Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3581-son)
10.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 10-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3581]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-noyabr,
34/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 9-noyabrdagi 34/5-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan toʻlovlar uzluksizligi va bank tizimi barqarorligini taʼminlash maqsadida tijorat banklarining, shu jumladan mikromoliya banklarining (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar (bundan buyon matnda kredit deb yuritiladi) ajratish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
maqbul aktivlar — kredit uchun bank tomonidan garov predmeti sifatida taqdim etiladigan hamda Markaziy bank tomonidan qabul qilinadigan aktivlar;
likvidlilikni tiklash rejasi — bank tomonidan kreditni oʻz vaqtida qaytarish va likvidlilik holatini tiklash boʻyicha Markaziy bankka taqdim etiladigan chora-tadbirlar rejasi;
tuzatish koeffitsiyenti — kredit, bozor va valyuta tavakkalchiliklarini oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan maqbul aktivlarning bozor narxlari bilan kredit summasi oʻrtasidagi nisbatni bildiruvchi 0 dan 1 gacha boʻlgan oraliqdagi raqamli koʻrsatkich.
2. Markaziy bank bankda likvidlilikning vaqtinchalik taqchilligi yuzaga kelgan hollarda toʻlovlar uzluksizligi va bank tizimi barqarorligini taʼminlashda soʻnggi chora sifatida toʻlovga qobiliyatli va barqaror boʻlgan bankka maqbul aktivlar garovi asosida kredit taqdim etishi mumkin.
Bunda:
toʻlovga qobiliyatli bank — aktivlar sifati boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni hisobga olgan holda oʻtkazilgan stress-test natijasiga koʻra kelgusi 6 oy davomida prudensial talablarga muvofiq kapital yetarlilik darajasini saqlab qolishi yoki uni tiklashi kutilayotgan bank;
barqaror bank — bankni rivojlantirish strategiyasi yoki biznes-rejasiga asosan amalga oshirilgan tahlillar natijasiga koʻra kelgusi uch yil davomida belgilangan moliyaviy koʻrsatkichlarga erishishi hamda barqaror faoliyat yuritishni taʼminlash uchun yetarli darajada foyda koʻrib ishlashi kutilayotgan bank;
soʻnggi chora — bankning barcha muqobil moliyalashtirish manbalari, shu jumladan depozitlar, banklararo pul bozori va Markaziy bankning likvidlilikni taqdim etish instrumentlaridan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlmagan hamda omonatchilar va kreditorlar oldidagi qisqa muddatli majburiyatlarini bajarish uchun Markaziy bankka kredit olish uchun murojaat qilishdan boshqa chorasi boʻlmagan holati tushuniladi.
3. Markaziy bank tomonidan kredit bankka milliy valyutada taqdim etiladi.
4. Kreditning foiz stavkasi qaror qabul qilingan sanadagi Markaziy bankning likvidlilikni taqdim etishga doir amaldagi operatsiyalari foiz stavkalaridan kam boʻlmasligi lozim.
5. Kreditning maksimal miqdori Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan belgilanadi.
6. Kredit Markaziy bank tomonidan belgilangan limit doirasida ikki haftagacha boʻlgan muddatga likvidlilikni tiklash rejasi va pul oqimlari prognoziga asosan kunlik taqdim etib borish orqali ajratiladi. Mazkur ikki haftalik kredit bankning soʻrovnomasiga asosan toʻliq, qisman va (yoki) qoʻshimcha kredit taqdim etish orqali olti oygacha boʻlgan muddatga uzaytirib borilishi mumkin.
7. Mamlakatning moliyaviy tizimi barqarorligiga tahdid tugʻilgan alohida hollarda kredit muddati Markaziy bank boshqaruvi qaroriga asosan nisbatan yuqori foiz stavkada bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Bunda, mamlakatning moliyaviy tizimi barqarorligiga tahdid tugʻilgan alohida hollar deganda mamlakatning moliyaviy tizimi yoki uning maʼlum bir qismlarida barqarorlikning izdan chiqishiga va iqtisodiyot uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishdagi keng miqyosdagi uzilishlar xavfi nazarda tutiladi.
8. Kredit bank aktivlari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlishi shart.
9. Markaziy bank kreditni bank faoliyatining tavakkalchilik darajasi, bankning umumiy moliya tizimi bilan oʻzaro bogʻliqligi, moliyaviy tizim barqarorligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan tizimli xatarlar hamda likvidlilikni tiklash rejasi tahlili asosida taqdim qiladi.
