Faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (892-son)
27.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 25-noyabrdagi PQ-405-son qaroriga muvofiq kambagʻal oilalarning iqtisodiy faolligini oshirishni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash hamda ularni yanada ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-noyabrdagi PQ-405-son qarori bilan mahallalarda katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan obroʻ-eʼtiborli uch nafar faol nuroniyni beshtadan kambagʻal oilaga biriktirish orqali ularni kambagʻallikdan chiqarishga koʻmaklashish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish toʻgʻrisidagi takliflar maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mahallalarda faol nuroniylarni tanlab olish va ragʻbatlantirish tartibi;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish xarajatlarini qoplab berish tartibi;
mahallaning keksa yoshdagi fuqarolarining sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish tartibi.
21. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlarini oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan taʼminlash ularning qiymatini fuqaroning ijtimoiy kartasiga oʻtkazib berish orqali amalga oshiriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan birgalikda 2025-yil yanvar oyi yakuniga qadar ushbu qaror talablari asosida faol nuroniylarni tanlab olib, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish choralarini koʻrsin.
4. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan birgalikda 2025-yil 10-fevralga qadar “Onlayn mahalla” elektron platformasida ushbu qarorga muvofiq tanlab olingan faol nuroniylar uchun alohida modulni ishga tushirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
892-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 892-son qaroriga ILOVA
Faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga taʼlim olishlari uchun oʻquv jihozlari va qurollari, sport kiyimlarini xarid qilish, keksa fuqarolarning sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
moliyaviy agent — oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari xarid qilish uchun mablagʻlarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlarining ijtimoiy kartalariga oʻtkazishga masʼul boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan tijorat banki;
faol nuroniy — aholi orasida hurmat va eʼtiborga sazovor boʻlgan, biriktirilgan hududda doimiy yoki vaqtincha yashovchi 55 yoshdan 75 yoshgacha boʻlgan mahalla faollari.
2-bob. Faol nuroniylar roʻyxatini shakllantirish va ularni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — “Nuroniy” jamgʻarmasi) hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boʻlimlari bilan birgalikda har bir mahalladan uch nafardan faol nuroniylarni quyidagi mezonlar asosida tanlab oladi:
biriktirilgan hududda doimiy yoki vaqtincha yashashi hamda ellik besh yoshga toʻlgan va yetmish besh yoshdan oshmagan (yetmish besh yosh ham) boʻlishi;
aholi orasida hurmat va eʼtiborga sazovor ekanligi;
oila aʼzolaridan biri “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilmaganligi;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlmagan holda ishga layoqatli ekanligi;
oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilanmaganligi hamda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari yoʻqligi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj emasligi, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolmaganligi, shuningdek, psixologik maslahatga muhtoj boʻlmasligi;
zoʻravonlik va ekspluatatsiya, tabiiy ofatlar, halokatlar, yongʻinlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sogʻligʻiga zarar yetmagan boʻlishi;
dehqonchilik yoki tomorqa xoʻjaligini faol yuritayotganligi.
4. Tanlab olingan uch nafardan faol nuroniylarga yashab turgan joyi boʻyicha 5 tadan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila olti oy muddatga biriktiriladi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamgʻarmasining tavsiyasiga asosan tanlab olingan faol nuroniylarning sogʻligʻi va oilaviy sharoitiga bogʻliq Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar boshqa faol nuroniylarga qayta biriktirilishi mumkin.
5. Faol nuroniylar biriktirilgan oilalar bilan ishlashda “mahalla yettiligi” bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
3-bob. Faol nuroniylarni ragʻbatlantirish va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash
1-§. Faol nuroniylarni ragʻbatlantirish tartibi
6. “Nuroniy” jamgʻarmasi va tanlab olingan faol nuroniylar oʻrtasida faol nuroniylarni ragʻbatlantirish maqsadida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar rasmiylashtiriladi.
Bunda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boʻlimlari faol nuroniylar bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni rasmiylashtirish ishlariga koʻmaklashadi.
7. Tanlab olingan faol nuroniylar ularga yuklangan vazifalarni bajarishlari uchun “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan har oyning 25-sanasidan kechikmagan holda, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar ularning roziligiga koʻra bank plastik kartalariga toʻlab beriladi.
