Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish shakllari boʻyicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (893-son)
27.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatilishini taʼminlash choralarini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq;
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tutingan (foster) oila gʻamxoʻrligiga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 6-ilovaga muvofiq;
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 7-ilovaga muvofiq;
Bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizom 8-ilovaga muvofiq;
Mehribonlik uylari toʻgʻrisidagi nizom 9-ilovaga muvofiq;
Kichik hajmli bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizom 10-ilovaga muvofiq;
“Yoshlarga hamrohlik” dasturini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olgan tutingan ota-onalarga har oylik toʻlovlar toʻlash hamda bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash xarajatlari:
2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamgʻarmalari hisobidan;
2025-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-fevraldan boshlab:
a) ichki ishlar organlari, sogʻliqni saqlash organlari, notariuslar, sud organlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari hamda taʼlim muassasalari yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni Agentlikka taqdim etadi;
b) bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olishni xohlovchi shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazlari)ga bevosita kelgan holda yoki ijtimoiy xodim yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza (ariza er-xotindan biri tomonidan berilsa, ikkinchisining roziligi arizaga ilova qilinadi, YIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda, tegishli rozilik uni berayotgan shaxs tomonidan masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (elektron raqamli imzo, Mobile-ID, Face-ID yoki boshqa) texnologiyalari orqali tasdiqlanadi);
sogʻligʻi toʻgʻrisida davlat muassasasi (vrachlik-maslahat komissiyasi)ning xulosasi, sil kasalligiga qarshi kurashish (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bundan mustasno) va teri-tanosil dispanseridan olingan maʼlumotnomalar;
farzandlikka olish yoki tutingan ota-ona boʻlish istagidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi (bundan nomzod (lar)ning Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslaridan oʻtganligi mustasno);
v) quyidagi hujjatlar va maʼlumotlar “Inson” markazlari tomonidan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi:
shaxsni tasdiqlovchi hujjat haqidagi maʼlumotlar;
nikoh toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (agar nikohda boʻlsa);
sudlanganlik (sudlanmaganlik) holati haqida maʼlumotnoma;
turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sil kasalligi boʻyicha hisobda turish yoki turmasligi boʻyicha maʼlumotnoma;
tarbiyaga olishni xohlovchi shaxs (oila)ning toʻlov qobiliyatini baholash natijalari boʻyicha maʼlumot. Shaxs (oila)ning toʻlov qobiliyati toʻgʻrisidagi maʼlumot maxsus tizim orqali belgilangan mezonlar asosidagi skoring baholash natijalariga koʻra avtomatlashtirilgan holda shakllantiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-son Farmoniga muvofiq 2025-yil 1-fevraldan boshlab:
bolalarni muqobil joylashtirish shakllari boʻyicha joylashtirish (bundan farzandlikka va tutingan (foster) oilaga olish mustasno) “Inson” markazlarining, oilaviy bolalar uyini tashkil etish va tugatish esa Agentlik hududiy boshqarmasining qarori asosida amalga oshirilishi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tutingan (foster) oilaga “Inson” markazlari va bolani tarbiyaga olgan shaxslar oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida joylashtirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-fevraldan boshlab tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar masalalari boʻyicha vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar faoliyati tugatiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Agentlik, Adliya vazirligi ikki oy muddatda:
Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy sud bilan birgalikda oʻzlarining axborot tizimlari orqali yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritishda talab qilinadigan maʼlumotlarni “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga taqdim etish imkoniyatini yaratsin;
bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olishni xohlovchi shaxslardan YIDXP orqali arizalar qabul qilish hamda xizmatlarni koʻrsatishning har bir bosqichida arizalar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan fuqarolarga nisbatan, shuningdek, sogʻligʻining holatiga koʻra homiy tayinlashga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga vasiylik va homiylikni belgilash (tayinlash) tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 12-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 13-ilovaga muvofiq baʼzi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Belgilansinki:
mazkur qarorga 5, 7, 10 va 11-ilovalar 2025-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi;
mazkur qarorga 2, 3, 4, 6, 8 va 9-ilovalar 2025-yil 1-fevraldan boshlab kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
893-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organining vakolatlari va funksiyalarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi (keyingi oʻrinlarda — vasiylik va homiylik organi) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
muqobil joylashtirish shakllari — vasiylik va homiylikni belgilash, bolani farzandlikka olish, tutingan (foster) oila (oilaga tarbiyaga (patronat) berish va oilaviy bolalar uyi (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki ixtisoslashtirilgan joylashtirish xizmati), ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllar;
tutingan ota-onalar — yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tutingan (foster) oilaga olgan fuqarolar.
3. Vasiylik va homiylik organidan tashqari boshqa organlar, jismoniy va yuridik shaxslarning muqobil joylashtirishga muhtoj boʻlgan bolalarni joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Vasiylik va homiylik organining vakolatlari va funksiyalari
4. Bolaning yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyidagi yoxud bola haqiqatda yashayotgan joydagi vasiylik va homiylik organi muqobil joylashtirish shakllariga (bundan bolalarni vasiylikka, homiylikka va farzandlikka berish mustasno) berilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakili hisoblanadi.
5. Vasiylik va homiylik organi oʻz vakolatlari doirasida:
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq bolalarning hisobini yuritadi, ularning joylashtirilganligi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan koʻchar va koʻchmas mol-mulki haqidagi maʼlumotlarning elektron shaklini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlangan bolalarning turmush va yashash sharoitlarini baholaydi hamda ularning ijtimoiy maqomini belgilaydi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
vasiy va homiy boʻlish, bolani farzandlikka, oilaga tarbiyaga (patronat) olish yoki oilaviy bolalar uyini tashkil etish istagini bildirgan hamda nomzodlarga qoʻyiladigan talablarga mos boʻlgan shaxslarni tanlashni, shuningdek, hisobga olishni amalga oshiradi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga berish hamda ularning davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan koʻchar va koʻchmas mol-mulkini but saqlash boʻyicha choralar koʻradi;
bolaning individual rivojlanish va integratsiya rejalarini tuzadi hamda oʻrnatilgan tartibda ushbu rejalarning ijrosi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
tutingan (foster) oilada, ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari va tashkilotlarida tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy vakili sifatida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning moddiy taʼminot olish huquqlarini taʼminlashda aliment toʻlovlari, bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiyasi uchun qoʻshimcha xarajatlarni ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bola foydasiga undirish boʻyicha sudga ariza (daʼvo arizasi) kiritadi;
ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari va tashkilotlaridagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilasiga qaytarish, muqobil joylashtirish choralarini koʻradi va bu jarayonni muvofiqlashtiradi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
vasiylar va homiylar hamda tutingan ota-onalarning oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularga vasiylikdagi va homiylikdagi yoki tarbiyaga olingan bolalarni tarbiyalashda, tibbiy kuzatuvini tashkil etishda yordam koʻrsatadi;
vasiylikni va homiylikni belgilash, tugatish, bolalarni tutingan ota-onalarga tarbiyaga berish, ular bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish, vasiylarni va homiylar yoki tutingan ota-onalarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish boʻyicha choralar koʻradi;
bolaning tarbiyasi, hayoti va sogʻligʻiga bevosita tahdid paydo boʻlgan hollarda, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaga nisbatan gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik harakatlarining mavjudligi, bolaning zoʻravonlikdan jabrlanganligi aniqlangan hollarda, uni ota-onasidan yoxud ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslardan olib qoʻyish choralarini koʻradi;
bolaning oiladan ajratilishini oldini olish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalanishini taʼminlash maqsadida oilani mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks xizmatlarni tashkil etish choralarini koʻradi;
ota-onalar va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan hollarda, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudda bolalarning manfaatlarini ifoda etadi;
belgilangan tartibda ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etadi, sudlarda ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning huquqini cheklash toʻgʻrisida, shuningdek, ota-onalik huquqlarini tiklash toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda ishtirok etadi;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi yoxud tutingan ota-onalar tarbiyasidagi bolalarga maslahat yordami, huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik va tibbiy yordam koʻrsatish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash muassasalari, bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Vasiylik va homiylik organi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
6. Vasiylik va homiylik organining bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashdagi alohida funksiyalari quyidagilardan iborat:
a) sudlar tomonidan bolalar tarbiyasi toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrib chiqish yoʻnalishida:
sud tomonidan bolalar tarbiyasi toʻgʻrisidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda ishtirok etish;
bolani oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxsning (shaxslarning) turmush sharoitlarini oʻrganib dalolatnoma tuzish hamda sudda asoslangan fikr bildirish;
bolaning hayotiga yoki uning sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻilganda, bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organi va ichki ishlar organi ishtirokida dalolatnoma asosida olib qoʻyish;
bola olib qoʻyilganligi haqida prokurorni xabardor qilish;
bolani olish va uni boshqa shaxs (shaxslar)ga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etishda ishtirok etish;
voyaga yetmagan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab ularning ota-onalarini bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish boʻyicha sudga ariza (daʼvo arizasi) kiritish;
sud tomonidan boladan alohida yashaydigan ota-onalarning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibini belgilashda ishtirok etish;
b) oilalarni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralarni koʻrish yoʻnalishida:
ota-onalar tomonidan bolalarning manfaatlariga zid xatti-harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgani maʼlum qilinganida, oiladagi vaziyatni kompleks baholab, xatar omillarini aniqlash;
bolaning oilada hayoti, sogʻligʻi va tarbiyasi xavfsizligini taʼminlash maqsadida masʼul davlat organlarini jalb qilib, bolaning individual himoya rejasini tuzish va oiladagi bola xavfsizligiga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni belgilash;
bolaning xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki ota-onaning oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi xatar omillarini bartaraf etish uchun psixologik, tibbiy, taʼlim, huquqiy, ijtimoiy xizmatlar, iqtisodiy barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻmak koʻrsatilishini tashkil etish hamda oilada xavf bartaraf etilganligini monitoring qilish;
oʻz majburiyatlarini bajarmayotgan ota-onalarni masʼul davlat organlari bilan birga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda farzandi oldidagi majburiyatlarini bajarishga jalb etish;
ota-onalarning xulq-atvorida ijobiy oʻzgarishlar yuz berganida, ularning ota-onalik huquqini tiklash boʻyicha choralar koʻrilishi yuzasidan sudga asoslantirilgan xulosa va tavsiyalar berish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun muqobil joylashtirish shakllarini tanlash jarayonida ularni qarindoshlarining oilasi davrasida saqlab qolinishi ustuvorligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrish;
v) tugʻilishni qayd etish yoʻnalishida:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq bola tugʻilganligi haqidagi, shuningdek, oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishini qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan ariza berish;
tugʻilishni qayd etishda bolaning otasi va onasi haqidagi maʼlumotlar boʻlmagan hollarda, ota va ona haqidagi yozuvlarni belgilash boʻyicha koʻrsatma berish;
ota-ona oʻrtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi boʻyicha kelishuv boʻlmaganda, kelib chiqqan nizoni sud tartibida koʻrib chiqishda ishtirok etish;
agar er-xotin ajralganidan, nikoh haqiqiy emas deb topilganidan keyin yoki ota-onadan biri otalik yoxud onalik huquqidan mahrum etilganidan soʻng, bolani oʻz tarbiyasiga olgan ota yoki ona unga oʻz familiyasini berishni xohlasa, bolaning manfaatlarini hisobga olingan holda hal etish;
g) bolalar tarbiyasi va ular bilan koʻrishib turish yoʻnalishida:
ota-ona oʻrtasidagi bolaning tarbiyasi va taʼlimiga doir kelishmovchiliklarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etish;
ota-onalar (ulardan biri) bolaning yaqin qarindoshlariga u bilan koʻrishib turishni rad etgan hollarda, agar yaqin qarindoshlari bilan koʻrishish bolaning manfaatlariga zid boʻlmasa, ota-onani (ulardan birini) bunday koʻrishib turishlarga toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash;
d) bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga berish yoʻnalishida:
bolani vasiylikka, homiylikka, farzandlikka, oilaga tarbiyaga (patronat) hamda oilaviy bolalar uyiga olish istagini bildirgan shaxslarni har tomonlama oʻrganish va oʻrganish natijasida ushbu shaxslarni nomzod sifatida roʻyxatga olish, ularning hisobini yuritish;
sudlarga voyaga yetmagan shaxslarni farzandlikka olish asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa taqdim etish va sud jarayonida ishtirok etish;
farzandlikka olish sirining saqlanishini taʼminlash;
farzandlikka olishni bekor qilish uchun sudga belgilangan tartibda hujjatlar tayyorlash;
bolalarni tutingan (foster) oilaga berish boʻyicha tutingan ota-onalar bilan shartnomalar tuzish;
bolalarni oilaga joylashtirish imkoniyati boʻlmaganida, yakuniy chora sifatida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari va tashkilotlariga joylashtirish choralarini koʻrish;
tutingan (foster) oila hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari va tashkilotlariga joylashtirilgan bolalarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish choralarini koʻrish;
tutingan ota-onalar oʻz majburiyatlarini bajarmagan, tarbiyasidagi bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatmagan taqdirda, ular bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish;
vasiylikka, homiylikka berilgan yoki muqobil joylashtirishning boshqa shakllarida tarbiyalanayotgan bolani farzandlikka olish uchun ota-ona roziligi talab qilinmaydigan holatlarda rozilik berish;
bolani farzandlikka, tutingan (foster) oilaga olish istagini bildirgan nomzodlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq tayyorlov kurslarida tahsil olishi uchun yoʻllash;
tutingan ota-onalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda toʻlovlarning oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlash;
muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini, vasiylar va homiylar, farzandlikka olganlar, tutingan ota-onalar, ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari va tashkilotlari xodimlari tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarishi yuzasidan oʻrnatilgan tartibda nazorat va monitoringni amalga oshirish;
e) voyaga yetmagan shaxslarni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) yoʻnalishida — voyaga yetmagan, oʻn olti yoshga toʻlgan shaxs, agar u mehnat shartnomasi boʻyicha ishlab turgan yoki ota-onasi, farzandlikka olganlar yoxud homiyning roziligi bilan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish boʻyicha qaror qabul qilish;
j) bolaning mulkiy huquqlarini taʼminlash yoʻnalishida:
bolaning yetim qolishi yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligi sababli notarial idoralarda uning mulkiy manfaatlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muhofaza qilishda ishtirok etish;
yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan pensiya va alimentlar belgilanishi yuzasidan vakolatli davlat organlariga murojaatlar qilish hamda ularga nafaqa tayinlash choralarini koʻrish;
yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola toʻliq davlat taʼminotidagi muassasada yoki boshqa tashkilotlarda, shuningdek, tutingan (foster) oilada tarbiyalanayotgan davrida pensiya, alimentlar, shuningdek, bola uchun belgilangan boshqa mablagʻlarning bankda bolaning nomiga ochilgan shaxsiy hisob varagʻida saqlash choralarini koʻrish;
muqobil joylashtirish shakllari (bundan farzandlikka olish mustasno)ga berilgan yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan koʻchar va koʻchmas mol-mulkining but saqlanilishini taʼminlash hamda yashab turgan uy-joyini saqlab qolish boʻyicha choralarni koʻrish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda turar-joyga ega boʻlmagan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joyga muhtoj sifatida navbatga qoʻyilishini taʼminlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joyning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda berilishini, turar-joyning saqlanilishi hamda qonunchilik hujjatlariga zid ravishda begonalashtirilmasligini nazorat qilish;
z) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga (yoshlarga) hamrohlik dasturlari amalga oshirilishini taʼminlash sohasida:
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni mustaqil hayot koʻnikmalariga, jumladan maishiy-xoʻjalik va iqtisodiy koʻnikmalarga oʻrgatish, oilaviy hayotga tayyorlash, yurish-turish qoidalari va muomala madaniyatini shakllantirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning istaklarini oʻrgangan holda ularni umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlimga yoʻnaltirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qoʻshimcha taʼlim olishlari, kasb-hunar oʻrganishlari, tadbirkorlik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib ularni turli sport mashgʻulotlari va sanʼat turlari boʻyicha toʻgaraklarga jalb qilish;
oʻrta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlimni tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar (yoshlar)ning bandligiga koʻmaklashish;
uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni turar joy bilan taʼminlanishiga koʻmaklashish;
psixologik va ayrim turdagi huquqiy xizmatlarni koʻrsatish.
3-bob. Vasiylik va homiylik organining qarori yuzasidan shikoyat qilish
7. Vasiylik va homiylik organining vasiylikni yoki homiylikni belgilash, tugatish, vasiylarni yoki homiylarni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish toʻgʻrisidagi, dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi qarorlari, shuningdek, tutingan ota-onalar bilan bolani tarbiyaga berish boʻyicha shartnoma tuzish, bekor qilish boʻyicha xatti-harakatlar yuzasidan manfaatdor shaxslar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8. Vasiylik va homiylik organining qarori yuzasidan qilingan shikoyatlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
9. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 2-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, ularni muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bolaning ijtimoiy maqomi — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sogʻliqni saqlash, ichki ishlar, sud va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, notarial idoralarning hujjatlari hamda ularga tenglashtirilgan hujjatlar asosida bolaning yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligi faktini tasdiqlash orqali aniqlanadigan bolaning ijtimoiy va huquqiy holati;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
individual rivojlanish rejasi — 14 yoshgacha boʻlgan yetim bolalar yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qiziqishlari, ehtiyojlari va yashash sharoitlarini kompleks baholash orqali ularga koʻrsatilishi talab etiladigan ijtimoiy xizmat va yordamlar belgilanadigan reja;
individual integratsiya rejasi — 14 yoshdan 23 yoshgacha boʻlgan yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning jamiyatga ijtimoiylashuvi hamda integratsiyasini taʼminlash, ularning erkin kasb tanlashlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy xizmat va yordamlar belgilanadigan reja;
maʼlumot taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlar — yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etuvchi sogʻliqni saqlash, ichki ishlar, sud va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, notariuslar, taʼlim muassasalari, ijtimoiy xodimlar, mahalla raislari hamda xabardor boʻlgan har qanday shaxs, shu jumladan ushbu toifadagi bolalarning qarindoshlari;
muqobil joylashtirish shakllari — vasiylik va homiylikni belgilash, bolani farzandlikka olish, tutingan (foster) oila, oilaga tarbiyaga (patronat) berish hamda oilaviy bolalar uyi (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki ixtisoslashtirilgan joylashtirish xizmati), ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
3. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlar tomonidan shakllantiriladi hamda oʻsha hududdagi vakolatli organga taqdim etiladi.
Vakolatli organ tegishli davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy ahvoli va oiladagi sharoitini baholaydi hamda bolalar manfaatlariga maqbul keladigan joylashtirish shaklini belgilaydi.
4. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirishning shakllariga yoʻnaltirish, shuningdek, ularni hisobga olish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash tartibi
5. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar quyidagi shaxslar va tashkilotlar tomonidan 24 soat ichida asoslantiruvchi hujjatlar bilan birga (shu jumladan, elektron shaklda) bola aniqlangan hududdagi vakolatli organga yoʻnaltiriladi:
ijtimoiy xodim, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi — oilalarda oʻrganish (kuzatish) va profilaktika tadbirlarini amalga oshirish jarayonida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, sogʻligʻi va hayoti xavf ostida boʻlgan, shu jumladan, ota-onasi uch oydan ortiq muddatga chet elga ketgan hamda ularning tarbiyasi va taʼminotida qatnashmayotgan, ota-onaning eʼtibori va gʻamxoʻrligi namoyon boʻlmayotgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarda yashayotgan bolalar toʻgʻrisidagi;
ichki ishlar organlari — profilaktika inspektori nazoratida boʻlgan, tashlab ketilgan (topib olingan), tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, odam savdosi qurboni boʻlgan hamda xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan oilalardagi bolalar toʻgʻrisidagi;
notariuslar — bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash boʻyicha murojaat qilganligi toʻgʻrisidagi;
sogʻliqni saqlash organlari — qoldirib ketilgan (tugʻruq muassasasidagi yoki statsionardagi hamda tekshirish va davolashning toʻliq kursidan oʻtgan, biroq uzrli sabablarsiz uch kun muddatda ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan olib ketilmagan), ota-onalari tibbiyot muassasalaridan olishni rad etgan bolalar, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar orasida homiladorlik va tugʻruq toʻgʻrisidagi;
sudlar — shaxslarning ota-onalik huquqidan mahrum qilingani, ota-onalik huquqi cheklangani, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingani, shuningdek, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, ozodlikdan mahrum etish toʻgʻrisida hukm va qarorlar qabul qilinganda hamda koʻrib chiqiladigan boshqa holatlarda ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi;
taʼlim muassasalari — taʼlim muassasasi psixologi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari nazoratidagi ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan, zoʻravonlikdan jabrlanganlar, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan shaxslar toʻgʻrisidagi;
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari — oʻlimni roʻyxatdan oʻtkazishda yoki vafot etgan deb eʼlon qilishda ota-onasining (shu jumladan boshqa qonuniy vakili) qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek, otalik (onalik) belgilanganligi toʻgʻrisidagi (bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma bilan birga) maʼlumotlar.
Vakolatli organga taqdim etiladigan maʼlumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun maʼlumotni kiritayotgan idoralarning rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlar boshqa tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek, fuqarolarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollardan tashqari berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida ularning qarindoshlari yoki boshqa shaxslar yashash joyidagi vakolatli organga xabar qilishlari mumkin.
3-bob. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni koʻrsatish tartibi
7. Vakolatli organ mazkur Nizomning 5-bandida keltirilgan maʼlumot taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlar tomonidan yuborilgan maʼlumotlar asosida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Ijtimoiy himoya” AT) orqali har bir holat boʻyicha ijtimoiy ish shakllantiradi.
8. Vakolatli organ ijtimoiy ish boʻyicha uch ish kuni ichida quyidagilarni amalga oshiradi:
a) bolaning holatini birlamchi baholab, uning asosiy ehtiyojlarini qondirish choralarini koʻradi. Bunda bolaning asosiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
b) muqobil joylashtirilishiga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar boʻyicha:
bolaning qarindoshlari (bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa qarindoshlar) va u yashayotgan oila aʼzolari yoki qoʻshnilar orasidan bolani vasiylikka yoki homiylikka olishni istagan shaxslarni aniqlaydi;
talabgorlar mavjud boʻlmaganda, bola (bolalar)ning manfaati uchun mos keladigan joylashtirish shakli belgilangunga qadar vaqtincha uning qarindoshlari yoki qoʻshnilariga, ulardan tilxat olgan holda yoxud joylashtirishning muqobil shakliga berish choralarini koʻradi;
v) ogʻir hayotiy vaziyatda boʻlgan, jumladan zoʻravonlikdan jabrlangan voyaga yetmagan shaxslar boʻyicha:
bola tahsil olayotgan taʼlim muassasasi psixologi va inspektor-psixologlar bilan birgalikda uning ijtimoiy holatini va ehtiyojlarini oʻrganadi;
bolaning ota-onasi bilan suhbat oʻtkazadi hamda oilaning ehtiyojlarini oʻrganadi. Bunda zarur hollarda mahalla raisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli va hokim yordamchisi jalb etiladi;
bolaning tarbiyasi, rivojlanishi, hayoti va sogʻligʻi uchun mavjud boʻlgan xavf omillarini tahlil qiladi hamda bolani oiladan ajratilishini oldini olish maqsadida bolaga va ota-onaga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda zarur hollarda tibbiy va iqtisodiy holatini yaxshilash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishini tashkillashtiradi;
bolani oilada qoldirish uning manfaatiga zid keladigan hollarda, bolani vaqtincha joylashtirishning muqobil shakliga, shuningdek, professional tutingan oilaga yoki kichik hajmli ijtimoiy koʻmak markazlariga berish choralarini koʻradi;
g) tashlab ketilgan (topib olingan), ota-onalari tibbiyot muassasalaridan olishni rad etgan bolalar boʻyicha:
bolalarni vaqtincha joylashtirishning muqobil shakliga berish choralarini koʻradi;
bolada davolanish zaruriyati aniqlangan hollarda, uni davolash uchun tegishli sogʻliqni saqlash muassasasiga joylashtiradi.
9. Vakolatli organ mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirganidan soʻng har bir holat boʻyicha dalolatnoma tuzadi va tegishliligi boʻyicha ochilgan ijtimoiy ishga biriktiradi.
10. Bolalarni vaqtincha joylashtirishning muqobil shakliga berish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Vakolatli organ xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tegishli tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga keltirilganidan soʻng, shu kunning oʻzida ichki ishlar organlari bilan birgalikda ularni maqbul keladigan joylashtirish shakliga yoʻnaltirish choralarini koʻradi.
12. Vakolatli organ tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar aniqlangandan soʻng, bir oy ichida har bir holat kompleks tarzda baholashdan oʻtkaziladi.
Vakolatli organ kompleks tarzda baholashdan oʻtkazish jarayoniga tegishli davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boʻlinmalarini jalb etishi mumkin.
13. Kompleks tarzda baholashdan oʻtkazishda:
bola toʻgʻrisida shakllantirilgan maʼlumotlar asosida uning ijtimoiy maqomini belgilash bilan bogʻliq choralar koʻriladi;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar “Ijtimoiy himoya” ATda roʻyxatga kiritiladi;
bolaning yoʻqotilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash yoki mavjud boʻlmagan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini dastlabki tarzda olish choralari koʻriladi;
sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda bola chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi;
bolaning oilaviy sharoitlari oʻrganiladi;
bola va uning oilasiga ularning ehtiyojlari asosida ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatiladi;
bolaning davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan koʻchar va koʻchmas mol-mulkini dalolatnoma asosida hisobga olish (agar mavjud boʻlsa) choralari koʻriladi;
bolaning manfaatiga maqbul keladigan joylashtirish shakli tanlanadi.
14. Vakolatli organ mazkur Nizomning 5-bandida keltirilgan maʼlumot taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlar tomonidan yuborilgan maʼlumotlar asosida bolaning ijtimoiy maqomini belgilash choralarini koʻradi.
Bolaning ijtimoiy maqomining belgilanishi unga muqobil joylashtirish shaklini tanlash, ijtimoiy xizmat va yordamlarning koʻrsatilishi uchun asos hisoblanadi.
15. Agar yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi (identifikatsiyalovchi ID-karta) mavjud boʻlmasa (yoʻqotilgan yoki olinmagan), vakolatli organ ushbu hujjatlarni taqdim etuvchi davlat organlaridan dastlabki tarzda yoki qayta olish choralarini koʻradi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning shaxsga doir maʼlumotlar yoki hujjatlar ularni taqdim etuvchi davlat organlari tomonidan taqdim etiladi.
16. Vakolatli organ soʻroviga asosan sogʻliqni saqlash muassasasi mutaxassislari bolani belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi.
Tibbiy tekshiruv xulosasiga koʻra yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning davolanishga muhtojligi (aqliy va ruhiy rivojlanishda yoshiga nisbatan ortda qolgan, tan jarohati, homiladorligi, narkologik va teri-tanosil va boshqa kasalliklari) aniqlangan hollarda, u davolanish uchun tegishli sogʻliqni saqlash muassasasiga joylashtiriladi.
17. Vakolatli organ tomonidan bolaning oilaviy sharoitlarini oʻrganish natijalari va ehtiyojlariga qarab kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmat va yordamlari koʻrsatiladi.
18. Vakolatli organ yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning ijtimoiy va sogʻligʻi holatini baholaganidan soʻng, har bir bola uchun individual rivojlanish yoki integratsiya rejasini tuzadi hamda bolaning manfaatiga maqbul keladigan muqobil joylashtirish shakllaridan birini koʻrib chiqadi.
Individual rivojlanish rejasi hamda individual integratsiya rejasining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning hisobini yuritish tartibi
19. Vakolatli organ yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir bola toʻgʻrisida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq hujjatlarni elektron shaklda “Ijtimoiy himoya” ATda shakllantiradi.
20. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga taalluqli boʻlgan yangi maʼlumotlar aniqlanganda, vakolatli organ ularni “Ijtimoiy himoya” ATda shakllantirilgan bolalar haqidagi maʼlumotlarga kiritadi.
21. “Ijtimoiy himoya” ATda yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan kiritiladi:
bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tugʻilgan vaqti va joyi, fuqaroligi, millati, jinsi;
shaxsiy belgilari (boʻyi, vazni, koʻzining va sochining rangi va boshqalar);
salomatligi, jismoniy va aqliy rivojlanish holati;
feʼl-atvori xususiyatlari (kirishuvchan, tortinchoq va boshqalar);
yetim bola yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi)ning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, fuqaroligi, millati, sogʻligʻining holati (maʼlumotni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda), yashash va (yoki) turar joyi;
voyaga yetmagan aka-uka, opa-singillarining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti, sogʻligʻining holati (maʼlumotni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda), turar joyi;
vakolatli organga maʼlum boʻlgan voyaga yetgan qarindoshlarining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, yashash va (yoki) turar joyi toʻgʻrisida maʼlumotlar. Bunda ushbu qarindoshlar tomonidan bolani oʻz oilasiga tarbiyaga olish rad etilgan boʻlsa, bu toʻgʻrisida maʼlumot ham kiritiladi;
bola uchun maqbul boʻlgan muqobil joylashtirish shakli;
yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning meros boʻlib oʻtadigan mol-mulki haqidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa):
ota-onasi egaligidagi yer maydoni, turar joy yoki boshqa mol-mulk (manzili, hajmi mulk yoki egalik huquqining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi) haqidagi maʼlumot;
bolaning fotosurati;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa maʼlumotlar.
22. “Ijtimoiy himoya” ATda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar va ularning mol-mulkini hisobini yuritish quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
bola farzandlikka berilganida;
bola ota-onasiga qaytarilganida;
bola vafot etganida.
23. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar hisoblanadi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Vakolatli organ xodimlari ushbu Nizomda belgilangan tartib-taomillarni amalga oshirish natijasida ularga maʼlum boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
25. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga1-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish
SXEMASI
BosqichlarMasʼullarTadbirlarMuddat1-bosqichMaʼlumot taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlarYetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida maʼlumotlarni shakllantiradi va ularni aniqlangan hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga taqdim etadi.Bola aniqlangandan soʻng 24 soat ichida2-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariMaʼlumot taqdim etuvchi shaxslar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida har bir holat boʻyicha ijtimoiy ish ochadi.Maʼlumot taqdim etilgan kuni3-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariBolaning holatini birlamchi baholab, uning asosiy ehtiyojlarini qondirish hamda xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻradi.Uch ish kuni ichida4-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari1. Har bir holatni kompleks tarzda baholashdan oʻtkazadi. Bunda:bola toʻgʻrisida shakllantirilgan maʼlumotlar asosida uning ijtimoiy maqomini belgilash bilan bogʻliq choralar koʻriladi;yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar “Ijtimoiy himoya” ATda roʻyxatga kiritiladi;bolaning yoʻqotilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash yoki mavjud boʻlmagan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini dastlabki tarzda olish choralari koʻriladi;sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda bola chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi;bolaning oilaviy sharoitlari oʻrganiladi;bola va uning oilasiga ularning ehtiyojlari asosida ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatiladi;bolaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulkini dalolatnoma asosida hisobga olish (agar mavjud boʻlsa) choralari koʻriladi;bolaning manfaatiga maqbul keladigan joylashtirish shakli tanlanadi.2. “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.3. Yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning ijtimoiy va sogʻligʻi holatini baholagandan soʻng, har bir bola uchun individual rivojlanish yoki integratsiya rejasini tuzadi.4. Yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani muqobil joylashtirish shakliga berish choralarini koʻradi.Bir oy ichida
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir bola toʻgʻrisida shakllantiriladigan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir bola toʻgʻrisida shakllantiriladigan hujjatlar roʻyxati:
a) tugʻilganlik haqida guvohnoma (identifikatsiyalovchi ID-karta) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (shu jumladan, tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirma);
b) ota-ona (ota yoki ona)ning biometrik pasportlari (identifikatsiyalovchi ID-kartalari) maʼlumotlari (agar ota-ona toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlsa);
v) bolaning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlib qolganligini yoki ota-onaning bola tarbiyasida ishtirok etish imkoni yoʻqligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlarning biri:
ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ota-onalik huquqini cheklash, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish, bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi sud qaroridan nusxa*;
ota-onaning, yolgʻiz ota yoki onaning oʻlimi haqidagi guvohnoma maʼlumotlari;
ota-onaning (yolgʻiz ota yoki onaning) bolaning farzandlikka olinishiga roziligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan arizasi*;
ota-onaning (yolgʻiz ota yoki onaning) bolani vasiylikka, homiylikka berishga roziligi toʻgʻrisidagi arizasi*;
ota-onaning jinoyat sodir etilganligi boʻyicha gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi shaxs sifatida tergov hibsxonasida yoxud ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazoni ijro etish muassasalarida ekanligi haqidagi sud qaroridan nusxa*;
g) tibbiy koʻrikdan oʻtganligi haqidagi hujjatlar (vrachlik-maslahat komissiyasi, ruhiy-asab, sil kasalligiga qarshi kurash va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari maʼlumotnomalari)*;
d) tashlab ketilgan (topib olingan) va qoldirib ketilgan bolalar boʻyicha ichki ishlar organlari tomonidan tuzilgan dalolatnoma hamda tegishli hududiy davolash-profilaktika muassasalarida qoldirib ketilgan bolaning sogʻligʻi holati toʻgʻrisida tibbiy dalolatnoma*;
e) bolaning yashash joyi boʻyicha vakolatli organ, profilaktika inspektori va mahalla raisi tomonidan imzolanadigan va bolaning oiladan olish sababi va asoslari, turmush va taʼminot sharoitlari koʻrsatilgan dalolatnoma*;
j) vakolatli organning bolaga vasiylik yoki homiylik belgilanganligi, uning Bolalar uyiga, Mehribonlik uyiga va boshqa muqobil joylashtirish shakllariga joylashtirilganligi haqidagi qarori, oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyiga berish boʻyicha shartnoma, ularni farzandlikka olish asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga hamda tutingan ota-onalarga berish maqsadga muvofiqligi haqidagi xulosasi*;
z) oʻn yoshga toʻlgan bolaning uni muqobil joylashtirishning shakllariga berishga roziligi (arizasi)*;
i) bolani avvalgi muqobil joylashtirish shakllariga berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat (agar bola avval muqobil joylashtirish shakllariga berilgan boʻlsa)*.
Izoh:
*mazkur hujjatlar tegishli organlardan va fuqarolardan qabul qilib olingach, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hujjatlarning skaner qilingan “PDF” shaklidagi nusxalarini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.
mazkur bandning “g” kichik bandidagi hujjatlar bola vasiylik yoki homiylikka olinayotganda talab etilmaydi, oilaga tarbiya (patronat)ga olinayotganda faqat vrachlik-maslahat komissiyasi xulosasi talab etiladi
2. “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida qoʻshimcha ravishda kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxati (agar mavjud boʻlsa)*:
a) turar joy va boshqa koʻchmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (egalik huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma, turar joyni ijaraga berish shartnomasi, orderi);
b) bolaning nomiga bankda hisob raqamini ochish toʻgʻrisidagi shartnoma;
v) aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlari va ularning yashash (turar) joylari haqidagi maʼlumotlar;
g) sudning alimentlar undirish toʻgʻrisidagi qarori, nafaqa oluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolaning pensiya guvohnomasi;
d) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironlikni belgilash toʻgʻrisidagi qarori, nogironligi boʻlgan bolaning reabilitatsiya dasturi;
e) muqobil joylashtirishning shakllariga berilgan (farzandlikka olish bundan mustasno) bolaning mol-mulkini boshqarish haqidagi tegishli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ruxsatnomasi;
j) muqobil joylashtirishning shakllariga berilgan (farzandlikka olish bundan mustasno) bolaning manfaati uchun tuzilgan shartnomalar;
z) merosga ega boʻlish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
i) ish (oʻqish) joyidan maʼlumotnoma;
k) bolani farzandlikka yoki oilaviy bolalar uyiga olish istagini bildirgan shaxslarning oilaga olinayotgan bolaning tibbiy tashxisidan xabardorligi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
*Izoh. Mazkur hujjatlar tegishli organlardan va fuqarolardan qabul qilib olingach, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hujjatlarning skaner qilingan “PDF” shaklidagi nusxalarini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 3-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar (keyingi oʻrinlarda — bolalar)ni muqobil joylashtirish shakllariga (vasiylikka, homiylikka, farzandlikka, tutingan (foster) oilaga (oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyi) olish istagini bildirgan fuqarolarni hisobga olish, muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
muqobil joylashtirish shakllari — vasiylik va homiylikni belgilash, bolani farzandlikka olish, tutingan (foster) oila (oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyi (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki ixtisoslashgan xizmat), joylashtirish xizmati), ixtisoslashtirilgan tarbiya hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllar;
nomzodlar — bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan shaxslar;
tutingan ota-onalar — bolalarni tutingan (foster) oila (oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyi (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki ixtisoslashgan xizmat), joylashtirish xizmati)ga olgan fuqarolar.
3. Muomalaga layoqatli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish boʻyicha nomzod boʻlishi mumkin, mazkur Nizomning 1-ilovasidagi shaxslar bundan mustasno.
4. Nomzodlarni tanlash, kuzatib borish hamda monitoring qilish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Vakolatli organ aholi oʻrtasida bolalarni oilaga joylashtirishning ustuvorligi, ular uchun nomzodlarni topish boʻyicha ommaviy targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi, bolalarni oilaga olishning shakllari, tartibi haqida fuqarolarni xabardor qiladi.
5. Vakolatli organ nomzodlardan ariza qabul qilguniga qadar ularga bolani tarbiyaga olish uchun talab etiladigan hujjatlar, shuningdek, ularga muqobil joylashtirish shakllari, ularning huquq va majburiyatlari, bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari, bolani oilaga olishning huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida axborot beradi.
2-bob. Nomzodlarni tanlash va xulosa tayyorlash
1-§. Nomzodlarni tanlash
6. Bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan nomzodlar ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq vakolatli organ tomonidan tanlanadi.
7. Nomzod oʻzining yashash joyi boʻyicha vakolatli organga bevosita kelgan holda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali ariza va mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq talab etiladigan hujjatlarni taqdim etadi.
Arizada nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, oilaviy holati, agar bolalari (shu jumladan, farzandlikka olingan bolalari) mavjud boʻlgan taqdirda, ularning soni va yoshi, shuningdek, bolani tarbiyaga olish shakli koʻrsatiladi.
Zarur hujjatlar va maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.
8. Bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat), farzandlikka olayotgan yoki oilaviy bolalar uylarini tashkil qilayotgan fuqarolar belgilangan hujjatlardan tashqari farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarida (keyingi oʻrinlarda — tayyorlov kurslari) oʻqiganligi haqidagi sertifikatni ham taqdim etadilar.
Bunda er-xotinlar oʻrtasida biri ikkinchisining oldingi turmushidagi farzandini farzandlikka olayotganida tayyorlov kurslarida oʻqishi ixtiyoriy hisoblanadi.
9. Oilaga tarbiya (patronat)ga olish istagini bildirgan shaxslarga bolani tayyorlov kurslari sertifikatisiz olishga ruxsat beriladi. Bunda tutingan ota yoki ona 6 oy ichida tayyorlov kurslarida oʻqib, sertifikat olishi va vakolatli organga taqdim etishi lozim.
Tayyorlov kurslaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida oʻtilgan boʻlsa sertifikat vakolatli organ tomonidan mustaqil ravishda olinadi.
10. Vakolatli organ nomzodlardan ariza hamda tegishli hujjatlarni qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ularning turmush va taʼminot sharoitlarini oʻrganib chiqadi hamda bu haqida mazkur Nizomga 4-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq dalolatnoma tuzadi.
Nomzodlarning turmush va taʼminot sharoitlari oʻrganilayotganda, vakolatli organ turar joyning maishiy-xoʻjalik sharoitlarini, bola uchun yaratilgan shart-sharoitni, ariza beruvchining sogʻligʻini, shaxsiy fazilatlari va bolani oilaga olishga undagan sabablarni, ularning bolani tarbiyalash boʻyicha qobiliyatlarini, oilada yashovchilarning bolani tarbiyalash uchun oilaga qabul qilinishiga nisbatan munosabatini oʻrganadi.
Nogironligi boʻlgan bolalar oilaga tarbiyalash uchun qabul qilinayotganda dalolatnomada bolaning yashashi uchun zarur shart-sharoitlar mavjudligi aks ettirilishi lozim.
11. Vakolatli organ tomonidan oʻrganish yakunlari boʻyicha 3 ish kuni ichida nomzodlarning nomzod boʻla olishi mumkinligi (mumkin emasligi) toʻgʻrisida Agentlik tomonidan tasdiqlangan namunadagi xulosa beriladi.
Nomzodlarni nomzod boʻla olishi mumkinligi toʻgʻrisida xulosa berishga quyidagilar asos hisoblanadi:
taqdim qilingan hujjatlarning qonunchilik talablariga muvofiqligi;
tayyorlov kurslarida oʻqiganligini tasdiqlovchi sertifikatning mavjudligi (bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat), farzandlikka olayotgan yoki oilaviy bolalar uylarini tashkil qilayotgan fuqarolar uchun);
bolalarni tarbiyalash uchun oilaga olish istagini bildirgan nomzodlarning bolalarni tarbiyalashda qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarini bajara olish imkoniyatlari;
nomzodlarning psixologik holati va bola tarbiyalashda yetarlicha koʻnikmalari mavjudligi;
bolalarni tarbiyalash uchun oilaga olish istagini bildirgan nomzodlarning bolaga huquqiy, ijtimoiy, psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish borasida bilim va koʻnikmaga egaligi;
chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka olinishida Xalqaro tarbiyaga berish komissiyasining xulosasi (sanasi va raqami).
Ijobiy xulosa berilgan farzandlikka olishga nomzodlar yashash joyidagi vakolatli organning qarori bilan qaror qabul qilingan kunda nomzod sifatida hisobga (navbatga) qoʻyiladi.
12. Quyidagi holatlar vakolatli organning salbiy xulosasiga asos boʻladi:
turar joy sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativ talablariga javob bermasligi;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi yoki hujjatlar toʻliq shakllantirilmaganligi;
ushbu Nizomga 1-ilovada nazarda tutilgan holatlarning mavjudligi;
bolalarni tarbiyaga olishga oila aʼzolaridan birining qarshi ekanligi.
13. Vakolatli organ salbiy xulosa asosida bolani muqobil joylashtirish shakllaridan biriga olish istagini bildirgan shaxsni nomzod sifatida hisobga (navbatga) qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda 2 ish kuni ichida qabul qilingan qarorni unga taqdim etadi.
Nomzod qarordan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda yoki sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
14. Vakolatli organ bolalarni tarbiyalash uchun oilaga olish istagini bildirgan nomzodlarni, farzandlikka olish holatlari bundan mustasno, tanlash jarayonida, zaruratga koʻra, quyidagi manfaatdor va ishga aloqador shaxslarni jalb etishi mumkin:
mahalla raislari, profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari;
bolaning qarindoshlari.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet el fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan bolani vasiylik, homiylikka yoki farzandlikka olishning oʻziga xos xususiyatlari
15. Chet el fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish istagini bildirgan shaxs oʻz turar joyidagi vakolatli organga mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
16. Chet el fuqarosi boʻlgan farzandlikka, vasiylik yoki homiylikka olinayotgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va yashashiga ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Ruxsatnomani olish uchun fuqarolar yashash joyidagi ichki ishlar organlariga tegishli shakldagi anketa-arizani toʻldirib, quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladilar:
bola bilan qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat yoki turli sabablarga koʻra oʻz vatanida bolani olishning imkoni yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat;
bolaning ota-onasi vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi yoki bolaning ota-onasi bedarak yoʻqolganligi, vafot etgan deb eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi sud qarori;
farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisidagi sud qarori;
vasiylikka yoki homiylikka olinayotgan bolaning ota-onasi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari;
bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi.
Agar ota-onasi mavjud boʻlsa ularning farzandini vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka berilishiga roziligi talab etiladi.
Tekshiruv natijalariga koʻra ichki ishlar organlari soʻrovnoma va boshqa hujjatlarni olgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida vasiylik, homiylik yoki farzandlikka olinayotgan bolaga Oʻzbekiston Respublikasiga kirishiga va doimiy yashashiga ruxsat beradi yoki rad etadi.
17. Farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiy boʻlish imkoniyati toʻgʻrisida xulosa tayyorlash uchun vakolatli organ tegishli hujjatlarni qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish istagini bildirgan shaxsning yashash sharoitini oʻrganib chiqadi va dalolatnoma tuzadi.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek, bolani farzandlikka, vasiylik yoki homiylikka olish istagini bildirgan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqish dalolatnomasi asosida vakolatli organ ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida ularning farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiylar boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlaydi. Farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiylar boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa bilan birga ariza beruvchiga u farzandlikka olishga, vasiy yoki homiy boʻlishga nomzod sifatida hisobga qoʻyilganligi haqidagi hujjat beriladi.
Vakolatli organning fuqaroni farzandlikka olishga, vasiy yoki homiy boʻlishga nomzod sifatida hisobga qoʻyishning rad etilishi haqidagi qarori 5 ish kuni ichida ariza beruvchiga yetkaziladi. Ayni bir vaqtda ariza beruvchiga qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
18. Bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish uchun ruxsat olmoqchi boʻlgan chet elda doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oila kodeksining 1611-moddasida nazarda tutilgan holatlarda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Arizada bolani vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka olish istagini bildirgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari boʻlsa, ularning soni va yoshi, farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olinayotgan bolaning yoshi va jinsi koʻrsatiladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari 10 ish kuni ichida farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka oluvchilarning yashash sharoitlarini oʻrganib chiqib, ariza va mazkur Nizomning 3-ilovasida hujjatlarning nusxalarini keyinchalik Agentlikka taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.
Agentlik farzandlikka, vasiylik yoki homiylikka olinayotgan bolaga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish va doimiy yashash uchun ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchining hujjatlari nusxalarini Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
Chet elda doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olishga tegishli qaror (ruxsat yoki rad etish toʻgʻrisida) Agentlik direktorining buyrugʻi asosida tashkil etiladigan Xalqaro tarbiyaga berish Komissiyasi tomonidan mazkur Nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida shakllantiriladi.
Fuqaro bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka oluvchi boʻla olishi (boʻla olmasligi) haqidagi qaror 3 ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ariza beruvchiga taqdim etish uchun yuboriladi.
3-§. Chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka olishning oʻziga xos xususiyatlari
20. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olishda Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151 — 167, 237-moddalari, Fuqarolik protsessual kodeksi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, ushbu Nizom, Oʻzbekiston Respublikasida voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom hamda Bolalarni farzandlikka olish toʻgʻrisidagi nizom talablariga rioya qilinishi lozim.
Bunday holatda bolaga nisbatan vasiylik yoki homiylik Xalqaro tarbiyaga berish Komissiyasining xulosasi asosida vakolatli organ qarori bilan belgilanadi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish Oʻzbekiston Respublikasida oʻz diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlgan davlatlarning fuqarolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
22. Bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish istagini bildirgan shaxslarni roʻyxatga olish “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Ijtimoiy himoya” AT) orqali Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda farzandlikka, vasiylik yoki homiylikka olishning asosiy sharti vasiylik, homiylik yoki farzandlikka olish masalasini koʻrib chiqishda nomzodlarning shaxsan ishtirok etishi hamda diplomatik vakolatxonaning bola vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka olish istagini bildirgan fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti, turar joyi, moddiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar, tibbiy xulosa, oilaning axloqiy-ruhiy shart-sharoiti, shuningdek, bolani vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka oluvchining har biriga tavsifnomalarni oʻz ichiga olgan iltimosnomasi hisoblanadi.
Bolalarni farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bolalar balogʻatga yetguniga qadar har yili xorijiy davlatlarning tegishli diplomatik vakolatxonalari orqali Agentlikka bolaning psixik va jismoniy holati, uning yashash va tarbiyalanish sharoitlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar. Ushbu maʼlumotlar xorijiy davlatning maxsus vakolatli organi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
23. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani vasiylikka, homiylikka yoki farzandlikka olish nomzod qaysi davlatning fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda bolani farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish Agentlik tomonidan ruxsat berilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
24. Agar farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olish natijasida bolaning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilangan huquqlari buzilsa, bolani tarbiyaga olgan shaxs qaysi davlat fuqarosi boʻlishidan qatʼi nazar, bolani olishni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi, agar farzandlikka, vasiylikka yoki homiylikka olingan boʻlsa, sud tartibida bekor qilinishi yoxud vakolatli organning qarori bilan tugatilishi lozim.
3-bob. Nomzodlarning hisobini yuritish tartibi
25. Bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan shaxslar yuzasidan ularning nomzod boʻla olishi mumkinligi toʻgʻrisida qaror berilgan taqdirda, ularga tegishli maʼlumotlar koʻrsatilgan holda “Ijtimoiy himoya” ATga kiritiladi.
26. Nomzod haqidagi maʼlumotlar, agar uning farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiy yoxud tutingan ota-ona boʻlishi uchun asoslari boʻlsa, mazkur shaxsning yozma arizasiga muvofiq “Ijtimoiy himoya” ATga kiritiladi.
Nomzod haqidagi maʼlumotlarni “Ijtimoiy himoya” ATga kiritishdan avval, mazkur shaxs oʻzi haqidagi maʼlumotlar roʻyxati, maʼlumotlarni rasmiylashtirish asoslari va ulardan foydalanish tartibi bilan tanishtiriladi.
27. Nomzod haqidagi maʼlumotlar quyidagilarni oʻzi ichiga oladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiyalovchi ID-karta maʼlumotlari, fuqaroligi, millati, yashash yoki turar joy manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud boʻlgan taqdirda);
shaxsning yashash joyidagi vakolatli organ tomonidan berilgan uning yashash sharoiti, farzandlikka oluvchi, vasiy (homiy) yoki tutingan ota-ona boʻlishi asosliligi toʻgʻrisidagi xulosasi (sanasi va raqami);
chet el fuqarosining va chet elda yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yashash sharoiti, uning vasiy, homiy yoki farzandlikka oluvchi boʻlishi asosliligi toʻgʻrisidagi u yashaydigan davlatning qonunchilik hujjatlariga asosan berilgan xulosasi (sanasi va raqami), fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning ular doimiy yashayotgan davlatning qonunchiligiga muvofiq berilgan xulosasi (sanasi va raqami);
yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani oʻz oilasiga tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxs tomonidan tanlangan bola tarbiyalanayotgan muassasa yoki tutingan (foster) oilaga berilgan yoʻllanma (sanasi, bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi);
yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolani oʻz oilasiga tarbiyaga olishi;
bolani oʻz oilasiga tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Ijtimoiy himoya” ATda hisobini yuritish toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
28. Nomzodlar haqidagi maʼlumotlardan shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalaniladi.
Nomzodlar haqidagi maʼlumotlar faqat qonunchilik hujjatlariga muvofiq sud, prokuratura va tergov organlarining rasmiy soʻrovlariga asosan taqdim etilishi mumkin.
29. Nomzodlar roʻyxatga olinganidan soʻng, bir yil davomida tarbiyaga bola olmagan taqdirda, tegishli vakolatli organga navbat asosida bolani nomzodga tarbiyaga berish jarayoni boshlanishidan avval sogʻligʻi holati haqidagi tibbiy xulosani yangidan taqdim etadi.
Agar nomzod yashash joyini oʻzgartirgan taqdirda, bu haqida 7 kun ichida dastlabki hisobga olgan vakolatli organni xabardor qilishi shart.
4-bob. Bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish tartibi
30. Nomzodlar (bundan qisqa muddatli tutingan (foster) oilani tashkil etgan fuqarolar mustasno) muqobil joylashtirishning shakllariga berilishi mumkin boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni olish uchun bolalar yashayotgan hududidagi vakolatli organga murojaat etadi.
31. Muqobil joylashtirish shakllariga berilishi mumkin boʻlgan bolalar haqidagi ochiq maʼlumotlar mazkur Nizomga muvofiq “Ijtimoiy himoya” ATga kiritilgan nomzodlarga vakolatli organ tomonidan ularning murojaatiga koʻra ushbu murojaat kelib tushgan kundan boshlab 1 ish kuni ichida taqdim etadi.
Agar bolani bir necha shaxs oʻz oilasiga tarbiyaga olish istagini bildirsa, bola haqidagi tegishli maʼlumotni olishda ustuvorlik huquqiga bola yashab turgan mahalla, ovul, qishloq yoki shahar (shaharcha)dagi nomzod, agar nomzodlar bir hududdan boʻlsa “Ijtimoiy himoya” ATda oldinroq muddatda roʻyxatdan oʻtgan nomzod ega boʻladi.
32. Vakolatli organ nomzodning soʻroviga asosan muqobil joylashtirish shakllariga olinayotgan bola bilan koʻrishish uchun unga bolalar uchun moʻljallangan muassasalarga yoki boshqa muqobil joylashtirish shakliga (farzandlikka olingan bolalar bundan mustasno) yoʻllanma beradi, “Ijtimoiy himoya” ATda yoʻllanma berilganligi haqida tegishli maʼlumotlar qayd etadi.
33. Bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga berish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatib borish hamda monitoring qilish
34. Muqobil joylashtirish shakllariga tarbiyalash uchun berilgan bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini, bolaning individual rivojlanish yoki integratsiya rejasining amalga oshirilishini hamda uning oilaga yoki muassasaga moslashganligini kuzatish va monitoring qilish bolaning haqiqatda yashayotgan joyidagi vakolatli organ tomonidan rejali va rejadan tashqari shaklda olib boriladi.
35. Muqobil joylashtirish shakllariga tarbiyalash uchun berilgan bolalarning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini oʻrganish hamda monitoring qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishining monitoringi faqat vakolatli organ tomonidan, farzandlikka olish belgilangandan dastlabki 3 yil mobaynida har olti oyda kamida bir marotaba amalga oshiriladi, 3 yil oʻtgandan keyin monitoring qilish zarurligi vakolatli organ tomonidan farzandlikka oluvchi(lar) oilasida shakllanayotgan aniq vaziyatga muvofiq yakka tartibda belgilanadi.
Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini monitoring qilish farzandlikka olish sir saqlangan holda oʻtkaziladi;
b) bolani vasiylik va homiylikka olgan oilalarni kuzatish va monitoring qilish har uch oyda kamida bir marotaba joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi;
v) tutingan (foster) oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish har oyda kamida bir marotaba tutingan ota-onalarning xonadoniga tashrif buyurgan holda amalga oshiriladi;
g) Bolalar uylari, Mehribonlik uylari hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash xizmatini koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlarni rejali kuzatish va monitoring qilish ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasasi (tashkiloti)ga tashrif buyurgan holda Agentlik direktori tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Bolalar uylari, Mehribonlik uylari hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash xizmatini koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlarni rejadan tashqari kuzatish va monitoring qilish vakolatli organ tomonidan, zarurat boʻlganda, istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.
36. Vakolatli organ bolani vasiylikka va homiylikka olgan oilalarni hamda tutingan (foster) oilalarni rejali va rejadan tashqari kuzatish va monitoring qilishda mahalla raislari, profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari, shuningdek, bolaning qarindoshlari va boshqalarni jalb qilishi mumkin.
37. Rejali va rejadan tashqari kuzatish va monitoring qilishda quyidagi holatlarga alohida eʼtibor qaratiladi:
bolaning individual rivojlanish rejasi yoki individual integratsiya rejasining amalga oshirilishi holati;
bolaning yashashi va rivojlanishi uchun sharoitlar mavjudligi;
xonadonning maishiy-xoʻjalik sharoitlari;
bolaning oila yoki muassasa muhitiga hamda oila aʼzolari yoki muassasa xodimlarining bola xulqi va xarakteriga moslashganligi;
bolaning tarbiyasi, taʼlimi, aqliy rivojlanishi, sogʻligʻi, tashqi koʻrinishi, gigiyenaga rioya qilinishi, xulqi, emotsional hamda jismoniy rivojlanishi;
bolaning alohida qiziqish va qobiliyatlarining qoʻllab-quvvatlanishi;
oila aʼzolarining oʻzaro munosabatlari;
bolaning har tomonlama rivojlanishini taʼminlash uchun taʼlim, sport, maishiy va sanʼat sohalariga oid qoʻshimcha mashgʻulotlarga jalb etilganligi va boshqalar.
38. Yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolani parvarishlash va tarbiyalash bilan bogʻliq majburiyatlar lozim darajada bajarmayotganligi yoxud bola huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishi haqidagi murojaatlar kelib tushgan taqdirda, vakolatli organ rejadan tashqari monitoringni amalga oshiradi.
39. Kuzatish va monitoring qilish davomida bolaning tarbiyasi, rivojlanishi, huquqlari taʼminlanishi bilan bogʻliq muammo yoki kamchiliklar aniqlangan taqdirda, vakolatli organ tegishli davlat va nodavlat tashkilotlarini jalb qilgan holda, muammoni bartaraf etishga qaratilgan maslahat, psixologik-pedagogik, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa ijtimoiy xizmatlar tashkil etilishini taʼminlaydi. Bunda zarur hollarda, vakolatli organ tomonidan bolaning individual rivojlanish yoki integratsiya rejasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
40. Muqobil joylashtirish shakllariga olgan shaxslar tomonidan oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmaganligi yoki bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlari taʼminlanmaganligi bilan bogʻliq dalillar aniqlangan taqdirda, vakolatli organ oʻrganish dalolatnomasida bolaning yashashi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan sharoitni yaxshilash hamda majburiyatlarni bajarish yuzasidan koʻrsatma va tavsiyalarni aks ettiradi.
Monitoring davomida muqobil joylashtirish shakllariga olgan shaxslarga yuklatilgan majburiyatlarni lozim darajada bajarilmaganligi yoki bajarilmaganligi aniqlanganda, ularning javobgarlik masalasini hal qilish yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi.
