Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3583-son)
12.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 12-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3583]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son “Budjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-dekabr,
198-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari A. MUSAYEV
2024-yil 2-dekabr
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZOHIDOV
2024-yil 29-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 2-dekabrdagi 198-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom ichki audit xizmati tashkil etilgan vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) ichki audit xizmatlari rahbari va xodimi faoliyatining samaradorligini eng muhim koʻrsatkichlar asosida baholash (bundan buyon matnda baholash deb yuritiladi), ularni ragʻbatlantirish va reytingini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmatlari rahbari va xodimi faoliyatining samaradorligini xodimlarga yuklatilgan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarga erishishdagi hamda vazifa va funksiyalarni bajarilishidagi hissasini baholashga nisbatan tatbiq etiladi.
Bunda ichki audit xizmatlari rahbari va xodimining ijro va mehnat intizomiga rioya qilganligi hamda tashabbuskorligiga oid koʻrsatkichlari Davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining samaradorligini eng muhim koʻrsatkichlar asosida baholash uslubiyatiga (roʻyxat raqami 3407, 2022-yil 28-dekabr) (bundan buyon matnda Uslubiyat deb yuritiladi) asosan belgilanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish — davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar hamda bajarilishi jarayonida moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash va oldini olish jarayoni;
masofaviy nazorat — axborot texnologiyalari va maʼlumotlar bazasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan nazorat turi.
3. Ichki audit xizmati rahbarining hamda bir nafar shtatdan iborat audit xizmati xodimining, shunindek shtatida ichki audit xizmati rahbaridan tashqari faqat bir nafar xodimi boʻlgan audit xizmati xodimining faoliyatini baholash davlat organlari va tashkilotlarining baholash tizimini joriy etish va monitoring qilish boʻyicha masʼul tarkibiy tuzilmasi (bundan buyon matnda Masʼul tarkibiy tuzilma deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Ichki audit xizmatlari xodimi (bundan buyon matnda xodim deb yuritiladi) faoliyatining samaradorligini baholash ichki audit xizmati rahbari tomonidan har chorakda amalga oshiriladi hamda u baholash bilan bogʻliq maʼlumotlarning toʻgʻriligi va xolisligiga javobgar hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (bundan matnda Iqtisodiyot va moliya vazirligi deb yuritiladi) tomonidan ichki audit xizmati rahbari va xodimi faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumotlarning haqqoniyligi ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash doirasida oʻrganib boriladi.
2-bob. Ichki audit xizmati rahbari va xodimining faoliyati samaradorligini baholash hamda ragʻbatlantirish
6. Xodim faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari quyidagilar hisoblanadi:
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalar;
masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalar;
ichki audit yillik rejasida xodim masʼul boʻlgan ichki audit tadbirlarining oʻtkazilishi;
xodim tomonidan berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishi.
7. Xodim faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblashda quyidagi maʼlumotlardan foydalaniladi:
budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish, masofaviy nazorat tadbirlariga oid maʼlumotlar;
ichki audit yillik rejasining bajarilishi boʻyicha maʼlumotlar;
berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishiga oid maʼlumotlar.
8. Xodimning budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalari koʻrsatkichi quyidagi formulaga asosan hisoblanadi:
Bunda:
Xp — xodimning hisobot davridagi budjet qonunchiligi buzilishining oldini olishdagi natijalari koʻrsatkichi;
Bx — xodimning hisobot davrida budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish boʻyicha natijasi;
Bt — xodimning oʻtgan yilning mos davrida budjet qonunchiligi buzilishini oldini olishdagi natijasi;
Bv — budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalari koʻrsatkichiga belgilanadigan vazn.
Bxning (xodimning hisobot davrida budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish boʻyicha natijasi) Btga (xodimning avvalgi yilning mos davrida budjet qonunchiligi buzilishini oldini olishdagi natijasi) nisbati birdan yuqori boʻlganda, koʻrsatkichni hisoblashda nisbatning miqdori “1” deb olinadi.
9. Xodimning masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalari koʻrsatkichini hisoblash mazkur Nizomning 8-bandiga asosan hisobot davridagi hamda avvalgi yilning mos davridagi masofaviy nazorat natijalarini hisoblash orqali aniqlanadi.
10. Ichki audit yillik rejasida xodim masʼul boʻlgan ichki audit tadbirlarining oʻtkazilishi koʻrsatkichi hisobot davrida ichki audit yillik rejasiga asosan xodim tomonidan oʻtkazilgan ichki audit tadbirlari sonini hisobot davrida oʻtkazilishi belgilangan ichki audit tadbirlari soniga nisbati orqali aniqlanadi.
11. Xodim tomonidan berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishi koʻrsatkichi hisobot davrida ichki audit obyektlari tomonidan bajarilgan taklif va tavsiyalarning ushbu davrda bajarilishi belgilangan taklif va tavsiyalarga nisbati orqali aniqlanadi.
12. Baholashda foydalaniladigan xodim faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlari natijalari foizda hisoblanadi.
