Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (192-V-son)
17.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalar oʻz mazmuniga muvofiq yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini, adabiy til qoidalari va normalari talablariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi faoliyatiga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-dekabr,
192-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-dekabrdagi 192-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi
TARKIBI
Atodjonov Djumonozor Azodovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining aʼzosi, komissiya raisiXudayberdiyev Zafar Raximovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining aʼzosi, komissiya raisining oʻrinbosariBaratova Madina Xasanovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining aʼzosiImamova Sayyara Yakubbayevna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining aʼzosiRashidova Nadira Ilxamovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining aʼzosiXayitov Xushvaqt Saparbayevich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining aʼzosiShukurov Raxmatillo Mirzatillayevich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasining aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-dekabrdagi 192-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi faoliyatiga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
Djurayeva Saida Abdukamilovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni Lingvistik ekspertiza, tarjima va tahririyat boʻlimining mudiriToʻrayev Akmal Himmatovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni Yuridik boshqarmasi sektorining mudiriKengboyev Jasur Jamirovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni Nazorat-tahlil boʻlimi sektorining mudiri.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-dekabrdagi 192-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini, qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuziladi.
2. Komissiya Qonunchilik palatasining qarori bilan deputatlar orasidan Komissiya raisi, rais oʻrinbosari va aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
3. Komissiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida uning huzurida Qonunchilik palatasi Devoni tegishli boʻlimlarining xodimlaridan iborat Komissiya faoliyatiga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etiladi.
Komissiyaning ishchi organi Qonunchilik palatasi Devonining Lingvistik ekspertiza, tarjima va tahririyat boʻlimidir.
4. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga rioya etilishini taʼminlash;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarni qoʻllash izchilligini saqlash;
tegishli maʼnoni anglatuvchi soʻzlarni qonun loyihalarida bir xil shaklda qoʻllash;
boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan nomuvofiqliklarni qonun normalariga ziyon yetkazmagan holda tahrir qilish.
5. Komissiya:
qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilingan materiallarni Qonunchilik palatasi qoʻmitalaridan va Devonining tegishli boʻlimlaridan oldindan olishga;
qonun loyihalarini Qonunchilik palatasi majlislaridagi moddama-modda muhokamalarga tayyorlashda normativ-huquqiy atamalarning qoʻllanilishi masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalari va Devoni boʻlimlari bilan birgalikda ishlashga;
Qonunchilik palatasi va qoʻmitalar majlislarida qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishi masalalari boʻyicha soʻzga chiqishga, shuningdek Komissiya xulosasini bayon etishga hamda himoya qilishga;
tegishli sohada qoʻllaniladigan normativ-huquqiy atamalar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga ekspertlar, olimlar va mutaxassislarni taklif etishga haqlidir.
Komissiya ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6. Komissiya:
“Davlat tili haqida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi hamda “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
qonun loyihalarida normativ-huquqiy atamalarning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq holda, turlicha izohlash ehtimolini istisno etadigan tarzda yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlashi;
taqdim etilgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi, ular yuzasidan oʻz xulosalarini bayon etishi hamda qonun loyihalarida aks ettirishi;
qonun loyihasining matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etilishiga doir talablarga rioya etishi;
qonun loyihalarida eskirgan hamda koʻp maʼnoni anglatadigan soʻzlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymasligi;
qonun loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga hamda yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga aniq rioya etilishini taʼminlashi shart.
Komissiyaning zimmasida ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
7. Komissiya aʼzosi:
qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oldindan olishga;
normativ-huquqiy atamalarning qoʻllanilishi masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va Devonining tegishli boʻlimlari bilan birgalikda ishlashga;
Komissiya qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini qonun loyihasini koʻrib chiqishning keyingi bosqichlarida bayon etishga haqlidir.
Komissiya aʼzosi ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Komissiya aʼzosi:
“Davlat tili haqida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi va “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, ushbu Nizom, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
Komissiya ishida, shu jumladan qonun loyihalarini koʻrib chiqishning barcha bosqichlarida ishtirok etishi;
taqdim etilgan qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oʻz vaqtida koʻrib chiqishi;
taqdim etilgan qonun loyihalari matnlarini va ularga ilova qilinadigan boshqa materiallarni oʻrganishi hamda tahlil qilishi, ular yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar tayyorlashi shart.
Komissiya aʼzosining zimmasida ushbu Nizomga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
9. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
10. Komissiya oʻziga taqdim etilgan qonun loyihasini, qoida tariqasida, besh ish kuni ichida koʻrib chiqishi va Komissiya majlisini oʻtkazishi kerak. Zarur boʻlgan hollarda, mazkur muddat masʼul qoʻmita bilan kelishuvga koʻra Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
11. Komissiyaning Qonunchilik palatasi majlisiga ikkinchi oʻqishda, zaruratga qarab esa uchinchi oʻqishda kiritilayotgan qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan majlisida masʼul qoʻmita raisi va qonun loyihasi boʻyicha masʼullar hozir boʻlishi shart. Komissiya majlisida boshqa qoʻmitalarning aʼzolari ham ishtirok etishi mumkin.
Komissiya majlisida normativ-huquqiy atamalarning yagona shaklda va toʻgʻri qoʻllanilishi masalalarini hal etish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillari ishtirok etishi shart.
12. Komissiyaning ishchi organi:
ikkinchi oʻqish uchun tayyorlanib, tarjima va tahrir qilingan qonun loyihasi matnini Komissiya hamda uning ishchi guruhi aʼzolariga masʼul qoʻmita raisining imzosi bilan tarqatishi;
qonun loyihasi boʻyicha Komissiya majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joyni Komissiya raisi bilan kelishilgan holda aniqlab, bu haqda Komissiya va uning ishchi guruhi aʼzolarini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
Komissiya qabul qilgan oʻzgartirishlarni, qoida tariqasida, uch ish kuni ichida qonun loyihasiga kiritishi va uni masʼul qoʻmitaga taqdim etishi shart.
13. Komissiya muhokamasidan oʻtgan qonun loyihasiga normativ-huquqiy atamalarga doir oʻzgartirishlarni Komissiya hamda masʼul qoʻmitaning roziligisiz kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Komissiya oʻz muhokamasidan oʻtgan qonun loyihalarida qoʻllanilgan normativ-huquqiy atamalar boʻyicha kelib chiqishi mumkin boʻlgan barcha masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi oldida tegishli qoʻmita bilan birga masʼuldir.
15. Komissiya faoliyati Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 17-dekabrdagi 192-V-sonli qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan qarorlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yil 30-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 121-III-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 4, 149-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi 90-IV-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 2, 120-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 22-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi 90-IV-sonli Qaroriga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi 1866-IV-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 2, 130-modda).
