Sudyalar axloqining bangalor prinsiplari
26.11.2002
Har bir inson, uning huquqlari va burchlarini belgilash va unga qoʻyilgan jinoiy aybning nechogʻli asoslanganligini aniqlash uchun, batamom tenglik sharoitida, oʻz ishi oshkora, adolatning barcha talablariga rioya etilib, mustaqil va xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqiga egaligini asosiy prinsip sifatida eʼtirof etgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini eʼtiborga olib,
Barcha fuqarolar sudlar oldida tengligi, har bir shaxs oʻziga qoʻyilayotgan har qanday jinoiy ayblov koʻrib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida, mazkur ish qonunga muvofiq tuzilgan malakali, mustaqil va xolis sud tomonidan adolatli hamda oshkora koʻrib chiqilishi huquqiga egaligini kafolatlaydigan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktni eʼtiborga olib,
Yuqorida koʻrsatilgan asosiy prinsiplar va huquqlar, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha mahalliy aktlar, milliy konstitutsiyalar, statutli va umumiy huquqda, sudga oid urf-odatlar va anʼanalarda tan olinishi yoki oʻz aksini topishini eʼtiborga olib,
Sud organlarining malakaliligi, mustaqilligi va xolisligi inson huquqlarini himoya qilish masalasida katta ahamiyatga egaligi, chunki boshqa barcha huquqlarning amalga oshirilishi odil sudlovni tegishli ravishda roʻyobga chiqarilishiga bogʻliq ekanini eʼtiborga olib,
Sud organlarining malakaliligi, mustaqilligi va xolisligi sudlarning konstitutsiyaviylik va huquqiy tartibotni qoʻllab-quvvatlashdagi rolini bajarishda katta ahamiyatga egaligini eʼtiborga olib,
Jamiyatning sud tizimiga, shuningdek, uning obroʻsi hamda sud organlarining maʼnaviyati, halolligi va vijdonliligiga oid masalalarga nisbatan ishonchi zamonaviy demokratik jamiyatda birinchi darajadagi ahamiyatga egaligini eʼtiborga olib,
Sudyalar jamiyat tomonidan oʻzlariga bildirilgan ishonch darajasini anglagan holda, yakka va jamoaviy tartibda, oʻz lavozimiga hurmat va sharaf bilan yondashishlari hamda ular sud tizimiga boʻlgan ishonchni qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarni ishga solishlari zarurligini eʼtiborga olib,
Sudyalar axloqiga doir yuksak andozalarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash har bir davlat sud organlarining bevosita majburiyati ekanini eʼtiborga olib,
Shuningdek, Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplari sud organlarining mustaqilligini taʼminlash va qoʻllab-quvvatlashga hamda asosan davlatlarga qaratilganini eʼtiborga olib,
Quyida sanab oʻtilgan prinsiplar sudyalar axloq qoidalarining andozalarini belgilash maqsadini oʻzida mujassam etadi. Ular sudyalarga dasturilamal sifatida foydalanish uchun hamda sud organlariga sudyalar axloqini belgilashning asosiy prinsiplari sifatida qoʻllanish uchun moʻljallangan. Bundan tashqari, ular ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari, advokatlar va umuman, jamiyat tomonidan odil sudlovni amalga oshirish jarayonini yanada yaxshi anglashi va qoʻllab-quvvatlashiga koʻmaklashishga qaratilgan. Mazkur prinsiplar sudyalar oʻz axloqi yuzasidan sud andozalarini qoʻllab-quvvatlash uchun tuzilgan, xolis va mustaqil ravishda harakat qiladigan, sudyalarga aloqador axloqqa doir amaldagi meʼyorlar va qoidalar ahamiyatini kamaytirish emas, balki oshirish maqsadida faoliyat yuritadigan tegishli organlarga hisobdor ekanini nazarda tutadi.
1-koʻrsatkich: Mustaqillik
Prinsip
Sud organlarining mustaqilligi huquq-tartibotni taʼminlashning omili hamda sudda ishning odil hal etilishining asosiy kafolatidir. Demak, sudya sud organlarining mustaqilligi prinsipini uning yakka tartibdagi va institutsional jihatlarida himoya qilishi va roʻyobga chiqarishi lozim.
