Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning roliga taalluqli rahbariy prinsiplar
07.09.1990
Jahon xalqlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida, xususan, adolatga rioya etish mumkin boʻladigan shart-sharoitlar yaratishga qaror qilganliklarini hamda irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼi nazar inson huquqlari va asosiy erkinliklariga boʻlgan hurmatni ragʻbatlantirish hamda rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni amalga oshirishni asosiy maqsadlaridan biri sifatida eʼlon qilganliklarini eʼtiborga olib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qonun oldida tenglik, aybsizlik prezumpsiyasi prinsiplari hamda ish mustaqil va xolis sud tomonidan ochiq va adolatning barcha talablariga rioya etgan holda koʻrib chiqilishi huquqi qayd etilganligini eʼtiborga olib,
koʻp hollarda hali ham ushbu prinsiplar asosini tashkil etgan maqsadlar va real voqelik oʻrtasida nomuvofiqlik mavjudligini eʼtiborga olib,
har bir mamlakatda odil sudlovni tashkil etish va amalga oshirish ushbu prinsiplar asosida qurilishi kerakligi hamda ularni hayotga toʻliq tatbiq etish maqsadida choralar koʻrilishi zarurligini eʼtiborga olib,
sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning adolatli sud qilishda hal qiluvchi rol oʻynashini va ularning muhim vazifalarni bajarishlarini tartibga soluvchi normalar ular tomonidan yuqorida bayon etilgan prinsiplarning hurmat qilinishi hamda ularga rioya etilishiga koʻmaklashishi, shu bilan adolatli va teng huquqli jinoiy odil sudlov va fuqarolarni jinoyatchilikdan samarali himoya qilishga yordam berishi kerakligini eʼtiborga olib,
sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning oʻz vazifalarini bajarishlari uchun zarur boʻlgan tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlishlarini taʼminlash muhim ekanligini, bunga kadrlarni yollash va professional yuridik tayyorgarlik uslublarini takomillashtirish orqali hamda ular tomonidan jinoyatchilikka, ayniqsa, uning yangi shakllari va koʻlamlariga qarshi kurash bilan bogʻliq oʻz vazifalarining tegishli ravishda bajarilishi uchun barcha zarur choralarni taʼminlash orqali erishilishini eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilish boʻyicha beshinchi kongressining tavsiyasiga koʻra Bosh Assambleya oʻzining 1979-yil 17-dekabrdagi 34/169-sonli rezolyutsiyasida Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning axloq kodeksini qabul qilganligini eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilish boʻyicha oltinchi kongressi 16-sonli rezolyutsiyasida Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha qoʻmitasini sudyalarning mustaqilligiga hamda sudyalar va sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarni tanlash, kasbiy tayyorgarligi va maqomiga oid Rahbariy prinsiplarni ishlab chiqishni oʻzining birinchi navbatdagi masalalari jumlasiga kiritishga daʼvat etganligini eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlar bilan muomala qilish boʻyicha yettinchi kongressi Bosh Assambleyaning 1985-yil 29-noyabrdagi 40/32-son va 1985-yil 13-dekabrdagi 40/146-sonli rezolyutsiyalari bilan maʼqullangan Sud organlari mustaqilligining asosiy prinsiplarini qabul qilganligini eʼtiborga olib,
jinoyatlar va hokimiyatni suiisteʼmol qilish qurbonlari uchun Odil sudlovning asosiy prinsiplari deklaratsiyasida jinoyat qurbonlariga odil sudlovning ochiq boʻlishi va adolatli muomala, restitutsiya, zarar oʻrnini qoplash hamda yordam koʻrsatish sohasidagi vaziyatni yaxshilash maqsadida xalqaro va milliy darajalarda choralar koʻrish tavsiya etilganligini eʼtiborga olib,
7-sonli rezolyutsiyada yettinchi Kongress Qoʻmitani sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarni tanlash, kasbiy tayyorgarligi va maqomiga, xususan, ularning taxmin qilingan majburiyatlari va xulq-atvori, jinoiy odil sudlov tizimining mukammal ishlashini taʼminlashdagi hissasini oshirish yoʻllari va politsiya bilan hamkorligini kengaytirishga, ixtiyoriy vakolatlari doirasi va jinoiy sud ishlarini yuritishda ularning roliga taalluqli rahbariy prinsiplarni ishlab chiqish zaruratini koʻrib chiqishga hamda ushbu masala boʻyicha maʼruzalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining kelgusi kongresslariga taqdim qilishga chaqirganligini eʼtiborga olib,
quyida keltirilgan aʼzo-davlatlarga sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning samaradorligini, mustaqilligi va adolatliligini taʼminlash va oshirish vazifalarini hal etishda yordam koʻrsatish uchun ishlab chiqilgan Rahbariy prinsiplarga jinoiy ish yuritishda rioya etilishi hamda hukumatlar tomonidan oʻzlarining milliy qonunchiligi va amaliyoti doirasida eʼtiborga olinishi hamda prokurorlar, shuningdek sudyalar, advokatlar, ijro etuvchi va qonunchilik organlarining mansabdor shaxslari kabi boshqa shaxslarning va umuman, aholining eʼtiboriga yetkazilishi kerak. Mazkur Rahbariy prinsiplar jamoat ayblovchilariga moslab ishlab chiqilgan, biroq ular tegishli hollarda teng darajada maxsus asosda tayinlangan ayblovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
Malaka, tanlab olish va kasbiy tayyorgarlik
1. Sud taʼqibini amalga oshirish uchun tanlab olingan shaxslar yuksak axloqiy sifatlar va qobiliyatga, shuningdek tegishli tayyorgarlik va malakaga ega boʻlishlari kerak.
