Apatrid maqomi toʻgʻrisida
28.09.1954
Birlashgan Millatlar Tashkilotining
Konvensiyasi
MUQADDIMA
Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlar,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi barcha odamlar asosiy huquq va erkinliklardan hech bir kamsitishsiz foydalanishlari kerakligi prinsipini oʻrnatganligini eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti koʻp marta apatridlar taqdiriga chuqur qiziqish bildirganligini hamda apatridlarning belgilangan asosiy huquq va erkinliklardan iloji boricha kengroq foydalanishini taʼminlash uchun saʼy-harakatlar qilganligini eʼtiborga olib,
shuningdek, qochoq hisoblanadigan apatridlar 1951-yil 28-iyuldagi Qochoqlar maqomi toʻgʻrisidagi konvensiya tomonidan qamrab olinganligini hamda ushbu Konvensiya tomonidan qamrab olinmagan koʻpgina apatridlarning borligini eʼtiborga olib,
apatridlarning ahvolini xalqaro bitim bilan tartibga solish va yaxshilash maqsadga muvofiqligini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. “Apatrid” tushunchasini belgilash
1. Ushbu Konvensiyada “apatrid” atamasi biron bir davlat tomonidan, uning qonuniga koʻra fuqaro deb hisoblanmaydigan shaxs nazarda tutiladi.
2. Ushbu Konvensiyaning qoidalari quyidagilarga qoʻllanilmaydi:
i) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissaridan tashqari, hozirgi vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkilotining boshqa organlari yoki muassasalari himoyasi yoxud yordamidan foydalanayotgan shaxslarga;
ii) oʻzlari yashayotgan mamlakatning vakolatli organlari ushbu mamlakatning fuqaroligi bilan bogʻliq huquq va majburiyatlarni tan oladigan shaxslarga;
iii) ularga nisbatan ehtimol tutishga jiddiy asoslar boʻlgan shaxslarga, yaʼni ular:
a) shu kabi jinoyatlarga nisbatan choralar koʻrish maqsadida tuzilgan xalqaro hujjatlarda qilmishlari uchun belgilab qoʻyilgan tinchlikka qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar yoki insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlar;
b) ular ushbu davlatga kiritilgunga qadar boshpana bergan mamlakat tashqarisida nosiyosiy xususiyatga ega ogʻir jinoyat sodir etganlar;
c) Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsadlari va tamoyillariga zid boʻlgan xatti-harakatlarni sodir etgan aybdorlar.
2-modda. Umumiy majburiyatlar
Har bir apatridda hozir oʻzi boʻlib turgan mamlakatga nisbatan majburiyatlar mavjud boʻlib, xususan, u qonunlar va qarorlarga, shuningdek jamoat tartibini saqlab turish uchun qabul qilinadigan choralarga boʻysunishi kerak.
3-modda. Kamsitishga yoʻl qoʻymaslik
Ahdlashuvchi davlatlar ushbu Konvensiya qoidalarini apatridlarga nisbatan irqi, dini yoki kelib chiqish mamlakati belgisi boʻyicha hech bir kamsitishga yoʻl qoʻymasdan qoʻllaydilar.
4-modda. Diniy eʼtiqodlar
Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida boʻlgan apatridlarga kamida oʻz fuqarolariga nisbatan boʻlgani kabi oʻz diniga erkin eʼtiqod qilish va bolalariga diniy tarbiyani erkin berishga qulay sharoit taqdim etadilar.
5-modda. Ushbu konvensiyadan qatʼi nazar taqdim etilgan huquqlar
Ushbu Konvensiyadagi hech narsa apatridlarga qaysidir bir Ahdlashuvchi davlat tomonidan ushbu Konvensiyadan qatʼi nazar taqdim etilgan hech bir huquq va ustunliklarni buzmaydi.
