SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-86-son)
27.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 20-yanvarda hisobga olindi, hisob raqami 328]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-apreldagi 231-son “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
01/2-86-son
Kelishildi:
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2024-yil 20-dekabr
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 20-dekabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2024-yil 13-dekabr
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2024-yil 25-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi 01/2-86-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) shahar koʻcha-yoʻllarida avtobus yoʻlaklari, bekatlar, qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylari hamda kesishma va tutashmalarni loyihalashda ularning geometrik parametrlari hamda shahar koʻcha-yoʻllaridagi harakat xavfsizligiga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu SHNQning talablari metropoliten, tramvay, trolleybus yoʻlaklari va ularning bekatlarini loyihalashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish”;
SHNQ 2.05.02-23 “Avtomobil yoʻllari. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.04.18-22 “Shaharlar va qishloq aholi yashaydigan joylarni tashqi yoritish”;
SHNQ 2.10.01-23 “Yassi va chiziq tarzidagi inshootlar qurilishi uchun yer maydonlari oʻlchamlarini aniqlash”;
SHNQ 2.04.03-24 “Oqova suvlarni chiqarib yuborish. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”;
SHNQ 2.07.02-22 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish” ;
GOST 23457-86 “Yoʻl belgilari, belgilar, svetoforlar, yoʻl toʻsiqlari va yoʻnaltiruvchi qurilmalardan foydalanish qoidalari” (rasmiy manba: Pravila primeneniya dorojnix znakov, razmetki, svetoforov, dorojnix ograjdeniy i napravlyayushix ustroystv).
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Mazkur SHNQda quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllanilgan:
avtobus bekati — yoʻlovchilarni chiqarish-tushirish va transport vositalarini kutish uchun jihozlangan muntazam tashishlar yoʻnalishi boʻyicha avtomobil yoʻllari va shahar koʻchalari chetida yoki yoʻlning oʻrtasida joylashgan transport vositalarining toʻxtash joyi;
avtobus yoʻlagi — jamoat transporti harakati uchun maxsus ajratilgan harakat tasmasi;
kesishma — avtomobil yoʻllarining kesishmasi ikkita avtomobil yoʻli tutashadigan, biroq ularning hech biri uzilib qolmaydigan transport tuguni;
yoʻl yoqasidagi avtomobil toʻxtash joylari — qatnov qismining chetki qismida (yoʻl yoqasida) faqat yengil avtomobillar uchun ajratilgan qisqa muddatli avtomobil toʻxtash joylarining hududi.
3-bob. Avtobus bekatlari
3. Avtobus bekatlari shahar koʻcha-yoʻllarida quyidagicha loyihalash lozim:
yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)da;
qatnov qismiga parallel ravishda (karmansiz);
chorraha atrofida (chorraha toʻxtash chizigʻiga yetmasdan, chorrahadan keyin);
qatnov qismi boʻylab yoʻlning oʻrtasida.
4. Yoʻlovchi almashish yuqori boʻlgan transport almashinish tugunlari joylashgan koʻchalarda hududdagi boʻsh yerlarni inobatga olgan holda avtobus bekatlarni yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)da loyihalash kerak.
5. Avtobus bekatlarini yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)ga loyihalashtirilsa, bekat maydonchasining (pavilon) uzunligi eng katta avtobus uzunligiga asosan tanlanishi kerak.
6. Avtobus bekatlarini yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)ga joylashtirganda uning uzunligi 20 m dan 40 m gacha loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
Agar bekat maydonchalari (pavilonlar) uzunligi bekatga bir vaqtda keladigan avtobuslar uchun yetarli boʻlmasa, uning uzunligi 60 m gacha uzaytirilishi hamda ikki va uch qatorli bekat maydonchasi (pavilon) loyihalanishi kerak.
7. Avtobus bekatlarini yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)ga loyihalashtirilsa bekatga kirish va chiqish yoʻlagi yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)ning uzunligi 20 m boʻlishi lozim.
8. Avtobus bekatini qatnov qismidan ichkari (karman)ga loyihalash ushbu SHNQ ning 1-ilovasiga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
9. Avtobus bekatlarini qatnov qismi chetida (karmansiz) loyihalashtirilsa bekat maydonchasining (pavilonining) uzunligini 20 m dan 60 m gacha loyihalash kerak.