Qoʻllanilishi
1.1. Sudya oʻzining suddagi vazifasini mustaqil, faqat faktlarni baholash asosida, huquqni ongli ravishda tushunishga muvofiq, har qanday tashqi taʼsir, daʼvat, bosim, tahdid yoki har qanday tomondan amalga oshiriladigan va har qanday maqsadlarni koʻzlaydigan bevosita yoki bilvosita aralashuvdan qatʼi nazar, bajarishi lozim.
1.2. Sudya umuman jamiyatga hamda u qaror chiqarishi lozim boʻlgan sud ishining muayyan tomonlariga nisbatan mustaqil pozitsiyani saqlab qoladi.
1.3. Sudya nafaqat lavozimga mos kelmaydigan har qanday oʻzaro munosabatlarni yoki hokimiyatning ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi tarmoqlari tomonidan taʼsirni istisno etadi, balki, hatto tashqi kuzatuvchiga ham aniq boʻlishi uchun buni qiladi.
1.4. Ish boʻyicha qaror sudyaning oʻzi tomonidan qabul qilinishi lozim boʻlgan hollarda u sud tarkibidagi boshqa hamkasblarining fikridan mustaqil ravishda harakat qiladi.
1.5. Sudya sudyalarning institutsional va operativ mustaqilligini saqlab qolish va yuksaltirish maqsadida sudyalarning oʻz majburiyatlarini bajarishi kafolatlarini himoya qiladi hamda qoʻllab-quvvatlaydi.
1.6. Sudya sud organlarining mustaqilligini qoʻllab-quvvatlash uchun birinchi darajali ahamiyatga ega boʻlgan sud organlariga jamiyatning ishonchini mustahkamlash maqsadida sudyalarning axloqiga doir yuqori standartlarini namoyish etadi va ragʻbatlantiradi.
2-koʻrsatkich: Xolislik
Prinsip
Sudyaning xolisligi u oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishining shartidir. Xolislik nafaqat chiqarilayotgan qaror mazmunida, balki uni qabul qilishda kechadigan barcha protsessual harakatlarda namoyon boʻladi.
Qoʻllanilishi
2.1. Sudya oʻz majburiyatlarini bajarishda har qanday afzal koʻrishlar, soxta fikrlar yoki taxminiylikdan xolidir.
2.2. Sudyaning sud majlisi davomida va suddan tashqaridagi axloqi jamiyat, yuridik kasb vakillari va sud jarayoni tomonlarining sudya va sud organlarining xolisligiga ishonchini qoʻllab-quvvatlash va oshirishga xizmat qilishi lozim.
2.3. Sudya oʻzini sud majlislarida ishtirok etish va sud ishlari boʻyicha qarorlar chiqarish huquqidan mahrum etishga sabab boʻladigan harakatlarni qilishdan imkon qadar oʻzini cheklashi darkor.
2.4. Ishni (koʻrib chiqilishi avvaldan maʼlum boʻlgan yoki faqat taxmin qilinayotgan) koʻrib chiqish oldidan sudya vaziyatga oqilona baho berishdan kelib chiqib, shu ishning yakuniga qandaydir taʼsir qilishi yoki jarayonning adolatli amalga oshirilishini shubha ostiga qoʻyishi mumkin boʻlgan har qanday sharhlardan oʻzini tiyadi. Sudya oshkora yoki boshqa sharhlardan oʻzini tiyadi, aks holda bu qandaydir shaxs yoki masalaga nisbatan ishning xolisona koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.
2.5. Sudya ish boʻyicha xolis qaror chiqarishning imkoni yoʻq, deb oʻylagan, yoki, chetdagi kuzatuvchida sudyaning xolisligi haqida shubhalar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan hollarda, u ishni koʻrib chiqishda ishtirok etishdan oʻzini chetga oladi. Quyida shunday hollarning ayrim misollari sanab oʻtilgan:
2.5.1. sudyada tomonlarning biriga nisbatan soxta fikr yoki taxminiy munosabat shakllansa yoki sudyaga uning shaxsiy manbalari orqali koʻrilayotgan ishga aloqador qandaydir isbotlovchi dalillar maʼlum boʻlsa;
2.5.2. avval bahsning aynan shu predmetini koʻrib chiqishda sudya advokat sifatida ishtirok etgan yoki muhim guvoh sifatida jalb qilingan boʻlsa; yoki
2.5.3. sudya yoki uning oila aʼzolari koʻrilayotgan ishning natijasidan moddiy manfaatdor boʻlsa. Ushbu ishni koʻrib chiqish uchun boshqa sud tayinlanishining iloji boʻlmagan holda yoki ishning shoshilinch xususiyatga ega ekani, uni hal qilishni kechiktirish sudning jiddiy xatosiga olib kelishi mumkinligi sharoitida sudya ishni koʻrib chiqishda ishtirok etishidan chetlashtirilishi mumkin emas.