13. Ichki audit tadbiri bir nechta xodim tomonidan amalga oshirilganda, xodimning budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish, masofaviy nazoratni amalga oshirish va ichki audit yillik rejasidagi ichki audit tadbirlarini oʻtkazish natijalaridagi ulushi ichki audit xizmati rahbari tomonidan aniqlanadi.
14. Xodim tomonidan avvalgi yilda budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olish va/yoki masofaviy nazorat amalga oshirilmagan hollarda, xodimning hisobot davridagi mos koʻrsatkichlari “1”ni tegishli vaznga koʻpaytirish orqali foizda aniqlanadi.
15. Xodim faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining muhimlik darajasidan kelib chiqib, unga quyidagicha vazn belgilanadi:
xodimning budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalari — 0,30;
xodimning masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalari — 0,30;
ichki audit yillik rejasida xodim masʼul boʻlgan ichki audit tadbirlarining oʻtkazilishi — 0,20;
xodim tomonidan berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishi — 0,20.
16. Mazkur Nizomga muvofiq hisoblab chiqilgan koʻrsatkichlar yigʻindisi asosida xodimning faoliyati samaradorligi yigʻma koʻrsatkichi (KPI) aniqlanadi.
Masalan:
Ichki audit xizmatida 3 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ushbu xodimlar hisobot davrida quyidagi natijalarga ega:
Bunda 1-xodim faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlari quyidagicha hisoblanadi:
budjet qonunchiligi buzilishining oldini olishdagi natijalari: (0,9 /1,2) x 0,3 (muhimlik vazni) x 100% =22,5 foiz;
masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalari: 1,3 / 1 = 1 (nisbatning miqdori birdan koʻp boʻlganligi uchun “1” olindi) x 0,3 (muhimlik vazni) x 100% = 30 foiz;
ichki audit yillik rejasida xodim masʼul boʻlgan ichki audit tadbirlarining oʻtkazilishi: (4/5) x 0,2 (muhimlik vazni) x 100% = 16 foiz;
berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishi: (18/20) x 0,2 (muhimlik vazni) x 100% = 18 foiz.
1-xodim faoliyati samaradorligining yigʻma koʻrsatkichi (KPI): 22,5% + 30% + 16% + 18% = 86,5 foiz.
17. Xodim faoliyatining samaradorligi koʻrsatkichlarini hisoblash natijalari har chorak hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasiga qadar ushbu Nizomning 1-ilovasida belgilangan shaklda ichki audit xizmati rahbari tomonidan imzolanadi hamda Masʼul tarkibiy tuzilmaga kiritiladi.
Bunda samaradorlik koʻrsatkichlarini hisoblash natijalaridan kelib chiqib xodimning faoliyati samaradorligining yigʻma koʻrsatkichi quyidagicha baholanadi:
56 foizgacha — “qoniqarsiz”;
56 (56 foiz ham kiradi) foizdan 71 foizgacha — “qoniqarli”;
71 foizdan (71 foiz ham kiradi) 86 foizgacha — “yaxshi”;
86 foizdan (86 foiz ham kiradi) yuqori — “aʼlo”.
Ushbu yigʻma koʻrsatkichni baholash natijalari xodimning reytingini yuritishda foydalaniladi.
18. Mazkur Nizom asosida xodimning faoliyatini baholash natijalari Masʼul tarkibiy tuzilma tomonidan ichki audit xizmati xodimiga yuklatilgan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari erishishdagi hamda vazifa va funksiyalarni bajarishdagi hissasini aniqlashda foydalaniladi.
19. Masʼul tarkibiy tuzilma tomonidan ichki audit xizmati rahbari faoliyatining samaradorligi ushbu Nizomning 6-bandidagi koʻrsatkichlar asosida ichki audit xizmatining hisobot davridagi natijalaridan kelib chiqib hisoblanadi.
Bunda ushbu koʻrsatkichlarni hisoblash mazkur Nizomning 8 — 11-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20. Masʼul tarkibiy tuzilma tomonidan Uslubiyatga muvofiq, “yaxshi” va “aʼlo” deb baholangan ichki audit xizmati rahbari va xodimiga nisbatan davlat organi va tashkiloti rahbarining tegishli buyrugʻi asosida ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin.
3-bob. Ichki audit xizmati rahbari va xodimining faoliyati samaradorligi reytingini yuritish
21. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga xodim faoliyatining samaradorligi yigʻma koʻrsatkichlari va uning baholanishi boʻyicha maʼlumotlar hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar taqdim etiladi.
22. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida vazirlik rasmiy veb-saytida ichki audit xizmati rahbari va xodimining faoliyati samaradorligi reytingini mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan jadvalga muvofiq shakllantiradi hamda ushbu reyting jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi.
23. Ichki audit xizmati rahbari va xodimining faoliyati samaradorligi reytingi xodim faoliyatining samaradorligi yigʻma koʻrsatkichlarini kamayib borish tartibida joylashtirish asosida shakllantiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
24. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ichki audit xizmati rahbari va xodimlar faoliyati samaradorligining REYTINGI ________________________________________________________________________________________________________(Baholash davri)