10. Avtobus bekatlarini (karmansiz) qatnov qismiga parallel ravishda loyihalaganda qatnov qismi chetki tasmasining yoʻl qoplamasi usti avtobus harakatini belgilovchi belgilar boʻlishi lozim.
11. Toʻxtash va chiqish maydonchalari koʻcha qatnov qismini toraytirish hisobiga qurilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
12. Avtobus bekatlarini qatnov qismiga parallel ravishda (karmansiz) loyihalash ushbu SHNQning 2-ilovasidagi muvofiq boʻlishi kerak.
13. Avtobus bekatlarini chorrahadan soʻng joylashtirish masofasi SHNQ 2.07.01-23 ga muvofiq boʻlishi lozim.
Bunda, SHNQ 2.07.01-23 da belgilangan masofa chorrahadagi toʻxtash chizigʻidan oldin joylashtirilganda harakat xavfsizligini inobatga olib kamida 70 m gacha qabul qilinishi kerak.
14. Transportning bir turidan boshqasiga oʻtish joylarida, yoʻlovchining bekatdan-bekatga oʻtish vaqtining hisobiy talablarini inobatga olgan holda piyodalar oʻtish joylarini SHNQ 2.07.01-23 ga muvofiq loyihalash lozim.
15. Avtobus bekatlari yoʻlovchilar uchun moʻljallangan ayvonlar bilan loyihalanishi kerak.
16. Avtobus bekatining yoʻlovchilar chiqish-tushish qismi bekat maydonchasi (pavilon) transport qatnov yoʻlidan 20 sm balandlikda joylashtirilishi lozim.
17. Avtobus bekatining avtobus toʻxtash nuqtasi quyidagi elementlar bilan jihozlanishi kerak:
toʻxtash joyi;
tushish, chiqish joyi;
bekat maydonchasi yoki soyabonli bekat;
oʻrindiq;
chiqindi qutisi;
harakatni tashkil etishning texnik vositalari (yoʻl belgilari, belgilar);
yoritish jihozlari;
piyodalar oʻtish joyi;
piyodalar yoʻlkasi;
reklama uchun maxsus doskalar;
axborot doskasi.
18. Avtobus bekatlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun avtobusga chiqish va tushish joylarida yoʻlka hamda panduslarni SHNQ 2.07.02-22 ga muvofiq loyihalash kerak.
19. Shahar yoʻlovchi transporti avtobus, trolleybus, tezyurar avtobus va tramvaylar, metropoliten, elektrlashtirilgan temir yoʻl bekatlarining orasidagi masofalar SHNQ 2.07.01-23 talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
20. Yirik shaharlarning aholi zich joylashgan hududlarida eng yaqin avtobus bekatigacha piyoda yetishning uzoqligi SHNQ 2.07.01-23 ga muvofiq boʻlishi lozim.
21. Avtovokzallar, avtostansiyalar va shahar atrofi avtobus yoʻnalishlarining oxirgi bekatlari SHNQ 2.07.01-23 talablariga muvofiq loyihalanishiga yoʻl qoʻyiladi.
22. Avtobus bekatlariga piyodalar kirishi, oʻtish joylari va xavfsizlik orolchalari orqali amalga oshirilishi kerak.
23. Avtobus bekatlari hududi (ochiq, yarim yopiq bekat maydonchasi, oʻtirish maydonchalari, koʻrgazmalar qoʻyiladigan joylar va chiqindi tashlaydigan joylar) uchun yer uchastkasining maydonini SHNQ 2.10.01-23 ga muvofiq hisoblashga yoʻl qoʻyiladi.
4-bob. Avtobus yoʻlaklari
24. Shahar koʻcha-yoʻllarida avtobus yoʻlaklari quyidagicha loyihalanishi kerak:
qatnov qismi boʻylab alohida tasmada;
yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasida (ikki tomonlama harakatdagi);
qatnov qismida aralash harakatlanadigan;
25. Yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasida avtobus yoʻlaklari quyidagi hollarda loyihalanishiga yoʻl qoʻyiladi:
harakat jadalligi bir tomonlama harakat uchun 2500 avt/h dan yuqori boʻlgan shahar va tuman ahamiyatidagi magistral koʻcha-yoʻllarda;
shahar ahamiyatidagi tezkor koʻcha-yoʻllarda;
avtotransport oqimida yuk va ogʻir tirkamali avtotransport vositalari koʻpaygan hollarda.
26. Yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasida alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlaklarida yengil, ogʻir va boshqa turdagi shaxsiy avtotransport vositalarini harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmasligini inobatga olib loyihalanishi lozim.
27. Avtobus yoʻlaklarida favqulodda vaziyatda harakatlanadigan maxsus avtotransport vositalari (tez yordam mashinasi hamda tezkor vazifalarni bajarishga moʻljallangan, koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli boʻyoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi, yongʻin qutqaruv avtomobillari) harakatlanishini inobatga olib loyihalanishiga yoʻl qoʻyiladi.
28. Tashqi suvlarni qochirish SHNQ 2.04.03-24 talablariga muvofiq yopiq turdagi drenajlar orqali amalga oshirilishi kerak.
29. Shahar koʻcha-yoʻllarida qatnov qismi chetida, shuningdek yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasida joylashtiriladigan avtobus yoʻlaklari ushbu SHNQning 3-ilovasiga muvofiq boʻlishi kerak.
30. Avtobus yoʻlaklarini barcha turlarini avtobuslarning oʻlchamlaridan kelib chiqib loyihalanishi kerak.
31. Avtobus yoʻlaklarini harakat tasmasining oʻlchamlari ushbu SHNQning 4-ilovasiga muvofiq boʻlishi lozim.
32. Avtobus yoʻlaklarini yoritish uchun tashqi yoritgichlarni oʻrnatish SHNQ 2.04.18-22 ga muvofiq boʻlishi kerak.
33. Yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasidagi alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlaklari bekatlari orasidagi masofa SHNQ 2.07.01-23 talablariga muvofiq loyihalash lozim.
34. Qatnov qismi oʻrtasidagi avtobus yoʻlaklari uchun joylashgan avtobus bekatlariga piyodalar oʻtish joylarini hisobga olgan yer usti yoki yer osti piyoda yoʻlaklarini rejalashtirish kerak.
35. Alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlaklari ushbu SHNQning 5-ilovasiga muvofiq loyihalanishi zarur.
5-bob. Kesishma va tutashmalar
36. Shahar koʻcha yoʻllarining kesishma va tutashmalari kesishuvchi hamda tutashuvchi yoʻllarning toʻgʻri qismlarida, shuningdek foydalanilmayotgan maydonlarda joylashtirilishi lozim.
37. Kesishmaga qoʻshilayotgan harakat oqimining yaqinlashgan qismida avtomobil toʻxtashi uchun koʻrish masofasi uzunligidagi yoʻlning boʻylama nishabligi SHNQ 2.05.02-23 talablariga muvofiq loyihalash lozim.
38. Shahar yoʻllarining turli sathlarda kesishma va tutashmalari (transport yechimlari) asosan quyidagilarda loyihalashga yoʻl qoʻyiladi:
shahar ahamiyatidagi magistral yoʻllarda kollektor yoʻllari, tuman ahamiyatidagi yoʻllar, mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar, sanoat hududlari yoʻllari hamda oʻtish joylari boʻlmagan (halqa) yoʻllari bilan;
kollektor yoʻllarini, tuman ahamiyatidagi yoʻllar va mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar shuningdek jamoat va tijorat hududlari yoʻllari bilan;
tuman ahamiyatidagi yoʻllarni mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar, turar-joy hududlari (mahalla) ichki yoʻllari, turar-joy hududlari (mavze, daha) yoʻllari hamda jamoat va tijorat hududlari yoʻllari bilan.
Bunda, kesishmalarni shaharlarda siqilgan “romb” shaklida loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
39. Aholi punktlarining hududida temir yoʻllarning koʻchalar va avtomobil yoʻllari, shuningdek jamoat elektr yoʻlovchi transporti yoʻnalishlari bilan bir sathda kesishuvlari SHNQ 2.05.02-23 va SHNQ 2.05.09-22 ga muvofiq boʻlishi kerak.
