Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-229-son)
27.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20-dekabr kuni yetakchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqoti doirasida bildirilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida:
1. Qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi stavkalari 2028-yil 1-yanvarga qadar oshirilmasligi belgilab qoʻyilsin.
2. 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda soligʻi stavkasi 2 foiz va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilansin:
har oyda oʻrtacha ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;
hisobot davrida toʻquv (trikotaj mato, ip-gazlama va paypoq mahsulotlari), tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 70 foizini tashkil etganda.
Ushbu bandda belgilangan imtiyozlardan foydalanish uchun barcha shartlarning bir vaqtda bajarilganligi soliq organlari tomonidan inson omilisiz avtomatik tarzda hisobot choragi yakunlari boʻyicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar aniqlanadi.
Bunda mazkur shartlar tegishli chorakning har bir oyida bajarilganda, soliq imtiyozi ushbu chorak uchun qoʻllaniladi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu bandda belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanilgandan soʻng soliq hisobotlarini qayta taqdim etish orqali belgilangan shartlarga rioya etmaganlik holati aniqlanganda, soliq imtiyozi bekor qilinib, soliqlar penya hisoblangan holda hisoblab chiqariladi va budjetga undiriladi.
3. 2025-yil 1-apreldan boshlab daromadidan qatʼi nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi yoki tibbiy xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etilsin.
Bunda realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi yoki virtual kassa cheklari, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar hamda boshqa tashqi va ichki maʼlumotlar asosida soliq organlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisobotlar avtomatik tarzda shakllantirib borilishi nazarda tutilsin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur Farmonning 2 va 3-bandlaridan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning Savdo-sanoat palatasi qoshida Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga koʻmaklashish markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin. Bunda:
Markaz tadbirkorlik subyektlariga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlaridan davlat kafolatisiz mablagʻlar jalb qilish boʻyicha konsalting xizmatlar koʻrsatadi;
Markazda har yili kamida 100 nafar tadbirkorlik subyektiga xizmat koʻrsatiladi;
Markazni joylashtirish, saqlash, xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish va Markaz faoliyati bilan bogʻliq boshqa xarajatlar Savdo-sanoat palatasining Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank Markaz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun yaqindan amaliy yordam koʻrsatib borsin.
6. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2025-yilda aylanma mablagʻlarini toʻldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) uning talabnomasiga asosan 5 yil muddatga 2028-yil 1-yanvardan qaytarish sharti bilan 2 foiz stavkada 100 million AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha mablagʻ ajratsin.
7. Belgilansinki, Kompaniya tomonidan:
qishloq xoʻjaligi, sanoat va savdo korxonalarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun ajratiladigan kreditlarni moliyalashtirishga tijorat banklariga moliyaviy resurslar ajratiladi;
tijorat banklarining aylanma mablagʻlarini toʻldirishga ajratiladigan kreditlar uchun kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 10 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etiladi;
taqdim etiladigan kafillik boʻyicha yuzaga keladigan majburiyatlarni bajarish uchun Kompaniya mablagʻlari hisobidan 50 million AQSH dollari miqdorida depozit mablagʻlari shakllantiriladi. Bunda Kompaniya tomonidan taqdim etiladigan kafilliklarning maksimal miqdori shakllangan depozit mablagʻlari miqdoridan oshmasligi kerak.
8. Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tadbirkorlik subyektlariga 2025-yil 1-yanvardan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish va maxsus idishlarda qadoqlash loyihalari hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Kompaniya resurslari hisobidan milliy valyutada revolver kreditlarni tijorat banklari orqali ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev:
Savdo-sanoat palatasi takliflariga koʻra bir oy muddatda Kompaniya tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari kreditlari uchun kafillik taqdim etish tartibini, shuningdek, sanoat, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash shartlarini tasdiqlasin. Bunda Kompaniya tomonidan moliyaviy resurslar ajratish tartibotlarini soddalashtirish nazarda tutilsin;
Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlarini belgilab borsin. Bunda Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish uchun ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan yillik 2 foiz stavkada Kompaniyaga aylanma mablagʻni toʻldirishga kreditlar uchun resurslar berish maqsadlariga har beshinchi yilda qaytarish sharti bilan budjet ssudasi ajratish tizimi yoʻlga qoʻyilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Jamoatchilik kengashi) quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Jamoatchilik kengashini 1-ilovaga muvofiq yangilagan tarkibda tashkil qilish;
b) Jamoatchilik kengashi va ekspert guruhlar yigʻilishlarini oyiga kamida bir marotaba:
vakolatli organlar, jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi rahbarlari;
Bosh vazir oʻrinbosarlari (J.A. Qoʻchqorov, J.A. Xodjayev) ishtirokida oʻtkazib borish;
v) Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida koʻtarilgan masalalar va ularning yechimi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish.