2. Davlatlar quyidagilar boʻyicha taʼminlaydilar:
a) sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarni tanlash mezonlari adolatsizlik yoki notoʻgʻri qarashlarga asoslangan tayinlashga qarshi kafolatlarni va biror-bir shaxsga nisbatan uning irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodi, milliy, ijtimoiy yoki etnik kelib chiqishi, mulkiy, tabaqaviy, moddiy yoki boshqa holatlari belgisiga koʻra har qanday kamsitishni istisno qilish, shu bilan birga, sud taʼqibini amalga oshirishni nazarda tutadigan lavozimga muayyan mamlakat fuqarosini nomzod qilib tayinlash tartibi kamsitish sifatida koʻrilmasligini oʻz ichiga olishini;
b) sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning tegishli taʼlim va tayyorgarlikka ega boʻlishini, ushbu lavozimga xos ideal va etika normalarini anglashlarini hamda ayblanayotgan shaxslar va jabrlanuvchilarning huquqlarini muhofaza qilish boʻyicha konstitutsiyaviy va normativ choralar, shuningdek milliy va xalqaro huquq tomonidan eʼtirof etilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisida xabardor boʻlishlarini taʼminlaydi.
Xizmat maqomi va shartlari
3. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar jinoiy odil sudlovni amalga oshirish tizimining juda muhim vakillaridan biri boʻlib, oʻz kasblarining obroʻsi va qadr-qimmatini doimo saqlaydilar.
4. Davlat sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning oʻz kasbiy majburiyatlarini tajovuzlar, qarshiliklar, qoʻrqitishlar, keraksiz aralashuv yoki asossiz ravishda fuqarolik, jinoiy yoxud boshqa javobgarlikka tortishdan holi bajarishlarini taʼminlaydi.
5. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar va ularning oilalari sud taʼqibini amalga oshirish boʻyicha oʻz vazifalarini bajarishlari natijasida ularning xavfsizligiga tahdid mavjud boʻlgan hollarda hokimiyat tomonidan jismoniy himoya bilan taʼminlanadi.
6. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning xizmatining oqilona sharlari, ularni tegishlicha mukofotlash hamda bu qoʻllaniladigan joyda, ularning vakolat muddati, pensiya taʼminoti va pensiyaga chiqish yoshi qonun yoki eʼlon qilingan normalar yoxud qoidalar bilan belgilanadi.
7. Shunday tizim mavjud boʻlganda, sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning lavozimini oshirish obyektiv omillarga, xususan, ularning kasbiy malakasiga, qobiliyatiga, axloqiy xislatlari va tajribasiga asoslanadi hamda bu toʻgʻrisidagi qaror adolatli va adolatli tartib-taomillarga muvofiq qabul qilinadi.
Eʼtiqod va uyushmalar erkinligi
8. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar boshqa fuqarolar kabi fikr bildirish, eʼtiqod, uyushmalar va yigʻilishlar erkinligi huquqiga ega. Xususan, ular huquq, odil sudlovni amalga oshirish va ragʻbatlantirish hamda inson huquqlarini himoya qilish masalalarining ommaviy muhokamasida ishtirok etish, oʻzlarining qonuniy xatti-harakatlari yoki qonuniy tashkilotga aʼzoligi oqibatida oʻz kasbiy faoliyatlarida cheklovlarga duchor boʻlmagan holda mahalliy, milliy yoki xalqaro tashkilotlarga kirish yoxud bunday tashkilotlar tuzish va ularning yigʻilishlarida qatnashish huquqiga ega. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar mazkur huquqlarni roʻyobga chiqarar ekan, oʻz faoliyatida doimo huquqqa hamda oʻz kasbining eʼtirof etilgan normalari va etikasiga amal qiladilar.
9. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar oʻz manfaatlarini himoya qiluvchi, kasbiy tayyorgarligini oshiruvchi va oʻzlarining maqomini himoya qiluvchi kasaba uyushmalar yoki boshqa tashkilotlar tuzish yoki ularga qoʻshilish huquqiga ega.
Jinoyat muhokamasidagi roli
10. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning lavozimi sud vazifalarini bajarishdan qatʼiy ajratiladi.
11. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar jinoyat muhokamasida, shu jumladan, ish qoʻzgʻatishda va agar bunga qonunda ruxsat etilgan boʻlsa yoki mahalliy amaliyotga muvofiq boʻlsa, jinoyatni tergov qilishda, bunday tergovlarning qonuniyligini nazorat qilishda va boshqa vazifalarni davlat manfaatlarini ifodalovchi vakillar sifatida amalga oshirishda faol rol oʻynaydilar.
12. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar oʻz majburiyatlarini qonunga muvofiq adolatli, izchil va jadal bajaradilar, insoniy qadr-qimmatni hurmat qiladi va himoya qiladilar hamda inson huquqlarini himoya qiladilar, shu bilan jinoiy odil sudlov tizimining tegishli jarayonini va uzluksiz ishlashini taʼminlashga koʻmaklashadilar.
13. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar oʻz majburiyatlarini bajarishda:
a) oʻz vazifalarini begʻaraz bajaradilar hamda siyosiy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, madaniyati va jinsiga asoslangan har bir kamsitishlarga yoki boshqa har qanday shakldagi kamsitishlarga yoʻl qoʻymaydilar;
b) davlat manfaatlarini himoya qiladilar, xolisona harakat qiladilar, gumon qilinuvchi va jabrlanuvchining ahvolini lozim darajada hisobga oladilar hamda ishga aloqasi boʻlgan barcha holatlarga, ular gumon qilinuvchi uchun foydali yoki foydali emasligidan qatʼi nazar, eʼtibor beradilar;
s) agar oʻz majburiyatlarini bajarish yoki odil sudlov nuqtai nazaridan boshqacha talab boʻlmasa, kasbiy sirni saqlashga rioya etadilar;
d) jabrlanuvchilarning shaxsiy manfaatlariga daxl qilinganda ularning fikrlari va tashvishlarini koʻrib chiqadilar hamda jabrlanuvchilarning Jinoyatlar va hokimiyatni suiisteʼmol qilish qurbonlari uchun odil sudlovning asosiy prinsiplari deklaratsiyasiga muvofiq oʻz huquqlari bilan tanishishlarini taʼminlaydilar.
14. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar, odilona tergov ayblovning asossiz ekanligini koʻrsatgan hollarda sud taʼqibini qoʻzgʻatmaydi yoki uni davom ettirmaydi yoxud sud muhokamasini toʻxtatish uchun imkon qadar barcha harakatlarni qiladi.
15. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, xususan, korrupsiya, hokimiyatni suiisteʼmol qilish, inson huquqlarining jiddiy buzilishi va xalqaro huquqda eʼtirof etilgan boshqa jinoyatlar uchun sud taʼqibiga hamda agar bunga qonunda ruxsat etilgan yoki mahalliy amaliyotga muvofiq boʻlsa, bunday huquqbuzarliklarni tergov qilishga alohida eʼtibor qaratadilar.
16. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar ixtiyoriga gumonlanuvchilarga qarshi oʻzlariga maʼlum boʻlganidek yoki ular gumonlanuvchining noqonuniy usullar yordamida inson huquqlari qoʻpol ravishda buzilishini, ayniqsa, qiynoqlar yoxud muomala yoki jazolashning shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitish yoxud inson huquqlarining boshqa buzilishlarini qoʻllash bilan bogʻliq deb hisoblashi uchun oqilona asosga ega boʻlgan dalillar kelib tushganda, ular bu kabi dalillardan bunday usullarni qoʻllaganlardan tashqari, har qanday shaxsga qarshi foydalanishni rad etadilar yoki tegishli ravishda sudni xabardor qiladi hamda bunday usullarni qoʻllashga masʼul boʻlgan shaxslarning sudga jalb qilinishini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradilar.