2-bob. Kredit olish uchun murojaat qilish
10. Bank likvidlilikning vaqtinchalik taqchilligi yuzaga kelgan hollarda toʻlovlarning uzluksizligini taʼminlash maqsadida soʻnggi chora sifatida Markaziy bankka kredit olish uchun murojaat qilishi mumkin.
11. Bank mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan holatda kredit olish uchun likvidlilikning vaqtinchalik taqchilligi holatini batafsil asoslantirgan holda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi soʻrovnomani Markaziy bankka yozma yoki elektron shaklda taqdim etadi.
12. Bankning soʻrovnomasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
kredit olish va aktivlarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi bankning vakolatli boshqaruv organining qarori;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi likvidlilikni tiklash rejasi;
soʻrovnoma yuborilgan sanadan keyingi ikki haftalik davr uchun mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi pul oqimlari prognozi;
mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda kreditga garov predmeti sifatida taqdim etiladigan aktivlar roʻyxati;
chet el banki tomonidan tashkil etilgan bank uchun chet el bankining ushbu bankka likvidlilik taqdim eta olmasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
13. Bank tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladigan soʻrovnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar bank boshqaruvi raisi tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
14. Bank likvidlilikni tiklash rejasida har bir chora-tadbir boʻyicha amalga oshiriladigan operatsiyalarning aniq miqdori, moliyalashtirish manbasi va muddatini koʻrsatadi. Likvidlilikni tiklash rejasi kreditdan foydalanish davrida har oyda oy yakuni boʻyicha yangilanishi lozim.
3-bob. Kredit boʻyicha garov predmetiga nisbatan qoʻyiladigan talablar
15. Kredit boʻyicha garov predmeti sifatida quyidagi aktivlar qabul qilinadi:
Markaziy bankning xalqaro zaxiralari toifasiga kiruvchi valyuta qimmatliklari;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari;
bankning Markaziy bankdagi depozit va boshqa hisobvaraqlaridagi mablagʻlari, bundan bankning majburiy zaxira hisobvaraqlaridagi mablagʻlari mustasno;
“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyatida (bundan buyon matnda Markaziy depozitariy deb yuritiladi) hisobi yuritiladigan korporativ va boshqa qimmatli qogʻozlar, bundan bankning oʻzi yoki unga aloqador boʻlgan tashkilotlar tomonidan chiqarilgan korporativ qimmatli qogʻozlar mustasno;
bankning kreditlari boʻyicha talab qilish huquqi (bundan buyon matnda kredit talablari deb yuritiladi), bundan bankka aloqador shaxslarga boʻlgan kredit talablari mustasno;
likvidlilik va umum qabul qilingan xalqaro amaliyot hisobga olingan holda roʻyxati Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qarz vositalari, shuningdek kafilliklar va bank kafolatlari;
koʻchmas mulk.
16. Mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan aktivlar quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlishi lozim:
kreditni olish uchun murojaat qilgan bankka mulk huquqi asosida tegishli boʻlishi;
boshqa majburiyatlar boʻyicha garovga qoʻyilmagan boʻlishi.
17. Bank tomonidan garov predmeti sifatida taqdim etilgan kreditlar quyidagi talablarga mos kelishi zarur:
sifati “standart” deb tasniflangan boʻlishi;
oxirgi bir yil davomida oʻttiz kundan ortiq muddati oʻtgan qarzdorlik vujudga kelmaganligi;
qarzdorning barcha banklardan olingan kreditlari boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlmasligi;
kreditning asosiy shartlari bir marotabadan ortiq uzaytirilmaganligi;
kreditlar milliy valyuta yoki Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilangan maqbul chet el valyutalarida ajratilganligi;
kredit shartnomasi kredit boʻyicha garov sifatida taqdim etilgan sanadan kamida bir yil oldin tuzilganligi;
kredit shartnomasi boʻyicha soʻnggi asosiy qarz toʻlovi Markaziy bankka garov sifatida topshirilgan sanadan kamida bir yil keyin amalga oshirilishi;
kreditlarning boshqa majburiyatlar boʻyicha garov yoki nizo predmeti boʻlmasligi;
garov predmeti sifatida taqdim etilgan jami kreditlar qiymatida bitta qarzdor yoki oʻzaro aloqador qarzdorlar guruhiga ajratilgan kreditlarning ulushi 20 foizdan oshmasligi;
kreditlarga garov predmeti sifatida taqdim qilingan aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashganligi;
kreditlar boʻyicha shartnomalar bank va Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti oʻrtasida tuzilgan boʻlishi.
