6-modda. Telekommunikatsiyalar tarmoqlari
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari belgilangan maqsadiga koʻra umumiy foydalanishdagi, idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlariga boʻlinadi.
Aloqa liniyasi umumiy foydalanish, idoraviy, ajratilgan, shu jumladan umumdavlat vazifalarini bajaruvchi telekommunikatsiyalar tarmoqlarining ajralmas qismidir.
Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatishning yagona prinsiplari, ularni taqdim etish va haq toʻlash tartibi asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha yuridik va jismoniy shaxslarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish uchun moʻljallangan telekommunikatsiyalar tarmoqlari umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlari jumlasiga kiradi. Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmogʻida telekommunikatsiyalar xizmatlari koʻrsatish qoidalari telekommunikatsiyalar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish va maxsus ehtiyojlarini taʼminlash uchun moʻljallangan, ularning ixtiyorida boʻlgan va ular tomonidan foydalaniladigan telekommunikatsiyalar tarmoqlari idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlari jumlasiga kiradi. Idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan boshqa foydalanuvchilarga telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish uchun ham foydalanilishi mumkin.
Ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlari jumlasiga foydalanuvchilarning muayyan doirasiga xizmatlar koʻrsatish uchun yuridik shaxslarning tijorat maqsadlarida yaratiladigan telekommunikatsiyalar tarmoqlari kiradi.
Idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlarining operatorlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish qoidalari ushbu telekommunikatsiyalarning operatorlari yoki provayderlari tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Operatorlar va provayderlar aktiv hamda passiv telekommunikatsiyalar infratuzilmasidan, shuningdek aloqa kanallaridan, radiochastota spektridan qonunchilikka muvofiq shartnoma asosida birgalikda foydalanishi mumkin.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlaridagi yoʻldosh aloqa tizimlari va kanallaridan qonunchilikda belgilangan talablar asosida foydalaniladi.