3-koʻrsatkich: Halollik va vijdonlilik
Prinsip
Halollik va vijdonlilik sudyaning oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishining zarur shartlaridir.
Qoʻllanilishi
3.1. Sudya hatto chetdan kuzatuvchining nazarida ham benuqson axloqni namoyish etadi.
3.2. Sudyaning harakat tarzi va axloqi jamiyatning sud organlari halolligi va vijdonligiga ishonchini qoʻllab-quvvatlashi lozim. Shunchaki odil sudlovni amalga oshirish yetarli emas, buni jamiyat uchun oshkora qilish lozim.
4-koʻrsatkich: Axloq meʼyorlariga rioya etish
Prinsip
Axloq meʼyorlariga rioya etish, bunga amal qilishni namoyish etish sudyalar faoliyatining ajralmas qismidir.
Qoʻllanilishi
4.1. Sudya oʻz lavozimi bilan bogʻliq har qanday harakatlarni amalga oshirishda notoʻgʻri axloq koʻrinishlariga yoʻl qoʻymasdan, axloq meʼyorlariga rioya etadi.
4.2. Jamoatchilik tomonidan doimiy eʼtibor sudyalar zimmasiga qator cheklovlarni yuklaydi; va, oddiy fuqaroga bunday cheklovlar qiyinchilik tugʻdiradigandek tuyulishiga qaramay, sudya ularni ixtiyoriy ravishda va chin koʻngildan qabul qiladi. Xususan, sudyaning axloqi lavozimining yuksak martabasiga mos boʻlishi lozim.
4.3. Sudya ishni koʻrib chiqayotgan sudda doimiy faoliyat yuritadigan advokatlar bilan oʻzaro shaxsiy munosabatlarda oʻzida soxta fikrlar yoki taxminiy munosabat mavjudligi haqida shubha yoki tasavvur tugʻdirishi mumkin boʻlgan vaziyatlardan ehtiyot boʻladi.
4.4. Sudya oʻzining oila aʼzolaridan biri ishning qaysidir tomoni vakili sifatida ishtirok etsa yoki ishga boshqacha tarzda aloqador boʻlsa, ishni koʻrishda ishtirok etmaydi.
4.5. Sudya oʻz turar joyini mijozlarni qabul qilish yoki hamkasblar bilan uchrashish uchun boshqa advokatlarga taqdim etmaydi.
4.6. Sudyaga, har qanday boshqa fuqaroga boʻlgani kabi, din erkinligi, yigʻin va birlashmalarda ishtirok etish erkinligi kafolatlanadi, ammo bu huquqlarni amalga oshirishda u doimo sudyalik yuksak rutbasini saqlash haqida qaygʻuradi hamda sud organlarining xolisligi va mustaqilligiga mos kelmaydigan harakatlarga yoʻl qoʻymaydi.
4.7. Sudya oʻzining maxfiy xususiyatdagi shaxsiy va moddiy manfaatlarini bilishi hamda oʻz oilasi aʼzolarining moddiy manfaatlari toʻgʻrisidagi axborotga ega boʻlish uchun oqilona choralar koʻrishi lozim.
