Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulot va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bogʻliq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (916-son)
30.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan xalqaro shartnomalar talablariga muvofiq chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalar bilan bogʻliq ishlarni nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar hamda chiqindilar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ushbu qarorga 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun olib kiruvchilar:
chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan yoki ulardan takroriy foydalanadigan import qiluvchilar — chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki takroriy foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisidagi bayonot loyihasi boʻyicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga;
chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qilishi, qayta ishlash yoki ulardan takroriy foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan import qiluvchilar — mazkur chiqindilarni topshirish (berish) yoki realizatsiya qilish yuzasidan chiqindilarni utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga ega boʻlishi shart.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi:
ushbu qarorga 1 — 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan chiqindilar, xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalar roʻyxatlariga asosan belgilangan tartibda bojxona nazorati amalga oshirilishini;
chiqindilar, xavfli mahsulotlar va kimyoviy moddalarning import-eksporti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan elektron axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ushbu qarorga 1 — 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan chiqindilar, xavfli mahsulotlar va moddalar roʻyxatlariga asosan belgilangan tartibda muvofiqlikni baholash ishlarining amalga oshirilishini taʼminlasin, shuningdek, zarur hollarda, ushbu roʻyxatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-dekabr,
916-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 916-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar
ROʻYXATI
* Ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan muddatda foydalanilmagan modda.
** Konservantlar bilan ishlov berilgan yogʻoch mahsulotlaridan tashqari.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 916-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 916-son qaroriga 3-ILOVA
Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar va chiqindilar
ROʻYXATI
I. Bazel konvensiyasiga muvofiq majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan chiqindilar turlari
* Olib chiqib ketishda fuqaro havo kemalarida ishlatilgan pnevmatik shina va pokrishkalar bundan mustasno.
II. Majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan chiqindilar turlari
III. Majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar turlari
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 916-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-dekabrdagi 1034-son qarorida:
a) 1-ilovada:
2-band “yashaydigan” soʻzidan keyin “yovvoyi” soʻzi bilan toʻldirilsin;
3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“uni nashr etishni tashkil qilish va yuritish boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi)”;
3-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3-bob. Qizil kitobga kiritilgan turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish”;
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Qizil kitobga turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish borasidagi chora-tadbirlar mazkur Nizom ilovasidagi sxema boʻyicha amalga oshiriladi.”;
11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Ekologiya vazirligi Qizil kitobga turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish borasida jismoniy va yuridik shaxslardan (tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) kelib tushadigan takliflarni koʻrib chiqadi.
Ekologiya vazirligi takliflar kelib tushgandan soʻng uch kun mobaynida ularni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya institutiga va (yoki) Botanika institutiga, shuningdek, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga turlarni (kenja turlarni) hozirgi holati va holatining oʻzgarishi tendensiyalari boʻyicha ilmiy maʼlumotlarni yigʻish va tahlil etish uchun yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti va (yoki) Botanika instituti, shuningdek, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti oʻn uch kun mobaynida takliflarni koʻrib chiqadi va ekspert xulosasi tarzida tavsiyalar tayyorlaydi.
Ekspert xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti yoki vitse-prezidenti tomonidan tasdiqlangandan soʻng besh kun mobaynida Ekologiya vazirligiga yuboriladi.
Ekologiya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti va (yoki) Botanika institutidan, shuningdek, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutidan ekspert xulosasi olingandan soʻng oʻn kun mobaynida Komissiya yigʻilishini tashkil etadi va unda Qizil kitobga turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni muhokama etilishini taʼminlaydi.”;
14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Qizil kitobga turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish Komissiya qarori asosida amalga oshiriladi”;
16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Qizil kitobga kiritilgan turlarning (kenja turlar) maqomi ularning tabiiy yashash (oʻsish) muhitidagi holatini, mamlakat hududida toʻliq yoʻq boʻlib ketish xavfi darajasini, shuningdek, uni muhofaza qilish boʻyicha maxsus choralar koʻrilishning dolzarbligini aks ettiradi.
