Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida (800-son)
30.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-213-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 5-iyundagi PQ-213-son qarorining 2-bandida Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini (keyingi oʻrinlarda — Milliy shaffoflik tizimi) joriy etish konsepsiyasini tasdiqlash belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish asoslari;
milliy shaffoflik tizimining maqsadlari va tamoyillari;
milliy shaffoflik tizimini joriy etishda institutsional va tashkiliy chora-tadbirlar;
milliy shaffoflik tizimida ochiq maʼlumotlar almashinuvi va resurslar taʼminoti.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi uch oy muddatda:
issiqxona gazlari ajratmalari va iqlim oʻzgarishini boshqarish sohasiga taalluqli xalqaro standartlarni qabul qilsin;
milliy shaffoflik tizimining mustaqil tekshirish tashkilotlarini (verifikator) eng ilgʻor amaliyotlar, xalqaro standartlar va xalqaro miqyosda oʻzaro eʼtirof etish tizimi tamoyillari asosida akkreditatsiyadan oʻtkazish qoidalarini nazarda tutuvchi tartib-taomillarini tasdiqlasin;
akkreditatsiya va mustaqil tekshirish tizimini rivojlantirib borish boʻyicha ilgʻor xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari bilan hamkorlik oʻrnatsin;
akkreditatsiyadan oʻtgan mustaqil tekshirish tashkilotlari (verifikator) roʻyxatini eʼlon qilish va doimiy yangilab borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Konsepsiyaning mohiyati va ahamiyati masʼul ijrochilar oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin;
2025-yil 1-dekabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Energetika vazirligi bilan birgalikda issiqxona gazlari emissiyasining asosiy toifalar va noaniqlik tahlillari asosida milliy emissiya koeffitsiyentlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2025-yil 31-dekabrga qadar xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, xalqaro rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqib, Konsepsiyani yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-noyabr,
800-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 800-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasida Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimi (keyingi oʻrinlarda — Parij bitimi) doirasidagi majburiyatlarni bajarish hamda monitoring, hisobot berish va tekshirish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun kompleks milliy shaffoflik tizimini joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan.
2. Ushbu Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
verifikatsiya — Parij bitimiga muvofiq har bir monitoring davrida issiqxona gazlari emissiyasi boʻyicha maʼlumotlar toʻgʻriligi va haqqoniyligini verifikator tomonidan davriy tekshirish va tasdiqlash;
verifikator — issiqxona gazlari emissiyasi maʼlumotlarining toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirish va tasdiqlash boʻyicha belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan vakolatli tashkilot;
issiqxona gazlari — Parij bitimi doirasida nazorat qilinadigan gazlar guruhlaridan biri — karbonat angidrid (CO2), metan (CH4), azot oksidi (N2O), xloroftoruglerod (NFCs), perftoruglerod (PFCs) va oltingugurt ftoridi (SF6);
issiqxona gazlari emissiyasi — issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishi bilan bogʻliq jarayon;
issiqxona gazlari yutilishi — issiqxona gazlarini va (yoki) ularning prekursorlarining atmosferadan yutilishi bilan bogʻliq jarayon;
issiqxona gazlari xatlovi — bir yil davomida respublika miqyosida atmosferaga chiqarilgan yoki atmosferadan yutilgan issiqxona gazlari miqdorining toʻliq hisobi;
kotibiyat — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi;
milliy organ — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
milliy shaffoflik tizimi — Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimi;
milliy shaffoflik tizimini joriy etish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruh) — tarkibi milliy organ va tarmoq muvofiqlashtiruvchilarining vakillaridan iborat boʻlgan guruh;
monitoring, hisobot berish va tekshirish (measurement, reporting and verification) — issiqxona gazlari emissiyasini monitoring qilish, ushbu maʼlumotlarni bir tizim doirasida toʻplash va hisobot berish, mazkur hisobot maʼlumotlarini koʻrib chiqish va verifikatsiya uchun topshirish bosqichlaridan iborat yaxlit jarayon;
monitoring, hisobot berish va baholash (measurement, reporting and evaluation) — iqlim oʻzgarishi taʼsiriga moslashish tadbirlarining oʻz maqsadlariga erishishini va global iqlim maqsadlariga hissa qoʻshishini taʼminlash uchun ularning amalga oshirilishi va samaradorligini tizimli kuzatish va baholash jarayoni;
sifat kafolati — issiqxona gazlari xatlovida bevosita ishtirok etmagan shaxslar tomonidan maʼlumotlar sifati maqsadlariga erishilganligini tekshirish uchun oʻtkaziladigan jarayon;
sifat nazorati — ishlab chiqilayotgan issiqxona gazlari xatlovi sifatini oʻlchash va nazorat qilish boʻyicha muntazam texnik faoliyat tizimi;
tarmoq muvofiqlashtiruvchisi — energetika, qishloq xoʻjaligi, yerdan foydalanish va oʻrmon xoʻjaligi, sanoat hamda chiqindilar uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar.
