Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning kuch va oʻqotar qurol ishlatishining asosiy prinsiplari
07.09.1990
Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini va shu bois ushbu mansabdor shaxslarning mehnat sharoiti va ahvolini lozim darajada saqlash va zarur boʻlganda, yaxshilash lozimligini hisobga olib,
huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning hayoti va xavfsizligiga tahdid umuman jamiyatning barqarorligiga tahdid sifatida qaralishi lozimligini hisobga olib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlanganidek, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda tasdiqlanganidek, huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar insonning yashash, erkinlik va xavfsizlikka ega boʻlish huquqini himoya qilishda nihoyatda muhim oʻrin tutishini hisobga olib,
Mahbuslar bilan muomala qilishning standart minimal qoidalarida turmalarning xodimlari oʻz vazifalarini bajarish paytida kuch ishlatishlari mumkin boʻlgan holatlar nazarda tutilganligini hisobga olib,
Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar axloq kodeksining 3-moddasida huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar faqat oxirgi zarurat hollaridagina va oʻz vazifalarini bajarishlari uchun talab etilgan darajadagina kuch ishlatishlari mumkinligi haqida soʻz yuritilishini hisobga olib,
Italiyaning Varenne shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilish boʻyicha yettinchi kongressiga tayyorgarlik majlisida huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar kuch va oʻqotar qurol ishlatishini cheklash borasida kelajakda amalga oshiriladigan ishlar davomida koʻrib chiqiladigan elementlar kelishib olinganligini hisobga olib,
Yettinchi kongress oʻzining 14-son rezolyutsiyasida, jumladan huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning inson huquqlarini lozim darajada hurmat qilgan holda kuch va oʻqotar qurolni ishlatishi kerakligini taʼkidlaganligini hisobga olib,
Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash 1986-yil 21-maydagi 1986/10-son rezolyutsiyasining IX boʻlimida aʼzo-davlatlarga Kodeksni amalga oshirishda huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning kuch va oʻqotar qurol ishlatishi masalalariga alohida eʼtibor berishni taklif qilganligini, Bosh Assambleya esa oʻzining 1986-yil 4-dekabrdagi 41/149-son rezolyutsiyasida, jumladan, Kengashning ushbu tavsiyasini qoʻllab-quvvatlaganligini hisobga olib,
huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning shaxsiy xavfsizligiga lozim darajada eʼtibor qaratib, ularning odil sudlovni amalga oshirish, insonning yashash, erkinlikka va xavfsizlikka ega boʻlish huquqlarini himoya qilish, ularning davlat xavfsizligini va jamoat tartibini taʼminlash borasidagi vazifalari hamda malakalari, tayyorgarliklari va xulqining ahamiyati munosabati bilan ularning oʻrnini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligini hisobga olib,
hukumatlar quyida bayon etilgan hamda aʼzo-davlatlarga ularning huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning tegishli rolini bajarishini taʼminlash va bunda koʻmaklashishdan iborat vazifalarini bajarishlarida yordam koʻrsatish maqsadida ishlab chiqilgan Asosiy prinsiplarni eʼtiborga olishlari hamda oʻzlarining milliy qonunchiligi va amaliyoti doirasida rioya etishlari; hamda ushbu prinsiplarni huquqiy tartibni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarga, shuningdek boshqa shaxslar, xususan, sudyalar, prokuratura xodimlari, yuristlar, ijroiya hokimiyat va qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari va umuman aholiga maʼlum qilishlari lozim.
Umumiy qoidalar
1. Hukumatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning kuch va oʻqotar qurolni odamlarga qarshi ishlatishi toʻgʻrisidagi normalar va normativ qoidalarni qabul qiladi va amalga oshiradi. Bunday normalar va qoidalarni ishlab chiqishda hukumatlar va huquqni muhofaza qilish organlari kuch va oʻqotar qurol ishlatish bilan bogʻliq axloqiy masalalarni doimo hisobga oladi.
2. Hukumatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar iloji boricha kengroq vositalarni ishlab chiqadilar hamda huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarni kuch va oʻqotar qurolni tanlab qoʻllash imkonini beruvchi turli xil qurollar va oʻq-dorilar bilan taʼminlaydilar. Ular qatoriga zarur hollarda, odam oʻldirish yoki shikastlashga qodir boʻlgan vositalardan foydalanish sohalarini iloji boricha toraytirish maqsadida oʻlimga olib kelmaydigan, lekin zararsizlantiradigan turdagi qurollarni ishlab chiqish kiradi. Xuddi shu maqsadlarda har qanday turdagi quroldan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar oʻzlarini qalqon, dubulgʻa, oʻq teshmaydigan transport vositalari bilan taʼminlash imkoniyatlariga ega boʻlishlari zarur.
