24-modda. Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Odamlarning qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻiga yoxud atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda tartibga soluvchi organ telekommunikatsiyalar infratuzilmasidan ustuvor foydalanishga hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish boʻyicha ishlarni markazlashtirilgan holda boshqarishga, shuningdek ularning ishlashini cheklashga yoki toʻxtatib turishga haqli.
Operatorlar va provayderlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollar toʻgʻrisida aholini xabardor qilishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan vositalar oʻrnatilishini va ulardan foydalanilishini taʼminlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda telekommunikatsiyalar tarmoqlari hamda vositalaridan foydalanish chogʻida operatorlar va provayderlarga yetkazilgan zararlarning oʻrni davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Operatorlar va provayderlar odamlarning dengizdagi, yerdagi, havodagi, kosmik fazodagi xavfsizligiga, mudofaa, xavfsizlik va huquq-tartibotni saqlash sohasidagi kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlarni oʻtkazishga taalluqli barcha xabarlarga, shuningdek yirik avariyalar, falokatlar, epidemiyalar, yongʻinlar va boshqa favqulodda vaziyatlar haqidagi xabarlarga mutlaq ustuvorlik berishi kerak.