18. Overdraft kreditlar, akkreditivlar, lizing shartnomalari va faktoring kredit uchun garov predmeti sifatida qabul qilinmaydi.
19. Garov predmeti sifatida qabul qilingan kreditlar qarzdorlar tomonidan muddatidan avval qisman yoki toʻliq qaytarilganda, bank ushbu bobda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa aktivlarni 5 ish kuni ichida garov predmeti sifatida Markaziy bankka taqdim etadi.
4-bob. Kredit boʻyicha murojaatni koʻrib chiqish
20. Markaziy bank bankning kredit olish boʻyicha soʻrovnomasini u kelib tushgan kundan boshlab 3 bank ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda kreditni ajratish yoki kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
21. Markaziy bank bankning soʻrovnomasini koʻrib chiqishda:
bankning holatini baholashni;
bank tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilishni;
bankning kredit boʻyicha garov predmetini baholashni;
bankka taqdim etiladigan kreditning miqdorini aniqlashni;
mazkur Nizomda belgilangan boshqa talablar bajarilishini tekshirishni amalga oshiradi.
22. Bankning holatini baholash Markaziy bank tomonidan uning toʻlovga qobiliyatli va barqarorligini aniqlash orqali amalga oshiriladi.
23. Markaziy bank bank tomonidan taqdim etilgan mazkur Nizomning 11 va 12-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni toʻliqligi va toʻgʻriligini tekshiradi hamda tahlil qiladi.
24. Markaziy bank garov predmeti sifatida taqdim etilgan aktivlardan mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan maqbul aktivlarni tanlaydi hamda aktivlar likvidligidan kelib chiqib ularning ustuvorligini belgilaydi.
25. Garov predmeti sifatida taqdim etilgan aktivlar qiymati ularning xususiyatidan kelib chiqib aktivlarning oʻzida koʻrsatilgan qiymat (nominal qiymat), bozor qiymati yoki Markaziy bank tomonidan belgilangan qiymatda baholanadi.
Garov predmeti sifatida taqdim etilgan aktivlarga nisbatan Markaziy bank tomonidan tuzatish koeffitsiyentlari qoʻllaniladi. Bunda, garov sifatida qabul qilingan aktivlarning tuzatish koeffitsiyenti qoʻllanilgan qiymati kredit bilan bogʻliq barcha majburiyatlar qiymatidan kam boʻlmasligi lozim.
26. Kredit boʻyicha mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan maqbul aktivlar miqdori ajratiladigan kredit uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, bank boshqa aktivlarni taqdim etishi mumkin.
27. Markaziy bank kredit talablarini garov predmeti sifatida qabul qilishda tanlanma asosda quyidagi hujjatlarni talab qilishi mumkin:
kredit shartnomalarining nusxalari;
kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni taʼminlash boʻyicha kafillik, garov shartnomalari va (yoki) kafolat nusxalari.
28. Markaziy bank tomonidan bankka taqdim etiladigan kreditning maksimal miqdori bankning omonatchilari va kreditorlari (bundan bankka aloqador shaxslar mustasno) oldidagi majburiyatlaridan kelib chiqib hamda bank tomonidan taqdim etilgan va Markaziy bank tomonidan oʻrganib chiqilgan pul oqimlari prognozi asosida hisoblab chiqiladi.
5-bob. Kreditni taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilish
29. Bankning kredit ajratish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha bankka kredit ajratish yoki kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida Markaziy bank boshqaruvining qarori qabul qilinadi.
