Gʻoʻza urugʻchiligini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (604-son)
23.12.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston paxta tolasini sertifikatsiyalash “Sifat” markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbariyati tomonidan zarur darajadagi talabchanlikning yoʻqligi natijasida gʻoʻza urugʻchiligi, yangi va istiqbolli navlarni yaratish, yuqori reproduksiyali elita va navlarni saqlab qolish, shuningdek gʻoʻzaning sifatli urugʻlik chigitini tayyorlash masalalaridagi ishlarning vujudga kelgan ahvoli qoniqarsizdir.
Gʻoʻzaning yangi va istiqbolli navlari urugʻchiligi va seleksiyasi bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot institutlari, roʻyxatdan oʻtkazilgan navlar urugʻlarini yetishtirish boʻyicha elita-urugʻchilik xoʻjaliklari rahbarlarining intizomi va masʼuliyati pastligicha qolmoqda.
Gʻoʻza urugʻlarini sanoat jihatidan tayyorlash, kalibrlash, dorilash va sortlarga ajratish, urugʻlik chigitga qoʻyiladigan boshqa talablarni bajarish bilan shugʻullanuvchi paxta tozalash zavodlarini ixtisoslashtirish ishlari tubdan yaxshilashni talab qiladi.
“Urugʻchilik toʻgʻrisida” va “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi qonunlar talablariga rioya qilinmayapti.
Dastlabki urugʻchilik, yangi va istiqbolli navlarni sinab koʻrish bilan shugʻullanuvchi elita-urugʻchilik xoʻjaliklari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ularning eksperimental bazalari faoliyatini tashkil etish, shuningdek ularning faoliyatini ragʻbatlantirish hamda yakuniy natija uchun javobgarligini oshirish borasida koʻplab hal etilmagan masalalar mavjud. Buning natijasida joylarda gʻoʻzani rayonlashtirish, chigit ekish va paxta xomashyosi yetishtirishda har qaysi alohida gʻoʻza naviga qoʻyiladigan agrotexnologiyaning zarur talablari va shartlari taʼminlanmayapti.
Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish va gʻoʻza urugʻchiligini tashkil etishni yaxshilash, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarni sifatli urugʻliklar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarning:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi, istiqbolli va yuqori hosilli, kasalliklar va zararkunandalarga bardoshli, paxta tolasi parametrlari xalqaro talablarga javob beradigan yuqori sifatli boʻlgan navlarning sifatli urugʻlarini tayyorlash masalalarida texnika siyosatini oʻtkazish boʻyicha;
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, paxta tozalash zavodlarining urugʻlarni sanoat jihatidan tayyorlash, kalibrlash, dorilash va sortlarga ajratish boʻyicha ishlari qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, birinchi navbatda Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, elita-urugʻchilik xoʻjaliklari rahbariyatining faoliyati ularning yakuniy ish natijalari boʻyicha, mazkur ishlarning paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarda qanday yoʻlga qoʻyilganligi va amalga oshirilayotganligi boʻyicha baholanishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot va elita-urugʻchilik xoʻjaliklari, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar, gʻoʻza urugʻchiligi va seleksiyasi masalasiga aloqador boʻlgan mansabdor shaxslarning yakuniy natijalar uchun aniq javobgarligini nazarda tutuvchi Nizomni tayyorlasin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Quyidagilar:
Gʻoʻzaning yangi va istiqbolli navlarini yanada yaxshilash va dastlabki urugʻchilik bilan shugʻullanuvchi eksperimental xoʻjaliklar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Gʻoʻzaning roʻyxatdan oʻtkazilgan navlari urugʻini yetishtirish boʻyicha elita-urugʻchilik xoʻjaliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Gʻoʻzaning yangi va istiqbolli navlarini yaratish boʻyicha elita-urugʻchilik xoʻjaliklari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev), “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
oʻn besh kun muddatda zavodlarning faqat texnika bilan jihozlanganligi va tayyorgarligini emas, balki ularning mintaqaviy joylashganligini va transport xarajatlarini ham hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha urugʻlik chigit yetishtirishga ixtisoslashadigan paxta tozalash zavodlarini belgilasinlar va ularning roʻyxatini tasdiqlasinlar;
bir oy muddatda 2005-2006-yillarda ixtisoslashtirilgan zavodlarni zamonaviylashtirishning istiqbol dasturini tayyorlasinlar, bunda ularni urugʻlik chigitni tayyorlash, kalibrlash, dorilash va sortlarga ajratish uchun zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashni nazarda tutsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, “Oʻzstandart” agentligi bir oy muddatda Gʻoʻza urugʻini sertifikatsiyalashning amaldagi tartibini qayta koʻrib chiqsinlar va uni belgilangan tartibda qayta tasdiqlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 23-dekabr,
604-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-dekabrdagi 604-son qaroriga 1-ILOVA
Gʻoʻzaning yangi va istiqbolli navlarini yaxshilash hamda dastlabki urugʻchilik bilan shugʻullanadigan tajriba xoʻjaliklari
ROʻYXATI
I. Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti
1. Fargʻona viloyati Quva tumanidagi “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi.
2. Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi A.Navoiy nomli shirkat xoʻjaligi.
3. Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Hazarbogʻ” shirkat xoʻjaligi.
4. Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Doʻstlik” shirkat xoʻjaligi.
5. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Markaziy tajriba xoʻjaligi.
6. Paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining respublikaning barcha viloyatlaridagi filiallari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatidan tashqari).
II. Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot instituti
1. Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Qizil Ravot” shirkat xoʻjaligi.
2. Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Surxon” fermer xoʻjaliklari uyushmasi.
3. Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Oqqoʻrgʻon” shirkat xoʻjaligi.
4. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Markaziy tajriba xoʻjaligi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti
1. Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi “Konizar” shirkat xoʻjaligi.
2. Toshkent viloyati Piskent tumanidagi Doʻstbekov nomli shirkat xoʻjaligi.
3. Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Toshkent tajriba bazasi.
4. Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Paxtaobod” shirkat xoʻjaligi.
IV. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanidagi Markaziy tajriba bazasi.
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-dekabrdagi 604-son qaroriga 2-ILOVA
Roʻyxatdan oʻtkazilgan gʻoʻza navlari urugʻlarini yetishtiruvchi elita-urugʻchilik xoʻjaliklari
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-dekabrdagi 604-son qaroriga 3-ILOVA
Gʻoʻzaning yangi va istiqbolli navlari urugʻlarini yetishtiruvchi elita-urugʻchilik xoʻjaliklari
ROʻYXATI
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 52-son, 520-modda)