2-bob. Milliy shaffoflik tizimining maqsadlari va tamoyillari
3. Milliy shaffoflik tizimining maqsadlari quyidagilardan iborat:
issiqxona gazlarini xatlovdan oʻtkazish qamrovi va sifatini oshirish hamda ushbu jarayonga barcha manfaatdor tomonlarni keng jalb qilish;
respublika sharoitlariga moslashtirilgan monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimini ishlab chiqish, shu jumladan, iqlim oʻzgarishini yumshatish boʻyicha respublikaning maqsadlari va koʻrsatkichlarini shakllantirishga koʻmaklashish;
issiqxona gazlari emissiyasini xatlovdan oʻtkazish, istiqboldagi emissiya hajmlarini turli ssenariylarda prognoz qilish va iqlim oʻzgarishi taʼsirini yumshatish maqsadlari bilan oʻzaro muvofiqlikni taʼminlash;
milliy moslashuv rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublika sharoitlariga moslashtirilgan monitoring, hisobot berish va baholash tizimini, shu jumladan, milliy maqsadlarga erishishni kuzatish uchun indikatorlar va maqsadli koʻrsatkichlarni ishlab chiqish;
iqlim oʻzgarishi taʼsirini yumshatish va unga moslashishga doir axborotlarni eʼlon qilish orqali keng jamoatchilikni xabardor qilish;
batafsil maʼlumotlarni talab qiluvchi uglerod qiymatini (narxini) belgilash mexanizmlari, emissiya savdosi va uglerod soligʻi kabi “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash;
manfaatdor tomonlarga ularning ishtirokini soddalashtirish uchun maʼlumotlarni taqdim etish, hisobot beruvchi tashkilotlarga oʻzlarining iqlimga doir xatarlari va imkoniyatlarini baholashda yordam berish.
4. Milliy shaffoflik tizimining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
monitoring va hisobotning toʻliqligi, shaffofligi va aniqligi;
monitoringning ketma-ketligi, taqqoslash imkoni mavjudligi va yaxlitligi;
verifikatsiyaning ishonchliligi va mustaqilligi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash Milliy shaffoflik tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) vazifasini bajaradi.
3-bob. Milliy shaffoflik tizimining tashkiliy tuzilishi
6. Milliy shaffoflik tizimi ushbu Konsepsiyaga 1-ilovada keltirilgan milliy shaffoflik tizimi tuzilmasiga muvofiq joriy etiladi.
