8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining telekommunikatsiyalar sohasidagi vakolatlari
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
telekommunikatsiyalar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
telekommunikatsiyalar sohasida aholi, biznes va davlat oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
telekommunikatsiyalar xizmatlari turlarini kengaytirish, telekommunikatsiyalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini amalga oshiradi;
telekommunikatsiyalar infratuzilmasini himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish choralarini koʻradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
litsenziyalarni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartibi hamda shartlarini, shuningdek faoliyatning ayrim turlari uchun litsenziyalar berish boʻyicha tanlovlar (tenderlar) oʻtkazish tartibini belgilaydi;
telekommunikatsiyalar sohasidagi tartibga soluvchi organni (bundan buyon matnda tartibga soluvchi organ deb yuritiladi) belgilaydi;
telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi mobil qurilmalarning oʻziga xos xalqaro identifikatsiya kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
