Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining 2024-yil 18-20-noyabrda boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining harakatlar dasturi toʻgʻrisida (185-V-son)
17.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilab berilgan vazifalar, bildirilgan takliflar hamda tashabbuslarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) qoʻmitalari va deputatlari, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyatini yanada samarali tashkil etish, shuningdek norma ijodkorligi va parlament nazorati sohasida yangi yondashuvlarni joriy etish orqali natijadorlikni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabrda boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining harakatlar dasturi (bundan buyon matnda Harakatlar dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Harakatlar dasturida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishi uchun Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosarlari, qoʻmitalari raislari va Devoni rahbari masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Harakatlar dasturida belgilangan tegishli tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
4. Qonunchilik palatasining Devoni Harakatlar dasturining ijrosi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning ijrosi toʻgʻrisida har oyda Qonunchilik palatasining rahbariyatiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin hamda Harakatlar dasturi doirasida amalga oshiriladigan ishlar, oʻtkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini koʻrsin.
5. Harakatlar dasturida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-dekabr,
185-V-son