41. Muqobil joylashtirish shakllariga olgan shaxslar tomonidan harakatlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar, ular bilan tuzilgan shartnoma shartlariga zid ravishda amalga oshirilayotgan taqdirda yoxud ularning harakatlari bolaning sogʻligʻi, hayoti, jismoniy, psixologik, axloqiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazayotgan boʻlsa, shuningdek, monitoring mobaynida aniqlangan kamchiliklarni bolani oiladan, shu jumladan muassasa yoki boshqa tashkilotdan ajratib olmay hal qilib boʻlmasligi maʼlum boʻlganda, vakolatli organ monitoring oʻtkazilgandan soʻng 3 kun ichida:
vasiy, homiy yoki tutingan ota-onalarni belgilangan majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish va bolani oiladan olish haqida qaror qabul qiladi;
farzandlikni bekor qilish boʻyicha asoslantiruvchi hujjatlar bilan sudga murojaat qiladi;
Bolalar uylari, Mehribonlik uylari hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash xizmatini koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar rahbari, shu jumladan bolaning huquq va manfaatlariga zid xatti-harakatni amalga oshirgan xodimni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlik masalasini hal qilish uchun vakolatli davlat organlariga maʼlumot taqdim etadi;
tutingan ota-onalar bilan tuzilgan shartnomani bekor qiladi;
bolaning xavfsizligini taʼminlaydi;
bolani boshqa vasiy, homiy yoki tutingan ota-onalarga berish yoxud yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash xizmatini koʻrsatuvchi boshqa muassasa va tashkilotlarga joylashtirish choralarini koʻradi.
42. Bolaning yashash manzili oʻzgarganda, yangi manzilda joylashgan hududdagi vakolatli organ bolaga tegishli shaxsiy hujjatlar yigʻmajildini qabul qilgan kunidan boshlab 10 kun ichida rejadan tashqari monitoringni amalga oshirishi shart.
43. Monitoring natijalari “Ijtimoiy himoya” ATga kiritiladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
44. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
45. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bolalarni vasiylikka, homiylikka, farzandlikka, oilaga tarbiyaga olish (patronat) hamda oilaviy bolalar uyini tashkil etish taqiqlangan shaxslar
ROʻYXATI
1. Tarbiyaga joylashtirishning barcha shakllariga bolalarni olishi taqiqlangan shaxslarning umumiy roʻyxati:
a) ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar, shuningdek, farzandini tarbiya, davolash (sogʻlomlashtirish) va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasa yoxud tashkilotlardan olmasdan oʻzining ota-onalik majburiyatlarini bajarmagan ota-onalar;
b) qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
v) ruhiy-asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyxatda turuvchilar;
g) sobiq farzandlikka oluvchilar yoki oilaga joylashtirishning boshqa muqobil shakllarida bola tarbiyasi bilan shugʻullangan shaxslar, agar ular farzandlikka olish yoxud bola tarbiyalash boʻyicha zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganliklari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganliklari, bolalarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek, surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari munosabati bilan vasiylik va homiylikdan chetlashtirilgan, farzandlikka olish yoki ular bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan boʻlsa;
d) hayotga, sogʻliqqa qarshi jinoyatlar, hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan jinoyatlar, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi, shaxsning ozodligiga, shaʼni va qadr-qimmatiga qarshi (bundan tuhmat, haqorat qilish mustasno), fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi (bundan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish mustasno), tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar, jinoiy yoʻl bilan topilgan mol-mulkni olish yoki oʻtkazish, tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish yoxud nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish, boshqaruv tartibiga, shuningdek odil sudlovga qarshi jinoyatlar, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar (bundan uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish, tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda xavfsizlik qoidalarini buzish, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, togʻ-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish mustasno), giyohvandlik vositalarining yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasidan iborat jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar va harbiy mansabdorlik jinoyatlari sodir etganlik uchun ilgari hukm qilingan yoki jinoyat ishi ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;
e) mazkur roʻyxatning 1-bandi “d” kichik bandida koʻrsatilgan jinoyatlar jumlasiga kirmaydigan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun ilgari hukm qilingan yoki jinoyat ishi ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib tugatilganlar;
j) quyidagi kasalliklardan biriga chalingan shaxslar:
I, II, V guruh dispanser hisobidagi barcha joylashinuv shaklidagi sil kasalliklari (faol va surunkali);
barcha joylashinuvli yomon sifatli onkologik kasalliklar;
narkologik kasalliklar (alkogolizm, narkomaniya, toksikomaniya);
aqli zaiflikning barcha turlari;
tanosil kasalliklarining maishiy yoʻl bilan yuquvchi turlari (zaxm, soʻzak);
organizm funksiyalari barqaror buzilishining IV darajasi.
2. Oilaviy bolalar uyini tashkil etishi taqiqlangan shaxslarning qoʻshimcha roʻyxati:
a) oilaviy bolalar uyiga qabul qilinayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar bilan qarindoshligi (bobo, buvi, tugʻishgan yoki oʻgay aka, opa) boʻlganlar;
b) “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, Ijtimoiy reyestrda roʻyxatga olingan oilalarning aʼzolari.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga qabul qilayotgan nomzodlarni (fuqarolarni) tanlash
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariAholi oʻrtasida bolani oilaga joylashtirishning ustuvorligi, ular uchun nomzod vasiy va homiylarni izlash boʻyicha ommaviy targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi.Murojaat qilgan shaxslarga bolalarni oilaga qabul qilishning shakllari, tartibi haqida xabardor qiladi.Muntazam2-bosqichBolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan shaxslarOʻzining yashash joyi boʻyicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga bevosita kelgan holda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bolani oilaga tarbiyaga olish uchun nomzod sifatida hisobga olish toʻgʻrisidagi ariza (unga talab etiladigan hujjatlarni ilova qilgan holda) bilan murojaat qiladi hamda talab etiladigan hujjatlarni taqdim etadi.Oʻz xohishiga koʻra3-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari1. Nomzodlarning murojaatlarini hamda taqdim etgan hujjatlarini oʻrganib chiqadi.2. Zarur hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali oladi.3. Bolani tarbiyalash uchun oilasiga qabul qilish istagini bildirgan shaxslarning turmush va taʼminot sharoitlarini oʻrganib chiqadi hamda bu haqda tegishli dalolatnoma tuzadi.Ariza qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida4. Oʻrganish yakunlari boʻyicha bolani tarbiyalash uchun oilasiga qabul qilish istagini bildirgan shaxsning nomzod boʻla olishi mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va mazkur shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi yoxud shaxslarni nomzod boʻla olishi mumkin emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.3 ish kuni ichida5. Nomzod sifatida hisobga (navbatga) qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qarorni bolani muqobil joylashtirish shakllaridan biriga olish istagini bildirgan shaxsga taqdim etadi.2 ish kuni ichida
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga qabul qilish istagini bildirgan nomzodlarning hisobini yuritish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Nomzodlar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati:
a) ariza*;
b) tibbiyot muassasasining vrachlik-maslahat komissiyasining nomzodlar sogʻligʻi toʻgʻrisidagi xulosasi (bolani vasiylik yoki homiylikka olishga nomzodlar uchun talab etilmaydi);
v) sil kasalligiga qarshi kurashish (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bundan mustasno) va teri-tanosil dispanseridan olingan maʼlumotnomalar;
g) farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi (tutingan ota-onalar va farzandlikka oluvchilar uchun);
d) shaxsning ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi (qilinmaganligi), muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganligi (topilmaganligi), farzandlik bekor qilinganligi (qilinmaganligi) haqidagi sud qarori (maʼlumot);
e) chet el fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan bolani farzandlikka yoki vasiylikka va homiylikka olishni xohlovchi shaxs quyidagi hujjatlarni qoʻshimcha ravishda taqdim etadi:
farzandlikka olinayotgan bola bilan qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat yoki turli sabablarga koʻra oʻz vatanida farzandlikka olishning imkoni yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat;
farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasi vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi yoki bolaning ota-onasi bedarak yoʻqolganligi, vafot etgan deb eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi sud qarori**;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, dalolatnoma yozuvidan koʻchirma**;
farzandlikka olinayotgan bolaning sogʻligʻi holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa**;
ichki ishlar organining vasiylik, homiylikka yoki farzandlikka olinayotgan bolaning (boshqa mamlakatda doimo yashab kelayotgan bola uchun) Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va doimiy yashashi uchun ruxsatnoma;
oʻn yoshga toʻlgan vasiylik, homiylikka va farzandlikka olinuvchining oilaga olinishiga roziligi, jumladan, farzandlikka olinayotgan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarishiga va farzandlikka oluvchilarni uning ota-onasi sifatida yozilishiga roziligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno**;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi boʻlgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan (turgan) fuqaroligi boʻlmagan bolani farzandlikka olish haqidagi arizasiga mazkur bandda koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlat vakolatli organining roziligi (fuqaroligi bor boʻlsa) ham ilova qilinadi**.
Izoh.
*Agar ariza er-xotindan biri tomonidan berilsa, ikkinchisining roziligi arizaga ilova qilinadi, YIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda, tegishli rozilik uni berayotgan shaxs tomonidan masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (elektron raqamli imzo, Mobile-ID, Face-ID yoki boshqa) texnologiyalari orqali tasdiqlanadi.
**Mazkur hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi yoxud ularga belgilangan tartibda apostil qoʻyilgan boʻlishi kerak. Taqdim etiladigan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Chet el fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda nomzodlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar ham taqdim etishlari mumkin.
2. “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadigan maʼlumotlar roʻyxati:
a) shaxsni tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) nikoh qayd etilganligi (agar nikohda boʻlsa) toʻgʻrisidagi maʼlumot;
v) sudlanganlik (sudlanmaganlik) holati haqida maʼlumot;
g) ish joyi, egallab turgan lavozimi va ish haqi koʻrsatilgan (agar mavjud boʻlsa) yoki boshqa daromad manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumot*;
d) turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
e) narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
j) ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
z) sil kasalligi boʻyicha hisobda turish yoki turmasligi boʻyicha maʼlumotnoma.
Izoh.
* Ushbu maʼlumot maxsus tizim orqali belgilangan mezonlar asosidagi skoring baholash natijalariga koʻra avtomatlashtirilgan holda shakllantiriladi.
3. Chet elda doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati:
a) farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari boʻlsa, ularning soni va yoshi, farzandlikka olinayotgan bolaning yoshi va jinsi koʻrsatilgan ariza;
b) shaxsni tasdiqlovchi hujjat va uning nusxasi*;
v) nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa) yoki nikohda turmasligi haqidagi maʼlumotnoma;
g) tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi (farzandlikka oluvchilar uchun);
d) er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan boʻlsa, boshqasining roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan boʻlsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi nomaʼlum boʻlsa, shuningdek, bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi);
e) vasiylik, homiylikka yoki farzandlikka olishni xohlovchi shaxslarning (shaxsning) ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi koʻrsatilgan yoki boshqa daromad manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
j) tibbiyot muassasasining vrachlik-maslahat komissiyasining nomzodlar sogʻligʻi toʻgʻrisidagi xulosasi;
z) ruhiy-asab kasalliklari muassasasi xulosasi, teri-tanosil kasalliklari, narkologik va silga qarshi kurashish dispanserlarining maʼlumotnomalari;
i) sudlanganlik (sudlanmaganlik) holati haqida maʼlumotnoma;
k) shaxsning ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi (qilinmaganligi), muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganligi (topilmaganligi), farzandlik bekor qilinganligi (qilinmaganligi) haqidagi sud qarori;
l) turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
m) farzandlikka olinayotgan bola bilan qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat yoki turli sabablarga koʻra oʻz vatanida farzandlikka olishning imkoni yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat;
n) vasiylik, homiylik yoki farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasi vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi yoki bolaning ota-onasi bedarak yoʻqolganligi, vafot etgan deb eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi sud qarori;
o) bolaning ota-onasi mavjud boʻlsa ularning farzandini vasiylik va homiylikka yoki farzandlikka berilishiga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi;
p) Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan farzandlikka oluvchining oilaviy sharoiti va farzandlikka oluvchi boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa;
r) bolaning fuqaroligi (fuqaroligi mavjud boʻlsa) boʻlgan davlat vakolatli organining roziligi;
s) olinayotgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma;
t) olinayotgan bolaning sogʻligi, ruhiy va jismoniy rivojlanishini tasdiqlovchi tibbiy xulosa;
u) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi vakillariga vasiylik, homiylikka va farzandlikka olingan bola haqida axborot berish va bola bilan muloqot qilish imkoniyatini berish toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan majburiyat;
f) nomzodning yashash joyi boʻyicha vakolatli organning unga bolani vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish mumkinligi yuzasidan xulosasi*.
Izoh.
* Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani vasiylik, homiylik yoki farzandlikka olishda talab etiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Bolalarni muqobil joylashtirishning shakllariga olishni xohlovchi fuqarolar (er-xotin, erkak yoki ayol)ning turmush va yashash sharoitlarini oʻrganish boʻyicha ____-sonDALOLATNOMA20___ yil “___” ________________________________________________________(dalolatnoma tuzilgan joy)Nomzodning F.I.O. ______________________________________________________________________Telefon raqami: _________________________________________________________________________Tugʻilgan sanasi (kun/oy/yil) ______________________ Maʼlumoti: _____________________________Pasport maʼlumotlari: _________________________________________________________________(seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan, tugʻilgan sanasi, roʻyxatdan oʻtgan manzil)Kasbiy faoliyat turi/ish joyi____________________________________________________________Yashash manzili:__________________________________________________________________________Yashash xonadoni va uning holati ___________________________________________________________(koʻp qavatli uy, hovli, yashash xonalari soni, yer maydoni, xonadonning holati, qoʻshimcha qurilma, sharoitlar va boshqalar)________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Turar joy maqomi:_______________________________________________________________________(miqdor, ijara va boshqalar)Uy xoʻjaligida mavjud uy hayvonlari (turi va soni):_________________________________________Oʻrganish sababi (kerakligini belgilab tagiga chizing): bolani• vasiylik/homiylikka• farzandlikka olish• oilaga tarbiya (patronat)ga olish• oilaviy bolalar uyini tashkil etishBiz kuyida imzo chekuvchilar, _______________________________________________________________(“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari)va_____________________________________________________________________________________,(mahalla raisi* F.I.O., Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimi vakili** F.I.O. lavozimi)________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Nomzod ishtirokida uning yashash xonadonida turmush va yashash sharoitlari oʻrganish vaqtidagi holat quyidagilardan iborat:1. Fuqaroligi ___________________________________________________________________________2. Oilaviy ahvoli________________________________________________________________________3. Turmush oʻrtogʻining F.I.O. (oilali boʻlsa) _________________________________________________4. Qachondan buyon nikohda turadi __________________________________________________________5. Farzandlarining mavjudligi, soni ______________________________________________________T/rFarzandi F.I.O.Tugʻilgan yili, oy, sanasiYashash manzili1.2....6. Nafaqa olishi haqida maʼlumot _________________________________________________________7. Daromadi miqdori ____________________________________________________________________8. Xonadondagi xonalar soni, holati va jihozlanganligi _____________________________________________________________________________________________________________________________9. Bolalar uchun ajratilgan xonalar soni___________________________________________________10. Har bir xonada yaratilgan sharoitlar holati ____________________________________________________________________________________________________________________________________Nomzod bilan birga yashayotgan har bir oila aʼzosining F.I.O., yoshi va ularning roziligi.1. ______________________________________________________________________________________2. ______________________________________________________________________________________Nomzodning shaxsiy fazilati (jumladan, xarakteri, temperamenti, munosabatlarga kirishishi, farzandlikka oluvchi va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursida oʻqiganligi, oʻzlashtirish darajasi, olinadigan bola maʼlum boʻlsa — bu bolaga nisbatan munosabati va boshqalar):________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Nomzod oilasi aʼzolarining oʻzaro munosabatlari xarakteri (oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro munosabat):________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Bolani oilasiga olishi sababi (motivi): ____________________________________________________Yuqoridagilardan kelib chiqib _______________ “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shuʼbasi, ijtimoiy xodim, mahalla raisi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimi** nomzod ________________________________ ___________________________ning turmush va yashash sharoitlarining holati va oila aʼzolarining roziligidan kelib chiqib ushbu xonadonda bolani vasiylik/homiylikka, oilaga tarbiya (patronat)ga, farzandlikka olish, oilaviy bolalar uyini (kerakligini belgilang) tashkil etish hamda unda bolalarni tarbiyalash uchun barcha zarur sharoitlar yetarli/yetarli emas deb hisoblaydi.________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shuʼbasi xodimi:____________________________________________(imzo)(F.I.O.)“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimi:____________________________________________(imzo)(F.I.O.)______________MFY raisi*:____________________________________________(imzo)(F.I.O.)Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimi xodimi*:____________________________________________(imzo)(F.I.O.)Nomzodga amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini tashkil etish hamda bolalarni tarbiyalashga olish tartiblari, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi.Nomzod:_______________________________________________(imzo)(F.I.O.)
Izoh.
* Mahalla raisi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimi vakili Oilaviy bolalar uyini tashkil etish istagidagi fuqarolarning turmush va yashash sharoitini oʻrganish uchungina jalb etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 4-ILOVA
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylikni belgilash, amalga oshirish, tugatish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom qoidalari sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan fuqarolarga nisbatan, shuningdek, sogʻligʻining holatiga koʻra homiy tayinlashga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylikni belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vasiylik yoki homiylik belgilash Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari zimmasiga yuklanadi.
5. Vasiylik oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
Homiylik oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan yetim bolalar va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga taʼminot, tarbiya va taʼlim berish, ularning mulkiy shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida belgilanadi.
6. Vasiylik yoki homiylik yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga quyidagi hollarda belgilanadi:
ota-onasi vafot etganda yoki sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
ota-onasi sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etilganda yoki ularning ota-onalik huquqi cheklanganda;
ota-onasi ikki oydan ortiq kasal boʻlishi oqibatida oʻzlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaganda;
ota-onasi sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
ota-onasi bedarak yoʻqolganda;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan, ota-ona tarbiya, davolash muassasalari, tibbiy-ijtimoiy muassasalar va shunga oʻxshash muassasalardan bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek, boshqa zarur hollarda.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onaning voyaga yetmagan farzandiga, agar ota-onasi bilan yashashi ushbu bolaning qonuniy manfaatlariga zid ekanligi hamda uning hayoti yoki sogʻligʻi uchun bevosita tahdid mavjudligi vakolatli organ tomonidan aniqlanganda, vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
2-bob. Vasiylik yoki homiylikni belgilash
1-§. Umumiy qoidalar
7. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan shaxslar Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq aniqlanadi, ularning turmush va taʼminot sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkaziladi.
8. Vakolatli organ Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq vakolatli organ vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazadi va bu haqda dalolatnoma tuzadi hamda vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkinligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
9. Vasiylik va homiylikka oid ishlarni koʻrib chiqishda vakolatli organ vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarni, vasiylar va homiylarni, ariza beruvchilarni, manfaatdor va ishga aloqador shaxslar (qarindoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ekspertlar, guvohlar hamda ayrim hollarda — vasiylikka yoki homiylikka muhtoj bolalar)ni taklif qilishi mumkin.
10. Vasiylik va homiylik vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan shaxsning yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyiga koʻra, agar bola muayyan yashash joyiga ega boʻlmasa, vasiyning yoki homiyning yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyiga koʻra belgilanadi.
