Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0079-24-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (22-son)
14.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 16-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 322]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-iyundagi PQ-181-son “Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0079-24-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oydan keyin kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-noyabr,
22-son
Kelishildi:
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2024-yil 30-oktabr
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2024-yil 22-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 10-oktabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 26-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2024-yil 14-noyabrdagi 22-son qaroriga ILOVA
Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0079-24-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalari oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlari, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, tashish, saqlash, tarqatish va realizatsiya qilish bosqichlari bilan bogʻliq jarayonlarga nisbatan qoʻllaniladi va tashkiliy-huquqiy hamda mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq qilinadi.
2. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish — sut, goʻsht, tuxum, asal, baliq, isteʼmol qilinadigan oʻsimlik mahsulotlarini ishlab chiqarish, koʻpaytirish, yetishtirish, ovlash hamda yigʻish jarayonlari;
xavf — oziq-ovqat mahsuloti yoki ozuqada mavjud boʻlgan potensial xavf-xatarlarning (biologik, kimyoviy va fizik omillar) isteʼmolchilar hayoti va sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli;
vakolatli davlat organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi;
xavfning maqbul darajasi — oziq-ovqat mahsulotidan maqsadli foydalanish uchun xavfsiz deb hisoblash mumkin boʻlgan darajasi;
xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari — oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish yoʻli bilan ular ustidan nazorat nuqtalarida doimiy nazoratni oʻrnatish orqali oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini taʼminlash tizimi.
3. Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarida mazkur sanitariya qoidalari talablarini bajarish orqali taʼminlanadi.
Bunda quyidagilarni taʼminlash lozim:
oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tashish, saqlash, tarqatish, realizatsiya qilish jarayonlarida sanitariya-gigiyena holatini;
sanitariya-gigiyena talablariga amal qilinishini;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga doir sanitariya madaniyatini oshirishni;
sanitariya-gigiyena talablarini samarali bajarish uchun yetarli resurslar mavjudligini.
2-bob. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
4. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarida sanitariya-gigiyena holatini boshqarish orqali oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi taʼminlanishi kerak.
5. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga tahdid soladigan joylarda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarida quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini biologik, kimyoviy va fizik ifloslanishlardan hamda kemiruvchilardan himoya qilish;
mahsuldor hayvonlar va oʻsimliklarning sogʻlom holatini taʼminlash;
birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olgan holda tahlillar oʻtkazish;
birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini saralash va isteʼmol qilinishiga yaroqsiz boʻlgan mahsulotlarni utilizatsiya qilish;
harorat va namlikni nazorat qilish usullarini qoʻllash orqali birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari sifatining pasayishi yoki buzilishini oldini olish;
ifloslanishlarning oldini olish maqsadida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish joylarida xoʻjalik-maishiy suvdan foydalanish;
chiqindilarni yoʻq qilish va xavfli moddalarni saqlashning tegishli usullarini qoʻllash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
7. Hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarini birlamchi ishlab chiqarishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
hayvonlarga veterinariya dori vositalari yoki ozuqabop qoʻshimchalar qoʻllanilganda ularni soʻyish yoki sut sogʻishdan oldin oraliq davriyligiga rioya qilish;
ishlab chiqarish joylarini, shu jumladan hayvonlarning ozuqasini saqlash va tayyorlash uchun moʻljallangan binolar, uskunalar (inventarlar) va transport vositalarini tozalash, yuvish hamda ularni dezinfeksiya qilish;
soʻyiladigan hayvonlarning tozaligini taʼminlash.
8. Oʻsimlikka mansub oziq-ovqat mahsulotlarini birlamchi ishlab chiqarishda pestitsidlarning qoʻllanilishi va yigʻim-terimdan oldingi oraliq davriyligiga rioya qilinishi kerak.
9. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonlarga yuqishi mumkin boʻlgan kasalliklarni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarda, ularni oldini olish maqsadida bu haqida vakolatli davlat organlariga xabar berish lozim.
10. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar qayd etib borilishi kerak:
a) hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarini birlamchi ishlab chiqarishda:
ozuqa turlari va ularning kelib chiqishi;
veterinariya dori vositalarini qoʻllash bilan bogʻliq maʼlumotlar (foydalanilgan vaqti va sanasi, usuli, miqdori, birlamchi oziq-ovqat mahsulotidan foydalanishga ruxsat berishdan oldingi kutish davri);
hayvonlarda oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin kasalliklarini mavjudligi;
hayvonlardan olingan namunalarning tahlil natijalari;
hayvonlarni veterinariya koʻrigidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) oʻsimlikka mansub oziq-ovqat mahsulotlarini birlamchi ishlab chiqarishda:
pestitsidlarni qoʻllash bilan bogʻliq maʼlumotlar (foydalanilgan vaqti va sanasi, usuli, miqdori, birlamchi oziq-ovqat mahsulotidan foydalanishga ruxsat berishdan oldingi kutish davri);
oʻsimlikka mansub oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan zararli organizmlar yoki kasalliklar mavjudligi;
oʻsimliklardan olingan namunalarning tahlil natijalari.