6-modda. “Xuddi shunday vaziyatlarda” ifodasi
Ushbu Konvensiyada “xuddi shunday vaziyatlarda” ifodasi apatrid, agar oʻzi apatrid boʻlmaganida, oʻz xususiyati boʻyicha apatrid qondirishga qodir boʻlmagan har qanday talablarni (jumladan, mamlakatda boʻlish yoki yashash muddati va shartlariga tegishli talablar) istisno etgan holda, mazkur alohida shaxsni tegishli huquqdan foydalanishini qondirishi zarur boʻlgan har qanday talablarni qondirishi kerak.
7-modda. Oʻzaro munosabatlar prinsipidan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi davlatlar ushbu Konvensiyaga asoslangan holda, apatridlarga yanada qulayroq huquqiy qoida taqdim etiladigan holatlardan tashqari, ularga umuman, chet elliklar foydalanadigan qoidalarni taqdim etadi.
2. Barcha apatridlar Ahdlashuvchi davlatlar hududlarida uch yillik yashash muddati tugagandan keyin qonunchilik orqali oʻrnatilgan oʻzarolik talabidan ozod qilinadi.
3. Har bir Ahdlashuvchi davlat apatridlarga mazkur Konvensiya ushbu davlatga nisbatan kuchga kirgan kunida hech bir oʻzaro munosabatlarsiz ega boʻlgan huquq va imtiyozlarni keyinchalik ham ularga taqdim etadi.
4. Ahdlashuvchi davlatlar apatridlarga, ular 2 va 3-bandlarga koʻra ega boʻlgan huquqlaridan tashqari, hech bir oʻzaro munosabatlarsiz huquq va imtiyozlarning taqdim etilishi imkoniyatiga hamda 2 va 3-bandlarda koʻzda tutilgan shartlarga javob bermaydigan apatridlarning oʻzarolik talablaridan ozod qilinishi ehtimoliga xayrixohlik bilan qaraydilar.
5. 2 va 3-bandi qoidalari ushbu Konvensiyaning 13, 18, 19, 21 va 22-moddalarida qayd etilgan huquq va imtiyozlarga, ham ularda koʻzda tutilmagan huquq va imtiyozlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
8-modda. Istisno choralaridan ozod qilish
Ahdlashuvchi davlatlar tomonidan fuqarolar yoki chet el davlatining sobiq fuqarolari boʻlgan shaxslarning mol-mulki yoki manfaatlariga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan istisno choralari apatridlarga nisbatan, ularning avval ushbu chet el davlatining fuqaroligiga ega boʻlganliklariga asosan qoʻllanilmaydi. Qonunchiligi ushbu moddada ifoda etilgan umumiy prinsipni qoʻllashga yoʻl qoʻymaydigan Ahdlashuvchi davlatlar tegishli holatlarda, bunday apatridlar manfaatlarini koʻzlab istisnolar oʻrnatadi.
9-modda. Vaqtinchalik chora-tadbirlar
Ushbu Konvensiyada hech narsa Ahdlashuvchi davlatning urush paytida yoki boshqa favqulodda va alohida vaziyatlarda davlat xavfsizligi manfaatlarida zarur deb hisoblaydigan vaqtinchalik choralarni qabul qilish huquqidan mahrum etmaydi, bu esa ushbu Ahdlashuvchi davlat u yoki bu muayyan shaxsning haqiqatan apatrid ekanligini aniqlaguncha va unga nisbatan ana shunday choralarning keyinchalik qoʻllanilishi davlat xavfsizligi manfaatlari uchun zarurdir.
10-modda. Yashashning uzluksizligi
1. Agar apatrid ikkinchi jahon urushi paytida deportatsiya qilingan va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining hududiga joʻnatilgan hamda oʻsha yerda yashayotgan boʻlsa, bunday majburiy boʻlish vaqti ushbu hudud doirasida qonuniy yashash vaqti sifatida qaraladi.
2. Agar apatrid ikkinchi jahon urushi paytida Ahdlashuvchi Davlatlardan birining hududidan deportatsiya qilingan va ushbu Konvensiya kuchga kirgunga qadar oʻsha yerda doimiy yashash maqsadida qaytib kelgan boʻlsa, u holda bunday deportatsiyadan oldin va keyin yashash davri yashashning uzluksizligi talab qilinadigan barcha holatlarda bir uzluksiz davr sifatida koʻrib chiqiladi.