12. Tadbirkorlik masalalari bilan ishlashning quyidagi tartibi joriy etilsin:
a) Bosh vazir oʻrinbosarlari, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari rahbarlari har oy grafik asosida:
mahallalarga chiqqan holda hamda tematik yondashuv asosida tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlar tashkil qiladi, tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlaydi va muammolar tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlaydi;
yillik daromadi 1 trillion soʻmdan oshgan, 5 mingdan ortiq ish oʻrinlarini yaratgan hamda kamida 100 milliard soʻm soliq toʻlayotgan yetakchi (“chempion”) tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini shakllantirgan holda ular masalalari bilan manzilli ishlashni tashkil qiladi hamda boshqa tadbirkorlik subyektlarini ushbu toifaga olib chiqish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
hal etilgan muammolar boʻyicha yigʻma maʼlumot hamda tizimli masalalar yechimi yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Jamoatchilik kengashiga taqdim etadi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri har chorakda:
rahbarlar, hududlar va yoʻnalishlar kesimida tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashish grafigini tasdiqlaydi;
Jamoatchilik kengashi aʼzolari va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuvlar oʻtkazadi;
tadbirkorlik subyektlari masalalarini koʻrib chiqish natijalari, shuningdek, murojaatlarda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini xabardor qiladi.
13. Savdo-sanoat palatasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasini (keyingi oʻrinlarda — platforma) doimiy ravishda ishlash rejimiga oʻtkazsin.
Belgilansinki:
ushbu Farmonning 12-bandiga muvofiq tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan murojaatlar platformaga kiritiladi, vakolatli organlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi;
Biznes-ombudsman platformaga kiritilgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatiga rioya etish ustidan nazorat oʻrnatadi hamda qonunbuzilish holatlari boʻyicha tegishli taʼsir choralarini qoʻllaydi.
14. Tadbirkorlik subyektlari tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Hisob palatasi tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb qilgan holda Kompaniya mablagʻlari hisobidan beriladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hajmining ishlab chiqarish va eksport hajmining oshishi, ish oʻrinlarining yaratilishi, soliq tushumlari va bank aylanmasining koʻpayishi nuqtai nazaridan samaradorligini tahlil qilib, har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-dekabr,
PF-229-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-son Farmoniga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi
TARKIBI
T/rF.I.Sh.Lavozimi1.D.A. Vaxabov—Savdo-sanoat palatasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi2.A.A. Buriyev—Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil3.A.A. Abbosxoʻjayev—“Grand Pharm Trade” MCHJ taʼsischisi4.Sh.Sh. Ergashev—“Orient-Confection” MCHJ taʼsischisi5.Z.K. Xashimov—“Anglesey Food” MCHJ XK kuzatuv kengashi raisi 6.K.T. Abdulloyev—“Sam Antep Gilam” MCHJ taʼsischisi7.J.A. Artikxodjayev—“Akfa group” korxonasi taʼsischisi8.F.F. Mamatdjonov—“Uztex Group” MCHJ QK taʼsischisi9.M.T. Nazarov—“Murad Buildings” MCHJ taʼsischisi10.N.K. Komilov—“Stdhealthmed” MCHJ taʼsischisi11.T.M. Sharipov—“Procab” MCHJ taʼsischisi12.I.T. Abduraxmanov—“Paxtakor teks” MCHJ rahbari13.P.R. Mirzayev—“Manar Group” MCHJ taʼsischisi14.J.A. Shakirov—“Uzbekistan Hydrogen Peroxide” MCHJ taʼsischisi15.J.X. Ismatullayev—“Chust Textile” MCHJ taʼsischisi16.Sh.Sh. Ilhomov—“Navroʻz-PTK” MCHJ taʼsischisi17.Sh.A. Jalolov—“Agromir Buildings” MCHJ taʼsischisi18.F.F. Ilyasov—“Mezon Business” MCHJ taʼsischisi19.S.Z. Abasxanov—“Global Export Company” MCHJ taʼsischisi20.U.Sh. Rustamov—“Click” AJ direktori21.R.A. Abdullayev —“Almerro Group” MCHJ taʼsischi22.Sh.Sh. Djumayev—“Navbahor Tekstil” MCHJ taʼsischisi23.X.X. Nasrullayev—“Realsoft” MCHJ taʼsischisi24.A.D. Hasanov—“Veritas Inter Lex” advokatlik firmasi rahbari25.D.J. Axmatov—“Prae Legal” advokatlik firmasi rahbari26.A.J. Qurbonov—“International Business audit and consulting” MCHJ taʼsischisi27.U.T. Raximov—“Kids Plate Distrubition” MCHJ taʼsischisi28.S.S. Nasretdinov—“Uniagri Group” MCHJ taʼsischisi29.U.A. Safarov—“United Tax Advisors” MCHJ taʼsischisi30.Z.B. Mustafayev—“Uzbek Leasing International” AJ bosh direktori31.O.O. Bakirov—Iqtisodchi, jamoatchilik faoli32.A.A. Shamsiyev—“Ako Shams Consulting” MCHJ taʼsischisi33.L.Yo. Xamidov—“Tasnif Group” MCHJ taʼsischisi34.M.I. Akramov—“Technologies of Real Time” MCHJ taʼsischisi35.L.Sh. Mirzayeva—“Khiva Plaza” MCHJ direktori36.D.U. Islamova—“Dodo Pizza Tashkent” MCHJ taʼsischisi37.M.M. Niyazmuxamedov—Oʻzbekiston quruvchilar assotsiatsiyasi raisi38.Sh.M. Boqiyev—“Turon-Himoyasi” advokatlik firmasi