11. Vasiylik yoki homiylikni belgilashda vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi bola oʻrtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi bolaga munosabati, shuningdek, 10 yoshga toʻlgan bolaning istagi inobatga olinishi lozim.
12. Vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarni vasiy yoki homiy tayinlash mumkinligi toʻgʻrisida xulosa vasiylik va homiylikni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
Vasiy yoki homiy etib voyaga yetgan fuqarolar ularning roziligi bilangina tayinlanadi.
13. Vakolatli organ vasiylik yoki homiylik belgilanishi uchun taqdim etilgan hujjatlarni uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda vasiylik yoki homiylikni belgilash boʻyicha qaror qabul qiladi.
14. Vakolatli organning vasiylik va homiylikni belgilash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinganidan soʻng bir ish kuni ichida vasiy yoki homiylarga yuboriladi.
Vakolatli organ quyidagi hujjatlarni uch ish kuni ichida vasiy yoki homiyga imzo qoʻydirgan holda topshiradi:
voyaga yetmagan shaxsning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi (maʼlumotnoma) yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi;
voyaga yetmagan shaxsning ota-ona qaramogʻidan mahrum etilganligini yoki voyaga yetmagan shaxsning tarbiyasida ishtirok etish imkoni yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat;
voyaga yetmagan shaxsning turar joy va boshqa koʻchmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (egalik huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqida guvohnoma, turar joyni ijaraga berish shartnomasi, order);
vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga tegishli mol-mulkining roʻyxati va mol-mulkning saqlanishi uchun javobgar shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
15. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi bolalarning mol-mulkini boshqarish mol-mulkning joylashgan joyi boʻyicha belgilanadi.
Vasiylar va homiylar vasiylik yoki homiylikdagi bolalarning mol-mulkini boshqarish, vasiylik va homiylikdagi bolalarga tegishli pul va boshqa qimmatli buyumlarni saqlash, mol-mulkni boshqarish va saqlash boʻyicha hisobotni belgilangan tartibda vakolatli organga taqdim etadilar.
2-§. Alohida holatlarda vasiylik va homiylikni belgilash xususiyatlari
16. Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida Oʻzbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini koʻrishi shart.
Ota-ona uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida oʻz bolasini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi shart. Bu holda vasiylik yoki homiylik agar bolaning manfaatlari uchun zarur boʻlsa, belgilanadi.
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketishidan kamida bir oy oldin oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi arizani oʻzi vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududdagi vakolatli organga berishi kerak.
Agar ota-ona oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlamasdan uch oydan ortiq muddatga chet davlatga vaqtincha chiqib ketgan taqdirda, zaruratga koʻra, qonunchilik hujjatlariga muvofiq “mahalla yettiligi”ning bolaga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi dalolatnomasi asosida vasiylik yoki homiylik belgilanishi mumkin.
Ota-ona chet davlatdan qaytib kelganidan soʻng, bolasi (bolalari)ga nisbatan belgilangan vasiylik yoki homiylikni tugatish uchun vakolatli organga murojaat qilishi lozim.
17. Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolaning manfaatini koʻzlab unga darhol vasiy yoki homiy tayinlanishi zarur boʻlsa, shu jumladan bola ota-onasidan yoxud ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan olib qoʻyilsa, vakolatli organ bir oy muddatga dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxsning arizasiga koʻra vakolatli organ tomonidan uning turmush sharoitlari oʻrgangan holda amalga oshiriladi.
Dastlabki tarzda tayinlangan vasiylar yoki homiylar vasiyning yoki homiyning barcha huquqlari va majburiyatlariga ega boʻladi, vasiylikdagi yoki homiylikdagi bolaning mol-mulkini uning nomidan tasarruf etish huquqi bundan mustasno.
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan bolaga dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgunga qadar joylashtirishning u yoki bu shakli tanlangan boʻlsa yoxud vaqtincha tayinlangan vasiy yoki homiy unga vasiy yoki homiy etib tayinlanmasa, dastlabki tarzdagi vasiylik yoki homiylik tugaydi.
18. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxsning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga vakolatli organ qarori bilan bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bir vaqtning oʻzida barcha vasiylar yoki homiylar tomonidan amalga oshiriladi. Agar vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning ishlarini yuritish vasiylarning yoki homiylarning biriga topshirilsa, bu shaxs qolgan vasiylardan yoki homiylardan ishonchnomalar olgan boʻlishi lozim.
Bir nechta vasiy yoki homiy tayinlanganda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning parvarish qilinishini, uning tibbiy yordamni oʻz vaqtida olishini taʼminlash, taʼminot, tarbiya va taʼlim berishga doir majburiyatlar vasiylik va homiylik organlarining ularni tayinlash haqidagi xulosasiga muvofiq vasiylar yoki homiylar oʻrtasida taqsimlanadi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning va bir vaqtning oʻzida barcha vasiylarning yoki homiylarning manfaatlari oʻrtasida, shuningdek, vasiylar yoki homiylar oʻz majburiyatlarini bajarayotganda vasiylar yoki homiylar oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vakolatli organ yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilgunga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
19. Zarurat boʻlganda, vasiylikka yoki homiylikka olinuvchilarning qonuniy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, vakolatli organ qarori bilan bir shaxs bir nechta vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Shaxsni ikkinchi va undan keyingi vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmaganlarga vasiy yoki homiy etib tayinlash toʻgʻrisidagi vakolatli organ qarorida boshqa shaxs vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin emasligining sabablari koʻrsatilgan boʻlishi shart.
Aynan bir vasiy yoki homiy oʻz majburiyatlarini bajarayotganda uning vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vakolatli organ yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar hal etilgunga qadar vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
20. Vakolatli organning qarori bilan ota-onaning uzrli sabablarga koʻra oʻzlarining ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun oʻzining voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi aniq shaxs hamda vasiy yoki homiylikning amal qilish muddati koʻrsatilgan arizasi asosida vasiy yoki homiy tayinlanishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi sogʻligʻi holatiga koʻra oʻz roziligi bilan bolalariga vasiyni yoki homiyni belgilashi mumkin. Ota-onaning oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi bolalarning yashash joyidagi vakolatli organga beriladi.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasi ushbu ariza yozilgan sana koʻrsatilgan holda ularning oʻz qoʻli bilan imzolangan va notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Ota-ona oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi arizasini bolalarning yashash joyidagi vakolatli organga yangi ariza berish yoʻli bilan bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxsga homiy voyaga yetmagan shaxsning aniq shaxs koʻrsatilgan arizasiga koʻra vakolatli organ qarori bilan tayinlanishi mumkin.
Vakolatli organ voyaga yetmagan shaxsning otasi (onasi) yoki ota-onasi yoxud oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxsning oʻzi koʻrsatgan shaxsni vasiy yoki homiy etib tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni faqat bunday tayinlash qonunchilik yoxud voyaga yetmagan shaxsning qonuniy manfaatlariga zid boʻlgan taqdirda qabul qiladi.
21. Akademik litsey va texnikumlarda taʼlim olayotgan vaqtda yetim boʻlib qolgan, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan mazkur Nizomga muvofiq homiy tayinlanadi. Homiy tayinlashning imkoni mavjud boʻlmagan hollarda, muassasa joylashgan hududdagi vakolatli organning qarori bilan ushbu bolalarga nisbatan ular taʼlim olayotgan muassasa bola muassasani tamomlagunga qadar masʼul etib tayinlanadi.
Bunda vakolatli organ bolaning masʼuli bilan kelishgan holda voyaga yetmagan shaxsni yoshlarga hamrohlik xizmatlariga qamrab olish, uning huquq va qonuniy manfaatlari himoyalanishini taʼminlash, mustaqil hayotga tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.
3-bob. Vasiylik yoki homiylikni rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar
22. Vakolatli organ vasiylik yoki homiylik belgilanayotgan bola toʻgʻrisidagi Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni elektron shaklda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiradi.
23. Vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslar vasiy yoki homiy etib tayinlanishi uchun Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga qabul qilish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak.
24. Voyaga yetmagan shaxslarga ota-onasining yoki voyaga yetmagan shaxslarning oʻz arizasiga koʻra vasiy yoki homiy tayinlashda, shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi boʻlgan voyaga yetmaganga vasiy yoki homiy tayinlashda vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslar quyidagi hujjatlarni Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq taqdim etadilar.
Bunda voyaga yetmagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, uni vasiylik yoki homiylikka qoldirish muddatlari va asoslari koʻrsatilgan ota-ona arizasi ilova qilinadi.
25. Dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash uchun vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslar faqat quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning ismi, familiyasi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda turgan shaxs tomonidan nikohda qachondan beri turganligi va ularning birga yoki alohida yashashi, oilada farzandlar boʻlsa — ularning soni, yoshi hamda vasiylik yoki homiylikka olinuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, shuningdek vasiylik yoki homiylikka olish asoslari koʻrsatilgan arizasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
4-bob. Vasiy va homiyning huquq hamda majburiyatlari
26. Vasiylar oʻz vasiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili hisoblanib, ularning nomidan va ularning manfaatlarini koʻzlab zarur bitimlarni tuzadi.
Homiylar oʻz homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili boʻlib, ularning oʻz huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashadi, shuningdek, ularni uchinchi shaxslarning suiisteʼmolliklaridan muhofaza qiladi.
Vasiylar va homiylar vasiylik yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxslarning huquq va manfaatlarini barcha muassasalarda, shu jumladan, sudda ham alohida ishonchnomasiz himoya qiladi.
27. Vasiylar va homiylar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsni uning fikrini hamda vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tarbiyalash usullarini mustaqil belgilash;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsni qonuniy asoslarsiz oʻzida ushlab turgan har qanday shaxsdan, shu jumladan ota-onasidan hamda boshqa yaqin qarindoshlaridan uni qaytarib berishni sud tartibida talab qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning taʼminoti, unga tarbiya, taʼlim berish va uning sogʻligʻini saqlash boʻyicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli boʻlmagan bitimlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
zarur ijtimoiy yordam olish uchun vakolatli organga, taʼlim muassasalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning davolanishi va sogʻligʻini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yoʻllanmalar olish uchun sogʻliqni saqlash muassasalariga murojaat qilish.
Vasiylar va homiylar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
28. Vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda boʻlishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan holatlar bundan mustasno.
29. Vasiylar va homiylar quyidagilarga majbur:
oʻzining yashash joyi oʻzgarganligi haqida vakolatli organni xabardor qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalashi, uning taʼminoti, sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilish, shuningdek, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim olishi uchun sharoitlarni taʼminlash;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlashni talab qilish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning oʻzlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmaslik;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablagʻlaridan uning taʼminoti uchun foydalanish;
vasiylik va homiylik organlariga oʻz majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashash.
Homiyning oʻz homiyligidagi oʻn olti yoshga toʻlgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, taʼminotiga va taʼlim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy taʼsir koʻrsatmasa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Homiy oʻz homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, taʼlim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy taʼsiridan himoya qilishi shart.
Oʻz homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashayotgan homiyning yashash joyini oʻzgartirishi vakolatli organning yozma ruxsati va oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud boʻlmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq uni olish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
Vasiylar va homiylarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
30. Vasiy vakolatli organning ruxsati bilan:
vasiylikdagi bola nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim boʻlgan bitim (shartnoma)lar tuzishga;
vasiylikdagi bolaga qarashli boʻlgan mol-mulkni taqsimlash, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga garovga qoʻyish yoki ijaraga berishga;
vasiylikdagi bolaga qarashli turar joyni teng qiymatligini yoʻqotmagan holda ayirboshlashga haqlidir.
31. Vasiy yoki homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi bola bilan bitimlar tuzishga, shuningdek, vasiylikdagi yoki homiylikdagi bola bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi yoki homiylikdagi bolaning vakili boʻlishga haqli emas.
32. Vasiylik va homiylik boʻyicha majburiyatlar bepul bajariladi.
Vasiy yoki homiy oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxslarning taʼminotiga doir xarajatlarida ularga qonunchilik hujjatlariga muvofiq beriladigan alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda boshqa ijtimoiy toʻlovlardan bola manfaatida foydalanishi mumkin.
33. Vasiy yoki homiy oʻzining arizasiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Homiy homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning talabiga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Vasiyni yoki homiyni oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilish toʻgʻrisidagi qaror vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.
Voyaga yetmagan shaxsning vasiysi yoki homiysi oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan taqdirda, vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning istagi inobatga olingan holda unga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa vasiy yoki homiy tayinlanadi yoxud joylashtirishning boshqa shakli belgilanadi.
Vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajargan shaxs oʻz majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinganligi toʻgʻrisida unga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay vakolatli organga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hisobot taqdim etishi shart.
5-bob. Vasiylik va homiylik tugatilishi
34. Vasiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
vasiylikdagi voyaga yetmagan shaxs yoki vasiy vafot etganda;
vasiylikdagi voyaga yetmagan shaxs oʻn toʻrt yoshga toʻlganda;
vasiylikdagi voyaga yetmagan shaxs ota-onasiga qaytarilayotganida;
vasiylikdagi shaxs farzandlikka olinayotganida yoki boshqa muqobil joylashtirilayotganida.
35. Vasiylikdagi voyaga yetmagan shaxs oʻn toʻrt yoshga toʻlganligi sababli vasiylik tugatilgach, vasiyning majburiyatlarini bajaruvchi shaxs belgilangan tartibda qayta tayinlanmagan holda mazkur voyaga yetmagan shaxsning homiysi boʻlib qoladi.
36. Homiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
homiylikdagi voyaga yetmagan shaxs yoki homiy vafot etganda;
homiylikdagi voyaga yetmagan shaxs voyaga yetganda;
homiylikdagi voyaga yetmagan shaxs ota-onasiga qaytarilayotganida;
homiylikdagi voyaga yetmagan shaxs farzandlikka olinayotganida yoki boshqa muqobil joylashtirilayotganida;
homiylikdagi voyaga yetmagan shaxs toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganda (emansipatsiya);
homiylikdagi bola nikohga kirganda.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Vasiylar va homiylar Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda vakolatli organga hisobot taqdim etadilar, shuningdek, vakolatli organ vasiylikka va homiylikka berilgan voyaga yetmagan shaxslarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini nazorat va monitoring qiladi.
38. Vasiy va homiyning gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan vasiylikdagi yoki homiylikdagi bola, davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda vasiylikdagi yoki homiylikdagi bolaning yashash joyidagi fuqarolar tomonidan tegishli vakolatli organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
39. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 5-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish tartibini belgilaydi
2. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Farzandlikka olishga faqat yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini koʻzlab yoʻl qoʻyiladi.
Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yoʻl qoʻyilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno.
4. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan, farzandlikka bola olishga nomzod sifatida roʻyxatda turgan shaxslarning arizasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ)ning farzandlikka olish asosli va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasiga koʻra sud tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish istagini bildirgan shaxslarni farzandlikka olishga nomzod sifatida hisobga qoʻyish ularning turar joyidagi vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ota-onalarining yaqin qarindoshlariga ushbu bolalarni navbatsiz, vakolatli organ tomonidan nomzod sifatida hisobga qoʻyilmagan holda, farzandlikka olish huquqi beriladi.
5. Farzandlikka oluvchilar — bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda oʻz zimmasiga olgan shaxslardir.
2-bob. Farzandlikka olishni xohlagan shaxslarni hisobga olish
6. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirishning shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibiga muvofiq hisobga olingan quyidagilar farzandlikka olinadi:
ota-onasi vafot etgan;
ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan;
ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
ota-onasi bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan bolalar.
7. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno.
8. Farzandlikka olishni xohlovchi shaxs toʻgʻrisidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq shakllantiriladi, uning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqish dalolatnomasi va farzandlikka oluvchi boʻlish imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa tayyorlanadi hamda farzandlikka olish boʻyicha nomzod sifatida hisobga qoʻyiladi.
Vakolatli organ farzandlikka olish boʻyicha nomzodga uning farzandlikka oluvchi boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa beradi.
Agar farzandlikka olinayotgan bola farzandlikka olishni xohlovchi shaxsga qarindosh (nevara, oʻgay oʻgʻil yoki oʻgay qiz va hokazo) boʻlsa yoki uning oilasida yashayotgan boʻlsa, farzandlikka oluvchi boʻlish imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa 10 ish kuni ichida tuziladi va ariza beruvchiga beriladi.
9. Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, bundan oʻgay ota va oʻgay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno.
10. Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:
farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular orasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
oʻgay ota va oʻgay ona;
kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari.
3-bob. Farzandlikka olish uchun bolalarni tanlash
11. Vakolatli organ fuqarolar farzandlikka oluvchi nomzodlar sifatida hisobga qoʻyilgandan keyin ularga farzandlikka olish mumkin boʻlgan bola toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi va bola yashaydigan (turgan) joyda bolani koʻrish uchun yoʻllanma beradi.
Agar farzandlikka olishga nomzodlar oʻz yashash joyida farzandlikka olish uchun bolani tanlay olmasa, ular farzandlikka olinadigan bola toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun oʻz xohishlariga koʻra boshqa hududdagi vakolatli organga murojaat qilishlari mumkin. Bunda nomzodlarga bola tanlab olish uchun koʻpi bilan ikki martagacha imkoniyat beriladi.
12. Farzandlikka olishga nomzodlar:
bola toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni va uning qarindoshlari borligi haqidagi maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda bola turgan muassasaning vakili yoki joylashtirishning muqobil shakliga berilgan bolaning tutingan ota-onasi ishtirokida bolani farzandlikka olishni mustaqil tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilish huquqiga ega.
13. Farzandlikka olishga nomzodlar shaxsan:
bola bilan tanishishga va u bilan aloqa oʻrnatishga;
farzandlikka olinadigan bolaning hujjatlari bilan tanishishga;
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa bilan tanishganlikni yozma shaklda tasdiqlashga majbur.
14. Vasiylik va homiylikdagi, ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalari yoki tashkilotlari tarbiyasidagi yoki muqobil joylashtirishning boshqa shakllaridagi bolalarni farzandlikka berishda, ota-onasining roziligi talab qilinmaydigan hollarda, vasiy va homiy yoxud vakolatli organning roziligi olinadi.
4-bob. Farzandlikka olish asosli va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosani tuzish
15. Farzandlikka olish uchun bola tanlangandan keyin farzandlikka oluvchi boʻlish imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosa asosida farzandlikka oluvchi nomzod Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda sudga ariza bilan murojaat qiladi.
Sudning soʻroviga koʻra vakolatli organ farzandlikka olish asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosani Fuqarolik protsessual kodeksining 301-moddasiga muvofiq quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda sudga taqdim etadilar:
farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyi yoki farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yashash joyi boʻyicha vakolatli organ tomonidan tuzilgan farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yashash sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma (maʼlumotnoma);
farzandlikka olinayotgan bolaning sogʻligʻi holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
oʻn yoshga toʻlgan farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olishga, shuningdek, familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) uning ota-onasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
bola ota-onasining (otasining yoki onasining) uning farzandlikka olinishiga roziligi, oʻn olti yoshga toʻlmagan ota-onaning bolasi farzandlikka olinayotganda esa ota-ona qonuniy vakillarining ham roziligi, qonuniy vakillar mavjud boʻlmagan taqdirda esa vakolatli organning roziligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 160-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
bola uning qarindoshlari boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan farzandlikka olinganda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni va farzandlikka olishga nomzodlarni hisobga olish boʻyicha maʼlumotlar bazasida farzandlikka olinayotgan bola haqidagi maʼlumotlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, bolani Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oilasiga tarbiyaga olish yoki bolaning qarindoshlari tomonidan ushbu qarindoshlarning fuqaroligi va yashash joyidan qatʼi nazar farzandlikka olinishi imkoniyati mavjud emasligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Zarur boʻlganda, sud boshqa hujjatlarni (maʼlumotlarni) ham talab qilib olishi mumkin.
