Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-450-son)
20.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Kurash milliy sport turini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va xorijiy mamlakatlarda yanada keng targʻib qilish, shuningdek, kurashni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatni tizimli qoʻllab-quvvatlashni tashkil qilish maqsadida:
1. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston kurash federatsiyasining Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatini yanada kengaytirish hamda unga quyidagi qoʻshimcha vazifalarni yuklash toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin:
kurash milliy sport turi boʻyicha xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimini joriy etish;
kurash milliy sport turi boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur oʻquv-uslubiy va ilmiy-amaliy qoʻllanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish;
kurash milliy sport turining yangi yoʻnalishlarini joriy qilishda ishtirok etish, ularni ommalashtirish choralarini koʻrish;
kurash milliy sport turi trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilishni yoʻlga qoʻyish;
kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish.
2. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari zimmasiga Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish vazifasi yuklansin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish borasidagi hisobotlarini har olti oyda bir marotaba Oliy Majlis Senatida eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston kurash federatsiyasiga oʻz moliyaviy holatidan kelib chiqib Xalqaro kurash instituti faoliyatini moliyalashtirib borish uchun zarur mablagʻlarni yoʻnaltirib borish huquqi beriladi;
mahalliy yirik tadbirkorlik subyektlarini Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga rasmiy homiy sifatida jalb qilib borish yoʻlga qoʻyiladi;
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida kurash milliy sport turi boʻyicha mahalliy mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Xalqaro kurash instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
4. Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sport vazirligi “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi boʻyicha har yarim yilda bir marotaba Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
5. Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
a) kurash milliy sport turi boʻyicha jahon chempionatlarida (kattalar, yoshlar) gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlarni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, shuningdek, ularni tayyorlagan trenerlar uchun belgilangan ragʻbatlantirish summalarining yarmi miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirib borish tizimi joriy etiladi;
b) Xalqaro kurash instituti faoliyatini moliyalashtirish 2026-yildan boshlab Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjetidan respublika budjetiga oʻtkaziladi hamda ushbu maqsad uchun har yili 4,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratib boriladi.
Bunda ushbu qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Xalqaro kurash institutiga 2025-yilda Sport vazirligiga rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 1,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4881-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Tashqi ishlar vazirligi Sport vazirligining viza talabnomalariga binoan Xalqaro kurash instituti tomonidan oʻquv kurslari va seminarlarga jalb etiladigan chet el mutaxassislariga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan, zarur hollarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov va Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisi N.T. Yoʻldoshev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-dekabr,
PQ-450-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi PQ-450-son qaroriga 1-ILOVA
Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi PQ-450-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4881-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning beshinchi xatboshisidan “kurash hamda jangovar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Sport vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik), Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining:
a) 2025-yildan boshlab har yili:
oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida kurash turnirini;
ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash boʻyicha xalqaro turnirlarni;
davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida kurash boʻyicha “Oʻzbek polvoni” respublika musobaqasini oʻtkazish;
b) 2023 — 2027-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan quriladigan hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Vazirlik huzuridagi kurash mahorat maktablarini (keyingi oʻrinlarda — kurash mahorat maktablari) bosqichma-bosqich tashkil etish haqidagi takliflariga rozilik berilsin”.
3. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Vazirlik bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2025-yillarda kurashni ommalashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlar) 2-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida yangi quriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarining manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishning pirovard maqsadi kurashning Xalqaro olimpiya qoʻmitasi tomonidan olimpiya sport turi sifatida tan olinishiga hamda Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishiga erishish deb eʼtirof etilsin.
Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida kurashni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirib borish uchun bir nafar masʼul xodim biriktirilsin”.
4. 6-bandning birinchi xatboshisidagi “Xalq taʼlimi vazirligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. 8-bandning uchinchi xatboshisidagi “kurash hamda jangovar” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. 9-bandning sakkizinchi xatboshisidagi “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning” soʻzlari “kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) kurash mahorat maktablari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, ularni yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari bilan taʼminlash uchun zarur mablagʻlarni 2021-yilda ajratsin va 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
b) Davlat budjetidan har yili:
Kurash xalqaro assotsiatsiyasi hisob raqamiga uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 10 milliard soʻm, 2026-yildan boshlab esa 13 milliard soʻm;
kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirib borish, shuningdek, Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida kurash boʻyicha oʻtkaziladigan respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazib borish uchun 10 milliard soʻm, 2026-yildan boshlab esa — 14 milliard soʻm miqdorida mablagʻlar Vazirlikka Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratib borilishini taʼminlasin;
v) Vazirlikning buyurtmanomasiga asosan 2020-yildan boshlab kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirib borish, shuningdek, Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida kurash boʻyicha oʻtkaziladigan respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazib borish uchun zarur mablagʻlar ajratsin”.
8. 13-banddagi “2023-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari “2030-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Oʻzbekiston kurash federatsiyasiga:
a) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Vazirlik, Milliy antidoping agentligi va Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar:
kurashni Xalqaro koʻzi ojizlari sport federatsiyasi (IBSA) oʻyinlar dasturiga kiritish;
kurashni Islom birdamlik oʻyinlari dasturiga kiritish;
kurashni Butunjahon antidoping tashkilotining Sportchining biologik pasporti gematologik moduliga kiritish;
b) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Vazirlik, Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:
Dominikan Respublikasida boʻlib oʻtadigan Markaziy Amerika va Karib oʻyinlari doirasida kurashning rasmiy taqdimotini qilish;
Kurash xalqaro assotsiatsiyasini AIMS (Alliance of Independent Recognised Members of Sport) xalqaro tashkiloti aʼzoligiga kiritish;
kurashni Xalqaro harbiy sport kengashi oʻyinlar dasturiga kiritish;
kurashni Xalqaro maktab sporti federatsiyasi oʻyinlar dasturiga kiritish;
v) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Vazirlik va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar kurashni Qohira shahrida (Misr) boʻlib oʻtadigan Afrika oʻyinlari dasturiga kiritish;
g) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Vazirlik bilan birgalikda kurashni Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun har yili amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;
d) Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kurash bilan shugʻullangan xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
e) Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida kurash guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning muntazam faoliyat yuritishlarini taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya etilsin”.
10. 15-bandning beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
11. 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. 3 va 4-ilovalar tegishincha 2 va 3-ilovalar deb hisoblansin.
13. 2-ilova “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Yoshlar siyosati va sport vazirligi” soʻzlari “Sport vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2023 — 2027-yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida yangi quriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarining
manzilli roʻyxati
Izoh:
Sport vazirligi tomonidan har yili Investitsiya dasturini shakllantirishda mazkur obyektlar Dasturga kiritilishi taʼminlanadi.
Sport vazirligi tomonidan kurash mahorat sport maktablarini tashkil etish manzillariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslantirilgan takliflari asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