11-modda. Dengizchi apatridlar
Agar apatridlar Ahdlashuvchi davlatlardan birining bayrogʻi ostida suzib yurgan kemalar ekipajida yaxshi xizmat qiluvchi shaxslar boʻlsa, bu davlat ushbu shaxslarning oʻz hududida joylashishiga va ularga yoʻl hujjatlarini berishga yoki oʻz hududiga, xususan, biron bir boshqa mamlakatda joylashishini yengillashtirish maqsadida vaqtincha kirish huquqini taqdim etishga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
II BOB. HUQUQIY MAQOM
12-modda. Shaxsiy maqom
1. Apatridning shaxsiy maqomi, u joylashgan mamlakat qonunlari yoki u boʻlmasa, u yashaydigan mamlakat qonunlari bilan aniqlanadi.
2. Apatridning shaxsiy maqomi bilan bogʻliq avvaldan mavjud boʻlgan huquqiga va, xususan, nikohdan kelib chiqadigan huquqiga, zarur hollarda, tegishli huquq ushbu davlat qonunlari tomonidan tan olingan huquqlardan biri boʻlishi sharti bilan, mazkur davlatning qonunlarida belgilab qoʻyilgan rasmiyatchiliklar, agar bu shaxs apatrid boʻlmaganida, Ahdlashuvchi davlatlar tomonidan bajarilishi boʻyicha amal qiladi.
13-modda. Koʻchar va koʻchmas mulk
Ahdlashuvchi davlatlar koʻchar va koʻchmas mulkni olishga hamda bu bilan bogʻliq boshqa huquqlarga nisbatan, shuningdek koʻchar va koʻchmas mulkka taalluqli ijara hamda boshqa shartnomalarga nisbatan apatridlarga, iloji boricha qulayroq imkoniyatlarni, har holda, ana shunday vaziyatlarda, odatda chet elliklar foydalanadigandan kam boʻlmagan qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.
14-modda. Mualliflik va sanoat huquqi
Sanoat huquqlari, xususan, ixtiro qilish, chizmalar va modellar, savdo markalari, firmalar nomiga boʻlgan huquqlar hamda adabiy, badiiy va ilmiy asarlarga boʻlgan huquqlarni himoya qilishga taalluqli masalalarda, odatiy turar joyiga ega boʻlgan mamlakatdagi apatridlarga ushbu mamlakat fuqarolariga boʻlgani kabi bir xil himoya taqdim etiladi. Har qanday boshqa Ahdlashuvchi davlat hududida odatiy turar joyiga ega boʻlgan apatridlarga bu hududdagi mamlakat fuqarolariga boʻlgani kabi bir xil himoya taqdim etiladi.
15-modda. Assotsiatsiyalar huquqi
Siyosiy xususiyatga ega boʻlmagan hamda foyda olish maqsadini koʻzlamaydigan assotsiatsiyalar va kasaba uyushmalariga nisbatan Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga xuddi ana shunday vaziyatda chet el fuqarolari uchun belgilanganiga mutanosib yanada qulay imkoniyat taqdim etadi.
16-modda. Sudga murojaat qilish huquqi
1. Har bir apatrid barcha Ahdlashuvchi davlatlarning hududlarida sudlarga erkin murojaat qilish huquqiga ega.
2. Ahdlashuvchi davlatlarning hududida odatiy turar joyga ega boʻlgan har bir apatrid oʻz fuqarolari kabi sudga, xususan, huquqiy yordam va sud xarajatlarini toʻlashdan ozod etish masalalarida murojaat qilish huquqidan foydalanadi.
3. Oʻzining odatiy yashash mamlakatidan tashqari, boshqa barcha mamlakatlardagi har bir apatridga 2-bandda qayd etilgan masalalar boʻyicha uning odatiy turar joyidagi mamlakat fuqarosiga boʻlgani kabi bir xil qoidalar taqdim etiladi.