Ixtiyoriy vazifalar
17. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarga ixtiyoriy vazifalarni bajarish boʻyicha vakolatlar berilgan mamlakatlarda qonun yoki eʼlon qilingan normalar yoxud qarorlar sud taʼqibi, jumladan, sud taʼqibini qoʻzgʻatish yoki bekor qilish jarayonida qarorlar qabul qilishda adolat va izchillikni oshirish uchun rahbariy prinsiplarni taʼminlaydi.
Sud taʼqibiga muqobil usullar
18. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar milliy qonun hujjatlariga muvofiq shu bilan birga gumonlanuvchi (gumonlanuvchilar) va jabrlanuvchining (jabrlanuvchilarning) inson huquqlarini toʻliq hurmat qilgan holda, sud taʼqibini bekor qilish, muhokamani shartli yoki shartsiz ravishda toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishlarini odil sudlovning rasmiy tizi midan olib tashlash toʻgʻrisidagi masalani tegishli tarzda koʻrib chiqadilar. Ushbu maqsadlarda davlatlar nafaqat sudlarning haddan tashqari ish hajmi yuklanganligini kamaytirish uchun, balki sudga qadar ushlab turish, ayblash va hukm qilish bilan bogʻliq boʻlgan sharmandalikning, shuningdek qamoq jazosining ehtimol tutilgan salbiy oqibatlarini oldini olish uchun ishlarni bekor qilish dasturlarini qabul qilish imkoniyatini toʻliq oʻrganishlari kerak.
19. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarga voyaga yetmaganga nisbatan ish qoʻzgʻatish yoki qoʻzgʻatmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilishga doir ixtiyoriy vazifalarni bajarish boʻyicha vakolatlar berilgan mamlakatlarda huquqbuzarlikning xususiyati va jiddiyligi, jamiyatni himoya qilish fikr-mulohazalari hamda voyaga yetmaganning xarakteri va rivojlanish darajasi alohida koʻrib chiqiladi. Ushbu qarorni qabul qilishda sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar tegishli qonunlar doirasida mavjud boʻlgan sud taʼqibiga muqobil usullarni va voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni amalga oshirishning tartib-taomillarini alohida koʻrib chiqadi. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar voyaga yetmaganlarning sud taʼqibi faqat qatʼiy zarur doiralarda oʻtishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi.
Boshqa hukumat organlari yoki muassasalari bilan aloqalar
20. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar sud taʼqibining adolatli va samarali boʻlishini taʼminlash uchun politsiya, sudlar, yuristlar, jamoat qoralovchilari va hukumatning boshqa organlari yoki muassasalari bilan hamkorlik qilishga harakat qiladilar.
Intizomiy jazolar
21. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarga nisbatan intizomiy jazoni qoʻllash toʻgʻrisidagi muhokama qonun yoki normativ hujjatlarga asoslanadi. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarning oʻz xatti-harakatlari bilan kasbiy standartlarni ochiq-oydin buzganligini tasdiqlovchi shikoyatlar tegishli tartib-taomilga muvofiq darhol va haqqoniy ravishda koʻrib chiqiladi. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar adolatli muhokama huquqiga ega. Chiqariladigan qaror mustaqil tomon tekshiruvidan oʻtkaziladi.
22. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslarga intizomiy jazoni qoʻllash toʻgʻrisidagi muhokama obyektiv baholash va obyektiv qaror qabul qilishni kafolatlaydi. Muhokama qonun, Kasb axloqi kodeksi hamda boshqa belgilangan mezonlar va etika normalari hamda ushbu Rahbariy prinsiplarga muvofiq oʻtkaziladi.
Rahbariy prinsiplarga rioya etish
23. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar ushbu Rahbariy prinsiplarga rioya etadi. Ular, shuningdek imkon qadar Rahbariy prinsiplarning har qanday buzishining oldini oladi va bunday buzilishlarga qarshi faol kurashadi.
24. Sud taʼqibini amalga oshiruvchi shaxslar ushbu Rahbariy prinsiplarning buzilishi sodir boʻlgan yoki tez orada sodir boʻlishi mumkin deb hisoblash uchun asosga ega boʻlsa, bu haqda oʻzlarining yuqori turuvchi boshliqlariga va zarur hollarda, bunday buzilishlarni muhokama qilish yoki tuzatish boʻyicha vakolatlar yuklatilgan boshqa tegishli organlar yoki hokimiyatlarga xabar beradi.
(imzolar)