a) Komissiya:
issiqxona gazlari milliy xatlovi hisobotini tasdiqlaydi;
milliy shaffoflik tizimining ichki qoidalarini tasdiqlaydi va yangilab boradi;
issiqxona gazlari milliy xatlovi qamrovi, shu jumladan, hisobot beruvchi subyektlar va ular uchun mezonlar, hisobotlar taqdim etilishi lozim boʻlgan emissiya turlari va manbalarini (bevosita yoki bilvosita) belgilaydi hamda ularning qamrovini kengaytirib boradi;
issiqxona gazlari milliy xatlovi yillik ish rejasi, sifat nazorati va sifat kafolati rejalarini tasdiqlaydi;
sifat nazorati va sifat kafolati, arxiv ishlari, asosiy toifalar tahlili, noaniqliklar tahlili hamda hisobotlarning xatlov qismini tayyorlash boʻyicha funksiyalarni belgilaydi;
issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
milliy shaffoflik tizimi ishtirokchilarining salohiyatini oshirish choralarini koʻradi;
b) milliy organ:
tarmoq muvofiqlashtiruvchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tarmoq muvofiqlashtiruvchilari bilan birgalikda maʼlumotlarni toʻplash va zarur hollarda ularni qayta ishlashni taʼminlaydi;
issiqxona gazlari milliy xatlovi jarayoni boʻyicha uslubiy takomillashtirish bilan bogʻliq texnik hujjatlarni tayyorlaydi;
ishchi guruhning faoliyatini nazorat qiladi va tayyorlangan hisobotlarni Komissiyaga tasdiqlash uchun kiritadi;
tarmoq muvofiqlashtiruvchilari bilan muhokamalar tashkil etadi;
issiqxona gazlari emissiyasini xatlovdan oʻtkazish bilan bogʻliq maʼlumotlar va natijalarning saqlanishini taʼminlaydi;
xatlov jarayoni uchun moddiy, texnik va inson resurslarini jalb qiladi;
Parij bitimi doirasida iqtisodiy va ijtimoiy taʼsirni baholash asosida iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish boʻyicha milliy majburiyatni belgilaydi;
issiqxona gazlari milliy xatlovi hisobotini oʻtkazish uchun institutsional va texnik usullarni belgilaydigan uslubiy yoʻriqnoma, koʻrsatma va eslatmalarni tayyorlash hamda tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi;
milliy shaffoflik tizimining ichki qoidalarini tayyorlash va tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi;
v) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
milliy organ bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BMT) Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi doirasida Issiqxona gazlari milliy xatlovi hisobotini (National Inventory Report) tayyorlaydi va tasdiqlanishini taʼminlaydi, tasdiqlangan hisobotni Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi milliy axborot (National Communications) hamda ikki yillik shaffoflik hisobotlariga (Biennial Transparency Report) integratsiya qiladi;
milliy organ bilan kelishilgan holda, respublika sharoitlari, imkoniyatlari va mavjud tartib-taomillarga muvofiq rasmiy hisobotlarni tayyorlaydi hamda BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi kotibiyatiga taqdim etib boradi;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, muhofaza etish, oʻrmon fondini kengaytirish, daraxtzorlarni barpo etish va qayta tiklash omillariga koʻra issiqxona gazlari yutilishiga oid maʼlumotlarni toʻplaydi va qayta ishlaydi;
g) Kotibiyat:
issiqxona gazlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha tarmoq muvofiqlashtiruvchilari va tegishli maʼlumot taʼminotchilari bilan kelishilgan holda, oraliq natijalarni oʻz ichiga olgan issiqxona gazlari milliy xatlovi yillik ish rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi;
issiqxona gazlari milliy xatlovi yillik ish rejasi amalga oshirilishini monitoring qilish va baholash hamda ularning natijalarini Komissiyaga muntazam ravishda kiritib borishni taʼminlaydi;
sifat nazorati va sifat kafolati rejalarini ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi, tasdiqlangan rejalar amalga oshirilishini monitoring qiladi;
issiqxona gazlarini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha milliy organga koʻmaklashadi;
milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasini yuritadi;
d) Ishchi guruh:
issiqxona gazlari milliy xatlovi yillik ish rejasi bajarilishini taʼminlaydi va tegishli maʼlumotlarni Kotibiyatga taqdim qiladi;
issiqxona gazlari emissiyasining xatlovdan oʻtkazilishini va xatlov natijalari mavjudligini taʼminlaydi;
xatlov jarayonida qoʻllaniladigan usullarni belgilaydi;
milliy shaffoflik tizimini joriy etish boʻyicha oʻqitish va koʻnikmalarni rivojlantirish rejasini ishlab chiqadi;
e) ushbu Konsepsiyaga 2-ilovada keltirilgan roʻyxatga muvofiq vazirliklar, idoralar va tashkilotlar:
issiqxona gazlari emissiyasi boʻyicha maʼlumotlarni tegishli davlat tashkilotlari va xususiy subyektlardan toʻplaydi, ularni qayta ishlaydi, issiqxona gazlari milliy xatlovi uchun hisob-kitoblarni amalga oshiradi va ularni milliy organga taqdim etadi;
milliy shaffoflik tizimi uchun zarur maʼlumotlarni umumlashtiruvchi tarmoq muvofiqlashtiruvchisini tayinlash hamda unga oʻz funksiyalarini bajarishda koʻmaklashish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni va (yoki) tashkilotlarni biriktiradi;
belgilangan tarmoq muvofiqlashtiruvchisini tarmoq maʼlumotlarini qayta ishlash, integratsiya qilish, muvofiqlashtirish va issiqxona gazlari milliy xatlovi hisobotini tayyorlashda ishtirok etishini taʼminlaydi.
