Xotin-qizlarning pillachilik sohasidagi bandligini bosqichma-bosqich taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (46-son)
29.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda pillachilikni yanada rivojlantirish, sohada ishlash istagida boʻlgan aholini, shu jumladan, xotin-qizlarni qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitish va ularning ushbu sohada bandligini taʼminlash orqali qishloq joylarida aholining farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kuyidagilar:
Xotin-qizlarni pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitish va ularni sohaga jalb qilishning asosiy parametrlari (keyingi oʻrinlarda — asosiy parametrlar) 1-ilovaga muvofiq;
Xotin-qizlarni pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitish va ularning sohada bandligini bosqichma-bosqich taʼminlash tizimini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.
2. Belgilansinki:
asosiy parametrlar doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar 2025-yilda Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
asosiy parametrlarga muvofiq qisqa muddatli oʻquv kurslarini tamomlagan xotin-qizlarning bandligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 3-maydagi PF-72-son Farmoniga muvofiq ustuvor ravishda 105 ming gektar yer maydonida yangi tutzorlar barpo etish va dala chetlarida yangi tut koʻchatlari ekish hisobiga hamda pillachilik klasterlari, ipak qurti urugʻchiligi korxonalari, pillachilik va tutchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklariga mavsumiy hamda doimiy ishlarga qabul qilish orqali taʼminlanadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda xotin-qizlarning pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish uchun 3-ilovaga muvofiq binolardan vaqtinchalik joy ajratish choralarini koʻrsin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xitoy, Vyetnam, Hindiston va Yaponiya davlatlaridan ipakchilik sohasidagi mutaxassislarni xotin-qizlarning pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslariga jalb qilish choralarini koʻrsin.
Bunda chet ellik mutaxassislarning bevosita yoki videokonferensaloqa orqali ishtiroki taʼminlanadi.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda pillachilik sohasida band boʻlgan fuqarolarning maʼlumotlari “yangiish.mehnat.uz” platformasiga kiritib borilishini taʼminlasin.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi asosiy parametrlarga muvofiq pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarini tamomlagan xotin-qizlarning doimiy va mavsumiy ishlarga qabul qilinganligi hisobini “yangiish.mehnat.uz” platformasi orqali yuritsin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
a) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ipak qurti parvarishi bilan shugʻullanuvchi kasanachilarning ijtimoiy daftarlarda boʻlishi hamda ushbu fuqarolarning ijtimoiy nafaqalarini saqlash tartiblari yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston sharoitiga mos, chidamli va unumdorligi yuqori mahalliy ipak qurti zotlarini yaratish uchun xorijiy grantlarni jalb qilish;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ipak sanoati rivojlangan xorijiy davlatlarning tadbirkorlik birlashmalari (uyushmalari) bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish choralarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z.B. Maxkamova hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-yanvar,
46-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 46-son qaroriga 1-ILOVA
Xotin-qizlarni pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitish va ularni sohaga jalb qilishning
ASOSIY PARAMETRLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 46-son qaroriga 2-ILOVA
Xotin-qizlarni pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitish va ularning sohada bandligini bosqichma-bosqich taʼminlash tizimini tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 46-son qaroriga 3-ILOVA
Xotin-qizlarning pillachilik sohasida qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish uchun vaqtinchalik ajratiladigan oʻquv joyi manzilining
ROʻYXATI