30. Markaziy bank tomonidan quyidagi hollarda bankka kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi:
Markaziy bank tomonidan bankning holatini baholashda mazkur Nizomning 22-bandida belgilangan toʻlovga qobiliyatli va barqaror bank mezonlariga muvofiq kelmasligi aniqlanganda;
bank tomonidan kredit olish uchun mazkur Nizomning 11 va 12-bandida nazarda tutilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
bank tomonidan garov predmeti sifatida mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan maqbul aktivlar taqdim etilmasa;
kredit boʻyicha soʻrovnoma yuborilgan sanadan oldingi uch oylik davr mobaynida bankka aloqador shaxslar uchun kredit tavakkalchiligining bank birinchi darajali kapitaliga nisbatining eng koʻp miqdoridan oshganligi yoki soʻrov yuborilgandan keyingi davrda bankka aloqador shaxslarga kredit ajratilganligi aniqlansa;
likvidlilik taqchilligi sabablari, kreditdan foydalanish zaruriyati, garov manbalari, likvidlilikni jalb qilish boʻyicha boshqa manbalardan foydalanish imkoniyati yoʻqligi, likvidlilikni tiklash rejasi boʻyicha pul oqimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va prognozlar asoslantirilmagan boʻlsa;
Markaziy bank tomonidan kreditni taqdim etish pul-kredit siyosatini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadi deb baholansa;
mazkur Nizomda belgilangan boshqa talablar buzilganligi aniqlansa.
31. Mazkur Nizomning 30-bandida koʻrsatilgan bankka kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asoslar mavjud boʻlmaganda, Markaziy bank boshqaruvi tomonidan bankka kreditni ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
32. Kreditni ajratish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar belgilanadi:
kreditning maksimal miqdori;
kreditni taqdim etish muddati;
kreditning foiz stavkasi;
garov taʼminoti sifatida qabul qilingan maqbul aktivlar roʻyxati;
Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadigan boshqa shartlar.
33. Markaziy bank tomonidan kreditni ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan kechiktirilmasdan bu haqida bankka xabar qilinadi.
Bunda, kreditni ajratish boʻyicha qaror qabul qilinganda Markaziy bank garov predmeti sifatida qabul qilingan maqbul aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni bankka mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq yozma yoki elektron shaklda yuboradi.
34. Markaziy bank tomonidan bankka kreditni ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, Markaziy bank bilan bank oʻrtasida qonunchilikda belgilangan tartibda kredit hamda garov shartnomalari rasmiylashtiriladi.
35. Kredit va garov shartnomalari Markaziy bank va bankning vakolat berilgan shaxslari tomonidan imzolanadi.
36. Markaziy bank tomonidan bankka kreditni taqdim etish, qaytarish va ularga hisoblangan foizlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish Markaziy bankning Integrallashgan axborot tahliliy tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
37. Bank kredit ajratilganidan soʻng har kuni kunlik pul oqimlari hisobotini mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq Markaziy bankka taqdim etib boradi.
6-bob. Garov predmeti boʻlgan aktivlarni hisobga olish
38. Garov predmeti sifatida qabul qilingan qimmatli qogʻozlar hisobi Markaziy depozitariy qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
39. Garov predmeti sifatida qabul qilingan boshqa maqbul aktivlar hisobi Markaziy bankning buxgalteriya hisobi hisobvaraqlari rejasiga muvofiq alohida hisobvaraqlarda aks ettiriladi.
40. Kredit boʻyicha garov predmeti qiymati xorijiy valyutada boʻlgan hollarda, ushbu aktivlar boʻyicha hisob-kitoblar kredit taqdim etilgan kundagi Markaziy bankning rasmiy almashuv kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
41. Markaziy bank garov predmeti sifatida qabul qilingan tegishli maqbul aktivlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni garov reyestrining yagona axborot bazasiga yozuvlar kiritish orqali roʻyxatdan oʻtkazadi.
42. Bank garov predmeti sifatida qabul qilingan kreditlar sifatining buzilishi va (yoki) qiymatining pasayishiga olib keluvchi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular yuzaga kelgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda Markaziy bankka taqdim etadi. Bunda, bank mazkur Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan muddatda garov predmetini almashtirishi va (yoki) qoʻshimcha garov shakllantirishi lozim.
7-bob. Garov predmeti sifatida qabul qilinadigan aktivlar boʻyicha xatarlarni boshqarish choralari
43. Markaziy bank tomonidan garov predmeti sifatida qabul qilinadigan aktivlar boʻyicha xatarlarni boshqarish choralari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
aktivlarning xatarlilik darajasidan kelib chiqib nominal yoki bozor qiymatiga nisbatan qoʻllaniladigan tuzatish koeffitsiyenti;
kredit boʻyicha taqdim etilgan garov predmetining yetarli darajada diversifikatsiyasini taʼminlash maqsadida belgilanadigan konsentratsiya limiti;
kredit tavakkalchiliklarini oldini olish maqsadida qoʻshimcha garov talabi.
