Kambagʻallikni qisqartirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan samarali parlament nazoratini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (149-V-son)
10.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, kambagʻallikni qisqartirish sohasida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruhning (bundan buyon matnda Ishchi guruh deb yuritiladi) asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatdagi kambagʻallik darajasini doimiy ravishda tahlil qilib borish;
kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan band qilish borasida belgilab berilgan vazifalarning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ijro etilish holatini oʻrganib borish;
kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan band qilish borasida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalarini muhokama qilish va takliflar ishlab chiqish;
kambagʻallikni qisqartirish, shuningdek ushbu sohada samarali mexanizmlarni joriy etish hamda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va tegishli davlat organlariga kiritish;
mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida keng tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borish.
3. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament nazorati samaradorligini oshirishga doir “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
4. Belgilansinki, Ishchi guruh faoliyati 2025-yilning 31-dekabriga qadar davom etadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasi Ishchi guruh faoliyatiga tashkiliy-amaliy, axborot-tahliliy jihatdan koʻmaklashsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Spiker Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-dekabr,
149-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2024-yil 10-dekabrdagi 149-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