III BOB: DAROMAD KELTIRADIGAN MASHGʻULOTLAR
17-modda. Yollanib ishlash
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻzlarining hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga, ularning yollanib ishlash huquqiga nisbatan, xuddi shunday holatlarda xorijiy davlatlar fuqarolari foydalanadigandan yanada qulayroq huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar barcha apatridlarning va, xususan, ishchi kuchini yollash dasturini bajarish tartibi yoki immigratsiya rejalariga muvofiq oʻz hududlariga kirgan apatridlarning yollanib ishlashga nisbatan huquqlarining fuqarolar huquqlari bilan tenglashtirish imkoniyatiga xayrixohlik bilan qaraydilar.
18-modda. Oʻz korxonasida ishlash
Ahdlashuvchi davlatlar, ularning hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga mustaqil ravishda qishloq xoʻjaligi, sanoat, hunarmandchilik va savdo bilan shugʻullanish, shuningdek savdo va sanoat shirkatlarini taʼsis etish huquqlariga nisbatan qulayroq huquqiy imkoniyatni, har holda xuddi shunday vaziyatlarda, odatda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan qulay huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
19-modda. Erkin kasblar
Har bir Ahdlashuvchi davlat, ularning hududida qonuniy yashayotgan va ushbu davlatning vakolatli hokimliklari tomonidan eʼtirof etilgan diplomga ega boʻlgan, erkin kasblar bilan shugʻullanishni istagan apatridlarga qulayroq huquqiy imkoniyatni, odatda xuddi shunday vaziyatlarda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
IV BOB: IJTIMOIY TAʼMINOT
20-modda. Payoklar tizimi
Butun aholi uchun tanqis mahsulotlarni umumiy taqsimlashni tartibga soladigan payoklar tizimining majburiyligi mavjud boʻlganda, bunday tizim apatridlarga fuqarolar bilan teng asosda qoʻllaniladi.
21-modda. Uy-joy masalasi
Uy-joy masalasi qonunlar yoki qarorlar bilan tartibga solinishi yoxud davlat hokimiyati nazorati ostida boʻlsa, Ahdlashuvchi davlatlar oʻz hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga iloji boricha qulayroq huquqiy imkoniyatni, har holda, odatda xuddi shunday vaziyatlarda xorijliklar foydalanadigandan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
22-modda. Xalq taʼlimi
1. Ahdlashuvchi davlatlar apatridlarga boshlangʻich taʼlimga nisbatan fuqarolarga boʻlgani kabi bir xil huquqiy imkoniyatni taqdim etadi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar apatridlarga boshlangʻich taʼlimdan tashqari, xalq taʼlimining boshqa turlariga va, xususan, oʻqish imkoniyati, chet el attestati, diplom va darajalarini tan olish, oʻqish huquqi uchun toʻlov va yigʻimlardan ozod qilish, shuningdek stipendiya berishga nisbatan iloji boricha qulayroq huquqiy holatni va har holda, odatda xuddi shunday vaziyatlarda chet elliklar foydalanadiganidan kam boʻlmagan imkoniyatni taqdim etadi.
23-modda. Hukumat yordami
Ahdlashuvchi davlatlar, ularning hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga oʻz fuqarolari kabi hukumat yordami va qoʻllab-quvvatlashidan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
24-modda. Mehnat qonunchiligi va ijtimoiy taʼminot
1. Ahdlashuvchi davlatlar fuqarolariga boʻlgani kabi ularning hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarga quyidagi holatlarni taqdim etadi:
a) mehnat uchun haq, jumladan, oilaga nafaqa, agar bunday nafaqalar mehnat haqining bir qismi boʻlsa, ish vaqtidan ortiqcha ish, pul toʻlanadigan taʼtil, uydagi ishni cheklash, yollanib ishlayotgan shaxslarning eng kichik yoshi, ayollar va oʻsmirlar uchun shogirdlik hamda kasbiy tayyorgarlik va jamoaviy shartnomalar manfaatlaridan foydalanish, chunki ushbu masalalar qonunlar yoki farmoyishlar bilan tartibga solinadi hamda maʼmuriy hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi;
b) quyidagi cheklovlar bilan ijtimoiy taʼminot (ishda baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, onalik, kasallanish, nogironlik, qarilik, oʻlim, ishsizlik, oilaga nisbatan majburiyatlar va ichki qonunlar yoxud qarorlarga muvofiq ijtimoiy taʼminot tizimida koʻzda tutilgan boshqa hodisalarga taalluqli qonun hujjatlari):
i) ega boʻlingan huquq va ega boʻlish jarayonidagi huquqlarni saqlashning tegishli tartibi mavjud boʻlishi mumkin;
ii) yashash mamlakatining qonun yoki farmoyishlari toʻliq davlat mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladigan toʻliq yoki qisman nafaqa hamda normal pensiya olish uchun talab qilinadigan badallarga nisbatan barcha shartlarni bajarmagan shaxslarga beriladigan nafaqalarni olishning maxsus tartibini tasdiqlashi mumkin.