44. Markaziy bank garov predmeti sifatida qabul qilingan har bir aktiv qiymatidagi ehtimoliy oʻzgarishlarni har hafta qayta baholab boradi.
45. Garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarning davriy baholanishi natijasida ularning qiymati kreditning joriy qoldigʻi va hisoblangan foiz toʻlovlaridan kamligi aniqlangan taqdirda, Markaziy bank ushbu holat yuzasidan bankka xabarnoma yuboradi. Bunda, bank tomonidan bir ish kuni ichida Markaziy bankka garov predmeti sifatida qabul qilish uchun qoʻshimcha aktivlar taqdim etilishi lozim.
46. Qoʻshimcha garov shakllantirish Markaziy bank bilan bank oʻrtasidagi garov shartnomasiga qoʻshimcha kiritish orqali amalga oshiriladi.
47. Kredit muddati davomida ajratiladigan kredit miqdorining ortishi va garov sifatida olingan aktivlar risk darajasining oʻzgarishi natijasida Markaziy bank garov predmeti sifatida qoʻshimcha aktivlarni talab qilishi mumkin.
48. Markaziy bank bank tomonidan kreditdan foydalanish davrida belgilangan shartlarga rioya etilishini oʻrganish hamda taqdim qilingan maʼlumotlarning toʻgʻriligini baholash maqsadida masofaviy va zarur hollarda, joyiga chiqqan holda qoʻshimcha tekshirishlar oʻtkazishi mumkin.
8-bob. Kredit muddatini uzaytirish va shartlarini qayta koʻrib chiqish
49. Bank ikki haftalik muddatning oxiriga qadar kredit boʻyicha majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajara olmasa va (yoki) yana qoʻshimcha kredit olish zarurati mavjud boʻlsa, ushbu muddat tugashidan kamida uch bank ish kuni oldin kreditni ikki haftagacha boʻlgan muddatga uzaytirish toʻgʻrisida Markaziy bankka takroran soʻrovnoma yuboradi.
50. Bank kreditning muddatini uzaytirish haqidagi soʻrovnomaga mazkur Nizomning 12-bandidagi hujjatlar hamda likvidlilikni tiklash rejasiga asosan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni ilova qiladi.
51. Bank tomonidan kredit shartlari va likvidlilikni tiklash rejasiga rioya qilingan taqdirda, kredit Markaziy bank boshqaruvi qarori asosida yana ikki haftagacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Bunda, bank kredit boʻyicha majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajara olmasa va (yoki) qoʻshimcha kredit olish zarurati mavjud boʻlsa, kredit dastlabki taqdim etilgan sanadan boshlab olti oygacha boʻlgan muddatga qadar takroran taqdim etilishi mumkin.
52. Kredit bankka olti oydan bir yilgacha muddatga mamlakatning moliyaviy tizimi barqarorligiga tahdid tugʻilgan alohida hollarda ushbu Nizomning 49 — 51-bandlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
53. Markaziy bank tomonidan bankning kredit muddatini uzaytirish haqidagi soʻrovnomasi mazkur Nizomga muvofiq kreditni ajratish uchun belgilangan umumiy asoslarda va muddatlarda koʻrib chiqiladi.
54. Kredit muddati uzaytirilganda, kredit va garov shartnomalariga tegishli ravishda oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritiladi.
9-bob. Kredit va garov predmetini qaytarish
55. Kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddati kelganda, bank ushbu kredit boʻyicha asosiy qarz va tegishli foiz toʻlovlarini, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa toʻlovlarni Markaziy bankka qaytaradi.
56. Bank kredit boʻyicha olingan mablagʻlarni muddatidan oldin qaytarishi mumkin. Bunda, kredit boʻyicha foiz toʻlovlari haqiqatda foydalanilgan davr uchun hisoblanadi.
57. Garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarni qaytarish kredit boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilgandan soʻng qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda, Markaziy bank garov reyestrining yagona axborot bazasidan garov predmeti sifatida qabul qilingan tegishli aktivlar toʻgʻrisidagi yozuvlarni roʻyxatdan chiqaradi.