5-bob. Farzandlikka olishni rasmiylashtirish va uni sir saqlash
16. Sud farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kun ichida ushbu hal qiluv qaroridan koʻchirma nusxasini tegishli vakolatli organga hamda farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganlarning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.
Agar sud qarorida qayd etilgan boʻlsa, farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tugʻilgan sanasi ham bir yildan ortiq boʻlmagan farq bilan oʻzgartiriladi.
17. Farzandlikka olingan bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olishning yuzaga kelgan vaqti hisoblanadi.
18. Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganning otasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, ular vafot etgan holda, vakolatli organning roziligisiz berish taqiqlanadi.
Farzandlikka oluvchining yoki vakolatli organning erkiga xilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
6-bob. Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari
19. Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.
Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-onasining qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini hamda majburiyatlarini yoʻqotadilar.
Agar farzandlikka olayotgan erkak kishi boʻlsa onasining, agar ayol kishi boʻlsa otasining iltimosiga koʻra bolaning manfaatlaridan kelib chiqib uni farzandlikka bir shaxs tomonidan olinayotgandagi mulkiy va nomulkiy huquq va majburiyatlari saqlanib qolinishi mumkin.
Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan ota yoki onaning ota-onasining (bobo yoki buvi) iltimosiga koʻra vafot etgan ota yoki onasi qarindoshlariga nisbatan shaxsiy mulkiy yoki nomulkiy huquq va majburiyatlari saqlanib qolishi mumkin.
20. Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlar farzandlikka olingan taqdirda ham ana shu huquqni saqlab qoladilar.
7-bob. Farzandlikka olishni bekor qilish uchun asoslar va uning oqibatlari
21. Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:
oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar;
ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilayotgan boʻlsalar;
farzandlikka olinganlarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar;
muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim.
Farzandlikka olinuvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlgandan keyin uning xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olish sud tartibida bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.
22. Farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni uning ota-onasi, prokuror, vakolatli organ, Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, shuningdek, oʻn olti yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola talab qilish huquqiga ega.
23. Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Bu toifadagi ishlarni hal qilishda oʻn yoshga toʻlgan bolaning fikri hisobga olinadi.
Farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin uch kundan kechiktirmay sud shu qarordan koʻchirmani tegishli vakolatli organga hamda hal qiluv qarorida koʻrsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga yuborishi shart.
24. Sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olingan bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilar qarindoshlarining) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi, bundan ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan holatlar mustasno.
Farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi.
Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek, agar bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid boʻlsa, bola vakolatli organ qaramogʻiga beriladi.
Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olingan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi saqlanish-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak.
Oʻn yoshga toʻlgan bolaning familiyasi, ismi va otasining ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
25. Farzandlikka olingan bolalarning shaxsiy hujjatlarining nusxalari farzandlikka olish asosli ekanligi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosani bergan vakolatli organda yetmish besh yil mobaynida saqlanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 6-ILOVA
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tutingan (foster) oila gʻamxoʻrligiga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, jumladan xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni (keyingi oʻrinlarda — bolalar) oilaga tarbiyaga olish (patronat) va oilaviy bolalar uylarini tashkil etish, shuningdek, ularga bolalarni tarbiyaga berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
ijtimoiy xodim — ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga mahallada kompleks ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatishni tashkillashtirish yoki bevosita ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining xodimi;
tutingan bolalar — tutingan (foster) oilaga berilgan yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shu jumladan, xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar;
tutingan (foster) oila — bolalarni shartnoma asosida oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyiga olgan oila;
nomzodlar — bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) va oilaviy bolalar uyiga olish istagini bildirgan fuqarolar;
tutingan ota-onalar — bolalarni tarbiyalash va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish boʻyicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda oʻz zimmasiga olgan shaxslar;
hududiy boshqarmalar — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari.
3. Oilaviy bolalar uyi bolalarni oila muhitida tarbiyalashga moʻljallangan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan tuzilma hisoblanadi hamda uni tashkil etgan fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida eʼtirof etiladi.
4. Bolalarni tutingan (foster) oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Oʻzaro qarindosh boʻlgan bolalar, qoidaga koʻra, bitta oilaga beriladi, tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra ular birga tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.
5. Tutingan (foster) oila joylashgan hududdagi vakolatli organ bolaning qonuniy vakili hisoblanadi hamda uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi.
6. Quyidagilar tutingan ota-onalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tutingan bolalarni oʻqitish, sogʻlomlashtirish, aqliy, psixologik, jismoniy rivojlantirish va ularni oila muhitida tarbiyalash;
tutingan bolalarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirish;
tutingan bolalarda mehnat qilish, oilaviy munosabatlar, maishiy-xoʻjalik, roʻzgʻor yuritish bilan bogʻliq iqtisodiy koʻnikmalarni shakllantirish, ularni kasb tanlashi uchun shart-sharoitlar yaratish orqali mustaqil hayotga tayyorlash.
7. Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, shuningdek, xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ijtimoiy maqomidan kelib chiqqan holda tutingan (foster) oilaga tarbiyaga beriladi.
Tutingan (foster) oilada bolalar 18 yoshga toʻlishi yoki umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlarini bitirguniga qadar tarbiyalanishi mumkin.
8. Tutingan (foster) oilaga tarbiyalash uchun koʻpi bilan 5 nafar bola beriladi. Bunda oiladagi bolalarning umumiy soni, oʻz bolalari va farzandlikka olingan yoki tutingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga koʻra, 8 nafardan oshmasligi kerak.
9. Bolalar tutingan (foster) oilalarga vakolatli organ bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida beriladi.
Bolalarni tutingan (foster) oilaga tarbiyalash uchun berish toʻgʻrisidagi shartnoma namunasi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
10. Tutingan (foster) oilalarda bola tarbiyasi va parvarishi bolaning individual rivojlanish yoki integratsiya rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Milliy gvardiya organlari oilaviy bolalar uylarini tashkil etish, bolalarning turmushi va tarbiyalanishi sharoitlarini kuzatish, tutingan ota-onalarga zarur tashkiliy yordamlar koʻrsatishda vakolatli organga koʻmaklashadi.
2-bob. Tutingan (foster) oila shakllari va ularni tashkil etish
1-§. Bolani oilaga tarbiyaga olish (patronat)
12. Muomalaga layoqatli voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga qabul qilish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno.
13. Tutingan (foster) oilaning oilaga tarbiyaga olish (patronat) shakliga bolalar faqat toʻgʻri va yon shajara boʻyicha qarindoshlariga beriladi. Bolani qarindoshlariga berishda voyaga yetgan mehnatga layoqatli aka va opalariga ustunlik beriladi.
2-§. Oilaviy bolalar uylari
14. Oʻzbekiston Respublikasining 30 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan fuqarolari, oilaviy holatidan qatʼi nazar, tutingan ota-onalar boʻlishi mumkin, Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga qabul qilish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno.
15. Oilaviy bolalar uyi Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga olish istagini bildirgan fuqarolarni tanlash, hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berilgan bolalarni kuzatish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda oilaviy bolalar uyini tashkil etishga nomzod sifatida tanlangan va hisobga qoʻyilgan shaxslarning arizasi asosida hududiy boshqarmaning qarori bilan tashkil etiladi va tugatiladi.
16. Oilaviy bolalar uyini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunida vakolatli organ tomonidan nomzodlarga yetkaziladi.
17. Hududiy boshqarmaning oilaviy bolalar uyini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorida oilaviy bolalar uyining nomi (agar mavjud boʻlsa), manzili, oilaviy bolalar uyini moliyalashtirish masalalarini hal etuvchi koʻrsatmalar boʻlishi kerak.
18. Oilaviy bolalar uyiga bolalar shartnoma asosida quyidagi shakllarda joylashtiriladi:
qisqa muddatli joylashtirish — xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan bolalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy maqomi va keyingi joylashtirish shakli belgilanguniga qadar koʻpi bilan olti oygacha boʻlgan muddatda tarbiyalash. Bunda tutingan bolalarni oilaviy bolalar uyining mazkur shakliga joylashtirishda bolalarning ijtimoiy maqomini belgilash talab etilmaydi;
uzoq muddatli joylashtirish — yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ular 18 yoshga toʻlishi yoki umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlarini bitirguniga qadar tarbiyalash;
ixtisoslashtirilgan joylashtirish — nogironligi boʻlgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalash.
19. Oilaviy bolalar uyidan tutingan bolalarning qisqa muddatli joylashtirish davrining tugashi, 18 yoshga toʻlishi yoki umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarini tamomlashi yoxud boshqa sabablar bilan chiqib ketishiga qarab unga yangi bolalar olinishi mumkin.
20. Agar tutingan ota-onalar yoxud ulardan biri 65 yoshga toʻlsa, shuningdek, bu tutingan bola manfaatiga zid boʻlsa, u holda oilaga yangi bolalar olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Tutingan ota-onalar yoxud ulardan biri 65 yoshga toʻlsa, oilaviy bolalar uyi oʻz faoliyatini tutingan bolalar 18 yoshga toʻlgungacha yoxud ular boshqa sabablarga koʻra ketgungacha amalga oshiradi.
22. Bolalarni tarbiyalashda pedagogik va psixologik maʼlumotga, nogironligi boʻlgan bolalarni qabul qilishda esa tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan nomzodlarga ustunlik huquqi beriladi.
3-bob. Bolalarni tutingan (foster) oilaga tarbiyalash uchun berish tartibi
23. Bolalarni tutingan (foster) oilaga tarbiyalash uchun berish Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash, muqobil joylashtirish shakllariga yoʻnaltirish va ularning hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
24. Voyaga yetmagan (18 yoshgacha boʻlgan) yolgʻiz onalar farzandlari bilan birgalikda oilaviy bolalar uyiga berilishi mumkin, bundan yolgʻiz ona qonunchilikka muvofiq emansipatsiya qilinganligi mustasno.
25. Bolalarni oilaviy bolalar uyiga olish uchun tanlab olish nomzodlar tomonidan vakolatli organ bilan birgalikda amalga oshiriladi, bundan qisqa muddatli joylashtirish mustasno.
Bolalarni oilaviy bolalar uyining qisqa muddatli joylashtirish shakliga berishda bolaning yashash joyi boʻyicha vakolatli organ, profilaktika inspektori va mahalla raisi tomonidan imzolanadigan va bolaning oiladan olish sababi va asoslari koʻrsatilgan dalolatnoma taqdim etiladi.
26. Vakolatli organ va tutingan ota-ona oʻrtasida shartnoma imzolanganidan hamda bolalar tutingan (foster) oilaga joylashtirilganidan soʻng, vakolatli organ uch ish kuni ichida tutingan ota-onalarga quyidagilardan iborat hujjatlar yigʻma jildini taqdim etadi:
tutingan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnoma (maʼlumotnoma);
tutingan bolaning rivojlanishi tarixidan sogʻligʻi toʻgʻrisida koʻchirma va tibbiy muassasalar xulosalari;
tutingan bolaning maʼlumoti toʻgʻrisidagi tegishli hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
tutingan bolaning ota-onalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma, sudning hukmi yoki qarori, kasallik, ota-onalar qidiruvi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va ota-onalarning yoʻqligini yoki ular oʻz bolalarini tarbiyalay olmasligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlardan koʻchirma);
tutingan bolaning aka-ukalari va opa-singillari, boshqa yaqin qarindoshlari borligi va ularning yashash joylari toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
tutingan bolaning individual rivojlanish yoki integratsiya rejasi.
Bolalar oilaviy bolalar uyining qisqa muddatli joylashtirish shakliga berilganda, tutingan ota-onaga faqat tutingan bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnoma (maʼlumotnoma) taqdim etiladi.
Bolaning shaxsi aniqlanguniga qadar uning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasiz qisqa muddatli joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
27. Bola qisqa muddatga joylashtirilganda, zarur hujjatlarni tayyorlash, shu jumladan tutingan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasini tiklash, uning ijtimoiy maqomini belgilash boʻyicha choralar koʻrish tutingan ota-ona bilan shartnoma tuzgan vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, bolani tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda tutingan ota-ona joylashgan hududdagi vakolatli organ koʻmaklashadi.
28. Qisqa muddatga joylashtirilgan bola keyinchalik ushbu oilada uzoq muddatli joylashtirish shakliga oʻtkazilishi mumkin. Bunda vakolatli organ va tutingan ota-ona oʻrtasida tutingan bolani uzoq muddatli joylashtirish shakliga berish boʻyicha shartnoma tuziladi.
29. Tutingan (foster) oilaga berilgan tutingan bolalarni boshqa muqobil joylashtirish shakllariga joylashtirish yoki oʻz ota-onasiga qaytarish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tutingan bola tutingan (foster) oiladan chiqarilganda, uni joylashtirish boʻyicha tutingan ota-onalar bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi.
4-bob. Tutingan ota-onalar va tutingan bolalarning huquq va majburiyatlari
30. Tutingan ota-onalar quyidagi huquqlarga ega:
tutingan bolalarning ruhiy va jismoniy rivojlanishi hamda sogʻligʻi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni olish;
tutingan bolaning yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish va tegishli hujjatlar bilan tanishish;
tutingan bolani oilaga qabul qilishda mazkur Nizomning 25-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻliq taqdim etilishini talab qilish, qisqa muddatli joylashtirish bundan mustasno;
tutingan bolalarning ehtiyojlarini qondirish (sogʻligʻi, taʼlim olishi va jismoniy rivojlanishi va moddiy taʼminoti), unga gʻamxoʻrlik qilish va reabilitatsiya masalalarida vakolatli davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatish;
yiliga bir marotaba Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bepul taqdim etiladigan yoʻllanmalar asosida respublika sanatoriylarida davolanish;
oilani qoʻllab-quvvatlashga doir davlat ijtimoiy dasturlari imtiyozlaridan foydalanish.
Tutingan ota-onalar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Tutingan ota-onalarning huquqlarini tutingan bolalarning huquqlariga zid ravishda amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Tutingan ota-onalar quyidagi majburiyatlarga ega:
tutingan bolalarning individual rivojlanish rejasida va (yoki) integratsiya rejasida tutingan ota-onalar uchun belgilangan vazifalarni bajarish;
tutingan bolalarning yoshi, tili, jinsi va eʼtiqodidan qatʼiy nazar, ularga mehribon va eʼtiborli boʻlish, his-tuygʻularini hurmat qilish;
tutingan bolalarni oilaviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash;
tutingan bolalarning salomatligini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzi qoidalariga oʻrgatish, zarur hollarda ularni reabilitatsiya qilish choralarini koʻrish;
tutingan bolalarning fikri, eʼtirozi va taklifini eshitish hamda munosabat bildirish;
har bir tutingan bolaga insonparvarlik tuygʻularini singdirish;
jamiyatda yurish-turishni, odob-axloq qoidalarini, roʻzgʻor tutish shuningdek, atrofdagilar bilan samimiy munosabatlarni oʻrnatishi uchun muomala madaniyatini oʻrgatib borish;
tutingan bolalarning orzusi, iqtidori, ijodiy qobiliyati va qiziqishlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
tutingan bolalarning taʼlim olishi, shu jumladan, kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uni mustaqil hayotga tayyorlash;
tutingan bolalarni sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilingan oilaviy muhitda yashashini taʼminlash, belgilangan meʼyorlar boʻyicha oʻz vaqtida ovqatlantirish, kiyim-kechak va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrish;
tutingan bolalarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzining yashash va (yoki) turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishni taʼminlash;
tutingan bolalarning madaniy hordiq olishi va sport bilan shugʻullanishini tashkillashtirish;
tutingan bolalar uchun ajratilgan mablagʻlar, shu jumladan, hadya sifatida olingan pul mablagʻlari, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlariga muvofiq berilgan boshqa mol-mulkni tutingan bolalarning manfaatlari uchun sarflash;
tutingan bolaga tegishli aliment, boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha pensiya yoki homiylik pul mablagʻlarini bankda tutingan bolaning nomiga ochilgan hisob raqamida jamgʻarib borish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tutingan bolani turar joyga muhtoj sifatida hisobga qoʻyilishi boʻyicha choralar koʻrish;
tutingan bolalarni tarbiyalashda qonunchilik hujjatlariga va xalqaro normalarga qatʼiy amal qilish.
Tutingan ota-onalar zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
32. Tutingan bolalar quyidagi huquqlarga ega:
oilada yashash va tarbiyalanish, tutingan ota-onalar bilan birga yashash va ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish;
oilada fikrlash, soʻz, vijdon va eʼtiqod erkinligidan foydalanish;
taʼlim olish;
tibbiy yordam olish;
qiziqish va qobiliyatlari doirasida qoʻshimcha taʼlim olish;
yoshi, sogʻligʻining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash;
turar joydan foydalanish va turar joyga ega boʻlish;
sogʻlomlashtirish oromgohlariga bepul yoʻllanmalar olish;
oʻziga berilishi kerak boʻlgan aliment, ijtimoiy nafaqa, pensiya (boquvchisini yoʻqotganlik boʻyicha) olish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa imtiyoz va kafolatlarga boʻlgan huquqlardan foydalanish.
Tutingan (foster) oilaga berilgan tutingan bolalarga qonunchilik hujjatlarida yetim va ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi.
Tutingan (foster) oilaga nogironligi boʻlgan tutingan bolalar berilganida, qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha toʻlovlari toʻlanishi taʼminlanadi.
33. Tutingan bolalar tutingan (foster) oilada oʻz manfaatlariga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida oʻz fikrlarini bildirishga haqlidirlar.
5-bob. Tutingan bolalarning taʼlim olishi va ularning sogʻlomlashtirilishini tashkil etish
34. Tutingan bolalar taʼlim muassasalarida umumiy asosda oʻqiydilar.
Tutingan bolalar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalariga joylashtirishda, oʻrta maxsus, professional hamda oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda va oʻqish davrida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.
35. Jismoniy yoki psixologik rivojlanishida buzilishlari boʻlgan tutingan bolalarning taʼlim-tarbiyasi vakolatli organ tomonidan bolaning rivojlanishidagi oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq taʼlim va tarbiyaning maxsus dasturlari asosida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
36. Tutingan bolalar hududda joylashgan turli shakldagi sport majmualari, maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar, kasbiy koʻnikmalar markazlari, toʻgaraklar, ot sporti seksiyalari va boshqa shu kabi oʻquv markazlariga jalb etiladi.
Tutingan bolalar nodavlat taʼlim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtihon topshiriladigan fanlar boʻyicha oʻquv kurslariga qatnashishlari mumkin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan sport va boshqa toʻgaraklar xarajatlari tutingan bolaning taʼminoti uchun toʻlanadigan mablagʻlar doirasida qoplanadi.
37. Tutingan bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish tutingan (foster) oila joylashgan hududdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Tutingan bolalar bir yilda ikki marotaba davolash-profilaktika muassasasi tomonidan toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
38. Tutingan bolalarga koʻrsatiladigan barcha tibbiy va psixologik xizmatlar, tutingan ota-onaga maslahat yordami va boshqa yordam koʻrsatish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
39. Tutingan (foster) oilaga berilgan bolalar hamda tutingan ota-onalarning oʻz farzandlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq:
sogʻlomlashtirish oromgohlarida sogʻlomlashtirish hamda dam olishlari uchun yiliga bir marotaba Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bepul yoʻllanmalar ajratiladi;
bir yilda ikki marotaba tuman (shahar) hokimliklari tomonidan respublikaning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etib boriladi.
