Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (903-son)
30.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kichik va oʻrta tadbirkorlikni moliyalashtirishda qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish, taklif etilayotgan moliyaviy xizmat turlarini kengaytirish, shuningdek, islomiy moliyalashtirish salohiyatini oshirish orqali kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — ITB) oʻrtasida 2024-yil 18-aprelda “Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga jami 30 mln AQSh dollari miqdorida hadli va agentlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar imzolanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi va ITB (Rivojlanish uchun islom birdamlik jamgʻarmasi nomidan) oʻrtasida 2024-yil 18-aprelda loyihani moliyalashtirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga jami 10 mln AQSh dollari miqdorida qarz bitimi imzolanganligi;
loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hissasi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish koʻrinishida 0,3 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlarni tashkil etayotganligi;
loyihani amalga oshirish uchun loyihaoldi baholash hujjatlari ITB tomonidan maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
ITB ning 30,0 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari loyihada ishtirok etayotgan “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga (keyingi oʻrinlarda — ishtirok etuvchi tijorat banki) va 7,5 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) resurs sifatida taqdim etiladi;
ITB qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlar xarajatlari ishtirok etuvchi tijorat banki, Kompaniya hamda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
Loyiha 2025 — 2027-yillar davomida amalga oshiriladi;
Loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Loyihani amalga oshirish guruhi (keyingi oʻrinlarda — LAOG) tashkil etiladi;
Loyihani amalga oshirish davrida LAOG faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Quyidagilar:
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari boʻyicha moliyalashtirish manbalari 1-ilovaga muvofiq;
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi boʻyicha ITB va ITB (Rivojlanish uchun islom birdamlik jamgʻarmasi nomidan) mablagʻlarini qaytarish manbalari 2-ilovaga muvofiq;
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida ITB qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning prognoz jadvali 3 va 3.1-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda loyiha doirasida beriladigan qarzni qayta moliyalashtirish muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash hamda baholash mezonlarini belgilagan holda, ITB qarzidan ITB tartib-taomili boʻyicha foydalanish tartibini tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ITB mablagʻlarini ishtirok etuvchi tijorat banki hamda Kompaniya bilan belgilangan tartibda qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash, shuningdek, zarur hollarda ushbu bitimlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi va ITB oʻrtasida imzolangan hadli kelishuv, agentlik kelishuvi, qarz bitimi va loyiha kuchga kirishi uchun talab qilinadigan boshqa bitimlar boʻyicha yuridik xulosa bersin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-dekabr,
903-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 903-son qaroriga 1-ILOVA
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari boʻyicha moliyalashtirish manbalari
* Loyihada ishtirok etayotgan Biznesni rivojlantirish banki tomonidan loyihadagi qarz mablagʻlaridan boshqa manbalar hisobidan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirish. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan loyihadagi qarz mablagʻlaridan boshqa manbalar hisobidan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga kafilliklar berish.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 903-son qaroriga 2-ILOVA
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi boʻyicha ITB va ITB (Rivojlanish uchun islom birdamlik jamgʻarmasi nomidan) mablagʻlarini qaytarish manbalari
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 903-son qaroriga 3-ILOVA
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida ITB qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 903-son qaroriga 3.1-ILOVA
“Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida ITB qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI
* 10 yillik oʻrtacha SVOP koʻrsatkichi foiz stavkasi va oldindan toʻlov miqdori qarz mablagʻlari haqiqatda oʻzlashtirilganda aniqlanadi.
** ITB Hadli kelishuv bitimi boʻyicha mablagʻlarni boʻlib toʻlash umumiy qiymati va mablagʻlarni qaytarish sanalari qarz mablagʻlari yechilgan kundan boshlab aniqlanadi.