58. Bank kreditdan foydalanib boʻlgach hamda kredit boʻyicha barcha majburiyatlarini toʻliq bajarganidan soʻng takroran kredit olish uchun Markaziy bankka soʻrovnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
10-bob. Kredit taqdim etishni toʻxtatish va undiruvni garov predmetiga qaratish
59. Markaziy bank quyidagi hollarda kredit taqdim etishni toʻxtatishga haqli:
likvidlilikni tiklash rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;
kredit boʻyicha notoʻgʻri hisobotlar taqdim etilganda;
kreditdan likvidlilikni tiklash rejasi hamda pul oqimlari prognoziga muvofiq foydalanilmaganda;
garov predmetini almashtirish va (yoki) qoʻshimcha garov shakllantirish shartlariga rioya qilinmaganda;
bank tomonidan kredit boʻyicha toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganda;
Markaziy bank tomonidan bankning kredit muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasi rad etilganda;
bank tomonidan kredit shartnomasi va (yoki) garov shartnomasining boshqa talablariga rioya qilinmaganda.
60. Markaziy bank tomonidan kredit taqdim etish toʻxtatilganda, bank ushbu kredit boʻyicha barcha majburiyatlarni Markaziy bankka qaytarishi shart.
61. Bank kredit boʻyicha barcha majburiyatlarni toʻliq qaytarish imkoniyatiga ega boʻlmasa, Markaziy bank kredit majburiyatlari boʻyicha undiruvni quyidagi tartibda amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq banklarning majburiyatlarini undirishda ustuvor huquqdan foydalanish;
qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda undiruvni garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarga qaratish.
bankning Markaziy bankdagi barcha pul mablagʻlari boʻyicha talablari va uning kredit boʻyicha majburiyatlariga nisbatan nettingni qoʻllash;
62. Undiruvni garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarga qaratish qonunchilikda belgilangan tartibda garov shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda, qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan va (yoki) tomonlar oʻrtasidagi nizolar yuzaga kelgan taqdirda, undiruvni garov predmetiga qaratish sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.
63. Bank, Markaziy depozitariy va (yoki) boshqa tegishli muassasa xabarnomani olgan kundan kechiktirmagan holda garov predmetini kredit hamda garov shartnomalari shartlariga muvofiq Markaziy bank tasarrufiga oʻtkazishi lozim.
64. Garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
65. Markaziy bank undiruv garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarga qaratilgan kundan kechiktirmasdan bu haqida bankka, Markaziy depozitariy va (yoki) garov predmati saqlanadigan boshqa muassasaga xabarnoma yuboradi.
66. Garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarni sotishdan kelib tushgan pul mablagʻlari kredit boʻyicha asosiy qarz va tegishli foiz toʻlovlari, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar miqdoridan kam boʻlgan taqdirda, bank yetishmayotgan mablagʻni kredit shartnomasi shartlariga muvofiq Markaziy bankka toʻlab berishi lozim.
67. Bankning kredit boʻyicha majburiyatlarini toʻlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
11-bob. Yakuniy qoidalar
68. Mazkur Nizomda belgilangan talablar buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
69. Manfaatdor shaxslar Markaziy bankning qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, sudga murojaat qilishlari mumkin.
70. Garov predmeti sifatida qabul qilingan aktivlarni sotishdan kelib tushgan pul mablagʻlari kredit boʻyicha asosiy qarz va tegishli foiz toʻlovlari, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar miqdoridan oshgan hollarda, Markaziy bank ortiqcha mablagʻlarni kredit shartnomasi shartlariga muvofiq bankka qaytaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Izoh: Ushbu ilova matni har bir bankda yuzaga kelgan vaqtinchalik likvidlilik taqchilligining oʻziga xosligidan kelib chiqib oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
