Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (14-son)
16.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 12-iyundagi PF-93-son Farmoni hamda “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimida bosqichma-bosqich dual taʼlim asosida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
dual taʼlim shakli joriy etiladigan oliy taʼlim tashkilotlarini tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan belgilash;
dual taʼlimning nazariy va amaliy qismi muddatlarini hamkor korxona va tashkilotlar bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilash;
taʼlim jarayonining nazariy qismidagi talabalar ishtirokini oliy taʼlim tashkilotida tegishli professor-oʻqituvchi, ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismidagi ishtirokini esa korxonadan biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan muvofiqlashtirib borish;
oliy taʼlimda “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish tartibini belgilash.
3. Belgilansinki:
“Kasb egasi” dual taʼlim tizimi Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasi asosida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining axborot tizimiga integratsiya qilingan holda tashkil etiladi;
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab “Kasb egasi” dual taʼlim tizimi birinchi bosqichda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining 3 va 4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi;
korxonada boʻlib oʻtadigan amaliy mashgʻulotlar dasturi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan korxona va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
“Kasb egasi” dual taʼlim tizimida taʼlim jarayonini bevosita korxonalarda amalga oshirgan talabalar uchun (yoʻllanma asosida) korxona tomonidan hisoblanadigan ish haqining 2 million soʻmgacha boʻlgan qismi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har oy uchun qoplab beriladi.
Bunda ish haqini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplash uchun ajratiladigan mablagʻlar tegishli korxonaning alohida hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
har yili 1-fevralga qadar dual taʼlim tashkil etiladigan korxonalar, taʼlim yoʻnalishlari va oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga takliflar kiritsin;
hududdagi oliy taʼlim tashkilotlariga dual taʼlim tizimini tashkil etishda tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashsin.
5. Davlat oliy taʼlim tashkilotlarining dual taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlariga takliflar belgilangan tartibga muvofiq tasdiqlanadi.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dual taʼlim jarayonlarini tashkil etish yuzasidan hududdagi yirik ish beruvchilar, klasterlar va oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashsin;
dual taʼlim tashkil etiladigan oliy taʼlim tashkilotida oʻquv-metodik hujjatlar, shuningdek, oʻquv jarayoni jadvali tasdiqlanishini taʼminlasin;
talabalarni belgilangan muddatlarda oliy taʼlim tashkilotidagi oʻquv jarayonida ishtirok etishini va korxonalarda amaliy mashgʻulotlar bilan birga faoliyat yuritish choralarini koʻrsin;
oliy taʼlim tashkilotlarida dual taʼlim jarayoni tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
7. Savdo-sanoat palatasi:
a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan korxonalarda har yili kamida bir marta dual taʼlim dasturlari boʻyicha talabalar ishtirokida targʻibot uchrashuvlari oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
har yili 1-iyunga qadar dual taʼlim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini oʻrganish va dual taʼlim tashkil qilinadigan korxonalar roʻyxatini eʼlon qilsin;
har yili 1-sentabrga qadar dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilingan talabalarni dual taʼlim tashkil qilinadigan korxonalarga biriktirish boʻyicha korxona, talaba va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida shartnoma imzolanishini tashkil etsin;
dual taʼlim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarning doimiy monitoringini yuritsin.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi uch oy muddatda mehnat qonunchiligiga dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning faoliyatini tartibga solish, shu jumladan, talabalar va biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz)ning maqomi hamda ish vaqti davomiyligini belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-yanvar,
14-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga ILOVA
Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallari dual taʼlimni ushbu Nizom asosida ishlab chiqilgan hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan tartibga muvofiq amalga oshirishi mumkin;
b) nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
dual taʼlim — nazariy qismi oliy taʼlim tashkilotida, amaliy qismi esa korxonada (ish joyida) oʻtkaziladigan taʼlim jarayoni;
dual taʼlim dasturi — oliy taʼlim tashkiloti va korxonada talabaning muayyan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) boʻyicha bilim olishi hamda uning kasbiy bilim va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv rejasi, oʻquv dastur (modul)lari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar toʻplami;
dual taʼlim asosida oʻqitish — talabalar oʻquv mashgʻulotlarini bir haftada, qoida tariqasida, kamida ikki kun taʼlim dasturining nazariy qismini oliy taʼlim tashkilotida, qolgan kunlari ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismlarini korxonada oʻtkazishlarini nazarda tutuvchi oʻqitish usuli;
“Kasb egasi” dual taʼlim tizimi — nazariy qismi oliy taʼlim tashkilotida, amaliy qismi esa yoʻllanma asosida ish joyida oʻtkaziladigan hamda korxona tomonidan ish haqi toʻlanadigan taʼlim jarayoni;
oʻquv rejasi — oʻquv jarayonining barcha tarkibiy qismlari va oʻqitiladigan oʻquv fanlarining soatlari miqdori, ketma-ketligi, oʻquv jarayoni jadvali va tinglovchilarni attestatsiyadan oʻtkazish muddatlarini belgilaydigan hujjat;
korxona (tashkilot) — oliy taʼlim tashkiloti bilan dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
ish joyi — dual taʼlimda talabaga korxonaning ichki tartib-qoidalari, tegishli vazifalari hamda taʼlim dasturlariga muvofiq amaliy koʻnikma va malakalarni egallash uchun belgilangan ish oʻrni;
amaliyot rahbari (ustoz) — taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻtkazish uchun korxona tomonidan talaba(lar)ga biriktirilgan masʼul xodim;
shartnoma — korxona, oliy taʼlim tashkiloti va talaba oʻrtasida dual taʼlimni amalga oshirish uchun tuzilgan uch tomonlama bitim.