4.8. Sudya oʻz oilasi aʼzolarining ijtimoiy va boshqa oʻzaro munosabatlarga, uning sudyalik vazifalarini bajarish bilan bogʻliq harakatlariga nisbatan hamda sud qarorlarini qabul qilishiga notoʻgʻri taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
4.9. Sudya oʻz lavozimi mavqeyidan sudyalarning, ular oila aʼzolari va har qanday boshqa shaxslarning shaxsiy manfaatlariga erishish uchun foydalanishi yoki foydalanishga ruxsat berishga haqli emas. Sudya oʻz vakolatlarini amalga oshirishda kimdir notoʻgʻri taʼsir koʻrsatishiga olib kelishi mumkin harakatlarni qilmasligi yoki boshqa shaxslarga shunday harakat qilishga yoʻl qoʻymasligi kerak.
4.10. Lavozimi munosabati bilan sudyaga maʼlum boʻlgan maxfiy maʼlumot oʻz majburiyatlarini bajarishga doir har qanday boshqa maqsadlarda ishlatilishi yoki boshqalarga oshkor etilishi mumkin emas.
4.11. Oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishi sharoitida sudya quyidagilarni qilishga haqli:
a) adabiy, pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish, maʼruzalar oʻqish, huquq, qonunchilik, odil sudlovni amalga oshirish va boshqa shunga oʻxshash masalalar bilan bogʻliq faoliyatda ishtirok etish;
b) ishlarni oshkora koʻrishda rasmiy organ oldida huquq, qonunchilik, odil sudlovni amalga oshirish va boshqa shunga oʻxshash masalalarga doir savollar boʻyicha soʻzga chiqish;
s) rasmiy organ, hukumat qoʻmitasi, komissiya, maslahat organida aʼzo boʻlish, agar bunday aʼzolik sudyaga xolis boʻlib qolish va siyosiy neytral pozitsiyani saqlab qolish imkonini bersa; yoxud
d) sudya lavozimining oliy rutbasiga mos boʻlgan hamda sudyalik majburiyatlarini bajarishga har qanday darajada toʻsqinlik qilmaydigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanish.
4.12. Sudyalik lavozimini egallab turgan davrda sudya yuridik amaliyot bilan shugʻullanishga haqli emas.
4.13. Sudya sudyalar uyushmalarini tuzish yoki ularga aʼzo boʻlish, sudyalar manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga aʼzo boʻlishga haqli.
4.14. Sudya va uning oila aʼzolari sudya oʻz lavozim majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan sodir etgan, sodir etmoqchi boʻlgan harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida har qanday sovgʻa, ssudalar, vasiyatlar yoki boshqacha shakldagi yordamni talab etish yoki qabul qilishga haqli emas.
4.15. Sudya sud xodimlari, shuningdek sudyaning taʼsiri, tobeligi yoki rahbarligi ostida boʻlgan boshqa shaxslarga, agar sudyaga bu oʻz lavozim majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan amalga oshirgan, oshirmoqchi boʻlgan vazifalari yoxud harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida roʻy berishi avvaldan maʼlum boʻlsa, har qanday sovgʻa, ssudalar, vasiyatlar yoki boshqacha shakldagi yordamni talab etish yoki qabul qilishga ruxsat berishga haqli emas.
4.16. Qonunda nazarda tutilgan taqiqlar yoki ommaviy oshkora fosh etish bilan bogʻliq boshqa qonuniy cheklovlar boʻlmasa, sudya, agar ular qandaydir tarzda ularning oʻz lavozim majburiyatlarini bajarishiga taʼsir koʻrsatmasdan qilingan boʻlsa yoki boshqa gʻarazli niyatlari boʻlmasa, tegishli hollarda esdalik sovgʻalari, mukofot va imtiyozlar olishga haqli.
5-koʻrsatkich: Tenglik
Prinsip
Sud majlisining barcha tomonlari uchun teng muomalada boʻlishni taʼminlash sudya oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishida birinchi darajali ahamiyatga ega.
Qoʻllanilishi
5.1. Sudya jamiyatning xilma-xilligi hamda turli manbalar, shu jumladan, boshqalar qatorida irqiy mansublik, tananing rangi, jins, din, milliy kelib chiqish, kasta, mehnatga layoqatsizlik, yosh, oilaviy ahvol, jinsiy moyillik, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va shunga oʻxshash boshqa sabablardan (“ishga aloqador boʻlmagan asoslar”) kelib chiqadigan farqlarni anglashi va tasavvur qilishi kerak.