_______________ (bank nomi) tomonidan favqulodda qoʻllab-quvvatlash kreditlarini oʻz vaqtida qaytarish va likvidlilik holatini tiklash boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Aktivlar1-oy yakuni boʻyicha2-oy yakuni boʻyicha3-oy yakuni boʻyicha4-oy yakuni boʻyicha5-oy yakuni boʻyicha6-oy yakuni boʻyicha1.Kassadagi naqd pul va boshqa toʻlov hujjatlari2.Bankning Markaziy bankdagi hisobvaraqlari3.Boshqa banklar va moliyaviy tashkilotlardan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar4.Foyda yoki zarar orqali haqqoniy qiymatda baholanadigan qimmatli qogʻozlar shu jumladan:4.1 davlat qimmatli qogʻozlari4.2 korporativ qimmatli qogʻozlar4.3 boshqa qimmatli qogʻozlar5.Boshqa umumlashgan daromad orqali haqqoniy qiymatda baholanadigan qimmatli qogʻozlarga qilingan investitsiyalar6.Oldi-sotdiga moʻljallangan qimmatbaho metallar, toshlar va tangalar7.REPO bitimlari boʻyicha sotib olingan qimmatli qogʻozlar8.Investitsiya, kredit va lizing operatsiyalarishu jumladan:8.1boshqa banklarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.2Hukumatga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.3budjet tashkilotlariga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.4jismoniy shaxslarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.5yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.6davlat korxonalari, tashkilotlari va muassasalariga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.7chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.8xususiy korxonalar, xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.9bank boʻlmagan moliyaviy muassasalarga berilgan qisqa va uzoq muddatli kreditlar8.10lizing (moliyaviy ijara)8.11sud yoki ijro ishi yuritish jarayonidagi kreditlar va lizing8.12qaram xoʻjalik jamiyatlariga, birgalikdagi korxonalarga va shoʻba xoʻjalik jamiyatlariga qilingan investitsiyalar8.13amortizatsiyalangan qiymati boʻyicha baholanadigan qarz qimmatli qogʻozlarga qilingan investitsiyalar9.Olinishi lozim boʻlgan hisoblangan foizlar10.Olinishi lozim boʻlgan hisoblangan foizsiz daromadlar11.Asosiy vositalar12.Nomoddiy aktivlar13.Bankning boshqa xususiy mulklari14.Valyutalar savdosi va valyuta pozitsiyalari15.Standart deb tasniflangan aktivlar boʻyicha zaxira16.Boshqa aktivlarJami aktivlar (I)Majburiyatlar17.Talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari:shu jumladan:17.1jismoniy shaxslar depozitlari17.2yuridik shaxslar depozitlari18.Jamgʻarma va muddatli depozitlar:shu jumladan:18.1jismoniy shaxslar depozitlari18.2yuridik shaxslar depozitlari19.Boshqa banklar va moliyaviy tashkilotlarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar20.Bankning toʻlanmagan akseptlari21.Toʻlanishi lozim boʻlgan qisqa muddatli kreditlar22.Olingan uzoq muddatli kreditlar23.Lizing (moliyaviy ijara) boʻyicha majburiyatlar24.REPO bitimlari boʻyicha sotilgan qimmatli qogʻozlar25.Toʻlanishi lozim boʻlgan hisoblangan foizlar26.Hisoblangan soliqlar27.Mijozlarning boshqa depozitlari28.Hosilaviy instrumentlarning revalvatsiyasi natijasida amalga oshmagan zararlar va boshqa muddati uzaytirilgan daromadlar29.Mijozlarning bank kartalariga oʻtkazilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari boʻyicha tranzit hisobvaraqlari30.Kliring tranzaksiyalari31.Hukumatga tegishli daromad va boshqa tushumlar hisobvaraqlari32.Mijozlarning bank kartalaridan kelib tushgan tushum33.Bank tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar34Subordinar qarz35.Boshqa majburiyatlarJami majburiyatlar (II)Xususiy kapital36.Ustav kapitali37.Qoʻshimcha kapital38.Zaxira kapitali39.Taqsimlanmagan foyda Jami kapital (III)Jami majburiyatlar va kapital (II+III)40.Bankning Markaziy Bank oldidagi majburiyatlari:shu jumladan:40.1likvidlilikni taqdim etish operatsiyalari boʻyicha40.2favqulodda qoʻllab-quvvatlash kreditlari boʻyichaBoshqaruv raisiIsmi, familiyasi, imzosi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
_______________ (bank nomi)ning kelgusi ikki haftalik davr uchunPUL OQIMLARI PROGNOZI
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
_______________ (bank nomi) tomonidan favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditga garov predmeti sifatida taklif etilayotgan aktivlarROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Markaziy bank tomonidan favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kredit ajratilishi hamda kredit boʻyicha garov predmeti sifatida qabul qilingan maqbul aktivlar toʻgʻrisidaXABARNOMA
Markaziy bank ushbu bilan, Sizning ____ yil ____ (sana)dagi Soʻrovnomangizga koʻra Markaziy bank boshqaruvi tomonidan favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kredit ajratilishi boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinganligi maʼlum qiladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami ___, sana ___) muvofiq kredit boʻyicha maqbul deb topilgan garov predmetlari roʻyxati ilova muvofiq yuborilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
_______________ (bank nomi) ning kunlik pul oqimlariHISOBOTI
