Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3601-son)
20.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 20-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3601]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 25-dekabr,
16-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 25-dekabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 18-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 25-dekabrdagi 16-son buyrugʻiga ILOVA
Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom sugʻurtalovchi yoki qayta sugʻurtalovchilarning (bundan buyon matnda sugʻurtalovchi deb yuritiladi) sugʻurta xizmatlari koʻrsatilishi sifati boʻyicha reytingini (bundan buyon matnda reyting deb yuritiladi) aniqlash va yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Reyting Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida (bundan buyon matnda Yagona tizim deb yuritiladi) shakllantiriladi va rasmiy veb-saytida har oyning 10 sanasida yangilangan holda eʼlon qilib boriladi.
Reyting texnik jihatdan vakolatli davlat organi tomonidan taʼminlanadi.
2. Reyting shkalasi ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
3. Reytingni aniqlash uchun sugʻurtalovchilar faoliyatini baholash (bundan buyon matnda baholash deb yuritiladi) koʻrsatkichlari boʻyicha umumiy ball baholash vaqtida amalda boʻlgan koʻrsatkichlar soni va ularga berilgan ballar yigʻindisidan kelib chiqib belgilanadi.
Yangi tashkil etilgan sugʻurtalovchilarni baholash ular amalga oshirgan faoliyati muddatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
4. Baholash koʻrsatkichlari va unga berilgan ballar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sugʻurtalovchining Yagona tizimdagi shaxsiy kabinetida real vaqt rejimida aks ettiriladi.
Baholash koʻrsatkichlari oʻzgargan taqdirda, sugʻurtalovchining shaxsiy kabinetidagi maʼlumotlar yangilanadi.
Baholash koʻrsatkichlarini shakllantirish uchun vakolatli davlat organi zarur boʻlgan maʼlumotlarni sugʻurtalovchilardan olish vakolatiga ega. Zarur maʼlumotlar taqdim etilmaganda, sugʻurtalovchining tegishli koʻrsatkichlari baholanmaydi.
5. Reyting maʼlumotlari boʻyicha sugʻurtalovchining eʼtirozlari mavjud boʻlganda, oʻz shaxsiy kabineti orqali vakolatli davlat organiga murojaat qiladi.
6. Sugʻurtalovchi tomonidan baholash koʻrsatkichi yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar taqdim etilgan kundan boshlab vakolatli davlat organi tomonidan besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Bunda:
eʼtirozlar asosli deb topilganda, maʼlumotlar bazasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan holda baholash koʻrsatkichi qayta shakllantiriladi;
eʼtirozlar asossiz deb topilganda, baholash koʻrsatkichlari oʻzgarishsiz qoldirilib, bu haqda tegishli tushuntirish sugʻurtalovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
2-bob. Sugʻurtalovchilarni baholash mezonlari
7. Sugʻurtalovchi quyidagi koʻrsatkichlar asosida ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq davriylikda baholanadi:
a) umumiy koʻrsatkichlar:
umumiy sugʻurta daʼvolari soniga nisbatan oʻz vaqtida koʻrib chiqilgan sugʻurta daʼvolari soni;
sugʻurta tovonini (toʻlovini) toʻlash tan olingan sugʻurta daʼvolari umumiy soniga nisbatan oʻz vaqtida toʻlangan sugʻurta tovonlari (toʻlovlari) soni;
umumiy sugʻurta daʼvolari soniga nisbatan qanoatlantirilgan sugʻurta daʼvolarining nisbati;
sugʻurta turlari boʻyicha yigʻilgan sugʻurta mukofotlari va sugʻurta toʻlovlarining nisbati (birlashtirilgan koeffitsiyent);
sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik normativi;
investitsiya faoliyati natijadorligi;
sugʻurta zaxiralari shakllantirilganligi;
sugʻurtalovchining filial (sotuv markaz)lari soni;
b) ballarni kamaytiruvchi koʻrsatkichlar:
tuzilgan sugʻurta shartnomalar soniga nisbatan vakolatli davlat organiga kelib tushgan sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining murojaatlari (shikoyatlar) soni;
oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan sugʻurta daʼvolari boʻyicha qoʻllanilgan jarima sanksiyalari soni;
oʻz vaqtida toʻlanmagan sugʻurta tovonlari (toʻlovlari) boʻyicha qoʻllanilgan jarima sanksiyalari soni;
sugʻurtalovchilar tomonidan hisobot yoki boshqa maʼlumotlar (faoliyatni baholashda taʼsir etadigan) vakolatli davlat organiga buzib koʻrsatilgan holda taqdim etilganligi (bila turib yolgʻon va notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi);
sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining murojaatlari (shikoyatlar) boʻyicha vakolatli davlat organining qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan sugʻurtalovchiga berilgan majburiy koʻrsatmasi belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
sugʻurta faoliyatiga oid litsenziyaning amal qilishi toʻxtatilganligi;
v) qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlar:
sugʻurtalovchida xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan berilgan oʻrta va undan yuqori reyting koʻrsatkichlarining mavjudligi;
sugʻurtalovchida xalqaro standartlashtirish tashkilotlari tomonidan berilgan sifat sertifikatlari mavjudligi;
sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilariga qoʻshimcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilganligi;
“Yashil sugʻurta” mahsulotlarining joriy etilganligi;
ixtiyoriy tibbiy sugʻurta mahsulotlarining joriy etilganligi.