3. Begona shaxslarga ziyon yetishi xavfini iloji boricha kamaytirish hamda quroldan foydalanishga nisbatan qatʼiy nazoratni amalga oshirish uchun oʻlimga olib kelmaydigan, ammo zararsizlantiradigan qurol turlarini ishlab chiqish va qoʻllash haqidagi masalani puxta koʻrib chiqish lozim.
4. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar oʻz vazifalarini bajarishda iloji boricha ularni kuch yoki oʻqotar qurol ishlatishga majbur etmagunlaricha zoʻrlikka asoslanmagan vositalardan foydalanadilar. Ular faqat boshqa vositalar samarasiz boʻlgan yoki koʻzlangan natijaga erishish uchun hech qanday umid bermaydigan holatlardagina kuch va oʻqotar qurolni ishlatishlari mumkin.
5. Kuch yoki oʻqotar qurolni ishlatish muqarrar boʻlgan barcha holatlarda huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar:
a) bunday kuch ishlatishda vazmin boʻladilar hamda huquqbuzarlikning jiddiyligi va erishilishi lozim boʻlgan qonuniy maqsaddan kelib chiqib harakat qiladilar;
b) ziyon yetkazish va jarohatlash imkoniyatini iloji boricha kamaytiradilar va inson hayotini muhofaza qiladilar;
s) har qanday jarohatlangan yoki jabrlangan shaxsga eng qisqa muddatda tibbiy va boshqa yordam koʻrsatilishini taʼminlaydilar;
d) jarohatlangan va jabrlangan shaxslarning qarindoshlari yoki yaqin doʻstlari iloji boricha qisqa muddatda xabardor qilinishini taʼminlaydilar.
6. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning kuch yoki oʻqotar qurol ishlatishi jarohatlanishga yoki oʻlimga olib kelsa, 22-prinsipga muvofiq, ular bu haqda darhol yuqori turuvchi boshliqqa xabar beradilar.
7. Hukumatlar huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning kuch yoki oʻqotar qurolni oʻzboshimchalik bilan yoki gʻarazli maqsadda ishlatishlari ularning qonunlariga muvofiq jinoiy javobgarlik sifatida jazolanishlarini taʼminlaydi.
8. Ichki siyosiy beqarorlik kabi favqulodda vaziyatlar yoki boshqa har qanday favqulodda ijtimoiy hodisalar ushbu Asosiy prinsiplardan voz kechishni oqlay olmaydi.
Maxsus qoidalar
9. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar odamlarga qarshi oʻqotar qurolni ishlatmaydilar, oʻzlarini himoya qilish yoxud boshqa shaxslarni muqarrar oʻlim xavfidan yoki jiddiy shikastlanishdan himoya qilish hollari yoki oʻta ogʻir, hayot uchun katta xavf tugʻdiruvchi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish bunday xavf tugʻdiruvchi, ularning hokimiyatiga qarshilik koʻrsatuvchi shaxsni hibsga olish yoki uning qochishining oldini olish va uncha qatʼiy boʻlmagan choralar ushbu maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlmagan hollar bundan mustasno. Har qanday holda ham, hayotni himoya qilish uchun mutlaqo zarur boʻlgan taqdirdagina bila turib oʻlimga olib keladigan kuch ishlatilishi mumkin.
10. 9-prinsipda nazarda tutilgan holatlarda, huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar oʻzlarini shunday shaxslar sifatida tanishtiradilar va oʻqotar qurol ishlatishni moʻljallayotganligi haqida aniq ogohlantiradilar, ushbu ogohlantirishga javob qaytarilishi uchun yetarli vaqt beradilar; bunday harakatlar huquqiy tartibni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar uchun keraksiz xavf tugʻdirgan yoxud boshqa shaxslarga oʻlim yoki jiddiy ziyon yetkazish xavfini tugʻdirgan yoki yuzaga kelgan toʻqnashuv (mojaro) sharoitida nooʻrin yoki keraksiz ekanligi aniq boʻlgan hollar bundan mustasno.
11. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning oʻqotar qurol ishlatishlari haqidagi normalar va qoidalarga rahbariy prinsiplar kiradi. Ular:
a) huquqiy tartibni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning oʻqotar qurolni olib yurishga vakolatli boʻlgan holatlarni belgilaydi hamda oʻqotar qurol va oʻq-dorilarning ruxsat etilgan turlarini keltirib oʻtadi;
b) oʻqotar qurol tegishli sharoitlardagina va haddan tashqari ziyon yetkazish xavfini kamaytirishga imkon beradigan tarzdagina ishlatilishini taʼminlaydi;
s) haddan tashqari ogʻir jarohat yetkazadigan yoki oqlanmaydigan tavakkal manbai boʻlib xizmat qiladigan turdagi oʻqotar qurollarning ishlatilishini taqiqlaydi;
d) oʻqotar qurolning tekshirilishi, saqlanishi va topshirilishini, jumladan huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning ularga berilgan oʻqotar qurol va oʻq-dorilar uchun hisobdorligini taʼminlovchi tartiblarni belgilaydi;
e) tegishli hollarda oʻqotar qurolni ishlatishdan avval qilinadigan ogohlantirishni belgilaydi;
f) huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar xizmat vazifalarini bajarishda oʻqotar qurol ishlatadigan barcha hollarda hisobdorlik tizimini nazarda tutadi.
Gʻayriqonuniy yigʻilishlar oʻtkazilgan hollarda tartibni saqlash
12. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda bayon etilgan prinsiplarga binoan, har bir inson qonuniy va tinch yigʻilishlarda ishtirok etishi mumkinligi sababli, hukumatlar hamda huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha muassasalar va mansabdor shaxslar kuch va oʻqotar qurol faqat 13 va 14-prinsiplarga muvofiq ishlatilishi mumkinligini tan oladilar.
13. Kuch ishlatishga asoslanmagan gʻayriqonuniy yigʻilishlar tarqatib yuborilayotganida huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar kuch ishlatishdan qochadilar yoki, agar buning imkoni boʻlmasa, bunday kuch ishlatishni minimal darajagacha yetkazadilar.
14. Zoʻravonlik koʻrinishidagi yigʻilishlar tarqatib yuborilayotganida huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar oʻqotar quroldan faqat xavfi kamroq vositalarni qoʻllash mumkin boʻlmagan hollardagina va eng kam darajadagina ishlatishlari mumkin. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar 9-prinsipda keltirilgan sharoitlardan boshqa hollarda oʻqotar qurolni ishlatmaydilar.
Qamoqda saqlanayotgan va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni nazorat qilish
15. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar qamoqda saqlanayotgan va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan muomala qilishda kuch ishlatmaydilar, axloq tuzatish muassasasida xavfsizlikni va tartibni saqlash uchun qatʼiy zarur boʻlgan yoki shaxsiy xavfsizlik uchun tahdid yuzaga kelgan hollar bundan mustasno.
16. Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar mahbuslar yoki mahkumlar bilan muomala qilishda oʻqotar qurol ishlatmaydilar, oʻzini yoki boshqalarni bevosita oʻlim yoki jiddiy shikastlanish xavfidan himoya qilish hollari yoxud xavfli mahbus yoki mahkum qochishining oldini olish uchun mutlaqo zarur boʻlgan hamda 9-prinsipda qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
17. Yuqorida keltirilgan prinsiplar turmalar xodimlarining Mahbuslar bilan muomala qilish boʻyicha minimal standart qoidalarida, ayniqsa, 33, 34 va 54-qoidalarida bayon etilgan huquqlari, funksiyalari va vazifalariga ziyon yetkazmagan holda qoʻllaniladi.
Malaka, tayyorgarlik va maslahat berish
18. Hukumatlar hamda huquqni muhofaza qilish organlari barcha huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning oʻz funksiyalarini samarali bajarish uchun tanlovning zarur tartiblari yordamida tanlanishini, tegishli axloqiy, psixologik va jismoniy sifatlarga ega boʻlishlarini hamda uzluksiz va puxta kasbiy tayyorgarlikdan oʻtishlarini taʼminlaydi.