2. Apatridning ishda baxtsiz hodisa oqibatida yuzaga kelgan oʻlimi yoki kasb kasalligiga chalinishi uchun tovon puli olishga boʻlgan huquqiga manfaatdor shaxsning Ahdlashuvchi davlat hududida yashamasligi holati taʼsir qilmaydi.
3. Ahdlashuvchi davlatlar apatridlarga ijtimoiy taʼminotga nisbatan ega boʻlingan huquq va ega boʻlish jarayonidagi huquqlarni saqlash toʻgʻrisidagi oʻzlari oʻrtasida tuzilgan yoki kelajakda tuzilishi mumkin boʻlgan bitimlardan kelib chiqadigan imtiyozlarni faqat ushbu qayd qilingan bitimlarni imzolagan davlatlar fuqarolariga nisbatan qoʻllaniladigan shartlarga rioya qilgan holda taqdim etadi.
4. Ahdlashuvchi davlatlar har qanday vaqtda ushbu Ahdlashuvchi davlatlar va shartnomada ishtirok etmayotgan davlatlar oʻrtasida kuchga kirishi mumkin boʻlgan shu kabi bitimlardan kelib chiqadigan imtiyozlarni imkoni boricha apatridlarga taqdim etish toʻgʻrisidagi masalaga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladilar.
V BOB: MAʼMURIY CHORALAR
25-modda. Maʼmuriy koʻmaklashish
1. Apatridlar tomonidan biron bir huquqdan foydalanishda, odatda, bu apatridlar murojaat qila olmaydigan xorijiy davlat hokimiyatining koʻmaklashishini talab qilganda, hududida qayd etib oʻtilgan apatridlar yashaydigan Ahdlashuvchi davlatlar ularga bunday yordam oʻzlarining hokimliklari tomonidan koʻrsatilishi uchun choralar koʻradilar.
2. 1-bandda qayd etilgan hokimiyat yoki hokimliklar apatridlarni, odatda xorijliklarga hokimiyat yoki oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatlarning hokimliklari orqali beriladigan hujjatlar yoxud guvohnomalar bilan taʼminlab beradi yoki ularga berilishini oʻz nazorati ostida amalga oshirilishini taʼminlaydi.
3. Ushbu tartibda berilgan hujjatlar yoki guvohnomalar xorijliklarga hokimiyat yoki oʻzlari fuqarosi boʻlgan davlatlarning hokimliklari orqali beriladigan rasmiy hujjatlar yoki guvohnomalar oʻrnini bosadi hamda ular haqiqiy emasligi isbotlanmaguncha haqiqiy deb tan olinadi.
4. Ushbu moddada qayd etilgan xizmatlar uchun nochor shaxslarga taqdim etiladigan alohida imtiyozlarni istisno etgan holda, haq olinishi ham mumkin; biroq bunday haq moʻtadil boʻladi hamda shunga oʻxshash xizmatlar uchun fuqarolardan olinadigan haqqa mutanosib boʻladi.