4-bob. Milliy shaffoflik tizimining onlayn platformasi
7. Maʼlumotlarni boshqarish va almashishga moʻljallangan milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) iqlim oʻzgarishini yumshatish va unga moslashish bilan bogʻliq maʼlumotlar boʻyicha monitoring hamda hisobot tizimini yaratish uchun milliy va xalqaro hisobot tizimlariga muvofiqlashtirilgan vosita hisoblanadi.
8. Platforma bir-biriga bogʻlangan bir qator maʼlumotlar bazalari, yordamchi interfeyslar va dasturiy taʼminotdan tashkil topgan boʻlib, tizimni xalqaro talablar va milliy sharoitlarga muvofiq rivojlantirishni hamda moslashuvchanligini taʼminlaydigan arxivlash, tahlil qilish va hisobot yuritishni qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
9. Platforma:
issiqxona gazlari milliy xatlovi va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, unga moslashish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralarni koʻrish hisobidan erishilgan natijalarni kuzatib borish indikatorlari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplaydi, saqlaydi, uzatadi, qayta ishlaydi va taqdim etadi;
platformadan foydalanish uchun vakolat turlariga ega boʻlgan foydalanuvchilarga platformaga maʼlumotlarni kiritish, ushbu maʼlumotlarni boshqarish va qayta ishlangan maʼlumotlarni turli xil moslashtirilgan hisobotlarda aks ettirish imkonini beradi;
maʼlumotlarning ochiqligi, ishonchliligi, yaxlitligi, izchilligi, xavfsizligi va saqlanishini taʼminlaydi;
maʼlumotlarni taqdim etish jarayonini tizimlashtirish, kiritilayotgan maʼlumotlar toʻgʻriligini avtomatik ravishda tekshirish va turli xil maʼlumotlar toʻplamlarini oʻzaro tekshirish orqali maʼlumotlar sifatini oshirishga va yaxlitligini taʼminlashga xizmat qiladi.
10. Platformaning barqaror ishlashi va muvofiqlashtirilishi Kotibiyat tomonidan taʼminlanadi.
5-bob. Maʼlumotlar tarkibi va ularga talablar
11. Maʼlumotlarning qamrovi va ularga boʻlgan talablar quyidagilardan iborat:
a) issiqxona gazlari milliy xatlovi:
milliy sharoitlar va institutsional tuzilmalar;
issiqxona gazlarining turli manbalar boʻyicha emissiyasi va yutilishi toʻgʻrisida milliy xatlov hisoboti;
qoʻllanilgan metodologiyalar va oʻzaro kesishuvchan elementlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (issiqxona gazlari asosiy kategoriyalari va ularning turlari, metodologiyalarning turi, emissiya koeffitsiyentlari, dezagrigatsiyalangan darajada ishlatiladigan faoliyat maʼlumotlari, asosiy toifalarning tavsifi, qayta hisob-kitoblar, noaniqlik tahlili asosida baholash, toʻliqlikni baholash, sifat kafolati va sifat nazorati);
issiqxona gazlari milliy xatlovida hisobga olinadigan barcha toifalar, gazlar va uglerod zaxiralari uchun emissiya va yutilishni baholash;
b) iqlim oʻzgarishi taʼsirini yumshatish:
milliy sharoitlar va institutsional tuzilmalar;
Milliy miqyosda belgilangan hissaning (Nationally Determined Contributions) tavsifi;
Milliy miqyosda belgilangan hissani amalga oshirish va unga erishishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kuzatish va baholash;
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish siyosati va chora-tadbirlari, shu jumladan, moslashish harakatlari va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish rejalaridan kelib chiqadigan yumshatish boʻyicha qoʻshma manfaatlar;
issiqxona gazlari emissiyasi va yutilish prognozlari;
jarayonni kuzatish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar;
v) iqlim oʻzgarishiga moslashish:
milliy sharoitlar, institutsional tuzilmalar va huquqiy asoslar;
tegishli taʼsirlar, xatarlar va zaifliklar (hozirgi va prognoz qilinayotgan iqlim tendensiyalari va xavflari, iqlim oʻzgarishining kuzatilayotgan va istiqboldagi taʼsiri, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va (yoki) ekologik zaifliklar);
moslashishning ustuvorliklari va toʻsiqlari;
moslashishni milliy siyosat va strategiyalarga birlashtirish uchun moslashish strategiyalari, siyosatlari, rejalari, maqsadlari va harakatlari;
moslashish choralarini amalga oshirish boʻyicha natija;
moslashish jarayonlarini monitoring qilish va baholash;
iqlim oʻzgarishi taʼsiri bilan bogʻliq yoʻqotish va zararning oldini olish, minimallashtirish va bartaraf etish bilan bogʻliq maʼlumotlar;