3. Dual taʼlim shakli joriy etiladigan oliy taʼlim tashkilotlari tizimida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (keyingi oʻrinlarda — Palata) tomonidan belgilanadi.
4. Dual taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan talaba biriktirilgan korxona faoliyati tugatilganda dual taʼlim shakli boʻyicha talabaning oʻqishini davom ettirish yuzasidan boshqa korxona bilan shartnoma imzolanishi yoki talabaning oʻqishi mos taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) boʻyicha kunduzgi, kechki, sirtqi yoki masofaviy taʼlim shakliga oʻtkazilishi mumkin.
Qolgan holatlarda talabalar oʻqishi belgilangan tartibga muvofiq koʻchiriladi.
2-bob. Dual taʼlimning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Dual taʼlimning maqsadi quyidagilardan iborat:
talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash;
talabalarda taʼlim olayotgan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirish;
talabalar uchun tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, korxonalarda ishlab chiqarish (shuningdek, tashkiliy-boshqaruv) faoliyatiga oid tajribalarni oʻrganishni tashkil etish;
talabalarning kasbiy va ijodiy qiziqishlarini rivojlantirish;
bitiruvchilarning zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlashi uchun zarur amaliy koʻnikma va malakalarga ega boʻlishini taʼminlash;
oliy taʼlim tashkiloti va korxonada oʻqitish, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotining oʻquv jarayoniga yangi oʻqitish texnologiyalarini joriy etish orqali talabalarning raqobatbardoshligini oshirish.
6. Dual taʼlimning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mehnat bozori ehtiyojlariga, iqtisodiyot tarmoqlarini va rivojlanish istiqbollariga mos ravishda mutaxassislar tayyorlash;
ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish;
oliy taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlari mazmuni va tuzilmasining mobilligini taʼminlash;
ishlab chiqarish sharoitidagi kasbiy tajribani oʻrgatish uchun talabalarga yetarli sharoit yaratish;
talabalarga oʻqish va ishlash imkoniyatlarini yaratish.
7. Dual taʼlim shakli toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Dual taʼlimni tashkil etish tartibi
8. Oliy taʼlim tizimida dual taʼlim ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-fevralga qadar dual taʼlim tashkil etiladigan korxonalar, taʼlim yoʻnalishlari va oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha Vazirlikka hamda Palataga takliflar kiritadi.
10. Davlat oliy taʼlim tashkilotlarining dual taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlari belgilangan tartibga muvofiq tasdiqlanadi.
11. Palata Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
har yili 1-iyunga qadar dual taʼlim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini oʻrganadi va dual taʼlim tashkil qilinishi mumkin boʻlgan korxonalar roʻyxatini eʼlon qiladi;
har yili 1-sentabrga qadar dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilingan talabalarni dual taʼlim tashkil qilinadigan korxonalarga biriktirish boʻyicha korxona, talaba va oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida shartnomalar imzolanishini tashkil etadi;
dual taʼlim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarning doimiy monitoringini yuritadi.
12. Davlat oliy taʼlim tashkilotlariga dual taʼlim shakli boʻyicha talabalar oʻqishga oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq qabul qilinadi.