3-bob. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
11. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish va ularning muomalasi amalga oshiriladigan binolar va ularning hududlari oziq-ovqat mahsulotini ifloslanishining ehtimoliy manbalari, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotini himoya qilish uchun qabul qilinishi mumkin boʻlgan har qanday oqilona choralarning samaradorligini hisobga olgan holda joylashtirish kerak.
12. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarning sanitariya himoya mintaqasi SanQvaN 0350-17-son “Oʻzbekiston Respublikasi aholi turar-joy atmosfera havosini muhofaza qilish sanitariya qoidalari va normalari”ga muvofiq belgilanadi.
Binolar va ularning hududlarini oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi yoki yaroqliligiga tahdid soladigan joylarga joylashtirish mumkin emas.
Bunda, binolari va ularning hududlarini quyidagi joylarga joylashtirish taqiqlanadi:
oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishiga jiddiy xavf tugʻdiradigan ekologik jihatdan ifloslangan va sanoat faoliyati olib boriladigan;
yetarlicha xavfsizlikni taʼminlash choralarini yaratish mumkin boʻlmagan suv toshishi xavfi mavjud boʻlgan;
zararkunandalardan zararlanishga yuqori darajada moyil boʻlgan;
qattiq va suyuq chiqindilarni samarali ravishda yoʻqotish mumkin boʻlmagan.
13. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish binolarining tuzilishi va joylashuvida uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni tozalash imkoniyati yaratilishini inobatga olish lozim.
14. Oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishini oldini olish maqsadida xomashyo va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hududlarini joylashtirishda quyidagi choralar koʻrilishi lozim:
devorlar yoki toʻsiqlar oʻrnatish orqali xomashyo va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini bir-biridan ajratish;
koʻchma yoki vaqtinchalik ishlab chiqarish joylarida xomashyo va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini alohida joylarda va idishlarda saqlash;
xomashyo va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoni hamda ularni tashish yoʻllarini bir-biri bilan kesishmasligini taʼminlash;
ventilyatsiya tizimini tashkil qilishda xomashyo ishlab chiqarilayotgan hududlardagi havoning tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hududlariga kirishini oldini olish;
xomashyo va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini vaqt boʻyicha ajratish va vaqt oraligʻida tozalash va dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish.
15. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish binolarida sanitariya-gigiyena talablarini taʼminlash maqsadida, binolarning ichki tuzilmalari ishonchli va pishiq boʻlishi kerak.
Binolarning ichki tuzilmalari toksik boʻlmagan va inert materiallardan tayyorlangan boʻlishi va quyidagi talablarga javob berishi kerak:
devor, toʻsiq va pollarning sirtlari oson tozalanishi va dezinfeksiya qilinishi hamda suv oʻtkazmasligi va oʻziga singdirmasligi;
devor va toʻsiqlarning yuzasi texnologik jarayonlar amalga oshiriladigan balandlikkacha silliq boʻlishi;
pollarning tuzilishi yetarlicha drenaj va tozalash imkonini taʼminlashi;
shiftlarning (ular boʻlmagan taqdirda, tomning ichki yuzasi) va ustki mahkamlagichlar, shuningdek shift armaturalarining tuzilishi chidamli boʻlishi, ularning ustki qismi silliq boʻlishi, iflosliklar toʻplanishi, mogʻorlar paydo boʻlishi ehtimolini kamaytirishi;
shiftlarning balandligi ishlab chiqarish amaliyotlarini bajarish uchun yetarli boʻlishi;
derazalar oson yuviladigan boʻlishi, ularning tuzilishi esa ifloslanishlarni toʻplanishini kamaytirishi;
derazalar ochilgan taqdirda, hasharotlarga qarshi yechib olish va yuvishga moʻljallangan toʻrlar oʻrnatilishi;
ishlab chiqarish jarayonida oynalar yopiq boʻlishini taʼminlanishi;
eshiklar yuzasi silliq va changni yutmaydigan boʻlishi hamda oson tozalanadigan va dezinfeksiya qilinadigan boʻlishi kerak.
16. Oziq-ovqat mahsulotiga toʻgʻridan-toʻgʻri tegib turadigan ishchi yuzalar soz holatda, chidamli, tozalash va dezinfeksiya qilish uchun qulay boʻlishi kerak. Ular normal ish sharoitida oziq-ovqat mahsuloti yoki yuvish va dezinfeksiyalash vositalari bilan kimyoviy reaksiyaga kirishmaydigan silliq, chidamli materiallardan tayyorlangan boʻlishi lozim.
