Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisida (76-V-son)
25.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi 2024-yil 26-noyabr kuni oʻtkazilishi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
“Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-4-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish);
“Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024-yil 18-aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi QL-1251-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (birinchi oʻqish);
“2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi QL-1249-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (birinchi oʻqish).
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-noyabr,
76-V-son
