Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiya agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (380-son)
31.07.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot tizimlari sohasini qayta tashkil etish va boshqarishni takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 23-iyuldagi PF-1823-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari — tegishli ravishda vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi, ular belgilangan tartibda tasdiqlanadilar;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish Bosh direktorining tegishli oʻrinbosarlari “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining kuzatuvchi kengashlaridagi davlat vakillari hisoblanadilar.
4. “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqaruv tuzilmasiga 3, 3a, 3b, 4, 4a, 4b, 5, 5a, 5b-ilovalarga* muvofiq rozilik berilsin.
* 3, 3a, 3b, 4, 4a, 4b, 5, 5a, 5b-ilovalar berilmaydi.
“Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati uning taʼsischilari umumiy yigʻilishida saylanadi va Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari shaklida taʼsis etiladi;
“Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ustav jamgʻarmasiga uning tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari davlatga tegishli paketlarining 53 foizi trast boshqaruv shartlari bilan beriladi. Koʻrsatib oʻtilgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari davlat paketlarining qolgan 47 foizi kompaniyaning trast boshqaruviga beriladi;
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi oʻzlarining tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini va korxonalar — aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishni mazkur korxonalarning ularning trast boshqaruviga berilgan aksiyalar paketlariga muvofiq amalga oshiradilar;
koʻrsatib oʻtilgan kompaniyalarning xoʻjalik faoliyatini, shu jumladan ularning ijro etuvchi apparatlarini mablagʻ bilan taʼminlash oʻz xoʻjalik faoliyati, xizmatlar koʻrsatish, shuningdek boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin;
mahalliy, shaharlararo, xalqaro elektr aloqasi, radio aloqasi, radioeshittirish va televideniye, pochta aloqasi xizmatlari bozori talabini qondirish, ularning turlarini kengaytirish va raqobatbardoshliligini taʼminlash;
vositalar va tarmoqlarni modernizatsiyalash hamda texnika bilan qayta jihozlash dasturlarini, shu jumladan chet el investitsiyalarini keng jalb qilish va qoʻshma korxonalar tashkil etish asosida, amalga oshirish, axborot tizimlarini yaratish va ishlatish sohasidagi jahon yutuqlarini joriy etish;
bozor islohotlarini yanada rivojlantirish, respublika axborot tizimlarining telekommunikatsiyalar va informatika jahon tarmogʻiga qoʻshilishini taʼminlash;
aloqa vositalari va tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining axborot xavfsizligini taʼminlash.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi:
“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining taʼsis yigʻilishlarini oʻtkazishni, kuzatuvchi kengashlarini tashkil etishni va ustavlarini tasdiqlashni bir oy muddatda taʼminlasinlar;
1997-yilda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarishni, aksiyadorlik jamiyatlari va qoʻshma korxonalarda aksiyalar paketlarini qayta taqsimlash va joylashtirishni 6-ilovaga* muvofiq amalga oshirsinlar.
* 6-ilova berilmaydi.
9. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Agentlik toʻgʻrisidagi hamda Pochta va telekommunikatsiyalarni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlar loyihalarini ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 1-avgustdagi 307-son qarorining 7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgarishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni bir oy muddatda kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari K.R. Rahimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-iyul,
380-son