5. Ushbu moddaning qoidalari 27 va 28-moddalarning qoidalariga daxl qilmaydi.
26-modda. Harakatlanish erkinligi
Har bir Ahdlashuvchi davlat oʻzining hududida qonuniy turgan apatridlarga, oʻz hududi doirasida, odatda, xuddi shunday vaziyatlarda qoʻllaniladigan barcha qoidalarga rioya qilish sharti bilan chet elliklarga yashash joyini tanlash va erkin harakatlanish huquqini taqdim etadi.
27-modda. Shaxsiy guvohnoma
Ahdlashuvchi davlatlar oʻzining hududida boʻlgan va haqiqiy yoʻl hujjatlariga ega boʻlmagan apatridlarga shaxsiy guvohnomani beradi.
28-modda. Yoʻl hujjatlari
Ahdlashuvchi davlatlar oʻzining hududida qonuniy yashayotgan apatridlarga oʻz hududidan tashqarida harakatlanish uchun yoʻl hujjatlarini beradi, bunga davlat xavfsizligi va jamoat tartibining asosli sabablari toʻsqinlik qilmaydi; bunday hujjatlarga ushbu Konvensiyaga ilova qilingan qoidalar qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi davlatlar bunday yoʻl hujjatlarini oʻzining hududida boʻlgan har qanday boshqa apatridga berishi mumkin; ular, xususan, oʻzining hududida boʻlgan, oʻzlarining qonuniy yashaydigan mamlakatida yoʻl hujjati olish imkoniyatiga ega boʻlmagan apatridlarga shunday yoʻl hujjatlarini berish toʻgʻrisidagi masalaga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
29-modda. Soliqlar
1. Ahdlashuvchi davlatlar apatridlardan ana shunday sharoitlarda oʻz fuqarolaridan oladigan yoki olishlari mumkin boʻlgan soliqlardan tashqari yoxud yuqori boʻlgan hech qanday boj, yigʻimlar yoki soliqlar olmaydi.
2. Avvalgi banddagi qoidalar hech bir tarzda apatridlarga chet elliklarga maʼmuriy hujjatlarni, shu jumladan, shaxsiy guvohnomani berish uchun yigʻimlarga taalluqli qonun va qarorlarning qoʻllanilishini istisno etmaydi.
30-modda. Mulkni olib chiqib ketish
1. Ahdlashuvchi davlatlar oʻz qonunlari va qarorlariga muvofiq apatridlarga oʻzining hududiga ularning oʻzi bilan olib kelgan mol-mulkni ularga joylashish uchun kirish huquqi taqdim etilgan boshqa mamlakatga olib chiqishiga ruxsat beradi.
2. Ahdlashuvchi davlatlar apatridning kirish huquqi taqdim etilgan boshqa mamlakatda joylashishi uchun ularga zarur boʻlgan mulkni olib chiqib ketishga, bu mulk qayerdaligidan qatʼi nazar, ruxsat berilishi toʻgʻrisidagi murojaatiga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi.
31-modda. Chiqarib yuborish
1. Ahdlashuvchi davlatlar davlat xavfsizligi yoki jamoat tartibi mulohazalaridan boshqacha tartibda hududlarida qonuniy yashayotgan apatridlarni chiqarib yubormaydi.
2. Bunday apatridlarni chiqarib yuborish faqat sud tartibida chiqarilgan qarorlarni bajarish bilan amalga oshiriladi. Davlat xavfsizligining uzrli asoslari toʻsqinlik qiladigan holatlarni istisno qilgan holda, apatridlarga tegishli instansiyalarda yoki tegishli instansiyalar tomonidan alohida tayinlangan shaxs yoki shaxslar oldida oʻzini oqlash uchun dalillar va shikoyatlar taqdim etish huquqi, shuningdek bu maqsad uchun oʻzlarining vakillariga ega boʻlish huquqi beriladi.
3. Ahdlashuvchi davlatlar bunday apatridlarga boshqa mamlakatga kirishga qonuniy huquq olish uchun yetarli muddat taqdim etadi. Ahdlashuvchi davlatlar ana shu muddat davomida oʻzlari zarur deb topgan, ichki xususiyatga ega boʻlgan choralarni qoʻllash huquqini saqlab qoladi.