3-bob. Reytingni baholash metodikasi
1-§. Umumiy koʻrsatkichlar
8. Umumiy sugʻurta daʼvolari soniga nisbatan oʻz vaqtida koʻrib chiqilgan sugʻurta daʼvolari soni quyidagicha baholanadi:
90 — 100 foizgacha boʻlsa — 15 ball;
75 — 89 foizgacha boʻlsa — 10 ball;
50 — 74 foizgacha boʻlsa — 8 ball;
25 — 49 foizgacha boʻlsa — 4 ball;
24 foizgacha boʻlsa — 2 ball beriladi.
9. Sugʻurta tovonini (toʻlovini) toʻlash tan olingan sugʻurta daʼvolari umumiy soniga nisbatan oʻz vaqtida toʻlangan sugʻurta tovonlari (toʻlovlari) soni quyidagicha baholanadi:
90 — 100 foizgacha boʻlsa — 10 ball;
75 — 89 foizgacha boʻlsa — 8 ball;
50 — 74 foizgacha boʻlsa — 6 ball;
25 — 49 foizgacha boʻlsa — 4 ball;
24 foizgacha boʻlsa — 2 ball beriladi.
10. Umumiy sugʻurta daʼvolari soniga nisbatan qanoatlantirilgan sugʻurta daʼvolarining nisbati quyidagicha baholanadi:
45 foizdan yuqori boʻlsa — 10 ball;
40 — 44 foizgacha boʻlsa — 8 ball;
35 — 39 foizgacha boʻlsa — 6 ball;
25 — 34 foizgacha boʻlsa — 4 ball;
24 foizgacha boʻlsa — 2 ball beriladi.
11. Sugʻurta turlari boʻyicha yigʻilgan sugʻurta mukofotlari va sugʻurta toʻlovlarining nisbati (birlashtirilgan koeffitsiyent) quyidagicha baholanadi:
100 foiz va undan kam boʻlsa — 10 ball;
101 — 104 foizgacha boʻlsa — 8 ball;
105 — 109 foizgacha boʻlsa — 6 ball;
110 foizdan yuqori boʻlsa — 4 ball.
12. Sugʻurtalovchining toʻlovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik normativi quyidagicha baholanadi:
2 dan yuqori boʻlsa — 20 ball;
1,5 — 2 gacha boʻlsa — 15 ball;
1,2 — 1,5 gacha boʻlsa — 10 ball;
1 — 1,2 gacha boʻlsa — 5 ball beriladi.
13. Investitsiya faoliyati (bundan oʻzi uchun foydalanishga olingan koʻchar va koʻchmas mulklar hamda bankka qoʻyilgan omonatlar mustasno) natijadorligi jami investitsiya qilingan summaga nisbatan daromadlilik nisbati hisoblanadi va quyidagicha baholanadi:
14 foizdan yuqori boʻlsa — 10 ball;
10 — 13 foizgacha boʻlsa — 6 ball;
7 — 9 foizgacha boʻlsa — 3 ball;
4 — 6 foizgacha boʻlsa — 1 ball beriladi.
14. Sugʻurta zaxiralari shakllantirilganligi quyidagicha baholanadi:
oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq shakllantirilgan boʻlsa — 15 ball;
shakllantirilmagan yoki toʻliq boʻlmagan miqdorda shakllantirilgan boʻlsa — ball berilmaydi.
15. Sugʻurtalovchining filiallari (sotuv markazlari) soni quyidagicha baholanadi:
a) majburiy sugʻurtaga oid litsenziyaga ega sugʻurtalovchilar uchun (filial soniga nisbatan litsenziya talabini hisobga olmaganda):
70 ta va undan koʻp boʻlsa — 10 ball;
35 — 69 tagacha boʻlsa — 7 ball;
15 — 34 tagacha boʻlsa — 3 ball beriladi;
b) boshqa sugʻurtalovchilar uchun:
14 ta va undan koʻp boʻlsa — 10 ball;
8 — 13 tagacha boʻlsa — 7 ball;
3 — 7 tagacha boʻlsa — 3 ball beriladi.
2-§. Ballarni kamaytiruvchi koʻrsatkichlar
16. Sugʻurtalovchining soʻnggi oʻn ikki oyda tuzilgan sugʻurta shartnomalari soniga nisbatan vakolatli davlat organiga soʻnggi oʻn ikki oyda kelib tushgan sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining murojaatlari (shikoyatlar) soni (bundan takroriy murojaatlar mustasno) 0,01 foizdan koʻp boʻlsa, ballar yigʻindisidan 9 ball chegiriladi.
17. Oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan sugʻurta daʼvolari boʻyicha qoʻllanilgan jarima sanksiyalari soni:
10 ta va undan koʻp boʻlsa — 8 ball;
7 — 9 tagacha boʻlsa — 4 ball;
5-6 tagacha boʻlsa — 2 ball ballar yigʻindisidan chegiriladi.
18. Oʻz vaqtida toʻlanmagan sugʻurta tovonlari boʻyicha qoʻllanilgan jarima sanksiyalari soni:
10 ta va undan koʻp boʻlsa — 8 ball;
7 — 9 tagacha boʻlsa — 4 ball;
5-6 tagacha boʻlsa — 2 ball ballar yigʻindisidan chegiriladi.
19. Sugʻurtalovchilar tomonidan hisobot yoki boshqa maʼlumotlar (faoliyatni baholashda taʼsir etadigan) vakolatli davlat organiga buzib koʻrsatilgan holda taqdim etilganligining (bila turib yolgʻon va notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi) har bir holati uchun ballar yigʻindisidan 3 balldan chegiriladi, bunda jami chegirilishi mumkin boʻlgan ballar 9 balldan oshmasligi lozim.
20. Sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining murojaatlari (shikoyatlar) boʻyicha vakolatli davlat organining qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan sugʻurtalovchiga berilgan majburiy koʻrsatmasi belgilangan muddatda bajarilmaganda, ballar yigʻindisidan 3 ball chegiriladi, bunda barcha koʻrsatmalar boʻyicha jami chegirilishi mumkin boʻlgan ballar 12 balldan oshmasligi lozim.
21. Sugʻurtalovchining sugʻurta faoliyatiga oid litsenziyasining amal qilishi toʻxtatilganda, ballar yigʻindisidan quyidagicha chegiriladi:
10 kun muddatga toʻxtatilganda — 7 ball;
6 oygacha muddatga toʻxtatilganda — 9 ball.
3-§. Qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlar
22. Sugʻurtalovchida xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan berilgan oʻrta va undan yuqori reyting koʻrsatkichlari mavjud boʻlganda, har bir reyting uchun 3 ball beriladi, bunda jami qoʻshilishi mumkin boʻlgan ballar 9 balldan oshmasligi lozim.
23. Sugʻurtalovchida xalqaro standartlashtirish tashkilotlari tomonidan berilgan sifat sertifikatlari mavjud boʻlsa 4 ball beriladi.
24. Sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilariga quyidagi qoʻshimcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilganda:
a) uzluksiz, yaʼni 24/7 faoliyat yuritadigan Call-markaz tashkil etilgan boʻlsa — 5 ball;
b) masofaviy elektron sugʻurta shartnomalari tuzish imkoniyati yaratilgan ixtiyoriy sugʻurta mahsulotlari soni:
5 — 9 tagacha boʻlsa — 1 ball;
10 — 14 tagacha boʻlsa — 3 ball;
15 ta va undan koʻp boʻlsa — 5 ball;
v) mijozlarga masofaviy xizmat koʻrsatilishini taʼminlovchi elektron platforma mavjud boʻlsa — 5 ball;
g) sugʻurtalovchida sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatuvchi shuʼba korxonalar (adjasterlar, aktuariylar, sugʻurta syurveyerlari, assistans va boshqalar) mavjud boʻlganda, har bir shuʼba korxona uchun 1 ball beriladi. Bunda, jami qoʻshilishi mumkin boʻlgan ballar 5 balldan oshmasligi lozim.
25. “Yashil sugʻurta” mahsulotlari (qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sugʻurtalash, xalqaro sertifikatlarga ega boʻlgan yashil binolar sugʻurtasi, elektromobillar sugʻurtasi, ekologik javobgarlik sugʻurtasi va boshqalar) joriy etilib, sugʻurta mukofoti quyidagi miqdorlarni tashkil qilganda:
1 — 3 mlrd soʻmgacha boʻlsa — 2 ball;
3 — 5 mlrd soʻmgacha boʻlsa — 4 ball;
5 mlrd soʻm va undan koʻp boʻlsa — 6 ball beriladi.
26. Ixtiyoriy tibbiy sugʻurta mahsulotlarining sugʻurta mukofoti quyidagi miqdorlarni tashkil qilganda:
1 — 3 mlrd soʻmgacha boʻlsa — 2 ball;
3 — 5 mlrd soʻmgacha boʻlsa — 4 ball;
5 mlrd soʻm va undan koʻp boʻlsa — 6 ball beriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
27. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
28. Reyting hayot va umumiy yoʻnalishda faoliyat yuritadigan sugʻurtalovchilar boʻyicha alohida hisoblanadi va yuritiladi.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Sugʻurtalovchilar reytingi
SHKALASI
Sugʻurtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Sugʻurtalovchilar reytingi boʻyicha baholash
KOʻRSATKICHLARI