Turlarning tabiatda yoʻq boʻlib ketish xavfi toifalarining milliy tizimi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (keyingi oʻrinlarda — TMXI deb yuritiladi) tavsiyalariga muvofiq ilmiy asoslangan miqdoriy va sifat mezonlari asosida baholanadi.
Qizil kitobga kiritilgan turlar (kenja turlar), ularning tabiiy yashash muhitidagi holatini tavsiflovchi, kamyoblik maqomi va yoʻq boʻlib ketish xavfiga koʻra quyidagi toifalaridan biriga mansub boʻladi:
a) Toifa 0 — (“Yoʻq boʻlib ketgan”)
“0 (DY) Dunyoda yoʻq boʻlib ketgan”;
“0 (TY) Yovvoyi tabiatda yoʻq boʻlib ketgan”;
“0 (MY) Mamlakatda yoʻq boʻlib ketgan”.
b) Toifa 1 — “Yoʻqolib ketayotgan (Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi)”
“1 (BY) Butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasidagi”;
“1 (YK) Yoʻq boʻlib ketayotgan”.
v) Toifa 2 — “Zaif”
“2 (ZQ) Zaif, qisqarib borayotgan”.
g) Toifa 3 — “Xavf ostida qolish holatiga yaqin”
“3 (YY) Yoʻq boʻlib ketish ehtimoliga yaqin, tahdidga yaqin”.
d) Toifa 4 — “Maʼlumotlar tanqis”.
“4 (MN) Maqomi jihatdan noaniq”;
18 va 28-bandlardagi tegishli kelishikdagi “Davlat ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Ekologiya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
23 va 24-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Ekologiya vazirligi manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, jismoniy va yuridik shaxslardan Qizil kitobga kiritilgan turlarni (kenja turlarni) muhofaza qilish va qayta tiklash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va oʻsimliklar olami obyektlarini tabiatga reyintroduksiya (introduksiya) qilish uchun maxsus pitomniklar, genetik banklar tashkil etish borasidagi takliflarni koʻrib chiqadi.
24. Ekologiya vazirligi manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan birgalikda qonunchilikka muvofiq Qizil kitobga kiritilgan turlarni (kenja turlarni) muhofaza qilish va qayta tiklash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi”;
29-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Ekologiya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
30-banddagi “besh” soʻzi “oʻn” soʻzi bilan almashtirilsin;
31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Qizil kitobni tayyorlash, nashr etish va tarqatish bilan bogʻliq xarajatlar Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi”;
32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Qizil kitob qonunchilikka muvofiq ravishda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Ekologiya vazirligining jahon internet tarmogʻi rasmiy veb-saytlariga joylashtirish orqali tarqatiladi.
Qizil kitobning chop etilgan barcha nashrlari boʻyicha maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi va elektron geoaxborot tizimida yuritiladi”;
ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qizil kitobga turlarni (kenja turlarni) kiritish (undan chiqarish) yoki ularning kamyoblik maqomini oʻzgartirish tadbirlari SXEMASI
b) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi hayvonlar va oʻsimliklarni saqlab qolish boʻyicha idoralararo komissiya
TARKIBI
Izoh. Zarur holatlarda Komissiya tarkibiga davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlarining rahbarlari va mutaxassislari jalb etilishi mumkin”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qoidalarida:
a) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maxsus bank hisobvaragʻida ushbu Qoidalarning 5-bobiga muvofiq keyinchalik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmatlari haqini markazlashgan tartibda toʻlash uchun jamlanadi”;
b) quyidagi mazmundagi 21-bob bilan toʻldirilsin:
“21-bob. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻrtasida ommaviy oferta asosida shartnoma tuzish tartibi
81. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar ommaviy oferta asosida tuziladigan shartnomaga muvofiq yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga koʻrsatiladi. Bunda shartnoma faqatgina faoliyati davomida alohida koʻchmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mazkur koʻchmas mulk joylashgan hududga biriktirilgan xizmat koʻrsatuvchi tashkilot oʻrtasida tuziladi.
82. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish yuzasidan ommaviy oferta Elektron soliq xizmatlari portali orqali (keyingi oʻrinlarda — portal) yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
83. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish yuzasidan ommaviy oferta quyidagi holatlarda yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga yuborilmaydi:
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib boradigan hududda xizmat koʻrsatuvchi tashkilot faoliyati yoʻlga qoʻyilmaganda;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat olib boradigan hududda oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish maydonchalari (konteyner yoki maxsus chiqindilarni saqlash joylari) joylashtirilmagan taqdirda;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorda qatiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun moʻljallangan maxsus avtotransport vositasi mavjud boʻlganda hamda u bilan chiqindi poligoni oʻrtasida qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish va utilizatsiya qilish boʻyicha shartnomalar tuzilganda.
84. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor portal orqali yuborilgan ommaviy ofertani oʻn besh kun ichida akseptlaydi yoki sababini koʻrsatgan holda akseptlashni rad etadi.
85. Yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar va xizmat koʻrsatuvchi tashkilot oʻrtasida ommaviy oferta asosidagi shartnomalarni tuzish bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi”;
v) 18-banddagi “Davlat ekologiya qoʻmitasining hududiy organlari va Markazning hududiy filiallariga” soʻzlari “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari va Agentlikning hududiy boʻlinmalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 19-banddagi “Markazning hududiy filiallari” soʻzlari “Agentlikning hududiy boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 20 va 22-bandlardagi tegishli kelishikdagi “Markaz” soʻzi tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
e) 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar haqi ulardan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun majburiy toʻlovlarning kelib tushishiga koʻra markazlashgan tartibda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga toʻlanadi. Bunda Agentlikning maxsus bank hisobvaragʻida jamlangan mablagʻlar:
xususiy sektordagi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga — ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun kelib tushgan majburiy toʻlovlarning 100 foizi miqdorida;
davlat ulushi boʻlgan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga — ular tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun kelib tushgan majburiy toʻlovlarga hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi toʻliq hamda mazkur majburiy toʻlovlar summasidan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi chegirilgandan soʻng qolgan toʻlovlarning 90 foizi miqdorida;
qolgan mablagʻlar Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.
Bunda banklar va banklararo hamda boshqa toʻlov tizimlaridan foydalanganlik uchun haq miqdori, Agentlik tomonidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga koʻrsatilgan lizing xizmati toʻlovlari, davlat-xususiy sheriklik bitimlari asosida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga topshirilgan texnikalar boʻyicha muddati kelgan toʻlovlar va debitor qarzdorliklar, agar Agentlik va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan tegishli shartnomada (bitimda) ushbu toʻlovlarni akseptsiz tarzda ushlab qolish nazarda tutilgan boʻlsa, fuqarolik qonunchiligida belgilangan navbat boʻyicha Agentlikning maxsus tranzit hisobvaraqlarida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning jamlangan mablagʻlaridan akseptsiz tarzda bir yoʻla ushlab qolinishi mumkin”;
j) 25-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar toʻgʻrisida, bunda har oy uchun va ortib boruvchi yakun bilan hisoblanadigan majburiy toʻlovlar miqdori xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni hisobga olgan holda, Hisobga olishning yagona elektron tizimida avtomatik ravishda hisoblanadi”;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
z) 34-band quyidagi mazmundagi oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Isteʼmolchiga maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha aslida koʻrsatilmagan xizmatlar boʻyicha majburiy toʻlovlar hisoblanganligi fakti aniqlangan holatlarda “mahalla yettiligi” tomonidan ushbu hisoblangan majburiy toʻlovlarni hisobga olmaslik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va Agentlikning tegishli hududiy boʻlinmasiga yuboriladi.