32-modda. Naturallashtirish
Ahdlashuvchi davlatlar imkon boricha apatridlarning assimilyatsiyasi va naturallashtirilishini yengillashtiradi. Jumladan, ular naturallashtirish boʻyicha ish yuritishni tezlashtirish hamda bu bilan bogʻliq yigʻimlar va xarajatlarni iloji boricha kamaytirish uchun oʻzlariga bogʻliq barcha imkoniyatlarni ishga soladi.
VI BOB: YAKUNLOVCHI QOIDALAR
33-modda. Milliy qonunchilik hujjatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar
Ahdlashuvchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibini ushbu Konvensiyani hayotga tatbiq etish maqsadida ular tomonidan nashr etilgan qonunlar va qarorlar matni toʻgʻrisida xabardor qiladi.
34-modda. Bahslarni hal qilish
Ushbu Konvensiya ishtirokchilari oʻrtasida uni talqin etish yoki qoʻllashga oid paydo boʻladigan, boshqacha tarzda hal etib boʻlmaydigan barcha bahslar bahslashayotgan tomonlardan birining talabi boʻyicha Xalqaro sudga yuboriladi.
35-modda. Imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish
1. Ushbu Konvensiya 1965-yil 31-dekabrdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida barcha davlatlar tomonidan imzolash uchun ochiq boʻladi.
2. Ushbu Konvensiya quyidagilar nomidan imzolash uchun ochiq boʻladi:
a) Birlashgan Millatlar Tashkilotining aʼzosi boʻlgan har qanday davlat;
b) Birlashgan Millatlar Tashkilotining apatridlar maqomi masalasi boʻyicha konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilingan har qanday boshqa davlat;
c) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan uni imzolash yoki unga qoʻshilish uchun taklif etilgan har qanday boshqa davlat.
3. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga topshiriladi.
4. Mazkur Konvensiya ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan davlatlarga qoʻshilish uchun ochiq boʻladi. Qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi huzurida qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatni topshirish orqali amalga oshiriladi.
36-modda. Konvensiyaning hududiy qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi qaror
1. Har qanday davlat Konvensiyani imzolash yoki ratifikatsiya qilish yoxud unga qoʻshilish paytida, ushbu Konvensiyaning amal qilishi xalqaro munosabatlar uchun javobgar boʻlgan mazkur davlatning barcha hududlari yoki ayrim hududlariga tarqatilishini bayon etishi mumkin. Bunday bayonot Konvensiya ushbu davlat uchun kuchga kirgan kunda kuchga kiradi.
2. Konvensiya amal qilishining bu kabi tarqalishi har qanday keyingi paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yoʻllangan bildirgi orqali eʼlon qilinishi kerak va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ushbu bildirgi olingan kundan keyin toʻqsoninchi kun yoki ushbu davlat uchun Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab, agar bu oxirgi sana kechroq boʻlsa, kuchga kiradi.
3. Ushbu Konvensiyani imzolash, ratifikatsiya qilish yoki unga qoʻshilish paytida u tarqaladigan hududlarga nisbatan har bir manfaatdor davlat aynan shu hududlarda konstitutsiyaviy xususiyatga ega sabablarga koʻra, mazkur hududlar hukumatlarining ruxsati bilan ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishini kengaytirish uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrish imkoniyati toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
37-modda. Federativ davlatlar toʻgʻrisidagi qaror
Federativ yoki unitar boʻlmagan davlatlarga quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:
a) mazkur Konvensiyaning federal qonunchilik organi yurisdiksiyasiga taalluqli boʻlgan moddalariga nisbatan federal hukumatning majburiyatlari ushbu Konvensiyaning federal davlat boʻlmagan tomoni majburiyatlariga koʻrsatilgan darajada muvofiq boʻladi;
b) ushbu Konvensiyaning federatsiyaning konstitutsiyaviy tuzumiga muvofiq qonunchilik choralarini koʻrishga majbur boʻlmagan federatsiyaga kiradigan shtatlar, provinsiya va kantonlarining qonunchilik yuridiksiyasiga tegishli moddalariga nisbatan federal hukumat birinchi imkoniyatning oʻzida mazkur moddalar toʻgʻrisida tegishli shtat, provinsiya yoki kantonlarni oʻzining xayrixoh munosabati bilan xabardor qiladi;
c) ushbu Konvensiyaning tomoni boʻlgan federativ davlatlar har qanday boshqa Ahdlashuvchi Davlatning talabiga binoan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi orqali Konvensiyaning har qanday aniq qoidasiga nisbatan federatsiya va uning tarkibiy qismlarida mavjud qonunlar va amaliyotda ushbu qoidaning qonunchilik yoki boshqa yoʻl bilan hayotga tatbiq etilgani koʻrsatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadi.
