14-modda. Maʼlumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish va ularni maxfiylashtirish prinsiplari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari jumlasiga kiritilgan maʼlumotlar hamda ularni tashuvchilar qonuniylik, asoslilik va kechiktirmaslik prinsiplariga muvofiq maxfiylashtiriladi.
Qonuniylik maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini anglatadi.
Asoslilik davlat sirlarini tashkil etuvchi aniq maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning maqsadga muvofiqligini, ushbu harakatning ehtimol tutilgan iqtisodiy va boshqa oqibatlarini fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaatlari muvozanatidan kelib chiqqan holda ekspert baholash orqali aniqlashdan iborat.
Kechiktirmaslik davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni ular olingan (ishlab chiqilgan) paytdan eʼtiboran tarqatish uchun cheklovlar belgilanishini nazarda tutadi.