13. Dual taʼlimni tashkil qilish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
dual taʼlim shakli asosida oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashga boʻlgan talab va takliflarni oʻrganish;
dual taʼlim tashkil etiladigan korxonalar va oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatini shakllantirish;
dual taʼlim tashkil etiladigan oliy taʼlim tashkilotlari va taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) roʻyxatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning iqtisodiyot tarmoqlarida oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirish;
dual taʼlim dasturlarini ishlab chiqish;
korxona, oliy taʼlim tashkiloti va talaba oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish;
korxonalarda kafedra filiallarini tashkil etish;
talabalarni dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish;
dual taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish.
14. Dual taʼlim dasturi belgilangan tartibda tasdiqlangan malaka talablari asosida oliy taʼlim tashkiloti tomonidan korxona bilan hamkorlikda oʻquv jarayoni boshlanishidan kamida bir oy oldin ishlab chiqiladi.
15. Dual taʼlimni joriy etish boʻyicha korxona, oliy taʼlim tashkiloti hamda talaba oʻrtasida rasmiylashtiriladigan shartnomalarning namunasi Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
16. Oliy taʼlim tashkilotlari dual taʼlim tashkil qilinayotgan korxonalarda tegishli mutaxassislik boʻyicha kafedra filiallarini tashkil etadi.
17. Dual taʼlimning nazariy va amaliy qismi muddatlari hamkor korxona va tashkilotlar bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Oʻquv rejasida talabalarning oliy taʼlim tashkilotida taʼlim dasturining nazariy va amaliy qismini, ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismlarini korxonada oʻtkazishlari nazarda tutiladi.
Oʻqitishning davomiyligi kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha tegishli taʼlim yoʻnalishlaridan kam boʻlishiga (koʻp boʻlishi mumkin) yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) xususiyatidan kelib chiqib, talabalarni dual taʼlim asosida oʻqitish bir haftada kamida ikki kun taʼlim dasturining nazariy qismini oliy taʼlim tashkilotida, qolgan kunlari esa ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismlarini korxonada oʻtkazish orqali yoki amaliyot shaklida ham tashkil etilishi mumkin.
19. Dual taʼlimning nazariy qismi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim tashkilotida har yili sentabr oyining birinchi haftasidan boshlab tashkil etiladi.
20. Korxonaning tegishli buyrugʻi asosida dual taʼlim boʻyicha talaba(lar)ga tajribali xodimlaridan amaliyot rahbari (ustoz) biriktiriladi.
Amaliyot rahbariga (ustozga) korxona tomonidan belgilangan tartibda qoʻshimcha ravishda mehnatga haq toʻlash tartibi joriy etiladi.
Amaliyot rahbarining faoliyati korxona tomonidan nazorat qilinadi.
21. Korxona tomonidan talabalarga biriktiriladigan har bir amaliyot rahbariga (ustozga) toʻgʻri keladigan talabalar va ish oʻrinlari soni texnologik jarayonlarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
22. Dual taʼlimning amaliy qismi korxonada malakali va tajribali mutaxassislar hamda professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv yili mobaynida tashkil etiladi.
Talabaga dual taʼlim jarayonida korxonadagi faoliyati uchun korxona tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi toʻlanadi.
23. Dual taʼlim jarayoni oliy taʼlim tashkiloti tomonidan korxona bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan oʻquv rejasi va oʻquv jarayoni jadvali asosida tashkil etiladi.
Talabalarning taʼlim jarayoni nazariy qismidagi ishtiroki oliy taʼlim tashkilotida tegishli professor-oʻqituvchi tomonidan, ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismidagi ishtiroki esa korxonada amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.
Korxona talabalarning ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismdagi ishtiroki yuzasidan qoʻshimcha qayd etish hujjatlarini yuritishi mumkin.
24. Oliy taʼlim tashkiloti va korxona talabalarning ishtiroki, oʻzlashtirishi, ichki tartib-qoidalarga rioya etishi kabi masalalarda maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyadi.
25. Talabalarni baholash va yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Vazirlik dual taʼlimni tashkil etishda quyidagilarni amalga oshiradi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan dual taʼlim tashkil qilinadigan korxona va oliy taʼlim tashkilotida taʼlim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
dual taʼlim jarayonini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
dual taʼlimni tashkil etish bilan bogʻliq oʻquv-metodik taʼminot va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash choralarini koʻradi;
oliy taʼlim tashkilotlarida dual taʼlimning tashkil etilishi yuzasidan monitoring yuritadi.