38-modda. Qoʻshimcha shartlar
1. Imzolash, ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida har qanday davlat 1, 3, 4, 16 (1) va 33 — 42-moddalari istisno etilgani holda Konvensiyaning moddalariga qoʻshimcha shartlar qoʻyishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha shartlar qoʻygan har qanday davlat istalgan vaqtda bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilish orqali ushbu qoʻshimcha shartlaridan voz kechishi mumkin.
39-modda. Kuchga kirishi
1. Ushbu Konvensiya oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilgan sanadan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
2. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qoʻshilgan barcha davlatlar uchun oltinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat topshirilgandan soʻng, Konvensiya tegishli davlat tomonidan oʻz ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat topshirilgan kundan boshlab toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
40-modda. Denonsatsiya qilish
1. Har qanday Ahdlashuvchi davlat istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini xabardor qilish orqali ushbu Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin.
2. Bunday denonsatsiya qilish tegishli Ahdlashuvchi davlat uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga bildirgi yuborilgan kundan bir yil oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. 36-moddaga asosan bayonot bergan yoki xabarnoma yuborgan har qanday davlat shundan keyin istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga bildirgi yuborish orqali, Konvensiya Bosh kotib ushbu bildirgini olganidan bir yil oʻtgach tegishli hududda amal qilmasligi toʻgʻrisida bildirishi mumkin.
41-modda. Qayta koʻrib chiqish
1. Har qanday Ahdlashuvchi davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yuborilgan bildirgi orqali istalgan vaqtda, ushbu Konvensiyani qayta koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin.
2. Agar bunday talab bilan bogʻliq qandaydir choralar koʻrish kerak boʻlsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tegishli choralar koʻrishni tavsiya qiladi.
42-modda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan yuboriladigan bildirgilar
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga va 35-moddada qayd etilgan uning aʼzosi boʻlmagan davlatlarga quyidagilarni xabar qiladi:
a) 35-moddada koʻzda tutilgan imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilishlar toʻgʻrisida;
b) 36-moddada koʻzda tutilgan arizalar va bildirgilar toʻgʻrisida;
c) 38-moddada koʻzda tutilgan qoʻshimcha shartlar va qoʻshimcha shartlardan voz kechish toʻgʻrisida;
d) 39-moddaga muvofiq ushbu Konvensiyaning kuchga kirish kuni toʻgʻrisida;
e) 40-moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya qilish va bildirgilar toʻgʻrisida;
f) 41-moddaga muvofiq kelib tushgan qayta koʻrib chiqish talablari toʻgʻrisida.
Buni tasdiqlash uchun imzolashga zarur vakolatga ega boʻlgan holda, oʻz hukumatlari nomidan ushbu Konvensiyani imzoladilar.
Nyu-Yorkda bir ming toʻqqiz yuz ellik toʻrtinchi yil yigirma sakkizinchi sentabrda bir nusxada tuzilgan, matni ingliz, ispan va fransuz tillarida aynan bir xil; ushbu nusxa Birlashgan Millatlar Tashkiloti arxiviga topshirilgan hamda uning tasdiqlangan nusxalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolari va 35-moddada qayd etilganidek, aʼzo boʻlmagan davlatlarga yuboriladi.
