Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (27-son)
21.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining faoliyatini 2025-2026-yillarda bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish va tartibga solish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik ishlar asosida takliflar (tavsiyalar) ishlab chiqish;
atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza oʻtkazish;
atom energiyasidan foydalanish sohasida radiatsiya va yadro xavfsizligi boʻyicha normativ bazani rivojlantirish va takomillashtirish;
radiatsiya va yadro xavfsizligi masalalari boʻyicha davlat dasturlari, xalqaro loyihalar hamda dasturlarni ishlab chiqishda, shuningdek, nazorat va litsenziyalash faoliyatini texnik, tahliliy hamda eksperimental qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etish;
radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asoslangan xavfsizlik, modellashtirish va hisoblash tahlilini oʻtkazish;
radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish sohasida maʼlumotlar bazalarini ishlab chiqish, yaratish, shakllantirish va saqlash;
oʻz vakolati doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisiga zarurat boʻlganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Kuyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratiladigan davlat grantlari;
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining mablagʻlari;
Markazning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan tushadigan tushumlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Belgilansinki:
a) Markazning bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi, bunda:
Markaz xodimlarining ish haqi budjet mablagʻlari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy faoliyatga oid dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi ilmiy tashkilotlar rahbar va ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi;
Markazni budjet mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlari 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini qayta taqsimlash hisobidan, 2026-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
b) “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga asosan Markaz oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan muomalada boʻlish sohasidagi faoliyatni litsenziya olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Bunda mazkur qoida Markazni litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bir oy muddatda “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining ustavini (nizomini) tasdiqlasin.
7. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Markazni tegishli maʼmuriy binoga joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A.V. Rafiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-yanvar,
27-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-yanvardagi 27-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining
TUZILMASI
Izohlar:
Xodimlarning umumiy cheklangan soni 21 nafarni (ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlardan tashqari) tashkil etadi.
Davlat muassasasi bajaradigan ilmiy-tadqiqot va xizmat koʻrsatish ishlarining hajmidan kelib chiqib, ilmiy-texnik loyihalarni va xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshirish uchun ilmiy va muhandis-texnik xodimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
Ilmiy yordamchi va yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlarida belgilangan meʼyorlarga asosan aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-yanvardagi 27-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining faoliyatini 2025-2026-yillarda bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish
CHORA-TADBIRLARI
