Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida (PQ-428-son)
10.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Qashqadaryo viloyati iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligining Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha, shuningdek, hududning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega muhandis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
hududdagi texnika yoʻnalishlarida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan kasbiy taʼlim tashkilotlarining metodik va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
zamonaviy oʻquv, ilmiy va IT laboratoriya bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;
taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini taʼminlash hamda talaba va professor-oʻqituvchilarning sanoat korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
talabalarni har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya va amaliyot uygʻunligini samarali tashkil etish.
3. Quyidagilar:
Qarshi davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Qarshi davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Qarshi davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturlari asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;
Universitet faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni tashkil etish;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;
professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi hamda talabalarning erishgan yutuqlari boʻyicha ragʻbatlantirib borish.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitetda Transformatsiya markazini tashkil etsin.
Transformatsiya markazi quyidagi masalalar yuzasidan masʼul etib belgilansin:
Universitetning taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim standartlariga muvofiqlashtirish;
Universitetni dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari reytingiga kiritish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ijrosini tashkil etish;
Universitet taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda Universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish;
taʼlim xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida Universitet oʻquv-uslubiy boʻlinma hamda dekanatlar shtatlarini maqbullashtirish hisobidan Registrator ofisi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
Universitetning taʼlim, tadqiqot va axborot-kutubxona faoliyatlarini hamda boshqaruv jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) 2024/2025 oʻquv yili davomida:
Universitet ilmiy salohiyatini oshirib borish chorasini koʻrsin hamda uning xalqaro hamkorligini yoʻlga qoʻyishda, xususan, yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim va xalqaro almashinuv dasturlarini joriy etishga koʻmaklashsin;
malaka talablari va fanning oʻquv dasturlari ish beruvchilarning takliflari hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari dasturlari asosida xalqaro taʼlim standartlariga moslashtirilgan holda taʼlim jarayoniga joriy etilishini taʼminlasin;
Universitet boshqaruv kadrlari lavozimlariga oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori natijalar koʻrsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan istiqbolli mutaxassislarni jalb etsin;
Universitetni tanlov asosida ishlab chiqarish, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
Universitetda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash salmogʻini oshirish choralarini koʻrsin;
Universitet talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etsin;
Universitetda Taʼlim xizmatlari markazini tashkil etib, talabalarga oʻqish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar boʻyicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;
Universitet professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish chorasini koʻrsin;
Universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etsin;
v) Toshkent kimyo-texnologiya institutining sobiq Shahrisabz filiali bazasida Universitetning Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti faoliyatini yoʻlga qoʻyib, unda ustuvor ravishda oziq-ovqat texnologiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda oziq-ovqat sanoati mashinalari va agregatlari yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashni tashkil etsin;
g) Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda ushbu tizimning samarali faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin;
Universitetga yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchisi boʻlgan mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish choralarini koʻrsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
b) Universitet Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
v) Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filialida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;
g) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:
Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Qashqadaryo viloyati hokimi M.B. Azimov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-dekabr,
PQ-428-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-dekabrdagi PQ-428-son qaroriga 1-ILOVA
Qarshi davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-dekabrdagi PQ-428-son qaroriga 2-ILOVA
Qarshi davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-dekabrdagi PQ-428-son qaroriga 3-ILOVA
Qarshi davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari
ROʻYXATI
