni;
Tk — sohaviy xususiyatlar va mavjud kadrlar tarkibidan kelib chiqib qoʻllaniladigan tabiiy ketish koeffitsiyenti.
Aniqlangan soha talabi asos sifatida olinib, makroiqtisodiy tahlillar oʻtkaziladi, bunda:
tegishli soha boʻyicha hududlar kesimida amalda oʻqiyotgan talabalar va bitiruvchilar soni;
mehnat bozorida tegishli soha boʻyicha mavjud boʻsh ish oʻrinlari, ishsiz hisoblangan kadrlar va ish oʻrinlarining oʻsishi (yoki qisqarishi) tendensiyalari oʻrganib chiqilib, sohaviy umumiy talabga tegishli tuzatishlar kiritiladi va tarmoqlarning oʻrta muddatdagi real ehtiyoji aniqlanadi.
Bunda:
RST = ST — T — Is
RST — sohaning oʻrta muddatdagi (4 yillik davr uchun) kadrlarga boʻlgan real ehtiyoji;
ST — soha kesimida kadrlarga boʻlgan umumiy ehtiyoj;
T — OTMlarda amalda kadrlarga boʻlgan talab aniqlanayotgan yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olayotgan talabalar soni (hududlar kesimida aniqlanadi);
Is — mehnat bozorida kadrlarga boʻlgan talab aniqlanayotgan yoʻnalishlar boʻyicha mos boʻlgan diplomga ega ishsizlar soni.
14. Sohalar boʻyicha ehtiyoj umumlashtirilib, oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasi shakllantiriladi.
Bunda har yili umumiy aniqlangan ehtiyojning 25 foizidan kam boʻlmagan qismiga davlat buyurtmasi belgilanadi.
15. Davlat buyurtmasi asosida kadrlar davlat granti asosida tayyorlanadi.
Mehnat bozorini kadrlar bilan taʼminlashda barqarorlikni taʼminlash maqsadida shakllantirilgan ehtiyoj 4 yillik davrda qoplanishi koʻzda tutiladi.
4 yillik davrga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha umumiy parametrlar shakllantirilib, har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda tegishli tuzatish kiritib boriladi.
16. Davlat buyurtmasini shakllantirishda umumiy aniqlangan ehtiyojdan quyidagilarga ustuvorlik berilgan holda unga tegishli tuzatishlar (koʻpaytirish/kamaytirish) kiritiladi:
taʼlim va tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan toʻldirish;
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan loyihalarni kadrlar bilan taʼminlash;
hududlarda sanoat, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohalarini kadrlar bilan toʻldirish;
energetika, kimyo, avtomobilsozlik kabi strategik sohalarda kadrlar yetishmovchiligining oldini olish.
17. Davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Mazkur Nizom asosida shakllantirilgan maʼlumotlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portalida eʼlon qilib boriladi.
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyojni aniqlashda maʼlumotlarni shakllantirish va jamlash
SXEMASI
