Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (75-V-son)
25.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻttiz ikki yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, Asosiy Qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan, “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir chora-tadbirlar rejasi (bundan buyon matnda Chora-tadbirlar rejasi deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Qaror ilovasi berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar va komissiyalar Chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish va uning asosida qabul qilingan qonunlarning ahamiyatini yetkazish, shuningdek “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning natijalarini saylovchilarga tushuntirish ishlarini tashkil etish;
hududlarda amalga oshiriladigan targʻibot-tashviqot tadbirlariga siyosiy partiyalar faollarini hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini keng jalb etish tavsiya qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Parlament axborot markazi (M. Parmanova) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Qonunchilik palatasi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-noyabr,
75-V-son