40. Bir sathdagi kesishmalar va tutashmalarda istiqboldagi jami harakat jadalligi 2000 dan 8000 gacha avt /h boʻlganda harakat yechimi sxemalari, xavfsizlik orolchalari va mintaqalari bilan loyihalanishi zarur.
Istiqboldagi jami harakat jadalligi 2000 avt/h dan kam boʻlganda bir sathdagi kesishmalar va tutashmalar loyihalanishi kerak.
41. Shahar koʻcha-yoʻllarida harakatlanayotgan avtotransport oqimining chapga burilishni 1 h ichida harakatlanayotgan umumiy oqimning 20 — 30 foizidan oshganda bir sathdagi kesishmalarida harakat tasmasining chapga burilishi alohida yoʻlak (karmanlar)da tashkil qilishga yoʻl qoʻyiladi.
42. Bir sathdagi kesishmalarda ajratilgan chapga burilish yoʻlagini boshlanish nuqtasini chorrahadan 70 m oldin rejalashtirish kerak.
Bunday geometrik parametrlarni amalga oshirish imkoni boʻlmagan joylarda texnik iqtisodiy asoslantirilgan holda 20 m gacha kamaytirishga yoʻl quyiladi.
43. Ajratilgan chapga burilish yoʻlagi chapga burilishni koʻrsatuvchi yoʻl belgilari, qarama-qarshi harakatdagi yoʻnalish tasmalari bilan ajratuvchi hudud (koʻkalamzor hudud), chorrahadan toʻgʻriga oʻtishni koʻrsatuvchi yoʻl belgilari, alohida chapga burilish chizigʻi bilan taʼminlanishi lozim.
44. Shahar koʻcha-yoʻllarida, shuningdek kesishma va tutashmalarda yoʻl belgilari va chiziqlari GOST 23457-86 ga muvofiq boʻlishi kerak.
45. Ajratilgan chapga burilish yoʻlagi rejalashtirish ushbu SHNQning 6-ilovasiga muvofiq loyihalash kerak.
6-bob. Harakat xavfsizligi va uni tashkil qilish
46. Shahar koʻcha-yoʻllarining loyihaviy yechimlari quyidagilarni taʼminlashi lozim:
transport vositalarining hisobiy tezlik bilan xavfsiz, uyushgan va qulay harakatlarini;
kesishma va tutashmalarning xavfsiz joylashishini;
qoplama yuzasi bilan avtomobil shinalari orasida normada ilashishini;
harakat sharoitida haydovchilarning koʻrish masofasini.
47. Loyiha yechimlarida harakat xavfsizligini taʼminlash SHNQ 2.05.02-23 talablarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarur.
48. Shahar koʻcha-yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlovchi yoʻl belgilari, svetoforlar va yoʻl chiziqlarini GOST 23457-86 ga muvofiq boʻlishi kerak.
49. Shahar koʻcha-yoʻllaridagi avtomobil yoʻli qatnov qismining sigʻimi va yoʻlning kengligi zaxirasi mavjud boʻlgan hollarda qatnov qismining chetki qismida (yoʻl yoqasida) faqat yengil avtomobillar uchun qisqa muddatli saqlash joylarini rejalashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
50. Shahar va tuman ahamiyatidagi koʻchalarda, shuningdek boshqa klassifikatsiyadagi koʻcha-yoʻl tarmogʻining qatnov qismiga yaqin joylashgan restoran, kafe va boshqa turdagi jamoat binolari obyektlariga tashrif buyuruvchilar uchun qatnov qismining chetki qismida (yoʻl yoqasida) faqat yengil avtomobillar uchun qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, avtomobil saqlash joylari yoʻlning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini pasaytirmasligi hamda piyoda yoʻlkalari kengligini kamaytirilishi hisobiga amalga oshirmaslik lozim.
51. Shahar va tuman ahamiyatidagi koʻchalarda, shuningdek boshqa klassifikatsiyadagi koʻcha-yoʻl tarmogʻi qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini loyihalashda quyidagi talablarni hisobga olish kerak:
yoʻl harakati va piyodalar harakati xavfsizligini;
toʻxtash joylarini joylashtirgandan keyin qolgan harakat tasmalarini oʻtkazuvchanlik qobiliyatini;
koʻcha-yoʻl tarmogʻidagi mavjud trafik hajmlarini aniqlanishni;
istiqboldagi 4-5 yil uchun avtomobil yoʻli qatnov qismining zaxira sigʻimini aniqlashni.