taʼsischisi39.S.S. Jumaniyazov—“American Hospital” MCHJ QK rahbari40.S.A. Niyazov—Savdo-sanoat palatasi rais maslahatchisi, Jamoatchilik kengashi kotibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-son Farmoniga 2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5989-son Farmoni 8-bandining “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6260-son Farmonining 8-bandi ikkinchi xatboshisidagi “100 million AQSH dollari” soʻzlari “70 million AQSH dollari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-145-son Farmonining 1 va 4-bandlaridagi hamda 1-ilovaning nomlanishidagi “2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2026-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-martdagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-41-son Farmonining 1-bandidagi va ilovaning nomlanishidagi “2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2026-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-93-son Farmonining 5-bandida:
a) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. 2023 — 2026-yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 500 million AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochilsin”;
b) uchinchi xatboshidagi “100 million AQSH dollari” soʻzlari “85 million AQSH dollari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi “Isteʼmol bozorlarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-217-son Farmonida:
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvarga qadar kimyoviy tarkibi oʻzgartirilmagan holda tozalangan yoki tozalanmagan kungaboqar, maxsar yoki paxta moyi va ularning fraksiyalarini (TIFTN kodi 1512) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi “Yoqilgʻi-energetika resurslari hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan taʼminlash borasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiisteʼmolchiliklar va talon-torojliklar sharoitini tugatish, toʻlov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3386-son qaroriga ilovaning 13-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3693-son qarorining 5-bandi uchinchi xatboshisidagi “TIF TN boʻyicha 4104, 4105, 4106 21 000 0 kodlari” soʻzlari “TIF TN boʻyicha 4104 kodi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-sentabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4453-son qarorining 2-bandida:
“a” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “TIF TN boʻyicha 4104, 4105, 4106 21 000 0 kodlari” soʻzlari “TIF TN boʻyicha 4104 kodi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” va “v” kichik bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qaroriga ilova quyidagi mazmundagi 103-band bilan toʻldirilsin:
“103. Artemiya sistalarini yigʻish va topshirish”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qarori 3-bandining “a” kichik bandi va 2-ilovaning nomlanishidagi “2025-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2030-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha Xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabini tashkil etish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-288-son qarorining 3-bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentlarining Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilayotgan tovarlari bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda, zaruratga koʻra Tashqi ishlar vazirligining tasdigʻi asosida, bojxona yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladi;
gumanitar yuklarning xususiyati bojxona organlari tomonidan tovar yoʻl yuk hujjatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilgan xat asosida tasdiqlanadi”.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-292-son qarorida:
a) 11-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 1-ilovada:
12-pozitsiya chiqarib tashlansin;
31-pozitsiyaning “mazmuni” ustunidagi 2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
v) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-331-son qarori 4-bandining “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi “Xorazm viloyatida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-89-son qarorining 1-bandi birinchi xatboshisidagi “100 million AQSH dollari” soʻzlari “60 million AQSH dollari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-avgustdagi “Sanoat sohasida nufuzli xalqaro brendlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy brendlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-286-son qaroriga 3-ilovaning 19-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustuni 1-bandidagi “25 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ” soʻzlari “mablagʻlar” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Amalga oshirish muddati” ustunidagi “2024-yil sentabr — dekabr” soʻzlari “2024-yil 1-sentabrdan boshlab” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Izoh: ushbu ilovaning 1, 7 — 9 va 14-bandlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
