3-modda. Asosiy tushunchalar
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aloqa liniyasi — signallar uzatgichdan qabul qilgichga uzatilishini va tarqatilishini taʼminlovchi qurilmalarning, inshootlarning hamda kabel liniyalarining va (yoki) radioliniyalarning majmui;
domen nomi — axborot resursiga yoki axborot tizimiga berilgan, ularni Internet jahon axborot tarmogʻida identifikatsiyalash uchun xizmat qiladigan noyob nom;
domen nomlari tizimi — Internet jahon axborot tarmogʻida domen nomlarini berish, roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi;
tarif rejasi — telekommunikatsiyalar operatori va telekommunikatsiyalar xizmatlari provayderi tomonidan telekommunikatsiyalar xizmatlaridan foydalanuvchilarga bir yoki bir nechta xizmatdan foydalanish uchun taqdim etiladigan narxlar va texnik shartlar majmui;
tarmoqlararo ulanishlar — telekommunikatsiyalar xizmatlaridan foydalanuvchilar oʻrtasida axborotning uzatilishi va qabul qilinishini taʼminlaydigan turli telekommunikatsiyalar operatorlari telekommunikatsiyalar tarmoqlarining texnologik hamkorligi;
telekommunikatsiyalar — axborotning belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar, video tarzidagi yoki boshqa turdagi signallarini oʻtkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlardan foydalangan holda uzatish, qabul qilish va ularga ishlov berish;
telekommunikatsiyalar vositalari (telekommunikatsiyalar infratuzilmasi) — telekommunikatsiyalar uskunalari, telekommunikatsiyalar inshootlari, kabel liniyalari hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi tizimlar;
telekommunikatsiyalar inshootlari (passiv telekommunikatsiyalar infratuzilmasi) — telekommunikatsiyalarning amalga oshirilishini taʼminlovchi binolar, moslamalar, tayanchlar, machtalar, tarqatish qutilari, shkaflar va boshqalar;
telekommunikatsiyalar operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida telekommunikatsiyalar infratuzilmasiga ega boʻlgan, uning ishlashini, rivojlanishini taʼminlovchi va telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
telekommunikatsiyalar tarmogʻi — aloqa liniyalari yoki aloqa kanallari orqali oʻzaro bogʻlangan, telekommunikatsiyalarni amalga oshiradigan uskunalar majmui;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini attestatsiyadan oʻtkazish — telekommunikatsiyalar tarmoqlari himoyalanganlik holatining axborot xavfsizligi sohasidagi milliy standartlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui;