Agar oziq-ovqat mahsulotiga ayrim anʼanaviy xususiyatlarni berish uchun shunga moslashtirilgan binolarda joylashtirilganda, bunday binolarning shiftlari, devorlari va pollarining tuzilishida mazkur sanitariya qoidalarining 15-bandida koʻrsatilgan qoidalarga rioya qilmaslikka ruxsat etiladi.
4-bob. Havoning ventilyatsiyasi, yorugʻlik va harorat jarayonlarini taʼminlovchi tizimlarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
17. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarni jihozlashda quyidagilarni taʼminlash imkonini beruvchi tabiiy yoki mexanik ventilyatsiya vositalari boʻlishi kerak:
oziq-ovqat mahsulotini havo-tomchi yoʻli bilan (aerozollar va kondensat tomchilari orqali) ifloslanishini oldini olish;
bino ichidagi haroratni nazorat qilish;
oziq-ovqat mahsulotining organoleptik xususiyatlariga taʼsir qiladigan hidlarni yoʻqotish;
oziq-ovqat mahsulotining namligi ortishi natijasida mikroorganizmlarning koʻpayishi va toksinli metabolitlar hosil boʻlishining oldini olish.
18. Ventilyatsiya tizimlarini loyihalashtirish va qurishda ifloslangan hududlardagi havoning toza hududlarga oʻtmasligini taʼminlash lozim.
Bunda, ventilyatsiya tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish va ularni tozalash oson boʻlishi kerak.
19. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylardagi tabiiy va sunʼiy yorugʻlik quvvati, koeffitsiyenti ishning turi va koʻzning toliqishini hisobga olgan holda SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq boʻlishi lozim.
20. Yoritish moslamalari sinishi yoki yaxlitligi buzilishi natijasida oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishini istisno qiladigan tarzda himoyalangan boʻlishi kerak.
21. Oziq-ovqat mahsuloti bilan amalga oshirilayotgan jarayonlarning turiga qarab, oziq-ovqat mahsulotini isitish, issiq ishlov berish, sovitish va muzlatish, sovitilgan yoki muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotini saqlash va oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi va yaroqliligini taʼminlash maqsadida atrof-muhit haroratini nazorat qilish uchun tegishli vositalar taʼminlanishi kerak.
5-bob. Oqova suvlar drenaj tizimiga va chiqindilarni chiqarib tashlashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
22. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda oqova suvlar drenaj tizimini taʼminlash va chiqindilarni yoʻq qilish uchun zarur tizimlarni rejalashtirish va ularni ishchi holatda saqlash kerak.
Bunda, oqova suvlar drenaj tizimini loyihalashtirishda oziq-ovqat mahsuloti yoki suv taʼminotining ifloslanishini, oqova suvlarni kesishib yoki teskari oqishini, drenaj tizimlarida hosil boʻlgan suyuqlik va gazlarni sizib chiqishini oldini olishga qaratilgan boʻlishini lozim.
Oqova suvlar drenaj tizimining ifloslangan joylardan (masalan, hojatxonalar yoki xomashyo ishlab chiqarish hududlaridan) oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish yoki ularni muomalasi amalga oshiriladigan joylariga oqib oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Chiqindilar oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishini oldini olishga qaratilgan usulda oʻz vaqtida toʻplanishi va oziq-ovqat mahsuloti mavjud boʻlgan joylardan olib chiqib tashlanishi kerak.
Chiqindilarni yopiq, aniq belgilangan va suv oʻtkazmaydigan, dezinfeksiya qilish mumkin boʻlgan konteynerlarga yigʻish lozim.
Xavfli chiqindi moddalarini saqlash uchun konteynerlar aniq belgilanishi va oziq-ovqat mahsulotining qasddan yoki tasodifan ifloslanishining oldini olish uchun qulflanish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
24. Chiqindilarni vaqtincha saqlash maydonchalarini kemiruvchilardan himoyalash maqsadida oziq-ovqat mahsulotiga ishlov beriladigan joylardan alohida joylashtirilishi lozim.
6-bob. Tozalash va yuvish xonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
25. Inventar, idishlar, koʻchma yoki yigʻma jihozlarni tozalash, yuvish va dezinfeksiya ishlari maxsus ajratilgan va jihozlangan xonalarda amalga oshirilishi kerak.
Bunday xonalar sovuq va issiq suv bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Yuqori ifloslangan hududlarda (hojatxonalar, oqova suvlar drenaj tizimlari, chiqindilarni yigʻish joylari) foydalanilgan inventar va jihozlar uchun alohida tozalash hududi ajratilishi kerak.