Vakolatli organ tutingan (foster) oilani kuzatish va monitoring qilish natijalari asosida tutingan bolaning ehtiyojidan kelib chiqib, tutingan ota-onaning soʻroviga binoan mazkur bobda nazarda tutilgan xizmatlardan foydalanish uchun buyurtma qabul qiladi.
40. Vakolatli organ:
tutingan (foster) oilaga berilgan tutingan bolalar hamda tutingan ota-onalarning oʻz farzandlarini sogʻlomlashtirish oromgohida dam olishini taʼminlash maqsadida yanvar oyining 20 sanasiga qadar 14 yoshgacha boʻlgan tutingan bolalarning roʻyxatini shakllantirib hududiy kasaba uyushmasiga;
har yili yakunlari boʻyicha hududidagi tutingan (foster) oilaga qabul qilingan tutingan bolalar roʻyxatini shakllantirib, respublikaning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlarini tashkil etish uchun dekabr oyining 20 sanasiga qadar tuman (shahar) hokimligiga taqdim etib boradi.
6-bob. Tutingan (foster) oila faoliyatiga doir alohida holatlar
41. Tutingan ota-onalar uzoq vaqt kasal boʻlganda yoki ular vafot etganda, vakolatli organ fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bilan birgalikda tutingan bolalarga boshqa tutingan ota-onalarni tayinlash yoxud bolalarni joylashtirishning boshqa shakllariga berish huquqiga egadir.
Bunda tutingan bolalarga taalluqli hujjatlarning toʻliq yigʻma jildi, ularni keyingi qabul qilgan tutingan ota-onaga taqdim etiladi.
42. Tutingan oilaga berilgan tutingan bolalar ularning manfaatiga zid boʻlmasa, vakolatli organ ruxsati bilan ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar.
43. Tutingan ota-onalar tutingan bolalarning tutingan (foster) oilada tarbiyalanishi muddati tugaganidan yoki boshqa joylashtirish shakliga berilgani yoxud biologik ota-onalariga qaytarilgandan soʻng ham ular bilan oʻzaro munosabatlarini saqlab qolishlari va davom ettirishlari mumkin.
44. Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan tutingan ota-onalarning malakasini oshirish har uch yilda bir marotaba Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etiladi.
7-bob. Tarbiyaga berilgan tutingan bolalarning moddiy taʼminoti
45. Tarbiyaga berilgan tutingan bolalarning moddiy taʼminoti quyidagicha amalga oshiriladi:
a) bolalarni oilaga tarbiyaga olgan (patronat) tutingan ota-onalarga:
har bir tutingan bolaning parvarishi va taʼminoti xarajatlari uchun har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,5 baravari miqdorida;
tutingan bolalarga kiyim-bosh va poyabzal xarid qilish uchun yilda bir marotaba mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida mablagʻlar toʻlanadi;
b) Oilaviy bolalar uyi tashkil etgan tutingan ota-onalarga:
har bir tutingan bolaning yashash xarajatlari uchun har oyda 7 yoshgacha boʻlgan tutingan bolalarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, 7 yoshdan katta boʻlgan tutingan bolalarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida;
har bir tutingan bolani tarbiyalagani (parvarishlash) uchun tutingan ota-onaga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravari (nogironligi boʻlgan tutingan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida mablagʻlar toʻlanadi.
Tarbiyaga olingan har bir nogironligi boʻlgan tutingan bolaning davolash-sogʻlomlashtirish xarajatlariga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida kompensatsiya va qonunchilik hujjatlariga muvofiq nogironligi boʻlgan tutingan bola uchun belgilangan toʻlovlar toʻlanadi.
Oilaviy bolalar uyiga berilgan tutingan bolalarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar tutingan bolalarga oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va yumshoq jihozlar, shaxsiy gigiyena buyumlari sotib olishga, ularni oʻquv kurslarida oʻqish, shuningdek, boshqa yashash bilan bogʻliq va oilaning kommunal xarajatlarini qoplashga sarflanadi.
46. Tutingan bolalarning barcha yashash xarajatlari va tutingan ota-onalarga toʻlanadigan toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
47. Har bir tutingan bola va tutingan ota-ona uchun belgilangan mablagʻlar tutingan bolaning yoshi va soniga mutanosib ravishda hududiy boshqarmalar tomonidan tutingan ota-onalarning nomiga ochilgan bank plastik kartalariga har oyning 5 sanasiga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazib beriladi.
48. Tutingan (foster) oilalar jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
49. Tutingan (foster) oilaga pul mablagʻlarini ajratish unga bolalar qabul qilingandan soʻng amalga oshiriladi.
Yangi qabul qilingan bolalar uchun ular qabul qilingan oyda ajratiladigan mablagʻlar miqdori bir nafar tutingan bolaga belgilangan summani bola qabul qilingan oy kunlariga proporsional boʻlish orqali hisoblanadi.
50. Tutingan bola oy davomida tutingan (foster) oiladan chiqarilganda, u uchun ajratilgan mablagʻlar hisobiga qolgan tutingan bolalar uchun kelgusi oyda ajratiladigan mablagʻlar qayta hisob-kitob qilinadi.
51. Ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha javobgarlik tutingan ota-ona zimmasiga yuklatiladi.
8-bob. Tutingan bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi shartnomaning bekor qilinishi
52. Quyidagi holatlarda tutingan ota-onalar bilan tuzilgan shartnoma vakolatli organning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:
tutingan ota-onalar tomonidan tutingan bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatilmaganda, mazkur Nizomda va shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganda;
tutingan bolaning parvarishi va taʼminoti, kiyim-bosh va poyabzal xarajatlari uchun beriladigan mablagʻlarni tutingan bolaning manfaatlari yoʻlida sarflanmaganda;
vakolatli organ tomonidan olib boriladigan monitoring natijasida tutingan ota-onalar bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga sabab boʻladigan holatlar mavjud boʻlganda;
tutingan ota-onalar yoki tutingan bola vafot etganda.
53. Tutingan bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi shartnoma muddatidan oldin quyidagi sabablar boʻlganda tutingan ota-onaning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:
uzoq vaqt (bir oydan ortiq boʻlgan muddatda) kasal boʻlganda;
tutingan bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqalar.
Tutingan bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi shartnoma tutingan bolalar ota-onalarga qaytarilganda, ular farzandlikka olinganda yoki joylashtirishning boshqa muqobil shakliga berilganida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
54. Bolalarni tutingan (foster) oilaga berish tutingan ota-onalar bilan tutingan bolalar oʻrtasida aliment bilan bogʻliq va oila toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan meros bilan bogʻliq huquqiy munosabatlar kelib chiqishiga olib kelmaydi.
55. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
56. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 7-ILOVA
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom bolalarni farzandlikka, oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan, professional tutingan oila va oilaviy bolalar uyini tashkil etayotgan fuqarolar (keyingi oʻrinlarda — nomzodlar)ni tayyorlash kursini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursi (keyingi oʻrinlarda — tayyorlov kursi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarini malakasini oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan tashkil etiladi va muvofiqlashtiriladi.
Tayyorlov kursi ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar va bolalar bilan ishlash boʻyicha tajriba va salohiyatga ega boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan Markaz bilan kelishgan holda tashkil etilishi mumkin. Bunda nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan Markaz bilan kelishilgan holda tashkil etiladigan tayyorlov kursi natijalari boʻyicha beriladigan sertifikat Markazda beriladigan sertifikat bilan teng yuridik kuchga ega hisoblanadi.
3. Tayyorlov kursida oʻqish jarayoni Markaz tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va dasturga muvofiq tashkil etiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan oʻquv reja va dasturlar Markaz bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Tayyorlov kurslarini tashkil etish jarayoniga oila va bolalarga xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar hamda ularning mutaxassislari, maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar, shuningdek, soha ekspertlari va tajribali tutingan ota-onalar jalb etilishi mumkin.
4. Tayyorlov kurslariga jalb etilgan mutaxassislar nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi kerak.
5. Nomzodlar 72 akademik soatgacha, biroq 48 akademik soatdan kam boʻlmagan oʻquv dasturiga muvofiq ishdan ajralmagan holda oʻqitiladi va oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 akademik soat etib belgilanadi. Bunda professional tutingan oila va oilaviy bolalar uyini tashkil etayotgan nomzodlar qoʻshimcha 12 akademik soatlik oʻquv dasturi asosida oʻqitiladi.
6. Nomzodlar tayyorlov kurslarida Markaz bilan tuziladigan shartnoma asosida oʻqitiladi. Bunda tayyorlov kurslarida oʻqish:
bolani oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan nomzodlar yoki olgan tutingan ota-onalar uchun bepul asosda;
bolani farzandlikka olayotgan nomzodlar tayyorlov kursida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
professional tutingan oila va oilaviy bolalar uyini tashkil etayotgan nomzodlar bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi toʻlov asosida amalga oshiriladi.
7. Tayyorlov kursini tashkil etish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Tayyorlov kursining maqsadi va vazifalari
8. Tayyorlov kursining asosiy maqsadi nomzodlarning bolani oilaga qabul qilish va uning ijtimoiylashuvini taʼminlash boʻyicha anglanilgan ota-onalik bilimlari va koʻnikmalarini oshirish orqali oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olishga koʻmaklashishdan iborat.
9. Quyidagilar tayyorlov kurslarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodlarning bolalar psixologiyasi va pedagogikasi, salomatligini taʼminlash sohasidagi bilim va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish;
nomzodlarni bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik asoslari bilan tanishtirish;
nomzodlarning huquq va majburiyatlari bilan tanishtirish;
nomzodlarni bolalarni tarbiyalash, parvarish qilish, sogʻligʻini muhofaza qilish, uning ijtimoiy moslashuvi, taʼlimi va har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish bilan bogʻliq ota-onalik salohiyatlarini rivojlantirish;
nomzodlarning bolalarni oilaga qabul qilishga tayyorlik darajasini aniqlash, bolani oilaga qabul qilish shaklini tanlashga yordam berish, shuningdek, bolani tarbiyalash va rivojlanishi bilan shugʻullanish jarayonida duch kelishi mumkin boʻlgan muammo va qiyinchiliklarni anglashga koʻmaklashish;
bola oilaga olingandan soʻng oilada sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar, bolalarning moslashuvini taʼminlashning samarali yoʻllari bilan tanishtirish.
3-bob. Tayyorlov kursini tashkil etish tartibi
10. Tayyorlov kursining oʻquv jarayoni guruhda nomzodlar soni kamida 7 nafar va koʻpi bilan 20 nafarni tashkil etganida boshlanadi.
Tayyorlov kursi guruhda nomzodlar soni 7 nafardan kam boʻlgan holatlarda, oʻquv jarayonini tashkil etish muddati uch oydan oshib ketmasligi lozim.
11. Tayyorlov kursi davlat tilida olib boriladi.
Tayyorlov kursida nomzodlar tanlovidan kelib chiqqan holda rus va qoraqalpoq tillarida mashgʻulotlar oʻtkaziladigan alohida guruh tashkil etilishi mumkin.
12. Tayyorlov kursida oʻqish istagini bildirgan nomzodlar ariza bilan Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qiladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari kelib tushgan nomzodlarning murojaatlarini 1 ish kuni ichida tegishli hududiy boshqarmalarga taqdim etadi.
13. Hududiy boshqarmalar tayyorlov kursida oʻqitiladigan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi va ularni murojaatlari yuzasidan 3 ish kuni ichida xabardor qilgan holda ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiq tayyorlov kursi guruhlarini shakllantiradi.
14. Tayyorlov kursi guruhlari va unda ishtirok etadigan nomzodlar haqidagi maʼlumotlar tegishli hududiy boshqarma tomonidan 1 ish kuni ichida Markazga taqdim etiladi.
15. Hududiy boshqarmalar tayyorlov kursining oʻquv jarayoni boshlanishidan 3 kun oldin nomzodlarni xabardor qiladi.
16. Tayyorlov kursining oʻquv jarayonida nomzodlar ishtirok etishini taʼminlashga tegishli hududiy boshqarma masʼul hisoblanadi.
4-bob. Tayyorlov kursining oʻquv jarayonini tashkil etish hamda nomzodlarni oʻzlashtirish darajasini baholash
17. Tayyorlov kursi oʻquv jarayoni Markaz tomonidan onlayn, oflayn va aralash mashgʻulotlar shaklida tashkil etilishi mumkin.
18. Tayyorlov kursida oʻquv mashgʻulotlari interfaol tarzda maʼruza, seminar, amaliy mashgʻulot, mustaqil taʼlim, koʻchma mashgʻulot, tajriba almashish shakllarida olib boriladi.
19. Oʻquv mashgʻulotlarining bir akademik soati oflayn oʻtkazilganda 80 daqiqa, onlayn (sinxron) oʻtkazilganda esa 60 daqiqa davom etadi.
20. Tayyorlov kursining oʻquv rejasi va dasturiga muvofiq mashgʻulotlar asinxron tarzda tashkil etilishi mumkin. Bunda nomzodlar asinxron oʻquv mashgʻulotlarini tayyorlov kursining oʻquv rejasi va dasturida belgilangan muddat ichida mustaqil oʻzlashtirilishi talab etiladi.
21. Uzrli (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshining vafoti) sabablar bilan oʻqishni davom ettira olmaydigan nomzodlar oʻz arizasiga koʻra tayyorlov kursidan chiqariladi.
Bunda ushbu nomzodlarga tayyorlov kursining navbatdagi guruhida ishtirok etish imkoniyati bir marotaba beriladi.
Uzrli sababsiz oʻquv yuklamasining 20 foizidan koʻp hajmda oʻquv mashgʻulotlarida qatnashmagan nomzodlar yakuniy test sinovlariga kiritilmaydi.
22. Tayyorlov kursi guruhlarida nomzodlarning davomatini qayd etish tegishli hududiy boshqarma tomonidan guruhlarning elektron jurnalini yuritish orqali taʼminlanadi.
23. Markaz tomonidan tayyorlov kursining sifati va jalb etilgan mutaxassislarning nomzodlarga maʼlumotlarni yetkazib berish mahoratini doimiy monitoring qilish maqsadida nomzodlardan oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin va keyin monitoring test sinovlari oʻtkaziladi va tahlil qilib boriladi.
24. Tayyorlov kursining soʻngida nomzodlarni oʻzlashtirish darajasini baholash maqsadida oʻtkaziladigan yakuniy test sinovlarida 60 va undan yuqori ball toʻplagan nomzod tayyorlov kursidan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi va ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq namunadagi sertifikat beriladi.
25. Yakuniy test sinovlariga kiritilmagan yoki 60 balldan kam ball toʻplagan nomzodlar ushbu Nizomda belgilangan tartibga muvofiq tayyorlov kursiga qayta qabul qilinishi mumkin.
26. Nomzod tayyorlov kursidan muvaffaqiyatli oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat olganidan soʻng uch yil davomida tarbiyalash uchun bola olmagan boʻlsa, ushbu Nizomda belgilangan tartibga muvofiq tayyorlov kursidan qayta oʻtishi talab etiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan tutingan ota-onalarning va professional tutingan oilani tashkil etgan fuqarolarning malakasini oshirish ushbu Nizomda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
28. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursini tashkil etish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarChora-tadbirlarMuddatlar1-bosqichNomzodlarTayyorlov kursida oʻqish istagini bildirgan nomzodlar ariza bilan Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga murojaat qiladi.Xohishiga koʻra2-bosqich“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariKelib tushgan nomzodlarning murojaatlarini tegishli hududiy boshqarmalarga taqdim etib boradi.Kelib tushgandan soʻng 1 ish kuni ichida3-bosqichHududiy boshqarmalar1. Tayyorlov kursida oʻqitiladigan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi va ularni murojaatlari yuzasidan 3 ish kuni ichida xabardor qilgan holda tayyorlov kursi guruhlarini shakllantiradi.2. Tayyorlov kursi guruhlari va unda ishtirok etadigan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarni Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markaziga taqdim etadi.Muntazam ravishda4-bosqichHududiy boshqarmalarTayyorlov kursining oʻquv jarayoni boshlanishi toʻgʻrisida nomzodlarni xabardor qiladi.Tayyorlov kursining oʻquv jarayoni boshlanishidan 3 kun oldin5-bosqichMarkaz1. Nomzodlar bilan shartnoma tuzgan holda ularni tayyorlov kurslarida onlayn, oflayn va aralash shakllarda oʻqitadi.2. Yakuniy test sinovlarida 60 va undan yuqori ball toʻplagan nomzodlarga tegishli namunadagi sertifikat beradi.Tayyorlov kursi davomida
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Farzandlikka oluvchilar va tutingan ota-onalarni tayyorlash kursidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning
TAVSIFI
Tayyorlov kursidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatli oq qogʻozdagi varaqda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Sertifikat:
bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
naqshli rastr;
har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;
maxsus qogʻozlar;
oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda oltita himoyaga ega.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qaroriga 8-ILOVA
Bolalar uylari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tizimidagi Bolalar uylarini tashkil etish va ularning faoliyati, shuningdek, ularda yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalarga ijtimoiy-tibbiy, psixologik-pedagogik yordam berish va taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Agentlikning tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
tarbiyalanuvchilar — Bolalar uyiga tarbiyaga joylashtirilgan yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda psixofizik rivojlanishida buzilishlar boʻlgan bolalar;
hududiy boshqarmalar — Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari.
3. Bolalar uyi tarbiyalanuvchilar uchun taʼlim-tarbiya, ijtimoiy reabilitatsiya va sogʻlomlashtirish davlat muassasasi hisoblanadi. Muassasa, shuningdek, ijtimoiy yetimlikni oldini olish, oilani qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini amalga oshiradi.
4. Bolalar uyi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda, belgilangan tartibda Agentlik tomonidan tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
5. Bolalar uyi quyidagi tiplarga boʻlinadi:
bolalar 3 yoshgacha boʻladigan umumiy tipdagi Bolalar uyi. Zarurat boʻlganda ushbu muassasalarda 4 yoshgacha qabul qilinadigan, psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi;
4 yoshgacha psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan tipdagi Bolalar uyi.
6. Bolalar uyida oilalarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy yetimlikni oldini olish maqsadida mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati hamda uning doirasida “Onalar maskani” faoliyati tashkil etiladi.
Bolalar uyining tipi va oʻrinlari soni Agentlik tomonidan belgilanadi. Bolalar uyi kecha-kunduz faoliyat koʻrsatadi.
7. Bolalar uyida psixofizik rivojlanishida buzilishlarga ega bolalar uchun Agentlik tomonidan belgilangan tartibda kunduzgi ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi.