hamkorlik, ilgʻor amaliyotlar va toʻplangan tajribalar;
g) iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish choralarini qoʻllab-quvvatlash:
milliy sharoitlar, institutsional tuzilmalar va respublikaga taalluqli strategiyalar;
qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida taqdim etilgan va olingan maʼlumotni berish uchun foydalaniladigan asosiy prognozlar, taʼriflar va metodologiyalarning tavsifi;
Parij bitimining 9-moddasiga muvofiq taqdim etilgan, safarbar qilingan, zarur boʻlgan va olingan moliyaviy koʻmak toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Parij bitimining 10-moddasiga muvofiq taqdim etilgan, zarur boʻlgan va olingan texnologiyalarni ishlab chiqish va uzatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Parij bitimining 11-moddasiga muvofiq taqdim etilgan, zarur boʻlgan va olingan salohiyatni oshirish koʻmagi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Parij bitimining 13-moddasini amalga oshirish uchun hamda shaffoflik bilan bogʻliq faoliyat, shu jumladan, shaffoflik bilan bogʻliq salohiyatni oshirish uchun zarur boʻlgan va olingan koʻmak toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
6-bob. Inson resurslaridan samarali foydalanish
12. Milliy shaffoflik tizimining samarali ishlashini taʼminlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligidan jami 17 nafar mutaxassis ushbu Konsepsiyaga 3-ilovaga muvofiq jalb qilinadi.
13. Milliy shaffoflik tizimini (tayyorlash va sinov bosqichlarida) joriy etish davomida Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo komissiyaning (Intergovemmental Panel on Climate Change) natijalarni oʻlchash va monitoring yuritish (moslashish va yumshatish) boʻyicha eng soʻnggi koʻrsatmalaridan foydalangan holda issiqxona gazlarini xatlovdan oʻtkazish uchun ekspertlarning malakasini oshirish va mustaqilligini taʼminlash maqsadida innovatsion didaktik materiallarni oʻz ichiga olgan toʻliq nazariy va amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.
14. Malakani oshirish mashgʻulotlari quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga olishi mumkin:
foydalanuvchilarning ehtiyojlariga moslashtirilgan uslubiy koʻrsatmalarni ishlab chiqish;
oʻquv materiallarini tayyorlash;
oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish;
tegishli vazifalar boʻyicha milliy jamoalarni tayyorlash.
15. Xatlov uchun masʼul mutaxassislar boshqa mamlakatlar tomonidan amalga oshirilgan issiqxona gazlari milliy xatlovi boʻyicha kengroq tajriba bilan taʼminlashi mumkin boʻlgan xalqaro koʻrib chiqish (tekshirish) jarayonlarida ishtirok etishi mumkin.
16. Milliy shaffoflik tizimi ishtirokchilariga BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi ekspertlar treningi dasturida qatnashish va xalqaro ekspert maqomini olishiga tizimli ravishda koʻmak taqdim qilinadi.
17. Malakani oshirish chora-tadbirlari Komissiya va milliy organ tomonidan tarmoq muvofiqlashtiruvchilari bilan birgalikda rejalashtiriladi hamda tashkil etiladi.
7-bob. Milliy shaffoflik tizimini joriy etish bosqichlari
18. Milliy shaffoflik tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:
1-bosqich — ushbu Konsepsiyaga 4-ilovaga muvofiq tayyorgarlik bosqichi:
iqlim oʻzgarishi taʼsirini kamaytirish boʻyicha monitoring, hisobot berish va tekshirish hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish monitoring, hisobot berish va baholash tartibini belgilash, milliy shaffoflik tizimining institutsional asosini takomillashtirish va tartibga solish rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash, hisobot shakllari va maʼlumot almashish boʻyicha kelishuvlar;
toʻrtinchi milliy axborotni avvalgi monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimi va mavjud vositalar yordamida yakunlash;
milliy shaffoflik tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha huquqiy bazani ishlab chiqish va tasdiqlash;
milliy shaffoflik tizimi uchun talab etiladigan mutaxassislar tarkibini aniqlash;
ikki yillik shaffoflik hisobotining ish rejasini tajribadan oʻtkazishga tayyorlash;
Platformaga asoslangan shaffoflik va kuzatish vositalari uchun texnik shartlarni ishlab chiqish.