26. Inventar, idishlar, koʻchma yoki yigʻma jihozlarni yuvish uchun moʻljallangan xonalar oziq-ovqat mahsulotini yuvish uchun moʻljallangan xonalardan ajratilgan boʻlishi kerak.
27. Inventar, idishlar, koʻchma yoki yigʻma jihozlarni va oziq-ovqat mahsulotlarini yuvish uchun qoʻl yuvish rakovinalaridan foydalanish taqiqlanadi.
28. Qoʻzgʻatilmaydigan uskunalar uchun joyida tozalash, yuvish va dezinfeksiyalash moslamalari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
7-bob. Saqlash xonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
29. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda oziq-ovqat mahsuloti va uning tarkibiy qismlari (ingrediyentlari), qadoqlash materiallari va nooziq-ovqat kimyoviy moddalarni (tozalash vositalari, yonilgʻi) xavfsiz va sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilgan holda saqlanishi uchun alohida xonalar koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
30. Saqlash xonalarida xom va tayyor mahsulotlarni, shuningdek, allergen va noallergen mahsulotlarni yonma-yon saqlash taqiqlanadi.
31. Saqlash xonalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
kemiruvchilarning kirishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
saqlash vaqtida oziq-ovqat mahsulotini ifloslanishdan, shu jumladan allergenlar bilan ifloslanishdan oldini olishi;
harorat va havo namligini nazorat qilish yoʻli bilan oziq-ovqat mahsulotining buzilishini kamaytiradigan shart-sharoitlarni taʼminlashi.
32. Cheklangan foydalanish uchun moʻljallangan ingrediyentlar xavfsiz qulflanadigan joylarda yoki konteynerlarda saqlanishi kerak.
33. Yuvish, tozalash va dezinfeksiyalash vositalari va xavfli kimyoviy moddalar alohida xonalarda saqlanishi lozim.
Bunda, yuvish, tozalash va dezinfeksiyalash vositalari, xavfli kimyoviy moddalar dozalangan holda inert materiallardan tayyorlangan va tegishlicha tamgʻalangan idishlarda saqlanishi kerak.
8-bob. Xodimlar gigiyenasini taʼminlash xonalari va hojatxonalarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
34. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda xodimlarga shaxsiy gigiyenani taʼminlash va oziq-ovqat mahsuloti ifloslanishining oldini olish uchun jihozlangan kiyim almashtirish, yuvinish, qoʻl yuvish xonalari va hojatxonalar boʻlishi kerak hamda mazkur xonalardan boshqa maqsadlarda foydalanilish taqiqlanadi.
Ushbu xonalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
sovuq va issiq suv bilan taʼminlangan boʻlishi;
qoʻlni yuvish, dezinfeksiyalash va xavfsiz quritish vositalari mavjud boʻlishi;
qoʻl yuvish rakovinalari oʻrnatilgan boʻlishi.
35. Hojatxonalarning tuzilishi, joylashuvi va xizmat koʻrsatishi oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga xavf tugʻdirmasligi lozim.
9-bob. Koʻchma yoki vaqtinchalik ishlab chiqarish joylariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
36. Koʻchma yoki vaqtinchalik ishlab chiqarish joylari (peshtaxtalar, savdo uchun moʻljallangan transport vositalari) quyidagi talablarga javob berishi kerak:
toza holatda saqlanishi;
har qanday ifloslanish xavfidan hamda zararkunandalar va kemiruvchilardan himoyalanishi;
shaxsiy gigiyena vositalari bilan jihozlangan boʻlishi;
oziq-ovqat mahsuloti bilan aloqada boʻladigan yuzalar (asbob-uskunalar yuzasi) soz holatda saqlanishi, oson tozalanishi va dezinfeksiyalanishi, shuningdek, silliq, zanglamaydigan, toksik boʻlmagan yuviladigan materiallardan tayyorlangan boʻlishi;
issiq va sovuq suv bilan taʼminlangan boʻlishi;
chiqindilarni gigiyenik saqlash va keyinchalik yoʻq qilish uchun ularni saqlash vositalariga ega boʻlishi;
haroratni nazorat qilib turuvchi vositalarga boʻlishi.
Koʻchma yoki vaqtinchalik ishlab chiqarish joylarida oziq-ovqat mahsulotini ifloslanish xavfini kamaytiradigan tarzda joylashtirilishini taʼminlashi lozim.
10-bob. Ishlab chiqarish uskunalari va idishlarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
37. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan uskunalar va idishlar yaroqli boʻlishi va soz holatda saqlanishi kerak.
38. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan uskunalar ifloslanishiga yoʻl qoʻymaydigan va ularni tozalash, yuvish va dezinfeksiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda joylashtirilishi lozim.
39. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan uskunalar va idishlar oziq-ovqat mahsuloti bilan aloqada boʻlishga yaroqli, maqsadga koʻra foydalanilganda oʻzlaridan toksik moddalar chiqarmaydigan materiallardan tayyorlangan boʻlishi kerak.
11-bob. Oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish uskunalari va ishlov berish shart-sharoitlarini nazorat va monitoring qilish uchun oʻlchov vositalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
40. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan uskunalar va oʻlchov vositalari doimiy soz holatda ishlashi zarur.
41. Oziq-ovqat mahsulotini tayyorlash, isitish, sovitish, saqlash yoki muzlatish uchun ishlatiladigan uskunalar oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini taʼminlash maqsadida zarur haroratga ega boʻlishini va oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati davomida uning samarali saqlanishini taʼminlashi lozim.
Uskunalarda haroratni nazorat qilish va tartibga solish imkoniyatiga ega boʻlgan (koʻpaytirish, pasaytirish) hamda zarur hollarda namlik, havo oqimi tezligi va oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa omillarni nazorat va monitoring qiluvchi vositalar boʻlishi kerak.
42. Oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish uskunalari va taralar yemirilishining oldini olish uchun kimyoviy vositalardan ularni ishlab chiqaruvchisining koʻrsatmalariga asosan foydalanish lozim.
12-bob. Suv bilan taʼminlashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
43. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarni suv bilan taʼminlashda quyidagi talablarga rioya qilinishi shart:
ishlab chiqarishning hajmi va turiga mos keladigan miqdorda ichimlik suvi bilan taʼminlanishi;
oʻt oʻchirish, bugʻ ishlab chiqarish, muzlatish tizimlarida va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan ichimlik suvining yetkazib berilishi aniq belgilangan suv tarmogʻi orqali amalga oshirilishi (bunda, ichimlik suvini yetkazib berishga moʻljallanmagan quvurdan foydalanish taqiqlanadi);
oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan suv “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” OʻzMSt 133:2024-son Oʻzbekiston milliy standarti talablariga javob berishi;
oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan muz ichimlik suvidan tayyorlanishi va mazkur muz ifloslanishdan himoya qilinadigan sharoitlarda ishlab chiqarilishi hamda saqlanishi;
oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda foydalaniladigan bugʻ tarkibida inson salomatligi uchun xavfli boʻlgan yoki oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishiga olib keladigan moddalar boʻlmasligi;
germetik idishlardagi oziq-ovqat mahsulotiga termik ishlov berilganidan keyin ushbu idishlarni sovitish uchun ishlatiladigan suv ichimlik suvi boʻlishi lozim.
13-bob. Texnik xizmat koʻrsatish, tozalash va dezinfeksiya qilish jarayonlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
44. Tozalash va dezinfeksiya qilishni qulay amalga oshirish hamda xonalar va uskunalarni maqsadga muvofiq ishlatilishi taʼminlash uchun xonalar va uskunalar yaroqli holatda saqlanishi lozim.
45. Tozalash va dezinfeksiya qilish orqali mikrobiologik, kimyoviy va fizik omillar hamda allergenlar bilan ifloslanish manbai boʻlishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat qoldiqlari va iflosliklarning yoʻq qilinishi taʼminlanishi kerak.
Tozalashdan soʻng oziq-ovqat mahsuloti bilan aloqada boʻladigan yuzalarni dezinfeksiya qilinishi kerak.
46. Oziq-ovqat mahsulotiga ishlov berish va saqlash joylarida oziq-ovqat mahsuloti turadigan yuzalar uchun yaroqli boʻlgan tozalash va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish lozim.
47. Tozalash va dezinfeksiya vositalari bilan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish hamda ushbu vositalarni ishlab chiqaruvchisining koʻrsatmalariga muvofiq toʻgʻri foydalanish va belgilar qoʻyilgan idishlarda oziq-ovqat mahsulotidan alohida saqlash lozim.
48. Turli gigiyenik joylar, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va materiallari turadigan yuzalar uchun tegishli belgiga ega boʻlgan tozalash va dezinfeksiya vositalaridan hamda inventardan foydalanishi kerak.
49. Tozalash va dezinfeksiya vositalari hamda inventarlar alohida joyda toza tutilishi hamda ularni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish zarur.
50. Tozalash va dezinfeksiya qilish jarayonida fizik (isitish, artish, yuvish, turbulent, vakuum) va kimyoviy (ishqorli va kislotali eritmalar) tozalash usullaridan alohida yoki birga qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Tozalash jarayonida suvdan foydalanish mikrobiologik ifloslanish ehtimolini oshiradigan joylarda quruq kimyoviy tozalash usullarini qoʻllash talab etiladi.