5.2. Oʻz majburiyatlarini bajarishda sudya ishga aloqador boʻlmagan sabablarga koʻra, har qanday shaxs yoki shaxslar guruhiga nisbatan soʻzi yoki muomalasida tarafkashlik yoki soxta fikr munosabatini namoyish etmasligi lozim.
5.3. Sudya suddagi vazifalarni barcha shaxslar, xususan, sud ishi tomonlari, guvohlar, advokatlar, sud xodimlari va sud tarkibidagi hamkasblarining manfaatlarini tegishli tarzda hisobga olgan holda, bunday vazifalarni lozim darajada bajarish uchun ahamiyatsiz, ishga aloqador boʻlmagan asoslardan kelib chiqib ajratmasdan bajaradi.
5.4. Sudya ongli ravishda sud xodimlari yoki sudyaning taʼsiri, tobeligi yoki rahbarligi ostida boʻlgan boshqa shaxslar sud tomonidan koʻrilayotgan ish boʻyicha koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan ishga taalluqli boʻlmagan har qanday asoslarda tabaqalashtirilgan yondashuvga yoʻl qoʻymasligi kerak.
5.5. Sudya sud muhokamasida ishtirok etayotgan barcha advokatlardan soʻz yoki muomala orqali ishga taalluqli boʻlmagan asoslarda tarafkashlik yoki soxta fikr munosabatini namoyish qilishdan oʻzlarini tiyishlarini talab qiladi, sud muhokamasi predmeti uchun huquqiy ahamiyatga ega hamda qonuniy jihatdan oqlanishi mumkin boʻlgan holatlar bundan mustasno.
6-koʻrsatkich: Malakalilik va tirishqoqlik
Prinsip
Malakalilik va tirishqoqlik sudyaning oʻz majburiyatlarini bajarishining zarur shartlaridir.
Qoʻllanilishi
6.1. Sudyaning sudyalik vazifalari faoliyatning boshqa turlaridan ustundir.
6.2. Sudya oʻz kasbiy faoliyatini sudyalik vazifalarini bajarishga bagʻishlaydi, bu nafaqat sud muhokamasida sud va lavozim majburiyatlarini bajarish hamda qarorlar chiqarish, balki suddagi lavozim yoki sud faoliyatiga aloqador boʻlgan boshqa vazifalarni ham oʻz ichiga oladi.
6.3. Sudya oʻz bilimlarini saqlash va kengaytirish, amaliy tajribasi va oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarishda zarur boʻlgan shaxsiy fazilatlarini takomillashtirish uchun oqilona choralar koʻradi, bu maqsadda oʻquv vositalari hamda sudlov nazorati sharoitida sudyalar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlardan foydalanadi.
6.4. Sudya xalqaro qonunchilikdagi tegishli oʻzgarishlardan, jumladan, inson huquqlariga nisbatan amal qiladigan normalarni belgilaydigan xalqaro konvensiyalar va boshqa hujjatlardan xabardor boʻlishi kerak.
6.5. Sudya oʻzining barcha majburiyatlarini, jumladan, kechiktirilgan qarorlar chiqarishda oqilona, adolatli va muayyan tezlik bilan bajaradi.
6.6. Sudya barcha sud muhokamalarida tartibni saqlaydi va odob-axloq qoidalariga rioya qiladi hamda oʻzini sud majlisining tomonlari, maslahatchilar, guvohlar, advokatlar va sudya rasmiy ravishda muloqot qiladigan boshqa shaxslarga nisbatan sabrli, munosib va xushmuomala munosabatda boʻladi. Sudya tomonlarning qonuniy vakillari, sud xodimlari hamda sudya taʼsiri, unga boʻysinuvchi yoki nazorati ostida boʻlgan boshqa shaxslardan ham xuddi shunday muomalani talab qilishi kerak.
6.7. Sudya sud vazifalarini tirishqoqlik bilan bajarishga mos kelmaydigan faoliyat bilan shugʻullanmasligi lozim.
Amaliyotga tatbiq etish
Sud lavozimining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, milliy sud organlari koʻrsatilgan prinsiplarni, agar bunday mexanizmlar ularning yurisdiksiyasi doirasida hali mavjud boʻlmasa, amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini yaratish uchun samarali choralarni koʻrishi lozim.
(imzolar)