“Mahalla yettiligi” tomonidan tuzilgan dalolatnomaga muvofiq xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan Hisobga olishning yagona elektron tizimida aslida koʻrsatilmagan xizmatlar boʻyicha hisoblangan majburiy toʻlovlar miqdori qayta hisob-kitob qilinadi, bunda xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan oʻziga biriktirilgan hududdagi isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgunga qadar Agentlikning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan majburiy toʻlovlarni hisoblash toʻxtatib turiladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qarorida:
a) 2-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi — beshinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 16-fevraldagi 75-son qarorida:
a) nomidagi “ekologik xavfli” soʻzlari “xavfli” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yoʻq qilib tashlash ustidan nazorat qilish toʻgʻrisidagi Bazel konvensiyasiga (1989-yil 22-mart, Bazel) (keyingi oʻrinlarda — Bazel konvensiyasi) hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ekologik sertifikatlanishi lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar va oldi-sotdi, import-eksport operatsiyasi obyekti boʻlgan chiqindilar, shuningdek, tashilishi kerak boʻlgan xavfli chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni davlat tomonidan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:”;
v) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
g) 1-ilovada:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidaNIZOM”;
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom xavfli mahsulotlar hamda oldi-sotdi, import-eksport operatsiyasi obyekti boʻlgan chiqindilar, shuningdek, tashilishi kerak boʻlgan xavfli chiqindilarni (keyingi oʻrinlarda — xavfli mahsulotlar va chiqindilar) majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi”;
3 va 4-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Xavfli mahsulotlar va chiqindilarning oldi-sotdi, import-eksport operatsiyalari, shuningdek, tashilishi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi) tizimidagi belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan ekologik sertifikatlashtirish organi (keyingi oʻrinlarda — ekologik sertifikatlashtirish organi) tomonidan beriladigan ekologik sertifikat asosida amalga oshiriladi.
4. Ekologik sertifikat xavfli mahsulotlar va chiqindilarning normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlarda belgilangan ekologik xavfsizlik talablariga javob berishini tasdiqlaydigan Milliy sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga muvofiq beriladigan hujjat hisoblanadi”;
5-bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ekologiya vazirligi tomonidan Bazel konvensiyasining talablariga muvofiq import-eksport qilingan hamda ekologik sertifikatlashtirilgan xavfli mahsulotlar va chiqindilarga doir hisobot tayyorlanib, belgilangan muddatlarda har yili Bazel konvensiyasining Kotibiyatiga taqdim etib boriladi.
Ushbu hisobot:
import-eksport qilingan xavfli mahsulotlar va chiqindilar miqdori haqidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan olinadigan — mahalliy ishlab chiqaruvchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida yillik hosil boʻladigan xavfli mahsulotlar va chiqindilar miqdori haqidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining elektron axborot almashinuv tizimidan olinadigan — xavfli mahsulotlar va chiqindilarning import-eksporti haqidagi maʼlumotlar asosida tayyorlanadi”;
6 — 9-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Xavfli mahsulotlar va chiqindilar ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ekologik sertifikatlashtiriladi.
7. Sertifikatlashtirilgan import-eksport qilinadigan xavfli mahsulotlar va chiqindilarga bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqtida ekologik sertifikat roʻyxat raqami va berilgan sanasi koʻrsatiladi.
8. Xavfli mahsulotlar va chiqindilarda ularning ekologik sertifikatlashtirilganligiga oid maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, bunday chiqindilarni oldi-sotdi va import-eksport qilish ishlari, shuningdek, tashish kerak boʻlganda ular ushbu Nizomda koʻrsatilgan tartibda ekologik sertifikatlashtiriladi.