Tozalash va dezinfeksiyalash jarayonida chiqindi va kir zarralarining sachrashi oqibatida oziq-ovqat mahsulotini ifloslanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. Tozalash va dezinfeksiya qilishda kimyoviy tozalash usullaridan foydalanilgandan soʻng tozalangan joylar suv bilan yuvib tashlanishi lozim.
Bundan, tozalash va dezinfeksiyalash vositalarini ishlab chiqaruvchisining koʻrsatmalarida yuvish talab etilmasligi koʻrsatilmagan holatlar mustasno.
52. Tozalash va dezinfeksiyalash jarayonidagi namli tozalash usuli quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
yuzalardan koʻrinadigan yirik chiqindilarni olib tashlash;
ifloslanishni yumshatish uchun yuvish vositasini qoʻllash;
ifloslanish va yuvish vositasi qoldiqlarini yoʻq qilish uchun suv bilan (zarur hollarda issiq suv bilan) yuvish.
53. Tozalash va dezinfeksiya qilish ishlab chiqarish joylarini tozaligini taʼminlash uchun davriylik va samaradorlik bilan amalga oshirilishi kerak.
54. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlari amalga oshiriladigan joylarda tozalash va dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish boʻyicha yozma tartib-qoidalar boʻlishi va unda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
tozalash va dezinfeksiya ishlarini amalga oshiriladigan xonalar, buyumlar, jihozlar hamda inventarlarning roʻyxati;
tozalash va dezinfeksiya qilish usullari va davriyligi.
55. Zararli mikroorganizmlarni dezinfeksiya qilish vositalariga nisbatan bardoshliligi rivojlanishi inobatga olgan holda dezinfeksiya qilish vositalari vaqti-vaqti bilan almashtirilishi turilishi lozim.
14-bob. Kemiruvchilarga qarshi kurashishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
56. Kemiruvchilar kirishining oldini olish maqsadida oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlari amalga oshiriladigan joylarda tirqishlar, teshiklar va yoriqlar boʻlmasligi, eshiklar zich yopilishi, ochiladigan oynalar hamda shamollatish vositalari himoya jihozlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
57. Kemiruvchilardan zararlanish holatini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlari amalga oshiriladigan joylar va ularga tutashgan hududlar muntazam ravishda kuzatib borilishi lozim.
58. Kemiruvchilarga qarshi kurashishda biologik, kimyoviy va fizik vositalardan foydalanilganda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga xavf tugʻdirmasligi kerak.
59. Kemiruvchilardan zararlanish holatini aniqlangan taqdirda uni darhol bartaraf etish hamda zararlanish holatini vujudga kelish sabablarini aniqlash zarur.
60. Kemiruvchilardan zararlanish holatlari va kemiruvchilarni yoʻq qilish chora-tadbirlari yozma ravishda qayd etib borilishi kerak.
61. Oziq-ovqat mahsulotlarini kemiruvchilardan himoyalash uchun ularni pol yuzasidan balandroqda va devorlardan uzoqroqda saqlash kerak.
62. Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari hududiga hayvonlar kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15-bob. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va shaxsiy gigiyena qoidalariga qoʻyiladigan talablar
63. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda xodimlar “Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida tibbiy koʻrik va tekshiruvlardan oʻtishlari lozim.
64. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda har bir xodim shaxsiy gigiyena qoidalariga va ish joyida sanitariya talablariga qatʼiy rioya qilishi lozim.
65. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylardagi xodimlar quyidagi holatlarda vaqtincha ishlashiga ruxsat berilmaydi:
teri qoplamining sargʻayishi;
diareya;
qayt qilish;
bezgak;
isitma koʻtarilish bilan tomoq ogʻrishi;
koʻrinadigan teri yaralari (teri butunligi buzilishi bilan bogʻliq barcha yaralar);
quloq, koʻz yoki burundan turli oqmalarni yuzaga kelishi.
66. Xodimlarning qoʻl qismida kichik jarohatlar mavjud boʻlgan taqdirda ular oziq-ovqat mahsuloti bilan bevosita aloqada boʻlmaydigan joylarda ishlashi lozim. Xodimga ishni davom ettirishga ruxsat berilsagina, xodimning qoʻl qismidagi kichik jarohatlar suv oʻtkazmaydigan plastirlar va qoʻlqoplar (bir marta foydalanish uchun moʻljallangan boʻlishi lozim) bilan yopilgan boʻlishi kerak.
67. Oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarini amalga oshiruvchi joylarda xodimlar shaxsiy tozalikni saqlashlari va himoya kiyimlari (maxsus bosh kiyimlar, xalatlar, niqoblar va poyabzallar) kiyishlari zarur.