19. Hukumatlar hamda huquqni muhofaza qilish organlari barcha huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning tayyorgarlikdan oʻtishlarini hamda kuch ishlatiladigan sharoitlardagi harakatlar uchun maxsus tayyorgarlik nuqtai nazaridan tekshirilishini taʼminlaydi. Oʻqotar qurol olib yurishlari lozim boʻlgan huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar ularni ishlatish yuzasidan maxsus taʼlim kursini tugatganlaridan keyingina tegishli ruxsat oladilar.
20. Hukumatlar hamda huquqni muhofaza qilish organlari huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarni tayyorlashda, ayniqsa, tergov olib borish jarayonida kuch va oʻqotar qurol ishlatishni cheklash maqsadida politsiya axloqi va inson huquqlari masalalariga, kuch va oʻqotar qurolni ishlatishning muqobillariga, jumladan, nizolarni tinch yoʻl bilan bartaraf etish, koʻp sonli odamlarning xulqini tushunishga hamda ishontirish, muzokaralar olib borish va vositachilik usullariga, shuningdek texnika vositalariga alohida eʼtibor beradilar. Huquqni muhofaza qilish organlari oʻzlarining oʻquv dasturlarini va operativ tartib-taomillarini (protseduralari) muayyan mojarolar nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqishlari lozim.
21. Hukumatlar va huquqni muhofaza qilish organlari kuch va oʻqotar qurol qoʻllaniladigan vaziyatga tushadigan huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning ruhiy tang holatga tushib qolgan taqdirda maslahat berishga alohida eʼtibor qaratadilar.
Bildirgilar taqdim etish va ularni tekshirish tartibi
22. Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlari 6 hamda 11(f)-prinsiplarda keltirilgan barcha mojarolarga nisbatan bildirgilar taqdim etish va ularni tekshirishning samarali tartib-taomilini belgilaydilar. Ushbu prinsiplarga muvofiq tarzda bildirgilar taqdim etilgan mojarolar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazishning samarali jarayonini hamda zarur sharoitlarda hukumatlar va huquqni muhofaza qilish organlarni mustaqil maʼmuriy organlar yoki sud taʼqibini amalga oshiruvchi organlarning yurisdiksiyasini amalga oshirishi uchun imkoniyat yaratadilar. Odam oʻlgan va jiddiy jarohatlangan taqdirda yoki boshqa ogʻir oqibatlar sodir boʻlganda ishning mustaqil maʼmuriy tekshirilishi va sud nazorati oʻtkazilishi uchun masʼul vakolatli organlarga darhol batafsil bildirgi yuboriladi.
23. Kuch va oʻqotar qurol ishlatilishidan jabrlangan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari mustaqil jarayon, jumladan, sud jarayonidan foydalanishlari mumkin. Bunday shaxslar oʻlgan taqdirda ushbu qoida tegishli ravishda ularning qaramogʻidagi shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
24. Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlari qaramogʻidagi huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar gʻayriqonuniy tarzda kuch yoki oʻqotar qurol ishlatganligi yoki ishlatganligi haqida maʼlum boʻlgan yoki maʼlum boʻlishi kerak boʻlgan hamda bunday hollarning oldini olish, toʻxtatib qolish yoki bu haqda xabar berish uchun ixtiyoridagi barcha mavjud choralarni koʻrmagan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini taʼminlaydilar.
25. Hukumatlar va huquqni muhofaza qilish organlari huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning axloq kodeksi va ushbu Asosiy prinsiplarga muvofiq kuch yoki oʻqotar qurol ishlatish toʻgʻrisidagi buyruqni bajarishdan bosh tortgan yoki boshqa mansabdor shaxslarning kuch yoki oʻqotar qurolni ishlatganliklari haqida xabar bergan huquqiy tartibni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarga nisbatan hech qanday jinoiy yoki intizomiy choralar koʻrilmasligini taʼminlaydilar.
26. Agar huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslar kuch yoki oʻqotar qurolni ishlatish haqida berilgan va bajarilishi biror-bir shaxsning oʻlimiga yoki jiddiy yaralanishiga olib keladigan buyruqning aniq gʻayriqonuniy ekanligini bilgan hamda uni ijro etishdan bosh tortish uchun oqilona imkoniyatga ega boʻlsa, yuqori turuvchi mansabdor shaxslar buyruqlarini bajarish ularni oqlay olmaydi. Har qanday holatda ham masʼuliyat gʻayriqonuniy buyruqlar bergan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga ham yuklanadi.
(imzolar)