9. Ekologik sertifikatlashtirish ishlari ariza beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi”;
2-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-bob. Ekologik sertifikatlashtirish tartibi”;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Import-eksport qilinadigan xavfli mahsulotlar va chiqindilarni ekologik sertifikatlashtirish uchun ariza beruvchi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali, mamlakat hududida oldi-sotdi qilinadigan, shuningdek, tashilishi kerak boʻlgan chiqindilarni ekologik sertifikatlashtirish uchun esa, toʻgʻridan-toʻgʻri ekologik sertifikatlashtirish organiga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
a) xavfli mahsulotlar va chiqindilarni import-eksport qilishga ekologik sertifikat olish uchun:
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar va chiqindilar roʻyxatiga asosan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda buyurtma;
xavfli mahsulotlar va chiqindilarni import qilish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan yuk tashish hujjatlarining nusxasi (invoys/hisob-faktura, yuk xati) yoki eksport qilish uchun — invoys/hisob-faktura;
import qilinayotgan chiqindilarga — ularning mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qiladigan, qayta ishlaydigan yoki ulardan takroriy foydalanadigan tashkilotlarga ushbu jarayonlarning atrof-muhitga taʼsir koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi bayonot loyihasi boʻyicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi nusxasi;
chiqindilarni utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar bilan mazkur chiqindilarni topshirish (berish) yoki realizatsiya qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma nusxasi (mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi yoki takroriy foydalanilishi taʼminlanadigan chiqindilar bundan mustasno);
import qilinayotgan xavfli mahsulotlar va chiqindilarning aniq hajmi (soni) koʻrsatilgan tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) va mahsulotlarni yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi oʻrtasida tuzilgan kelishuv(lar) nusxasi (ekologik sertifikatlashtirish bir kalendar yilga amalga oshirilganda);
b) mamlakat hududida oldi-sotdi qilinadigan chiqindilarga ekologik sertifikat olish uchun:
chiqindi pasporti;
chiqindilarning aniq hajmi (soni) koʻrsatilgan, mazkur chiqindilarni oldi-sotdi qilish yuzasidan yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
v) mamlakat hududida tashilishi kerak boʻlgan xavfli chiqindilarga ekologik sertifikat olish uchun:
chiqindi pasporti;
chiqindilarning aniq hajmi (soni) koʻrsatilgan, mazkur chiqindilarni tashish yuzasidan yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma(lar) nusxasi”;
12 va 13-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Ekologik sertifikatlashtirish organi bir ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi hamda hujjatlar toʻliq boʻlganda va kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, xavfli mahsulotlar va chiqindilarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Agar hujjatlar ushbu Nizomning 10-bandi talablariga javob bermasa va (yoki) ularda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tegishli kamchiliklarni koʻrsatgan holda arizani qaytaradi va bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi”;
13. Ariza beruvchi tomonidan shartnoma imzolanib, shartnomada belgilangan toʻlov amalga oshirilganidan soʻng ekologik sertifikatlashtirish organi bir ish kuni mobaynida ekologik sertifikatlashtirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi”;
14-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
15 va 16-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Ekologik sertifikatlashtirish organi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida ikki ish kuni mobaynida sinov laboratoriyasi bilan birgalikda tegishli xavfli mahsulotlar va chiqindilar Sertifikatlashtirish milliy tizimi qoidalariga muvofiq identifikatsiyadan oʻtkaziladi, identifikatsiyadan oʻtkazish dalolatnomasi tuziladi hamda ularning atrof-muhitga taʼsirini oʻrganish uchun tegishli normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq namunalar olinib, laboratoriya sinovlari oʻtkaziladi va sinov bayonnomalari rasmiylashtiriladi.
16. Namunalar soni, tanlash tartibi, ularni identifikatsiyalash va saqlash qoidalari ekologik sertifikatlashtirish organi va sinov laboratoriyasining sifat menejment tizimi hujjatlari, ekologik sertifikatlashtiriladigan xavfli mahsulotlar va chiqindilarga normativ hujjatlarda, shu jumladan, sinov usullarida belgilanadi”;
17-bandning ikkinchi xatboshisidagi va 19-banddagi “ekologik xavfli” soʻzlari tegishlicha “xavfli” soʻzi bilan almashtirilsin;
21 va 22-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Ekologik sertifikat belgilangan namunadagi shaklda davlat yoki rus tilida rasmiylashtiriladi hamda blankada (bosma ish qogʻozi) yoki QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan himoyalangan elektron shaklda ariza beruvchiga toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab toʻrt ish kuni davomida taqdim etiladi.