8. Bolalar uyi joylashgan hududdagi vakolatli organ tarbiyalanuvchining qonuniy vakili hisoblanadi.
2-bob. Bolalar uylarining asosiy vazifalari
9. Quyidagilar Bolalar uylarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tarbiyalanuvchilarni tarbiyalash, ularga taʼlim berish, tibbiy yordam koʻrsatish;
tarbiyalanuvchilarni toʻlaqonli psixologik-pedagogik reabilitatsiya qilishga, ijtimoiy moslashishga va jamiyatga integratsiyalashga koʻmaklashadigan oila muhitiga yaqinlashtirilgan shart-sharoitlar yaratish;
tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishida koʻmaklashish;
tarbiyalanuvchilarni psixologik, aqliy va jismoniy kamol topishini taʼminlash;
tarbiyalanuvchilarni dispanserizatsiyalash, profilaktika, psixofizik rivojlanishi buzilgan tarbiyalanuvchilarni kompleks ijtimoiy reabilitatsiya qilishni oʻz ichiga oladigan sogʻlomlashtirish ishlarini tashkil etish;
tarbiyalanuvchilarning oʻz oilalariga qaytarilishi yoki muqobil joylashtirish shakllariga berilishini tashkil etish;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni, jumladan onalarni qoʻllab-quvvatlash orqali boladan voz kechilishini oldini olishga qaratilgan kompleks xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish;
sogʻlomlashtirish, taʼlim-tarbiya va zarur boʻlganda, kompleks ijtimoiy reabilitatsiya jarayoni sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan ish shakllari va usullarini takomillashtirish.
3-bob. Bolalarni Bolalar uyiga qabul qilish
10. Quyidagilar Bolalar uyiga qabul qilinadi:
a) yetim bolalar;
b) ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan quyidagi bolalar:
ota-onalari vafot etgan, ota-onalar ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan yoxud ota-onalik huquqlari cheklangan, ota-onalar muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ota-onalarda ogʻir kasalliklar aniqlangan, ota-onalar uzoq vaqt (6 oydan ortiq) boʻlmagan, shu jumladan ota-onalar oʻz bolalarini tibbiyot muassasalaridan olishni rad etgan hollarda, shuningdek, ota-ona qarovi mavjud boʻlmagan boshqa hollarda;
topib olingan bolalar;
qoldirib ketilgan bolalar (tugʻruq muassasasidagi yoki statsionardagi hamda tekshirish va davolashning toʻliq kursidan oʻtgan, biroq uzrli sabablarsiz uch kun muddatda ota-onalar yoki tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan shaxslar tomonidan olinmagan bolalar);
v) ota-onalar roziligi bilan va ota-onalari bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish imkoni yoʻqligi tufayli doimiy ravishda yakka tartibda parvarish qilishga muhtoj psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar.
11. Quyidagi kasalliklar bolani Bolalar uyiga qabul qilishga monelik qiluvchi kasalliklar hisoblanadi:
jarayonning faol bosqichidagi sil kasalligi;
teri va sochning yuqumli kasalliklari;
oʻtkir, shu jumladan virusli yuqumli kasalliklar;
markaziy asab tizimining oʻtkir kasalliklari;
teri-tanosil kasalliklari.
Koʻrsatib oʻtilgan kasalliklarga chalingan bolalar statsionar davolanish uchun hududiy davolash-profilaktika muassasalariga yuborilishi zarur va davolanish tugallangandan keyin Bolalar uyiga yuboriladi.
12. Bolani Bolalar uyiga joylashtirish uning yashash yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyiga koʻra, agar bola muayyan yashash joyiga ega boʻlmasa, bola aniqlangan joydagi vakolatli organ qarori asosida amalga oshiriladi.
13. Vakolatli organ tomonidan bolalarni joylashtirish boʻyicha qaror chiqarilganidan soʻng 1 ish kuni ichida har bir bola toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali tegishli Bolalar uyining shaxsiy kabinetiga yoʻnaltiriladi.
14. Bolalar uyi tomonidan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida har bir tarbiyalanuvchi uchun bolaning rivojlanishi tarixi tuziladi va unga maʼlumotlar doimiy kiritib boriladi.
15. Davolash-profilaktika muassasalaridan Bolalar uyiga qaytarilgan tarbiyalanuvchilar yangi qabul qilingan deb hisoblanmaydi.
Tarbiyalanuvchi hududiy davolash-profilaktika muassasasiga davolanish uchun yuborilganda Bolalar uyi maʼmuriyati bu haqida ota-onalarga (agar mavjud boʻlsa) xabar berishi, bolaning sogʻligʻi holatini kuzatib borishi, uning rivojlanishi tarixiga davolashning borishi, u boshqa hududiy davolash-profilaktika muassasasiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritib borishi, shuningdek, Bolalar uyining unga qaraydigan xodimlari tomonidan kecha-kunduz navbatchilik qilinishini tashkil etishi va bolani bir yoshgacha sut aralashmasi bilan taʼminlashi shart.
16. Bolalar uyiga berilgan bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini, bolaning individual rivojlanish rejasining amalga oshirilishini hamda uning muassasaga moslashganligini monitoring qilish qonunchilik hujjatlariga muvofiq Bolalar uyi joylashgan joydagi hududiy boshqarma va vakolatli organ tomonidan olib boriladi.
4-bob. Bolalarni Bolalar uyi hisobidan chiqarish
17. Tarbiyalanuvchilar oʻz oilasiga qaytarilganda yoki tarbiyaga joylashtirishning boshqa shakllariga berilganda, nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” markaziga oʻtkazilganida Bolalar uyi hisobidan bolani muassasaga joylashtirgan vakolatli organ qarori asosida chiqariladi.
18. Tarbiyalanuvchining Bolalar uyida boʻlish muddati tugaganidan keyin ota-onalar uzrli sabablarsiz oʻz bolasini qabul qilishni rad etgan taqdirda, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida muassasa maʼmuriyati ularni ota-onalik huquqlaridan mahrum etish boʻyicha choralarni koʻrish yuzasidan vakolatli organga taklif kiritadi.
19. Oilasiga qaytarish imkoniyati boʻlmagan tarbiyalanuvchilar muassasada 3 yoshga toʻlganida majburiy ravishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa muqobil joylashtirish shakllariga oʻtkaziladi.
Bunda psixofizik rivojlanishida buzilishlar boʻlgan tarbiyalanuvchilar 4 yoshga toʻlganida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda soʻnggi chora sifatida nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlariga oʻtkaziladi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarda belgilangan yoshga toʻlishi munosabati bilan muassasadan boshqa joylashtirish shakllariga oʻtkaziladigan tarbiyalanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻtkazish muddatidan 6 oy oldin Bolalar uyi joylashgan hududdagi vakolatli organga maʼlum qilinadi.
Psixofizik rivojlanishida buzilishlar boʻlgan tarbiyalanuvchilarni nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlariga oʻtkazish psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasiga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Aka-ukalar va opa-singillarni joylashtirishning muqobil shakllariga berishda ularni ayirishga istisno tariqasida faqatgina tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra ular alohida tarbiyalanishi va saqlanishi kerak boʻlgan alohida holatlar mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyilishi mumkin.
5-bob. Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari
21. Tarbiyalanuvchilarga psixologik, ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish, taʼlim berish, tarbiyalash, moddiy taʼminlash toʻliq davlat taʼminoti asosida amalga oshiriladi.
22. Bolalar uyiga tarbiyaga olingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga muassasa joylashgan joy boʻyicha hududiy boshqarma vakili hamda Milliy gvardiyaning xodimlari biriktiriladi.
Biriktirilgan hududiy boshqarma vakili Milliy gvardiyaning xodimlari bilan hamkorlikda tarbiyalanuvchi bolalarni kuzatish va ular bilan suhbatlar oʻtkazish asosida ularning taʼlim-tarbiya olishi, ijtimoiy reabilitatsiyasi ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini oʻrganadi, shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etishda Bolalar uyiga koʻmaklashadi.
23. Tarbiyalanuvchilar:
ularga nisbatan inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaydigan insonparvarlik munosabatida boʻlish;
oilasi (agar mavjud boʻlsa) bilan aloqada boʻlish, miqdorlari cheklanmagan holda joʻnatmalar, banderollar olish;
bepul ovqatlanish, kiyim-kechak, poyabzal va ashyoviy taʼminlashning boshqa buyumlari hamda tasdiqlangan normalar boʻyicha yumshoq anjomlar bilan taʼminlanish huquqiga ega.
Zarur boʻlganda tarbiyalanuvchilar protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼminlanadi.
24. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy yordam, ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari shtatdagi tibbiyot xodimlari tomonidan, zarur boʻlganda esa belgilangan tartibda tegishli hududiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan taʼminlanadi.
Tarbiyalanuvchining sogʻligʻi holati yomonlashgan yoki u vafot etgan taqdirda, Bolalar uyi maʼmuriyati bu haqda darhol vakolatli organni, hududiy boshqarmani va ota-onalarni (mavjud boʻlsa), ota-onasi yashash joyida vaqtincha boʻlmaganida tarbiyalanuvchi doimiy yashaydigan joy boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qiladi.
25. Vafot etgan tarbiyalanuvchilarni dafn etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vafot etgan tarbiyalanuvchi dafn etilganda Bolalar uyi maʼmuriyati tomonidan dafn xarajatlari budjet mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
26. Tarbiyalanuvchining Bolalar uyi hududidan tashqariga chiqishi faqat Bolalar uyi xodimlari yoxud ota-onalar hamrohligida, Bolalar uyi maʼmuriyatining yozma ruxsati bilan, ota-onalar yashash joyi boʻyicha vakolatli organning xulosasi olingandan keyin amalga oshiriladi.
Tarbiyalanuvchi hududdan tashqariga oʻzboshimchalik bilan chiqqan taqdirda Bolalar uyi maʼmuriyati bu haqda uning ota-onalarini, vakolatli organni, ichki ishlar organlarini va tarbiyalanuvchining yashash yoki boʻlish joyi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qiladi hamda birgalikda uni topish va qaytarish choralarini koʻradi.
27. Tarbiyalanuvchilar oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmol qilishning tasdiqlangan oʻrtacha sutkalik oqilona normalariga binoan oziq-ovqat, shuningdek mazkur Nizomga 2-3-ilovalarga muvofiq normalar boʻyicha kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar bilan taʼminlanadi.
28. Ota-onalar yoki uning qarindoshlari tarbiyalanuvchilarni kelib koʻrish, Bolalar uyining psixologik, ijtimoiy, tibbiy va tarbiyaviy faoliyati, agar bu bolaning manfaatlariga zid boʻlmasa, oʻz bolalarining kompleks reabilitatsiyasining borishi bilan tanishish va unda ishtirok etish huquqiga egadir.
29. Tarbiyalanuvchilar joylashtirishning boshqa muqobil shakllariga oʻtkazilganda ularga ichki kiyim, kiyim-bosh va mavsumiy poyabzal beriladi.
6-bob. Bolalar uylarida tibbiy, tarbiyaviy, ijtimoiy reabilitatsiya jarayonini tashkil etish
30. Tarbiyalanuvchilarni tibbiy taʼminlash, ijtimoiy reabilitatsiya, tarbiyalash va moddiy taʼminlash tartibi ularning individual xususiyatlari, yoshi, jinsi, psixologik va jismoniy holati hisobga olingan holda belgilanadi.
Maishiy shart-sharoitlar reabilitatsiya jarayoniga koʻmaklashishi, tarbiyalanuvchilardagi hissiy zoʻriqishni yumshatish uchun shart-sharoitlar yaratishi kerak. Bolalar uyining binosi, qattiq va yumshoq anjomlar, tibbiy va xoʻjalik, reabilitatsiya jihozlari, oʻyinchoqlar sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, bolalarning yoshi, sogʻligʻining holati va psixologik rivojlanishiga muvofiq boʻlishi zarur.
31. Bolalar uyidagi sogʻlomlashtirish ishlari kasallikka chalinish xavfi omillarini barvaqt aniqlashga, ular rivojlanishining oldini olishga, psixofizik rivojlanishini taʼminlash, bolalarni kompleks reabilitatsiya qilishga, shuningdek, asoratlarning, nogironlikning oldini olishga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak.
32. Tarbiyalanuvchilar shtatdagi tibbiyot xodimlari, pediatr va tor ixtisosli mutaxassislar tomonidan kuzatib boriladi. Tarbiyalanuvchilar hududiy davolash-profilaktika muassasasining mutaxassislari tomonidan bir yilda 2-marta chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi va zarur boʻlganda, ular uchun profilaktik va sogʻlomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi, izolyatordagi bemor bolalarni davolash taʼminlanadi, psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar davolanadi va ular bilan reabilitatsiya tadbirlari oʻtkaziladi.
33. Bolalar uyida yangidan qabul qilingan bolalar uchun karantin guruhi va statsionar davolashni talab etmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun izolyator tashkil etiladi.
34. Tarbiyalanuvchilar yoshi, jismoniy holati, aqliy rivojlanish darajasi hisobga olingan holda guruhlarga ajratiladi. Guruhlardagi bolalar soni 1 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun — 6 nafar bolani va 1 yoshdan katta yoshdagi bolalar uchun — 8 nafar bolani, ixtisoslashtirilgan guruhlarda, yoshidan qatʼi nazar — 6 nafar bolani tashkil etishi kerak.
35. Bolalar uylaridagi taʼlim va tarbiya dasturlari belgilangan tartibda Agentlik va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining erta va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan talablar hamda ular asosida ishlab chiqilgan taʼlim-tarbiya dasturlariga muvofiq olib boriladi. Taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishda tarbiyalanuvchilarning psixologik-pedagogik xususiyatlari hisobga olingan holda maqbul texnologiyalar, differensiyalashgan yondashuv asosida taʼlim-tarbiya shakllari va usullari tanlanadi.
36. Psixofizik rivojlanishida buzilishlar boʻlgan tarbiyalanuvchilarning taʼlim-tarbiya jarayoni ularning rivojlanishidagi buzilishlarga muvofiq, taʼlim va tarbiyaning individual yoʻnaltirilgan dasturlari boʻyicha tashkil etiladi.
37. Tarbiya, dam olish va turli tadbirlarning psixologik, ijtimoiy va pedagogik asoslangan holda birga qoʻshib olib borilishini taʼminlaydigan kun tartibi tarbiyalanuvchilarning Bolalar uyida kecha-kunduz boʻlishi hisobga olingan holda tuziladi.
7-bob. Bolalar uyini boshqarish
38. Bolalar uyini boshqarish Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Direktor lavozimiga malaka talablari Agentlik tomonidan belgilanadi.
39. Direktor
Bolalar uyi nomidan ish olib boradi, uning manfaatlarini ifodalaydi, Bolalar uyining mol-mulkini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqaradi va shartnomalar tuzadi;
Bolalar uyi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qaror qabul qiladi hamda Bolalar uyiga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz vakolatlari doirasida Bolalar uyining barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;
tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi;
Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati faoliyatini amalga oshirishda tegishli vakolatli organlar bilan hamkorlik qiladi.
40. Bolalar uyida Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish Bolalar uyining ijtimoiy xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy xodimga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining operatori uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
8-bob. Moliya-xoʻjalik faoliyati
41. Bolalar uyining moddiy-texnik bazasi zarur binolar, kommunikatsiyalar, asbob-uskunalar, transport vositalari hamda tibbiy taʼminlash va tarbiyalash uchun foydalaniladigan boshqa mol-mulkdan iborat boʻladi.
Bolalar uyi binosi texnika xavfsizligi qoidalariga, sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq jihozlanadi va undan foydalaniladi.
Bolalar uyini jihozlash va moddiy-texnik bazasi boʻyicha minimal talablar Agentlik tomonidan belgilanadi.
42. Bolalar uyi, shu jumladan Oilani qoʻllab-quvvatlash xizmati faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari hamda maqsadli badallari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
“Onalar maskani”dagi bolalar uchun taʼminot Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun ajratiladigan mablagʻ va meʼyorlar doirasida amalga oshiriladi.
“Onalar maskani”ga qabul qilingan ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar Bolalar uyi uchun ajratiladigan mablagʻ doirasida oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena buyumlari va boshqa zarur buyumlar bilan taʼminlanadi.
43. Bolalar uyini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
44. Jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari hamda maqsadli badallari oʻrnatilgan tartibda Dalolatnoma bilan kirim qilinadi.
45. Budjet mablagʻlarini va budjetdan tashqari mablagʻlarni sarflash muassasa direktori tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
46. Shtat jadvali namunaviy shtat normativlariga muvofiq ishlab chiqiladi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
47. Bolalar uyi vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan moliya va statistika hisobotlarini yuritadi.
48. Bolalar uyi moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
49. Bolalar uyini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
50. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga kelgan nizolarni hal qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
51. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bolalar uyida Oilalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatini tashkil etish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Tartib Bolalar uyida Oilalarni qoʻllab-quvvatlash xizmati (keyingi oʻrinlarda — Xizmat) faoliyatini tashkil etish hamda unda ijtimoiy yetimlikni oldini olish maqsadida tarbiyalanuvchilarni muqobil joylashtirishning boshqa shakllariga berish, ogʻir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari koʻmagisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi boʻlgan onalar, shu jumladan homilador ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlarni koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Tartibda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar — ogʻir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari koʻmagisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi boʻlgan onalar, shu jumladan homilador ayollar;
tarbiyalanuvchilar — Bolalar uyiga qabul qilingan bolalar;
hududiy boshqarmalar — Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari.
3. Xizmat faoliyati mazkur Tartib, Bolalar uylari ustavi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
4. Hududiy boshqarma Xizmat faoliyatini muvofiqlashtiradi.
2-bob. Xizmatning maqsadi va vazifalari
5. Xizmat tarbiyalanuvchilarni oʻz oilalariga yoki boshqa muqobil joylashtirish shakllariga berishda vakolatli organga koʻmaklashish, ogʻir hayotiy vaziyatdagi oilalarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlar koʻrsatish orqali ijtimoiy yetimlikni oldini olish maqsadida tashkil etiladi.
6. Xizmat quyidagi yoʻnalishlarda vakolatli organga koʻmaklashadi:
tarbiyalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiylashuvi va reabilitatsiyasi uchun sharoitlar yaratish;
tarbiyalanuvchilarni oʻz oilasiga qaytarish;
yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni boshqa muqobil joylashtirish shakllariga berish;
“Onalar maskani” — ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish.
7. Xizmat:
tarbiyalanuvchilarning shaxsiy hujjatlarini oʻrganadi va ularning ijtimoiy maqomini belgilashda vakolatli organga koʻmaklashadi;
tarbiyalanuvchilarning mulkiy va nomulkiy huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga koʻmaklashadi;
tarbiyalanuvchilarga va ularning mol-mulkiga nisbatan qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortishga koʻmaklashadi;
tarbiyalanuvchilarning qarindoshlarini aniqlaydi va ular bilan aloqa oʻrnatish choralarini koʻradi;
rivojlanishning ijtimoiy, psixologik, pedagogik va tibbiy muammolarini kompleks tahlil qiladi va aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha xizmatlarni tashkil qiladi;
bolalarning individual-psixologik va fiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda individual rivojlanish dasturlarini amalga oshiradi;
tarbiyalanuvchilarning ota-onalarini izlash, ularni farzandi oldidagi ota-onalik majburiyatlarini bajarishga jalb qilishga ishtirok etadi;
tarbiyalanuvchilarning qarindoshlari orasidan ularni oʻz tarbiyasiga olish istagini bildirganlarini aniqlashga koʻmaklashadi;
vakolatli organ bilan birgalikda ota-onalar yoki qarindoshlarni bolani oʻz oilasiga qabul qilishga tayyorlaydi;
tarbiyalanuvchini oʻz oilasiga qaytarishga tayyorlaydi;
yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oʻz oilasiga olish istagini bildirgan shaxslarni tanlashda ishtirok etadi;
vasiylikka, farzandlikka oluvchilarni va tutingan ota-onalarni bolani qabul qilishga tayyorlashga koʻmaklashadi;
https://neolex.uz/uz/laws/law-7300162
