4-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sir ‒ oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar;
davlat sirlari ‒ oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarining yoʻqotilishi — davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni yoki xizmat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlardan, buyumlardan yoki vositalardan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan holda foydalanish natijasida davlat sirlarini tashuvchilarning oʻz qonuniy egalari tasarrufidan chiqib ketishi;
davlat sirlarini oshkor etish — xizmat yoki kasbiy faoliyati munosabati bilan davlat sirlari oʻziga ishonib topshirilgan yoki davlat sirlari oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxs tomonidan davlat sirlarini belgilangan tartibni buzgan holda oʻzga shaxsga berish, eʼlon qilish yoki boshqacha tarzda tarqatish hamda buning oqibatida ushbu davlat sirlarining ularning qonuniy egalari boʻlmagan shaxslarga maʼlum boʻlib qolishi;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan fizik maydon;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
davlat sirlaridan foydalanish huquqi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning rahbari tomonidan shaxsga uning xizmat vakolatlariga muvofiq beriladigan muayyan maxfiy maʼlumotlar bilan tanishish va (yoki) davlat sirlaridan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirish imkoniyati;