4-bob. “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish
27. Oliy taʼlim tashkilotlarida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimi ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
28. “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Palata tomonidan har yili 1-mayga qadar korxonalarga “Kasb egasi” dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha eʼlon beriladi;
Yagona milliy mehnat tizimi platformasidagi ish beruvchilarning shaxsiy kabineti orqali korxonalarning shtat birligi va boʻsh ish oʻrinlari Palataning onlayn platformasiga real vaqt rejimida berib boriladi;
Palata tomonidan har yili 20-iyunga qadar korxonalarda qoʻshimcha ishchi kuchi va ularning malakasiga boʻlgan talab shakllantiriladi;
shakllantirilgan ish oʻrinlari va malaka talablari toʻgʻrisida maʼlumotlar har yili 1-iyulga qadar Palataning onlayn platformasini Vazirlikning axborot tizimiga integratsiya qilish orqali oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga yetkaziladi;
korxonada boʻlib oʻtadigan amaliy mashgʻulotlar dasturi, oʻquv jarayoni jadvali, talabalar soni oliy taʼlim tashkiloti, Palata va korxona tomonidan har yili 15-iyulga qadar platformada tasdiqlanadi;
oliy taʼlim tashkiloti har yili 1-avgustga qadar korxonada oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlarning tasdiqlangan dasturi asosida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislik fanlarining oʻquv dasturlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
har yili 25-avgustga qadar oliy taʼlim tashkiloti, korxona va talaba oʻrtasida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish boʻyicha shartnoma tuziladi;
Palataning onlayn platformasi orqali talabalar tomonidan tanlangan ish oʻrinlari boʻyicha elektron yoʻllanmalar har yili 1-sentabrga qadar tegishli korxonaga yetkaziladi;
elektron yoʻllanma asosida taʼlim jarayonini bevosita korxonalarda amalga oshirgan talabalar uchun korxona tomonidan ish haqi hisoblanadi va Palata tomonidan taqdim etilgan talabalar roʻyxatiga asosan toʻlanadi;
korxona tomonidan talabalarga har oy uchun hisoblangan ish haqining 2 million soʻmgacha boʻlgan qismi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi uchun Palataning onlayn platformasidan ariza beriladi;
Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi uch kun muddatda ariza boʻyicha oliy taʼlim tashkilotiga soʻrov yuboradi.
29. Ish haqining Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan qoplash uchun ajratiladigan mablagʻlar korxonaning alohida hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Bunda ajratiladigan mablagʻlar korxonadagi masʼul rahbarning xulosasiga muvofiq oliy taʼlim tashkiloti kengashining qarori asosida qoplab berish uchun tavsiya (oʻn kun muddatda) etiladi.
30. Korxonada oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotni tashkil etish muddatlari oliy taʼlim tashkiloti va korxona tomonidan kelishilgan holda belgilanadi hamda oʻquv jarayoni jadvaliga belgilangan tartibda kiritiladi.
5-bob. Korxona, oliy taʼlim tashkiloti va talabalarning dual taʼlim tizimini tashkil etish boʻyicha vazifalari, huquqlari hamda majburiyatlari
31. Korxona:
oliy taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda dual taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlaydi;
oliy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda talabalarni oʻqishga qabul qilingandan soʻng 1-sentabrga qadar dual taʼlim boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
dual taʼlimda oʻqitish muddatlarini hamda tashkilotga yuborilayotgan talabalar tarkibini oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishadi;
talabalar bilan shartnomalar tuzadi va oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan muddatlarda talabalarni qabul qiladi;
har bir talabaga dual taʼlim dasturining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻrgatish uchun amaliyot rahbarini (ustozni) biriktiradi;
biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz) tomonidan dual taʼlim dasturi, lavozim yoʻriqnomalari va majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydi;
talabani oʻzlashtirgan mutaxassislik boʻyicha natijalarini baholash jarayonini tashkil etadi;
yakuniy davlat attestatsiyasida qatnashadi.
Korxona qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
32. Korxona quyidagi huquqlarga ega:
mashgʻulotlarning nazariy qismi oʻqitilishi yuzasidan oliy taʼlim tashkilotiga murojaat qilish;
dual taʼlim sifatini oshirish yuzasidan oliy taʼlim tashkilotiga takliflar berish;
normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va ularning loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish;
bir nechta oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.
