Noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (795-son)
29.11.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash, davlat xizmatini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish va aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish;
ariza beruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilmagan holda ularni Face-ID tizimi orqali identifikatsiya qilish;
noturar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni kompozit tarzda davlat roʻyxatidan oʻtkazish.
2. Adliya vazirligi:
bir oy muddatda maʼmuriy reglamentga muvofiq davlat xizmatini Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilishini taʼminlasin va noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarning hamda topshirish va qabul qilish dalolatnomalarining namunaviy shakllarini tasdiqlasin;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsin;
davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-noyabr,
795-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-noyabrdagi 795-son qaroriga ILOVA
Noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) yuridik shaxslar oʻrtasida noturar koʻchmas mulkni butunligicha boshqa shaxsga oʻtkazishga oid ikki taraflama shartnomalarni rasmiylashtirish va ularga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi, noturar koʻchmas mulkning hadya va renta shartnomalari bundan mustasno.
Ushbu Reglament yuridik shaxslar tomonidan noturar koʻchmas mulkni boshqa yuridik shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni oʻzaro mustaqil ravishda yoki notarial tartibda tasdiqlagan holda rasmiylashtirishga toʻsqinlik qilmaydi.
2. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibiga koʻra:
Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) — shartnoma taraflarining shaxsini aniqlaydi va shartnoma ular tomonidan shaxsan imzolanganligini tasdiqlaydi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
3. Davlat xizmati mazkur Reglamentga ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
4. Yuridik shaxslarning rahbarlari yoki ularning vakillari (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchilar) davlat xizmatidan foydalanish uchun Markazga oʻzi kelib murojaat etadi.
Bunda yuridik shaxslarning vakillari asosiy ish joyi boʻyicha ushbu tashkilotda ishlayotgan boʻlishi kerak.
Davlat xizmatidan foydalanish uchun shartnomada ishtirok etuvchi tomonlar bir vaqtning oʻzida Markazda boʻlishi talab etiladi.
5. Ariza beruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari talab qilinmagan holda ular Face-ID tizimi orqali identifikatsiya qilinadi.
6. Ariza beruvchilar Markazga quyidagi maʼlumot va hujjatlarni taqdim etadi:
noturar koʻchmas mulk obyektining kadastr raqami, manzili, nomi;
yuridik shaxsning toʻliq nomi, STIRi, pochta manzili, telefon raqami, hisob-kitob raqami, bank nomi, bank kodi (raqami) MFO;
yuridik shaxs rahbarining (vakili) F.I.O., JSHSHIR;
yuridik shaxs vakolatli boshqaruv organining noturar koʻchmas mulkni sotish toʻgʻrisidagi qarori (bayonnomasi);
yuridik shaxsning vakiliga berilgan ishonchnoma — yuridik shaxsning vakili murojaat qilgan taqdirda.
Ariza beruvchilarning F.I.O., JSHSHIR va pasport (ID-karta) maʼlumotlari Face-ID tizimi orqali avtomatik ravishda aniqlanadi.
7. Markaz ariza beruvchilar nomidan noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomasini elektron shaklda toʻldiradi.
Ariza beruvchilarning shaxsi Face-ID tizimidan identifikatsiya qilinganligi shartnoma ular tomonidan imzolanganligini tasdiqlaydi.
8. Quyidagi maʼlumotlar Markaz tomonidan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda tekshirib olinadi:
yuridik shaxslarning vakillari asosiy ish joyi boʻyicha ushbu tashkilotda ishlashi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan;
noturar joyni boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq yoʻqligi yoki ushbu noturar joyga nisbatan xatlov mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan.
9. Shartnoma rasmiylashtirilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
0,5 foizi — “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga.
Shartnoma rasmiylashtirilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
10. Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganligi;
zarur hujjatlarning taqdim etilmaganligi;
tomonlardan birining Markazga kelmaganligi;
noturar joyni boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq qoʻyilganligi yoki ushbu noturar joyga nisbatan xatlov mavjudligi;
yuridik shaxslarning vakillari asosiy ish joyi boʻyicha ushbu tashkilotda ishlamasligi;
shartnoma rasmiylashtirish uchun yigʻimning toʻlanmaganligi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
11. Markaz shartnomani rasmiylashtirgandan soʻng koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga 20 daqiqa ichida yuboradi.
Bunda shartnoma bilan birgalikda QR-kod qoʻyilgan noturar koʻchmas mulkni topshirish va qabul qilish dalolatnomasi avtomatik ravishda shakllantirilib, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladi.
Ariza beruvchilarning soʻroviga koʻra Markaz QR-kod qoʻyilgan noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomasini hamda topshirish va qabul qilish dalolatnomasini elektron yoki qogʻoz shaklda taqdim etishi mumkin.
12. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarorida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
13. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan real vaqt rejimida Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat reyestridan koʻchirma (keyingi oʻrinlarda — koʻchirma) Markazga yuboriladi.
14. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchilar oʻn kun mobaynida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigim toʻlamasdan, Reglamentning 12-bandida koʻrsatilgan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
15. Markaz koʻchirma kelib tushgandan soʻng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchilarning elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchilarni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchilarning soʻroviga koʻra koʻchirma elektron shaklda yoki qogʻoz shaklda berilishi mumkin.
16. Ariza beruvchilar Markazga taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, aniqligi, buzib koʻrsatilganligi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradilar.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Markaz va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va Markaz Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi.
19. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
20. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga ILOVA
Noturar koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid shartnomalarni rasmiylashtirish va unga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