22. Ariza beruvchi import-eksport qilinadigan xavfli mahsulotlar va chiqindilarga ekologik sertifikatni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali, mamlakat hududida oldi-sotdi qilinadigan, shuningdek, tashilishi kerak boʻlgan chiqindilarga ekologik sertifikatni esa, oʻz xohishiga koʻra shaxsan yoki ishonchli vakili orqali ekologik sertifikatlashtirish organidan olishi mumkin”;
25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Ekologik sertifikat:
a) import qilishda:
xavfli mahsulotlar va chiqindilarga (transport vositalaridan tashqari) aniq hajmi (soni) koʻrsatilgan bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) va yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi oʻrtasida tuzilgan kelishuv(lar) nusxasiga asosan — bir kalendar yildan oshmagan muddatga, bunda bir kalendar yil davomida import qilinayotgan xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har bir toʻpi (partiyasi) Sertifikatlashtirish milliy tizimi qoidalariga muvofiq identifikatsiya qilinadi hamda ularning atrof-muhitga taʼsirini oʻrganish uchun tegishli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq laboratoriya sinovlari oʻtkaziladi va sinov bayonnomalari rasmiylashtiriladi;
invoys/hisob-faktura, yuk xatiga asosan xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har toʻpiga — bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish muddatiga;
b) mamlakat hududida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonida hosil boʻladigan oldi-sotdi obyekti boʻlgan xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har toʻpiga — bir yildan oshmagan muddatga beriladi.”;
29 va 30-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Ariza beruvchi tomonidan ekologik sertifikatning amal qilishini toʻxtatish sabablari oʻn ish kuni mobaynida bartaraf etilmagan, shuningdek, mazkur Nizomning 25-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida belgilangan talab buzilgan taqdirda, ekologik sertifikat bekor qilinadi.
30. Qogʻoz shaklida berilgan ekologik sertifikat bekor qilingan taqdirda, sertifikatning asl nusxasi ariza beruvchi tomonidan ekologik sertifikatning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror olingan kundan boshlab oʻn ish kuni mobaynida ekologik sertifikatlashtirish organiga qaytarilishi kerak.
Agar elektron shaklda berilgan ekologik sertifikat bekor qilingan taqdirda, ekologik sertifikatlashtirish organi bir ish kuni mobaynida ariza beruvchini bu haqda xabardor qiladi.
Bekor qilingan ekologik sertifikatlar ekologik sertifikatlashtirish organi tomonidan yoʻq qilinadi va bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi. Bekor qilingan ekologik sertifikatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ekologik sertifikatlashtirish organining veb-saytida barcha ommaviy tanishish uchun eʼlon qilinishi kerak”;
32-bandning birinchi xatboshisidan “yoki jismoniy” soʻzlari chiqarib tashlansin”;
quyidagi mazmundagi 351-band bilan toʻldirilsin:
“351. Import-eksport qilinadigan xavfli mahsulotlar va chiqindilar nazoratini taʼminlash uchun Ekologiya vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi oʻrtasida axborot almashiladi”;
1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xavfli mahsulotlar va chiqindilarga ekologik sertifikat berishSXEMASI
2-ilovaning ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova”;
3-ilovada:
ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ilova”;
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI EKOLOGIYA, ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA IQLIM OʻZGARISHI VAZIRLIGI EKOLOGIK SERTIFIKATLASHTIRISH TIZIMI MINISTERSTVO EKOLOGII, OXRANI OKRUJAYUSHEY SREDI I IZMENENIYA KLIMATA SISTEMA EKOLOGICHESKOY SERTIFIKATSII”.