68. Xodimlar quyidagi holatlarda qoʻllarini yuvishlari va dezinfeksiya qilishlari kerak:
ishni boshlashdan oldin;
tanaffusdan keyin ish joyiga qaytganda;
chiqindilar va ifloslangan narsalar bilan aloqada boʻlgandan keyin;
hojatxonadan keyin.
69. Xodimlar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishlashda oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan quyidagi xatti-harakatlardan saqlanishlari kerak:
chekish;
tupurish;
saqich chaynash, oziq-ovqat va ichimliklar isteʼmol qilish;
aksirish va yoʻtalish;
tirnoqlarni oʻstirish.
70. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bogʻliq amaliyotlarni amalga oshirishda taqinchoqlar, soatlar, toʻgʻnogʻichlar, soch qisqichlari taqish hamda sunʼiy tirnoqlar va kipriklar yopishtirish taqiqlanadi.
71. Xodimlar ish joylaridagi gigiyena talablarini taʼminlash maqsadida iflosliklarni muntazam ravishda tozalab turishlari, jihozlarni toza tutishlari va foydalanilmayotgan jihozlarni tartibli qilib joylashtirib qoʻyishlari kerak.
16-bob. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
72. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish va ularning muomalasini amalga oshirish joylarida sanitariya-gigiyena talablari doimiy qoʻllanilishi lozim. Sanitariya-gigiyena talablari oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligiga tahdid soluvchi xatarlarni bartaraf qilish yoki kamaytirish uchun yetarli boʻlishi kerak.
73. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish jarayonlaridagi xavflarni nazorat qilinishi quyidagicha amalga oshirilishi lozim:
sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilishni monitoring qilish;
sanitariya-gigiyena monitoring natijalarini qayd etish (namuna olish davriyligi va jadvalini belgilash);
sanitariya-gigiyena monitoringini oʻtkazishni davriyligini taʼminlash.
74. Agar monitoring natijasida sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilishda buzilishlar mavjudligi aniqlansa, ularni tuzatish (bartaraf etish) choralari koʻrilishi lozim.
Tuzatish (bartaraf etish) choralariga quyidagilar kiradi:
nazorat jarayonlarini oʻzgartirish (masalan, haroratni, vaqtni, dezinfeksiyalovchi vositalarni);
mahsulotlarni bir-biridan ajratib qoʻyish va ularning xavfsizligi hamda yaroqliligini baholash;
isteʼmol uchun yaroqsiz boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini utilizatsiya qilish;
sanitariya-gigiyena talablarini buzilishiga olib kelgan sabablarni aniqlash;
sanitariya-gigiyena talablarini buzilish holatlarini takrorlamaslik choralarini koʻrish.
Tuzatish (bartaraf etish) choralari qayd etib borilishi lozim.
75. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bogʻliq jarayonlarda quyidagi talablarga rioya qilinish kerak:
kiruvchi materiallar va mahsulotning, shu jumladan xomashyo va oziq-ovqat tarkibiy qismlari xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda xarid qilish va ularga tegishli hujjatlarga muvofiqligini tekshirish;
xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibiy qismlarini zaruratga qarab tekshirish (masalan, vizual koʻzdan kechirish, qadoqning butunligini, yaroqlilik muddatini, qayd qilingan allergenlarni tekshirish hamda sovitilgan va muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotining haroratini oʻlchash);
xomashyo va oziq-ovqat tarkibiy qismlarini zaruratga qarab laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazish;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun foydalanilgan xomashyo va ozuqaviy tarkibiy qismlari qayta ishlangandan keyin inson isteʼmoli uchun yaroqsiz boʻlsa, ularni qabul qilishni taqiqlash;
ishlab chiqarish joylarida saqlanadigan birlamchi mahsulotlar va barcha tarkibiy qismlarni ularni buzilishdan saqlaydigan va ifloslanishdan himoya qiladigan sharoitlarda saqlash;
oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashning barcha bosqichlarida har qanday ifloslanishdan himoyalash.
76. Kiruvchi materiallar va mahsulotning ushbu materiallar va mahsulotning aniq tavsifi, hajmi yoki miqdori, partiya raqami, ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning nomi va manzili, yetkazib berish yoki joʻnatish sanasi toʻgʻrisida batafsil axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar boʻlgan hisoboti yuritilishi zarur.
17-bob. Harorat rejimiga va termik ishlov berish jarayonlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
77. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish va muomalasini amalga oshirish joylarda uzluksiz ravishda belgilangan harorat rejimiga rioya qilinishi lozim.
Oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmolchilarning sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi sharti bilan joʻnatish, tashish, saqlash, sotish va xizmat koʻrsatishga tayyorlash jarayonida qisqa muddat davomida harorat rejimida rioya qilmaslikka ruxsat beriladi.
78. Oziq-ovqat mahsulotlari past haroratlarda saqlanishi yoki sotilishi kerak boʻlsa, ular issiqlik bilan ishlov berish bosqichidan yoki ishlab chiqarishning oxirgi bosqichidan soʻng, imkon qadar tezroq isteʼmolchilarning sogʻligʻiga xavf tugʻdirmaydigan haroratgacha sovitilishi kerak.
79. Oziq-ovqat mahsulotini muzdan eritish patogen mikroorganizmlarning koʻpayishi yoki oziq-ovqat mahsulotida toksinlar hosil boʻlishi xavfini kamaytiradigan tarzda amalga oshirilishi, muzdan eritish vaqtida oziq-ovqat mahsuloti isteʼmolchining sogʻligʻiga xavf tugʻdirmaydigan haroratda saqlanishi hamda muzdan eritish natijasida hosil boʻlgan suyuqlik sogʻliq uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlsa, u xavfsiz usulda toʻkib tashlanishi lozim.
Muzdan eritilgandan soʻng oziq-ovqat mahsuloti patogen mikroorganizmlarning koʻpayishi yoki toksinlar paydo boʻlishi xavfini oldini olgan holda saqlanishi kerak.
80. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va muomalasini amalga oshirish joylarida asosiy jarayon parametrlariga (harorat, ishlov berishning davomiyligi, bosim, qadoqning butunligi, mikrobiologik koʻrsatkichlar) rioya qilgan holda termik ishlov berish zarur.
81. Ishlov berilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash uchun yoki ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini kelgusida qayta ishlash uchun foydalaniladigan har qanday termik ishlov berish jarayoni ishlov berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining har bir qismini belgilangan vaqt davomida belgilangan haroratgacha isitishni oʻz ichiga olishi hamda qayta ishlash vaqtida oziq-ovqat mahsuloti ifloslanishining oldini olishi lozim.
18-bob. Oziq-ovqat mahsulotini qadoqlash va tashishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
82. Oziq-ovqat mahsulotini qadoqlash va birlamchi qadoqlashni amalga oshirishda quyidagi talablarga rioya qilinishi shart:
qadoqlash uchun ishlatiladigan materiallar, ifloslantirish manbai boʻlmasligi;
qadoqlash uchun materiallar ularning ifloslanishi mumkin boʻlmagan tarzda saqlanishi;
qadoqlash jarayonlari mahsulotlarni ifloslanishi va qadoqning butunligini buzilishiga yoʻl qoʻymaydigan tarzda amalga oshirilishi lozim.
83. Qadoqlash uchun ishlatiladigan materiallar oson tozalanishi va zarur boʻlgan taqdirda dezinfeksiya qilinishi kerak.
84. Oziq-ovqat mahsulotini tashish uchun ruxsat etilgan transport vositalaridan hamda konteynerlardan foydalanilishi lozim.
Bunda, transport vositalari hamda konteynerlar toza boʻlishi, kerakli holatda saqlanishi va oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishdan himoyalanishini taʼminlashi, shuningdek, samarali tozalash va dezinfeksiya qilishni taʼminlaydigan tuzilishlarga ega boʻlishi lozim.
85. Bir turdagi nooziq-ovqat mahsulotini tashish uchun transport vositalari va konteynerlardan foydalanish kelgusida tashiladigan boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotining ifloslanishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, u holda bunday transport vositalari va konteynerlar faqat bir turdagi oziq-ovqat mahsulotini tashish uchun qoʻllanilishi lozim.
86. Transport vositalari va konteynerlardan bir vaqtning oʻzida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotini yoki turli xil oziq-ovqat mahsulotini tashish uchun foydalanilganda, ularni ifloslantirish mumkin boʻlmaydigan tarzda taqsimlanishi, ifloslanish xavfining oldini olish uchun koʻrsatilgan transport vositalari va konteynerlarning har biri keyingi yuklashdan oldin tozalanishi kerak.
87. Suyuq, donali, kukunli oziq-ovqat mahsulotini tashish faqat oziq-ovqat mahsulotini tashish uchun moʻljallangan idishlarda (konteynerlarda) amalga oshirilishi, idishlar (konteynerlar) ularning belgilangan vazifasi koʻrsatilgan holda aniq tamgʻalangan boʻlishi kerak.
88. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari transport vositalari va konteynerlarga ifloslanish xavfini kamaytiradigan tarzda joylashtirilishi lozim.
89. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining ilovasida keltirilgan.
Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligining umumiy sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0079-24-son SanQvaN) ILOVA