Faol nuroniylarning bank plastik kartalari mavjud boʻlmagan taqdirda, istisno tariqasida, naqd pul shaklida toʻlanishi mumkin.
8. Oyning oxirgi ish kunida qaydnomalar yopiladi, tayinlangan, biroq oʻz vaqtida talab qilib olinmagan ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar tegishli tijorat bankidagi oluvchining nomidagi maxsus depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va oluvchining birinchi talabiga koʻra toʻlanadi.
Tijorat banki tomonidan oyning 27-sanasiga qadar toʻlanmagan ragʻbatlantiruvchi toʻlovga yoʻnaltirilgan mablagʻlar har oyning oxirida tegishli hisobvaragʻiga qaytariladi.
Talab qilib olinmagan ragʻbatlantiruvchi toʻlov mablagʻlari belgilangan tartibda “Nuroniy” jamgʻarmasining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga qaytariladi.
2-§. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash tartibi
9. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
10. Faol nuroniylar ikki ish kuni ichida oʻzlariga biriktirilgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining bilim olishlari uchun shart-sharoit yaratish maqsadida, ularning oʻquv jihozlari (ustuvor ravishda dars stol-stuli) va qurollari hamda sport kiyimlariga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlaydi va bir ish kuni ichida ularni xarid qilish boʻyicha “Nuroniy” jamgʻarmasiga tavsiya beradi.
Tavsiyani rasmiylashtirishda faol nuroniyga mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchisi) va ijtimoiy xodim koʻmaklashadi.
Tavsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqaro hamda faol nuroniy masʼul hisoblanadi.
11. Oʻrganish natijasida notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etganligi aniqlangan taqdirda, mablagʻ ajratish rad etiladi hamda bu haqida “Nuroniy” jamgʻarmasi bir ish kunida rad etish sabablarini koʻrsatilgan holda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaga xabarnoma yuboradi.
12. “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari uch ish kuni ichida:
hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim bilan birgalikda faol nuroniy tavsiyasini va yuborilgan hujjatlarni oʻrganib chiqadi;
oʻrganish natijasiga koʻra (agarda xulosa va hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topsa) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlarining bilim olishlari uchun shart-sharoit yaratish maqsadida faol nuroniyga biriktirilgan har bir Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilishga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridan oshmagan miqdorda mablagʻ ajratish toʻgʻrisida “Nuroniy” jamgʻarmasi hududiy boʻlimlarining tegishli buyrugʻi qabul qilinadi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish uchun ajratiladigan mablagʻlar 2026-yil 1-yanvardan boshlab oila aʼzosining tanloviga asosan uning nomiga ochilgan “ijtimoiy karta”ga pul koʻchirish yoʻli bilan amalga oshirilishiga ruxsat beriladi. Bunda “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari tomonidan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandiga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari xaridi uchun mablagʻ ajratish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi. Tegishli buyruq qabul qilingan kunning oʻzida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila aʼzosining “ijtimoiy karta”siga mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
Buyruqda oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarining va ularni xarid qilish uchun ajratiladigan mablagʻ miqdori aniq koʻrsatiladi.
13. “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasi buyruq rasmiylashtirilgandan keyin oʻn ish kuni ichida buyruqda koʻrsatilgan oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qiladi. Bunda 2027-yil 1-yanvardan boshlab hududiy boʻlinma oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarining qiymatini fuqaroning ijtimoiy kartasiga oʻtkazib beradi.
Oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari xaridini tasdiqlovchi hujjatlar va dalolatnomaga asosan uch ish kuni ichida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotining hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
Buyurtmada yetkazib beruvchiga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila istiqomat qiladigan mahalla idorasining yuridik manzili koʻrsatilishi lozim.
14. Oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandiga dalolatnoma asosida uch ish kuni ichida faol nuroniy, mahalla raisi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy vakillari tomonidan topshiriladi.
15. “Mahalla yettiligi” tomonidan faol nuroniylar tomonidan biriktirilgan oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga koʻmaklashish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijadorligi, shuningdek, oʻquv jihozlari, qurollari, sport kiyimlari xarid qilinganligi monitoring qilib boriladi.
16. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ushbu yordam turidan foydalanish huquqi bir marta beriladi.