Korxona qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
33. Korxonaga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
mashgʻulotlarning amaliy qismini korxonada oʻtkazish uchun sharoit yaratish;
talabalarni mehnat qonunchiligi asosida ishga qabul qilish;
talabalarni korxonada ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismi davrida aniq ish joyi va zarur jihozlar bilan taʼminlash;
talabani korxonaning tuzilmasi boʻyicha barcha boʻlim funksiyalarini oʻrganish va jarayonda bevosita (dublyor sifatida) ishtirok etishlarini taʼminlash;
talabalarni korxona ustavi, ichki tartib-qoidalari, tibbiy (sanitariya), yongin xavfsizligi qoidalari hamda boshqa talablar bilan tanishtirish;
talabalarning korxonadagi faoliyati davomida texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasini taʼminlash;
talabalarga oʻz ustaviga muvofiq amaliy jarayonlarda qatnashishga ruxsat berish;
talabalar kundaligi yuritilishini taʼminlash;
oliy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda dual taʼlim amalga oshirganligi boʻyicha hisobotlarni tayyorlash.
34. Oliy taʼlim tashkiloti:
korxona bilan birgalikda talabalarni oʻqishga qabul qilingandan soʻng 1-sentabrga qadar dual taʼlim boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
korxona bilan birgalikda tegishli taʼlim yoʻnalish (mutaxassislik)lari boʻyicha masʼul vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlangan taʼlim dasturlari asosida dual taʼlim boʻyicha oʻquv-metodik hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
korxona bilan dual taʼlim dasturi davomiyligi hamda talabalarning roʻyxatini tasdiqlaydi;
talaba va korxona oʻrtasida dual taʼlim boʻyicha tuzilgan shartnomalarni roʻyxatga oladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq shartnomasi mavjud talabalarni dual taʼlim boʻyicha guruhlarga qabul qilishni tashkil etadi;
dual taʼlimni tashkil etish, talabalarni korxonaga yuborish, talabalarning har bir guruhiga masʼul professor-oʻqituvchini buyruq asosida biriktiradi;
dual taʼlim dasturini amalga oshirishni taʼminlaydi;
korxona bilan talabalarni baholashni va yakuniy davlat attestatsiyasini belgilangan tartibda tashkil etadi;
dual taʼldual taʼlim boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarning buyruqlari va koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajaradi.
Oliy taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
35. Oliy taʼlim tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
dual taʼlimning amaliy qismini tashkil etish boʻyicha korxonaga murojaat qilish;
dual taʼlim sifatini oshirish yuzasidan korxonaga takliflar berish;
dual taʼlim jarayonini tashkil etish uchun tuzilgan shartnomalarga tomonlar bilan kelishgan holda oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz nomidan yuridik shaxslar bilan vakolati doirasida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha shartnomalar va boshqa hujjatlar tuzish;
dual taʼlim boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan mablagʻlarni belgilangan tartibda sarflash.
Oliy taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
36. Oliy taʼlim tashkiloti oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
dual taʼlim uchun masʼul professor-oʻqituvchilar faoliyatini nazorat qilish;
iqtisodiyot tarmoqlarida kadrlarga boʻlgan real ehtiyoj asosida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha hamkorlikni tashkil etish;
talabaning amaliyot kundaligini nazorat qilish.
Oliy taʼlim tashkilotiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
37. Talabalar:
korxonaning ustaviga muvofiq ish jarayonlarida belgilangan tartibda qatnashadi;
oʻquv mashgʻulotlarining nazariy va amaliy qismida ishtirok etadi;
dual taʼlim jarayoni soʻnggida yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi.
Talabalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
38. Talabalar quyidagi huquqlarga ega:
tegishli taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) boʻyicha bilim olish;
oʻquv, texnika jihozlari va vositalaridan, oʻquv (ishlab chiqarish) laboratoriya xonalaridan, axborot resurs markazi oʻquv zali va adabiyotlar fondidan, yordamchi xonalardan, sport majmualari, oliy taʼlim tashkilotiga qarashli tibbiy va texnik jihozlardan bepul foydalanish;
korxonada amaliyot bazalaridan, korxonaning moddiy-texnik bazasidan foydalanish;
korxonadagi mehnat va jamoat ishlarida qatnashish;
dual taʼlim vaqtida korxonadan shartnomaga muvofiq ish haqi olish.
Talabalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
39. Talabalar oʻz zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
korxona va oliy taʼlim tashkilotida belgilangan tartib va qoidalarga rioya qilish;
dual taʼlim jarayonida oliy taʼlim tashkiloti va korxona tomonidan berilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish;
talaba kundaligini oʻz vaqtida yuritib borish va hisobotlarni topshirish;
korxonadagi faoliyati davomida mehnat va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilish.
Talabalarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Dual taʼlimda taʼlim yoʻnalish (mutaxassislik)lar boʻyicha toʻlov-kontrakt miqdori bir talabani oʻqitish bilan bogʻliq sarf-xarajatlardan kam boʻlmagan miqdorlarda tegishli vazirliklar va idoralarning takliflari asosida Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqichQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari1. Dual taʼlim tashkil etiladigan korxonalar va oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha takliflar tayyorlaydi.2. Takliflarni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga hamda Savdo-sanoat palatasiga kiritadi.Har yili 1-fevralga qadar2-bosqichSavdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariDual taʼlim shaklida talabalarni qabul qiladigan korxonalar imkoniyatlarini oʻrganadi va dual taʼlim tashkil qilinadigan korxonalar roʻyxatini eʼlon qiladiHar yili 1-iyunga qadar3-bosqichOliy taʼlim tashkilotlari, korxonalarDual taʼlim dasturlarini ishlab chiqadi.Uquv jarayoni boshlanishidan kamida bir oy oldin4-bosqichOliy taʼlim tashkilotlariOliy taʼlim tashkilotlarida dual taʼlimning nazariy qismini tashkil etadi.Har yili sentabr oyining birinchi haftasidan boshlab5-bosqichOliy taʼlim tashkilotlari, korxonalar va talabalarDual taʼlimni amalga oshirish boʻyicha uch tomonlama shartnoma tuzadi.Har yili 1-sentabrga qadar6-bosqichKorxonalar1. Dual taʼlimning amaliy qismini korxonada tashkil etadi.2. Talabaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi toʻlaydi.Uquv yili mobaynida7-bosqichOliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi,Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari1. Dual taʼlim jarayonini muvofiqlashtiradi.2. Dual taʼlim tashkil qilingan korxonalarda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar doimiy monitoringini yuritadi.Oʻquv yili mobaynida
Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlarida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tashkil etish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqichSavdo-sanoat palatasi, oliy taʼlim tashkiloti, korxonalar,Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi1. Savdo-sanoat palatasi ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) korxonalariga dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha eʼlon beradi.Har yili 1-mayga qadar2. Korxonalarning shtat birligi va boʻsh ish oʻrinlarini Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasiga real vaqt rejimida berib boradi.Doimiy3. Korxonalarda qoʻshimcha ishchi kuchi va ularning malakasiga boʻlgan talabni shakllantiradi.Har yili 20-iyunga qadar4. Ish oʻrinlari va malaka talablari toʻgʻrisida maʼlumotlarni oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga yetkazadi.Har yili 1-iyulga qadar2-bosqichOliy taʼlim tashkiloti, Savdo-sanoat palatasi, korxonalar1. Amaliy mashgʻulotlar dasturi, oʻquv jarayoni jadvali va talabalar sonini platformada tasdiqlaydi.Har yili 15-iyulga qadar2. Amaliy mashgʻulotlar dasturi asosida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislik fanlarining oʻquv dasturlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi.Har yili 1-avgustga qadar3-bosqichSavdo-sanoat palatasi, oliy taʼlim tashkiloti, korxonalar, talabalar1. Oliy taʼlim tashkiloti, korxona va talaba oʻrtasida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimi boʻyicha shartnoma tuziladi.Har yili 25-avgustga qadar2. Savdo-sanoat palatasining onlayn platformasi orqali talabalar tomonidan tanlangan ish oʻrinlari boʻyicha elektron yoʻllanmalarni tegishli korxonaga yetkazadi.Har yili 1-sentabrga kadar4-bosqichOliy taʼlim tashkiloti1. Nazariy mashgʻulotlarni oliy taʼlim tashkilotida tashkil etadi.2. Nazariy oʻquv mashgʻulotlarni amaliy mashgʻulotlar uygʻunligini taʼminlaydi.Oʻquv jarayoni jadvaliga muvofiq5-bosqichKorxonalar1. Amaliy mashgʻulotlarni korxonada tashkil etadi.2. Ish haqini hisoblaydi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan taqdim etilgan talabalar roʻyxatiga asosan toʻlaydi.Oʻquv yili mobaynida