2-bosqich — ushbu Konsepsiyaga 5-ilovaga muvofiq tajriba-sinovni amalga oshirish bosqichi:
milliy shaffoflik tizimini sinovdan oʻtkazish;
tajriba jarayoni va natijalaridan kelib chiqqan holda, zaruratga koʻra normativ-huquqiy baza, milliy shaffoflik tizimi vositalari va metodologiyalarini takomillashtirish maqsadida tizim ishtirokchilari bilan doimiy muhokamalar oʻtkazish tizimini yoʻlga qoʻyish;
2024-yil yakuni bilan taqdim etilishi lozim boʻlgan Parij bitimi doirasidagi birinchi ikki yillik shaffoflik hisobotini (Biennial Transparency Report 1) tayyorlash.
19. Milliy shaffoflik tizimini joriy etishning keyingi bosqichlari 2025-yilning 1-choragida boshlanadi va avvalgi tajriba-sinov bosqichida sinovdan oʻtgan hamda oʻzgartirilgan ikki yillik ish rejasini qoʻllash orqali milliy shaffoflik tizimi joriy etiladi.
20. 2025-yildan boshlab har ikki yilda yangi hisobot davri boshlanadi. Ikki yillik ish rejasi va ikki yillik shaffoflik hisobotining ish rejasi asosida bir xil vaqt bosqichlari bilan takrorlanadi va hisobotlarni BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasiga (United Nations Framework Convention on Climate Change) taqdim etish bilan yakunlanadi.
Milliy shaffoflik tizimi boshqa hisobot va kuzatuv jarayonlari, shu jumladan, Milliy miqyosda belgilangan hissani yangilash boʻyicha maʼlumotlar yetkazishga koʻmaklashadi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi “Texnik ekspertlar tekshiruvi” hamda “Texnik ekspertlar tekshiruvi guruhi (Technical expert review team) savollariga javoblar” deb nomlanuvchi mamlakat ichidagi yoki markazlashtirilgan tekshiruvdan oʻtadi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
22. Iqlim oʻzgarishi boʻyicha xalqaro hujjatlar, standartlar va belgilangan eng yaxshi amaliyotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish borasidagi ustuvorliklaridan kelib chiqib, Konsepsiyaning ayrim qoidalari Komissiyaning qarorlari va (yoki) bayonlari bilan aniqlashtirilishi hamda toʻldirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasiga 1-ILOVA
Milliy shaffoflik tizimining tuzilmasi
BTR — Ikki yillik shaffoflik hisoboti (Biennial Transparency Report)
Ekologiya vazirligi — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Iqlim markazi — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim oʻzgarishi milliy markazi
Yashil iqtisodiyot markazi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi
NAP — Milliy moslashish rejasi (National Adaptation Plan)
NDC — Milliy miqyosda belgilangan hissa (National Determined Contribution)
UNFCCC — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hadli konvensiyasi
Oʻzgidromet — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasiga 2-ILOVA
Tarmoqlar boʻyicha maʼlumotlar ishtirokchilari
ROʻYXATI
TarmoqlarIshtirokchilarTarmoq muvofiqlashtiruvchilariEnergetikaEnergetika vazirligiTransport vazirligi“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ“Oʻzbekgidroenergo” AJ“Hududgaztaʼminot” AJ“Oʻztransgaz” AJ“Oʻzbekneftgaz” AJHoʻjalik birlashmalariBoshqa tashkilotlarEnergetika vazirligiQishloq xoʻjaligiQishloq xoʻjaligi vazirligiSuv xoʻjaligi vazirligiHoʻjalik birlashmalariBoshqa tashkilotlarQishloq xoʻjaligi vazirligiYerdan foydalanish, yerdan foydalanishni oʻzgartirish va oʻrmon xoʻjaligiEkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiQishloq xoʻjaligi vazirligiOʻrmon xoʻjaligi agentligiHoʻjalik birlashmalari Boshqa tashkilotlarEkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiSanoat jarayonlari va mahsulotdan foydalanishIqtisodiyot va moliya vazirligiInvestitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiQurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiSavdo-sanoat palatasiHoʻjalik birlashmalari Boshqa tashkilotlarIqtisodiyot va moliya vazirligiChiqindilarEkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiQurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiQishloq xoʻjaligi vazirligiTogʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiHoʻjalik birlashmalari Boshqa tashkilotlarEkologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasiga 3-ILOVA