3-§. Keksa yoshdagi fuqarolarning sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi
17. Keksa yoshdagi fuqarolarning sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
18. Faol nuroniylar har oyda mahallalar, tuman (shahar), viloyat miqyosida oʻtkaziladigan sport tadbirlarini aniqlaydi va mahallaning keksa yoshdagi fuqarolarining tashkil etiladigan sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish boʻyicha sport tadbirlari boshlanishidan oʻn kun oldin “Nuroniy” jamgʻarmasiga tavsiya beradi.
19. Mahallaning keksa yoshdagi fuqarolarining viloyat, tuman (shahar) miqyosida tashkil etiladigan sport tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari faol nuroniy tavsiyasi asosida “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda har bir mahallaga ajratiladigan mablagʻlar miqdori yiliga oʻrtacha 10 mln soʻmdan oshmasligi lozim.
20. Tavsiyani rasmiylashtirishda faol nuroniyga hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim koʻmaklashadi.
21. Mazkur paragrafda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham mablagʻlar ajratilishi mumkin.
22. “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari uch ish kuni ichida taqdim etilgan tavsiya va unga ilova qilingan hujjatlarning asosliligini oʻrganib chiqadi.
Oʻrganish natijasiga koʻra (agarda xulosa va hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topsa) koʻrsatilgan sport tadbirlarida ishtirok etish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida “Nuroniy” jamgʻarmasi hududiy boʻlimlarining tegishli buyrugʻi qabul qilinadi.
23. “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari buyruq rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida buyruqda koʻrsatilgan sport tadbirlarida ishtirok etish maqsadida belgilangan tartibda transport vositalari xizmatlarini xarid qiladi.
24. “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari hamda faol nuroniy tavsiyasi asosida sport tadbirlarida ishtirok etish maqsadida ijaraga olingan transport vositalari, ochiq va yopiq sport maydonchalari toʻlovi uchun xizmat koʻrsatuvchi tashkiloti oʻrtasida shartnoma tuziladi.
25. Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va haqqoniyligi uchun sport tadbirida ishtirok etuvchilar javobgar hisoblanadi.
26. Gʻoliblar aniqlangandan soʻng “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari tomonidan uch ish kuni ichida sport tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari uchun belgilangan mablagʻlar sport tadbirlarida ishtirok etganligini tasdiqlovchi hujjatlar va xizmat koʻrsatganlik uchun hisob-faktura va dalolatnomaga asosan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotining hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
27. Koʻrsatilgan xizmatlar dalolatnoma asosida faol nuroniy, mahalla raisi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy vakillari tomonidan rasmiylashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Ushbu Nizomda belgilangan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Nuroniy” jamgʻarmasi uchun ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi.
29. Aholi orasida hurmat va eʼtiborga sazovor boʻlgan keksa avlod vakillaridan faol nuroniylarni tanlab olish va ularga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilani biriktirish hamda ularning faoliyati boʻyicha tahliliy maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boriladi.
30. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddatlar1-bosqichFaol nuroniy1. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish bilan bogʻliq ehtiyojlarni aniqlaydi.1. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila biriktirilgandan boshlab 2 ish kuni ichida2. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilishga tavsiya beradi.2. Ehtiyojlar aniqlangach 1 ish kuni ichida2-bosqich“Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari1. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlariga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish boʻyicha tavsiyalarni oʻrganib chiqadi.2. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandiga oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish uchun mablagʻ ajratish toʻgʻrisida tegishli buyruq qabul qiladi.3 ish kuni ichida3-bosqich“Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlari1. Buyruqda koʻrsatilgan shaxslar boʻyicha toʻlov qaydnomalarini moliyaviy agentga taqdim etadi.2. Zarur mablagʻlarni moliyaviy agentning maxsus hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.10 ish kuni ichida4-bosqichMoliyaviy agentToʻlov roʻyxatiga asosan mablagʻlarni fuqaroning ijtimoiy kartasiga oʻtkazib beradi.3 ish kuni ichida5-bosqichFaol nuroniy, mahalla raisi, “Nuroniy” jamgʻarmasining hududiy vakillariOʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarining xarid qilinganligini monitoring qiladi.3 ish kuni ichida
Faol nuroniylarni Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga biriktirish hamda mahallada sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Keksa yoshdagi fuqarolarning tashkil etiladigan sport tadbirlarida ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish
SXEMASI
