Xalqlarning tinchlik huquqi toʻgʻrisida
12.11.1984
Bosh Assambleya,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsadi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash ekanligini yana bir bor tasdiqlab,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida belgilangan xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini hisobga olib,
urushni insoniyat hayotidan chiqarib tashlash va, eng avvalo, global yadroviy falokatning oldini olish uchun barcha xalqlarning irodasi va intilishlarini ifoda etib,
urushsiz hayot mamlakatlarning moddiy farovonligi, rivojlanishi va taraqqiyoti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini toʻliq amalga oshirish uchun asosiy xalqaro shart boʻlib xizmat qilishiga ishonch hosil qilib,
yadro asrida yer yuzida mustahkam tinchlik oʻrnatilishi insoniyat sivilizatsiyasini va uning mavjudligini saqlab qolish uchun asosiy shart ekanligini anglab,
xalqlar uchun osuda hayotni taʼminlash har bir davlatning muqaddas burchi ekanligini eʼtirof etib,
1) sayyoramiz xalqlari tinchlik uchun muqaddas huquqqa ega ekanligini tantanali ravishda eʼlon qiladi;
2) xalqlarning tinchlik huquqini saqlash va uni amalga oshirishga koʻmaklashish har bir davlatning asosiy vazifalaridan biri ekanligini tantanali ravishda taʼkidlaydi;
3) xalqlarning tinchlikka boʻlgan huquqini amalga oshirishni taʼminlash davlatlar siyosatidan urush, birinchi navbatda, yadroviy tahdidni bartaraf etishga, davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatishni istisno qilishga va xalqaro nizolarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi asosida tinch yoʻl bilan hal etishga yoʻnaltirilishini talab qilishiga urgʻu beradi;
4) barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni milliy va xalqaro miqyosda tegishli choralar koʻrish orqali xalqlarning tinchlikka boʻlgan ushbu huquqini taʼminlashga har tomonlama hissa qoʻshishga chaqiradi.
(imzolar)