Milliy shaffoflik tizimi uchun inson resurslari
Shaffoflik sohalariInson resursi shtat birliklariJalb etish muddatiShaffoflik tizimi administratori11-bosqich,2024-yil 4-chorakMoslashish choralari boʻyichaMoslashish choralari boʻyicha koordinator11-bosqich,2024-yil 4-chorakIqlim oʻzgarishi boʻyicha 12-bosqich,2025-yil 1-chorakZaiflik xavflari, yoʻqotish va zarar33-bosqich,2025-yil 2-chorakMoslashish choralari33-bosqich,2025-yil 2-chorakYumshatish choralari boʻyichaYumshatish choralari boʻyicha koordinator11-bosqich,2024-yil 4-chorakIssiqxona gazlari milliy xatlovi22-bosqich,2025-yil 1-chorakYumshatish choralari prognozlari13-bosqich,2025-yil 2-chorakYumshatish choralari33-bosqich,2025-yil 2-chorakMoliyaviy va texnik koʻmaklar boʻyichaMoliyaviy va texnik koʻmaklar boʻyicha12-bosqich,2025-yil 1-chorakJami17
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasiga 4-ILOVA
Milliy shaffoflik tizimini joriy etishning tayorgarlik (birinchi) bosqichi
Asosiy yoʻnalishlar2024-yil 4-chorak2025-yil 1-chorakTizim dizayniIkki yillik shaffoflik hisoboti (BTR) ish rejasini tayyorlashHuquqiy baza va institutsional tartibga solishMilliy shaffoflik tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha normativ-huquqiy bazani rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish Institutsional va tashkiliy asoslarni yoʻlga qoʻyishXatlov4-Milliy axborotnoma (NC4) hisoboti uchun hisob-kitoblarni tayyorlashYumshatishYumshatish MRV metodologiyasini ishlab chiqishMoslashishMoslashish MRV metodologiyasini ishlab chiqishHisobot4-Milliy axborotnoma (NC4) hisobotini tayyorlashMalakani oshirishMutaxassislar malakasini oshirishDasturiy taʼminotMilliy shaffoflik tizimining onlayn platformasi uchun texnik shartlar ishlab chiqish
Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasiga 5-ILOVA
Milliy shaffoflik tizimini joriy etishning tajriba-sinov (ikkinchi) bosqichi
Asosiy yoʻnalishlar2025-yil2026-yil1-chorak2-chorak3-chorak4-chorak1-chorak2-chorakTizim dizayniIssiqxona gazlari milliy xatlovi yillik ish rejasini tayyorlashHuquqiy baza va institutsional tartibga solishInstitutsional va tashkiliy asoslarni joriy qilishXatlovBirinchi Ikki yillik shaffoflik hisobot (BTR1) uchun maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashYumshatishYumshatish va moslashish maqsadlariga erishish jarayonini baholash uchun maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlashMoslashishHisobotIkki yillik shaffoflik hisobot (BTR1) loyihasi ishlab chiqishBirinchi ikki yillik shaffoflik hisobot (BTR1)ni tasdiqlash va yuborishMalakani oshirishHisoblash, vositalar va metodologiyalar boʻyicha texnik treninglar va ishchi mashgʻulotlar, shu jumladan uslubiy koʻrsatmalar tayyorlashDasturiy taʼminotMilliy shaffoflik tizimining onlayn platformasini ishga tushirishMilliy shaffoflik tizimining onlayn platformasini orqali maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashMuvofiqlashtirishIshchi guruhning har ikki oylik yigʻilishlarini oʻtkazishSinov (pilot) bosqichini baholash va tavsiyalar ishlab chiqish. Yangilangan Ikki yillik shaffoflik hisoboti ish rejasini ishlab chiqish