52. Shahar jamoat transporti toʻxtash joylari bekatlar uchun ajratilgan boʻlaklarda qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
53. Shahar koʻcha-yoʻl tarmogʻi qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini loyihalash ushbu SHNQning 7-ilovasiga muvofiq joylashtirilishi kerak.
54. Koʻcha-yoʻl tarmogʻi qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarida avtomobillarni joylashtirish usuliga koʻra toʻxtash joylarini parametrlari ushbu SHNQning 8-ilovasiga muvofiq loyihalanishi kerak.
55. Koʻcha-yoʻl tarmogʻi qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini rejalashtirish ushbu SHNQning 9-ilovasiga muvofiq loyihalanishiga yoʻl qoʻyiladi.
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 1-ILOVA
1-rasm. Avtobus bekatini qatnov qismidan ichkari yon tomonda joylashgan qatnov qismi (karman)ga joylashtirishni namunaviy loyihasi
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga2-ILOVA
1-rasm. Avtobus bekatlarini qatnov qismida qatnov qismiga parallel ravishda (karmansiz) joylashtirishni namunaviy loyihalari
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 3-ILOVA
Avtobus yoʻlaklarini joylashtirish usullari
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 4-ILOVA
Alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlaklari
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 5-ILOVA
1-rasm. Yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasidagi alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlagi
2-rasm. Yoʻl oʻqi boʻylab qatnov qismi oʻrtasidagi alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlagi
3-rasm. Qatnov qismi boʻylab harakat tasmasining chetida alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlagi
4-rasm. Qatnov qismi boʻylab harakat tasmasining chetida alohida harakat tasmasiga ega avtobus yoʻlagi
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 6-ILOVA
1-rasm. Ajratilgan chap burilish yoʻlagiga namuna
① chapga burilishni koʻrsatuvchi yoʻl belgilari ②, ④ qarama qarshi harakatdagi yoʻnalish tasmalari bilan ajratuvchi hudud (bordyur, koʻkalamzor hudud), ③ chorrahadan toʻgʻriga oʻtishni koʻrsatuvchi yoʻl belgilari ⑤, ⑥ alohida chapga burilish chizigʻi
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 7-ILOVA
Shahar koʻcha-yoʻllarida qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini qoʻllanilishi
Koʻcha-yoʻl tarmogʻining klassifikatsiyasi Avtomobilni joylashtirish 0° 30° 45° 60° 75° 90° Asosiy koʻchlar va yoʻllar Shahar ahamiyatidagi koʻcha-yoʻllar / / / / Shahar tezkor yoʻllari - - - - - - Kollektor yoʻllari / / / / / / Tuman ahamiyatidagi yoʻllar / / / / / / Mahalliy ahamiyatdagi koʻcha-yoʻllar -/+ -/- -/- -/- -/- Sanoat hududi (zonasi) yoʻllari -/+ / / / / / Turar joy hududlari (mavze, daha) yoʻllari +/+ +/+ +/+ +/+ (+)/(+) (+)/(+) Tijorat hududlari yoʻllar +/+ +/+ +/+ +/+ (+)/(+) (+)/(+) Oʻtish joylari boʻlmagan yoʻllar (halqa yoʻllar) - - - - - -
Izohlar:
Ushbu jadvalda quyidagi belgilar qoʻllaniladi:
“...”/ — kasrdan oldin maʼnosi — qurilish vaqtida;
/“...” — kasrdan keyingi qiymat — rekonstruksiya sharoitida;
“-” — toʻxtab turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
“+” — toʻxtash joyiga ruxsat beriladi;
“(+)” — toʻxtash joyi avtoulovning choʻntaklarida yoki alohida joylarda joylashgan boʻlishi mumkin.
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 8-ILOVA
Qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarida yengil avtomobillarni joylashtirish usullari
SHNQ 2.07.06-24 “Shahar koʻcha-yoʻllari. Harakat xavfsizligi 3-qism” shaharsozlik normalari va qoidalariga 9-ILOVA
1-rasm. Qatnov qismining chetki qismida qisqa muddatli avtomobil saqlash joylarini rejalashtirishga namunaviy rasm
